10. AMIRNING OQ RO‘MOLCHASI
yoxud
SHOL ARAVACHA EGASI
— Endi qayon buray, g‘irotni? Buyur, pakana pari, qay tupkaga desang olib borishga tayyorman, — dedi Olim akam Cho‘lpon ota guzariga chiqib borarkanmiz. U quling o‘rgilsin, osh damlab Ilhom sutchidek bir xokisor odamning ko‘nglini olganidan xursandmi yo u kishi bularning xazinasini topib, asrab-avaylab o‘tirganidanmi — ajratib bo‘lmas edi. Va yo o‘zlari o‘rtasidagi mushtaraklik, ikkalalari ham bir sohaning odami, ikkisi ham dunyo ko‘rgan, ming chig‘iriqdan o‘tgan, endi esa ikkisi ham so‘qqabosh ekanliklaridanmi, bir og‘iz so‘z, bir qiyo boqish, bir nigoh tashlashdan bir-birlarini tushunishar va shundanmi, bir-birlariga suyanib qolgan kishilarga o‘xshab ketar edilar. Bu uni topganidan, u buning yo‘qlab kelganidan boshlari ko‘kka yetgan, hech yerga ishonmas edilar. Qay yerdagi uzoq tarixlarni eslashib, yodlashib to‘ymas edilar. Men esam, Olim akamning bu yo‘qlovi, cholni ko‘rgani boruvidan chin muddaosining tagiga hali ham yetolmay o‘tiribman. Kitoblar orasidan chiqqan shajara qog‘oz — silsilai sharifning topiluvimi desam, u bu haqda ko‘pam surishtirgani, ijikilab, cholni jon-holiga qo‘ymay bir nimalarni so‘ray ketgani yo‘q. Lekin o‘sha tabarruk qog‘ozda, uning shajara halqalari aro dadasi — Abdurahim eshon buvamning nomlarini ko‘rganda ko‘zlari g‘ilt yoshga to‘lib, o‘zi bir g‘alati bo‘lib ketdi, mutaassirlanganidan qoq namatga tiz cho‘kkancha (xuddi kimdir ulug‘ Qur’on oyatlaridan tilovat boshlab yuborganu u tiz bukkancha some qolgan kabi) uzoq jim qoldi. Kim bilsin, qay voqeayu qay davrlarga xayoli qochdi? Balki eshon buvamning vasiyatlari yodiga tushib ketgandir...
— Tortinma, qayga desang qaytish yo‘q, bugun men sening ixtiyoringdaman, — dedi u qaytarib.
— Chindan-a? — dedim ichim yana ham yorishib.
— Bo‘lmasa-chi! G‘irt bo‘shman. Salti-savoyman ustiga ustak. Kim meni surishtirsin! — dedi u rulga shapatilab qo‘yib. — G‘irotni bo‘lsa, moyi yetarli. Xohla, Qo‘shilishga surib ketamiz, xohla Achchi qirlariga. Foziltepaga desang — Foziltepaga chiqamiz. Hali u omonmish-ku, — deb qo‘shib qo‘ydi u. — Ko‘rib qolaylik, ota diyorni — Izzayu Bo‘zsuvlarimizni, surilib-netib ketmasidan.
— Qani edi, lekin men, — dedim istihola aralash.
— Lekini bormi, istiholasi bormi?! Aytavur, mo‘ljallagan yeringni. Men begona bo‘lsamki, xijolat tortsang. Qani, qayoqqa? — deb azza-bazza u yelkamga qoqib qo‘ydi. Endiyam aytmay ko‘r-chi? Toza xafa bo‘ladi.
Men ertalaboq dilimga tukkan niyatlarim bor edi, o‘shandan og‘iz ochdim.
— Bugun pochchaning tomonlariga o‘tmoqchi, shaharga tushib, bir yerlarga kirib chiqmoqchi edim...