Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202325 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:25:23

So‘ng qo‘lma-qo‘l peshayvondagilarga kosada bir nima tortila boshlandi. Keyin bilsam, kosaning tagida yarim cho‘michgina nuqul vajudan iborat manpar ekan. Umrim bino bo‘lib, shuncha muxbirliklarda yurib, bunaqa shohona ziyofatga endi tushishim edi. Jindek-jindek, lekin ichib ko‘rsang bu dunyoning taomimas, asal bo‘p ketgan. Oshpazlarning ham zo‘rini chaqirtirishgan ekan-da.
Kim bularning rasamadini tuzgan, kim boshqarib turibdi, hech tagiga yetolmasdim.
Nihoyat kosalar olinib, joy-rostoniga yetkazilib, peshayvondagi derazaning bir tavaqasi ochib qo‘yildi. Chollar issiqlab, havo yetmay qoldimi, deb o‘ylovdim, yo‘q, mikrofon qirtillab ichkaridagi qariyalarning g‘ovur-g‘uvuri bizga-da eshitila boshladi.
— To‘ramdan ikki og‘iz eshitaylig-a, sog‘inib qoldik-ku, nimaga yig‘ilganmiz,— degan takalluf so‘zlar bo‘lib o‘tib, kimdir yumshoq yo‘talib, boshqasi tomoq qirdi.
Atrofdan:
— Jim. Ting‘layluq, birodarlar, — degan so‘zlar yurinib qoldi. Odamlar bir-birovlarini tartibga chorlar edilar.
Bir xilda maysarang movut chakmon kiygan xizmatchilar-da ko‘rinmay qoldilar. Aftidan ular ham qay bir chekkaga o‘tib, boyagi ne’matlardan tatinar edilar. Yo ma’ruzani tinglagani o‘tirdilarmikan — bilolmadim.
— Muhtaram jamoa! Uzoq-yaqinidan bu qutlug‘ xonadon egasini izzatlab, qadam ranjida qilgan azizlar! O‘zbekning nimasi ko‘p — to‘yi-to‘ychig‘i, mehmon kutishi ko‘p. Lokin shular ichida ulug‘i ehsondur, savob umidida dasturxon yozmoqdur. Bu xonadon sultoni ham shul umidda bizni chorlabdurlar, oldimizga dasturxon yozib, tansuq-tansuq ne’matlar hozirlabdurlar. Hidoyatga tushib, uning shukronasini unutmagan mo‘minning odati shunday: farzand ko‘rsa, shukronasiga aqiqa qilgay. Yangi hovliga ko‘chib kirsa, shukronasiga ehson dasturxoni yozgay. Muhimi niyat, sabablar topilavergay. Mana bugun ham biz eski diyorlariyu ota hovlilarini tashlab kelolmay o‘tirgan birodarimizning nihoyat yangi diyorga rozilik berishlari ila yangi xonadon eshigi ochilishi sharafiga bu yerga yig‘ilib turibmiz.
Men bu yerga kelaturib o‘tmish zamondoshlarimiz ichida o‘tgan eng buyuklaridan ikki inson bilan bo‘lgan ikki voqeani xotirladim. Biri payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan kechmishdur, yana biri ulug‘ amirimiz Amir Temur janoblari bilan kechmishdur. Men shu ikki ibratlug‘ hodisani sizlarga ilingum keldi.
So‘zlaguvchi ichkaridaydi. Peshayvon oynavand bo‘l-sa-da, romlarga bo‘lingan, o‘rtasidagi ustunlar to‘rdagilarni ko‘rishga qo‘ymas, qolaversa, qayoq to‘r, qayoq past ajratib bo‘lmas, biz sal uzoqroqqa tushib qolgan edik. Ammo shirin lafzi qay bir yoqlilarnikiga o‘xshab ketib qolishidan men bu kishining nutqini qachondir eshitgandek bo‘laverar edim. Qulog‘imgami, yuragimgami tanish edi, qisqasi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:25:38

Shu tob Olim akam engashib, qulog‘imga shivirladi:
— Marshal hazratlari-ku. Tanidingmi, pakana pari?
— Kim? — Men hayratlanib, yalt etib qaradim.
— To‘ram hazratlari-da. U yoqda nomlarini eshitsalaroq tikka turadilar, — dedi u bosh irg‘ab.
— Qayoqda-qayoqda?— dedim dabdurustdan anglamay.
— Qayoqda bo‘lardi, — dedi u men tomon engashib va shivirlab, — Otalarimiz qolgan, o‘zimiz qancha vaqt yurgan yoqda-da.
— Tushundim, — dedim ichim, yuragimning nozik bir, ingichka yerlari titrab kela boshlab.
— Hoy, yigitlar, eshitinglar, — deb bir kishi qarab qo‘ydi.
Men uzr deya qo‘limni ko‘ksimga bosdim. O‘zim esa, hayratdaman: voh, uni qara-ya, pochcha shuni ilingan ekanlarmi, sir tutgan ekanlarmi?! Biz tomonlarda Hoziq to‘ram deb shuhrat topgan kishi davom etar, men Mahfuz kennoyimga turkona dori istab borganlarim yodimga tushib ketgan edi.
— Rasululloh sollallohi alayhi vassallam Makkani fath etib kirib kelishlarida to‘qqiz kishini ko‘rgan va tutgan yerda o‘ldirishga buyurgan edilar. Ular ilgari Rasulullohga eng qattiq dushman bo‘lib chiqqan va ozorlar bergan din dushmanlari edi. Shularning eng qattoli Abu Jahl edi. U Badr jangida o‘ldirilgach, o‘g‘li Ikrima islom qonini ichishga qasam ichgan edi. Shuning uchun «uni qaerda ko‘rsangiz o‘ldiring» deb buyruq bergan edilar...
Hoziq to‘ra chiroyli hikoya boshlagan edilar, hamma nafas yutmay u kishini tinglar, so‘larining mag‘zini har kim tushunganicha chaqib olmoqda edi. Men esam, nimaga bu hikoyatdan tushdilar — anglay olmay turibman. Nimaga mengzayotirlar — tushungandayman-u, uqib olishim qiyin bo‘lyapti.
— Lokin Makkani fath etib, haramga kirib, Ollohning uyida ikki rakat namoz o‘qib chiqqach, u zot o‘zgarib qoldilar. Zotan butun olamlarga rahmat olib kelayotgan zot dushmanlariga ham iltifot ko‘rsatadurgan bir holga tushgan edilar. Ana shunda u zotning oldilariga Ikrimaning xotini Ummu Hakim kelib:
— Yo Rasululloh, sizdan yaxshilik so‘rab kelgan birorta odamni quruq qaytarmadingiz. Meni ham quruq qaytarmasligingizga ishonib, erimga omonlik so‘rab keldim. Yana qochib yurib, o‘zini halok qilib qo‘ymasin, yo Rasululloh, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:25:49

Anda ul zot:
— Agar uni qaytarib kelar bo‘lsang, yaxshilik qilurmiz, — dedilar. Sollalohu alayhi vasallam.
U kishining shu so‘zlariga ishonib, Ummu Hakim erini Yamanga jo‘nayotgan kemadan qaytarib keldi. Abu Qubays tog‘i o‘rnidan ko‘chsa ko‘charki, Muhammad so‘zidan qaytmas, deb qaytarib keldi.
Chindan ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uzrini qabul qilib, ridolarini oyog‘i ostiga yozdilar va:
— Ey bor Xudoyo, Ikrimaning dushmanchilik bilan qilgan ishlarini, meni haqimda aytgan so‘zlarining gunohlarini kechirgil, — deb duo qildilar. Sollallohu alayhi vasallam. Darhol u shahodat aytib, iymonga musharraf bo‘ldi.
Ajabki, ilgari urush maydonida Ikrima bir sahobani o‘ldirib qo‘ygan, buni ko‘rib Rasululloh kulgan edilar va:
— Bu ikkovining jannatda bir o‘rinda o‘ltirganlarini ko‘rdim. Bu yerda ersa, bir-birlarini o‘ldirmoqdalar — shundan kuldim, — deb bashorat bergan erdilar. Qarangki, Abu Bakr Siddiq xalifalik zamonlarida shu bashorat yuzaga chiqdi. Hazrat Ikrima Shom g‘azotiga chiqib, shahodat topdilar. Roziyallohu anhu.
Xuddi shunga o‘xshashroq voqea Amir Temur zamonlarida ham sodir bo‘lmish ekan. Bir kuni Ozarboyjonda hukmronlik qilayotgan Mironshohning xotini Suyunchbeka qaynotasi huzuriga eridan shikoyat etib, ko‘zyosh qilib keladir. Ya’nikim u kishi davlat va raiyyat ishlarini unutib, kayfi safo, bazmi jamshidlarga berilib ketmish. Bundan ortiq darajada g‘azablangan sohibqiron lashkar tortib safarga chiqadi. Uni eshitgan Mironshoh nadimu ulfatlari bilan Tabrizga qochib yashirinadi. Lekin amir ularni tutib keltirib, o‘g‘lini xalq o‘rtasida ellik darra urdiradi va yo‘ldan ozdirgan to‘rt kishini o‘limga mahkum etadi.
Uch aybdor — mavlono Ko‘histoniy, Qutbiddin Koshiy va ham Abdulmo‘min Go‘yandiylar o‘sha kuniyoq Qazvin darvozasida dorga osiladilar.
Ammo hofiz Abdulqodir Marog‘iy Bag‘dodga qochib ulguradi. Sohibqiron uni borgan yeridan tutib keltirishga buyuradilar va Bag‘dodga qo‘shin kirib boradi. Hofiz esa u yerdan Misrga qochadi. Ammo osmon uzoq, yer qattiq, uni o‘sha Misrdan-da tutib keltiradilar. Ko‘ksaroy oldidagi maydonga dor tikilib, hukm ijro etilishga kirishiladi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:26:04

Gunohkor hofiz o‘limi oldidan ikki rakat namoz o‘tab bo‘lgach, vakillar orqali buyuk amirdan Qur’on hurmati bir pora Qur’on tilovat etishga ruxsat so‘raydi. Temur osiy bandaning bu tilagiga ham rozilik beradi.
Va mehribon hamda rahmli Olloh nomi bilan Taborak surasini to‘lg‘onib tilovat eta boshlaydi. Ho-fiz qori edi. Ayonki, o‘limi oldidan so‘nggi bora taborakni yod o‘qimoqda, bundan so‘ng unga Ollohga murojatu munojot etmak nasib qilmas, shundan-da, to‘lib, yig‘lab o‘qimakda edi. Go‘yo so‘nggi nafaslari Ollohning kalomi ila qorishib, uchib ketmagiga ishongan kuyi o‘qir edi. Buning-da cheki-chegarasi borligini go‘yo unutganday edi. Ruhi o‘sha kalom ohanglariga qo‘shilib erib, uchib keta qolsa yaxshiroq edi unga. Bu uning tavbasi edi.
Ammo har narsaning tuganchi — tugamog‘i bor. Kalom «bi maim-ma’in»da uzuldi. So‘ng «subhona rabbika robbil izzati amma yasifun va salomun alal mursalin, valhamdulillohi robbil alamin» bilan tugadi. Hamma yuziga fotiha tortdi va tabiiyki, butun yoshlig‘ ko‘zlar amirga tikilgan edilar. Sohibqiron-da erib bitgan, uning-da ko‘zlari yoshlig‘ edi. Ko‘nglidagi o‘tlig‘ qahrdan esa asar qolmagan — bir ulug‘ qo‘l uni sidirib olib tashlagandek edi.
Nogoh u o‘rnidan turib, pastga — qatlgoh tomon yurdi. Va mahbus tepasinga kelib, tiz cho‘kkancha o‘ltirgan hofizning qo‘ltig‘idan ko‘tardiyu bag‘riga bosdi. So‘ng titroq qo‘llarila yonidan oq ro‘molcha olib silkirkan, jallodga keting ishorasini berdi.
Shundan so‘ng bizning diyorlarda tavbadan so‘ng mo‘minning o‘tmish-kechmish gunohlardan til ochmak, yuziga solmak — urfdan chiqib, hidoyatdan so‘zlash — sunnat bo‘ldi. Roziyallohu anxu...
Bunday qarasam, hovli chekkasi bilan bitta bo‘lib, boyagi movut chakmonli xizmatchi yigitlar bir safga tizilishgan, xuddi Hoziq to‘ramning oxirgi so‘zlari go‘yo ularga tegishliday o‘zlari nim ta’zimda turar edilar.
So‘ng kimningdir ishorasi bilan ular qo‘zg‘olishib, choylar yangilanib, paxta gulli kosalarda ikki donaginadan (ustida jindek qatig‘i, murchi, ko‘kati bilan) manti tortila boshlandi. Ehson-ziyofat davom etardi. So‘ng tilovat bilan hamma tura boshladi. Ana shundagina sholaravachaning egasini ko‘rdim. Uni ikki yigit tagidan qo‘l o‘tkazishib, to‘y boladek ichkaridan ko‘tarib chiqib kelishar edi. Qarangki, bu o‘sha — o‘zim bilgan va vaqt o‘tib mushtdek bo‘lib qolgan Parpi edi. U ham boshqa yigitlari kabi oq ishton-oq ko‘ylakdayu ustidan mo‘’jaz ko‘k movut chakmon kiydirilgan, o‘smir bolanikidek bir burda yuzidan oq-sarg‘ish bir nur, bir oqlik taralar edi.
Borliq-yo‘qliq asnosida turarkanman, qulog‘im ostida birov hayratlanib shivirladi:
— Akamni nomidan ish ko‘rib kelayotgan shumi ekan, pakana pari?
Men cho‘chib o‘girilib, Olim akamni ko‘rdim. Va ma’noli qilib:
— Ko‘rib turibsiz-ku, — dedim.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:26:22

11. JAZO, RIJO VA HIDOYAT

Biz ichkaridagilardan ilgariroq chiqib, darvoza tagida qo‘l qovushtirib turar edik. Bunday yig‘inlarning ham o‘z odobiyu hikmati bor ekan. Qolaversa, o‘zbek shu mulozimati, uzoq-yaqindan kelganlar bilan ko‘rishib-omonlashishi, ikki og‘iz hol-ahvol so‘rashib, bir-biriga samimiyatini izhor etishi bilan ham o‘zbek ekan. Xuddi shunaqa paytda jiyanlar tog‘alarini tavof etib, sihat-salomatliklarini so‘raydilar. Amakivachchalar, xolavachchalar yuz ko‘rishadilar, yaqinlarini surishtiradilar. Kichiklar o‘z hurmatlarini izhor etsalar, qariyalar duo qilishadi. Shu on, shu daqiqada butun tiriklik, dunyoning ziynati shundan iboratdek ko‘rinib ketadi odamga. Yaxshiyam o‘zbekning to‘y-xashami, aqiqayu ehsoni bor. Dunyo tashvishlaridan ortmay yurganlar, manavi zilzila munosabati bilan uzoq-yaqinga joy qilib ko‘chib ketganlar, shu bahona yig‘iladilar, diydor ko‘rishadilar, hol-ahvol so‘rashadilar. Kelolmagan qariyalarning omonat salomlari, duoyu tilaklarini yetkazadilar. Chindan shu xalqqa mansubligingdan, oqibatni, qarindosh-urug‘dan xabar olishni unutib qo‘ymaganingdan (albatta, silai rahm qilib turganga, vaqtida kelib, qariyalarning duosini olganga nima yetsin!) ichingda bir g‘urur tu-yib ketasan. Olloh seni shu toifadan etganiga (anuv ota-onasini tashlab, begona yurtlarga tentirab ketavuradiganlar toifasidan qilmaganiga!) shukronalar aytasan.
Hammasi shunaqa paytda — tanish-bilishlar uchrashib, ko‘z ko‘zga tushib, mehr jilva qilganda bilinarkan. Biz hozir ana shu holatda ichkaridan chiqayotganlarga intiqib turardik. Akam ham, men ham.
Bizga bu yig‘in-mashvaratni ilingan Nusrat pochchaning o‘zlari hali ko‘rinmasdilar. Aftidan, u kishi ayvondagi domla-imomlar bilan so‘rashib, bir-birlarini ziyorat qilishayotir, ungacha bu yoqdagilar tizilishib, ichkaridan chiqadigan azizlarni kutib turishar, hech kim jilishni o‘ylamas edi. Boyagi amri-ma’rufning ta’rifini tildan qo‘ymay, o‘sha suhandon kishi — Hoziq to‘ramni ishtiyoqmandlik ila kutishmoqda edi.
Men Olim akamga zimdan nazar tashlab-tashlab qo‘ymoqdaman. Uni hali Isroil taksachidan bo‘lak birov tanib ulgurganicha yo‘q. (Axir u shaharga milisa o‘qishiga kirib, uni bitirar-bitirmas dab bo‘lib ketganicha, hamma har qayoqqa ko‘chib, qancha suvlar oqib o‘tib ketdi!) Tanib qolishsa — birpasda shovur-shuvur qo‘pib, kim Eshon buvaning hurmatlari, kim Sultonmurod akamni izzati haqqi kelib ko‘risha ketar edi-ku. Faqat tanimay turishibdi. O‘zi esa, har bitta tanish chehraga — yakkabog‘ligu kattabog‘likka yutoqib-intiqib, bir olam xotirotlarga berilib tikiladi-yu, faqat borib so‘rashishga, o‘zini tanitishga iymanib turibdi. Yonidagi chapanisifat, yapasqi yuz Isroil aka esa og‘zida nosi, g‘o‘ldiragancha unga allakimlarni tanishtirib, allanimalarni esiga solmoqqa tushgan edi. Akam uni anglayvermagach, axiyri nosini tashlab, qulog‘iga yopishib bordi-da, tushuntirmoqqa boshladi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:26:33

— Ko‘ryapsanmi, tovkasidagilarni? Mulla bo‘p olishibdi. Satta tom teshamanu bo‘xcha o‘g‘irlaymanlar. Yana to‘n yarashganini ko‘r, — derdi u.
— Xudo insof beraman desa shu-da, — dedi akam.
— Qatta! — dedi Isroil aka qo‘l siltab, — o‘zlariga qolsa ertagayoq o‘sha ko‘chaga burilib ketishadi. Faqat bu qo‘ymay turibdi-da.
— O‘sha o‘zimizning Parpi-ya? Tovka boshi-ya?
— Ho‘, sen uni nima deyapsan? Yarimtaligiga ishonma! O‘nta butunni qochiradi. Albatta so‘z bilan, ilmi bilan. Biz uni o‘tirib qoldi, desak, o‘zini ilmga urgan ekan. Shayxim qori akaga o‘xshagan hov anuvnaqa domlalar bilan ulfat bo‘lvolib. Eshitding-ku, bugun bittasini. Qalay, yoqdimi?
— Yoqqanda-chi!
— Bular shunaqqib egib oldi-da, satta qashqata-yoqlarni, qamoq ham tuzatolmaslarni. Endi so‘zidan chiqsin-chi!..
Va shu mahal darvozaxonada «Siz o‘ting-siz o‘ting»-lab domlalar ko‘rinishdi. Ular nurli qarib, kichkina tortgan va ham sal munkillab aso tutgan, ustiga ustak o‘ziga xo‘b yarashib o‘tirishgan maysarang movut chakmon kiygan kishi ortidan ergashib kelar edilar. Men u kishini tekis bodom qovoqlaridanu yumshoq muloyim nazarlaridan bir qarashdayoq tanigan edim. Kenno-yimga tabib izlab borib... kimni ko‘ribman?! Shu kishi edi-da! Faqat unda sal tikroq, dadilroq ko‘rinib edilar. Qolaversa, Tangritog‘dan kelgan tabib deb tanishtirishib edi. Xuddi shu odam bergan bir o‘ram turkana dori Mahfuz kennoyimga malham bo‘lgan, o‘sha bilan oyog‘i kesilmay qolgan edi. Bugun esa men tamomila bo‘lak manzaraning shohidi bo‘layotgan edim. U kishini katta ulamo sifatida kutib olib, kuzatishmoqda edi. Bu orada ular darvoza tagiga chiqib qolishgan, u kishining hurmatlariga hamma tizilib qo‘l qovushtirgan edi. Hamma u kishini tavof etib ko‘rishib qolgisi keladi-yu, lekin hech kim borib qo‘llarini olishga botina olmasdi.
Va nihoyat u kishi jamoatning bu istagi, bu xohishini sezib qoldilarmi, o‘zlari o‘sha ikki yonda tizilishganlarga ta’zim qilib, go‘yo salom berib, alik olib kela boshladilar-u, so‘nggi daqiqada eshik tagida cho‘loq- aravachasi ila kuzatuvchilar qatoridan joy olgan uy egasini ko‘rib, o‘sha tomon yurdilar va borib o‘sha movut chakmonda nur to‘kib o‘tirgan yarimta odam — Parpi bebaxtni avaylab quchib, yuzlarini yuzlariga suykab, kuraklarini silay boshladilar. O‘zlari esa bisotlaridagi eng shirin-shakar so‘zlar ila uni alqar, alqab duo qilar, chiroyli umru chiroyli oxirat tilar edilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:26:45

So‘ng o‘sha atrofdagi yaqinlar bilan ko‘risharkanlar, ergashganlardan kimdir u kishini urintirgisi kelmaymi, qo‘lini ochib:
— Taqsir hazratlari, jamoat haqiga, yangi xonadon sohibi bo‘lmish ukamiz haqiga duo qiling, — deb qoldi.
Hamma shovullab qo‘l ochdi. U kishi ham turgan yerlarida to‘xtab, asolarini bilaklariga solgancha, duoga qo‘l ochdilar.
— Ey, bor Xudoyo, iloha ilovando mo‘minlarga ana shunday sabru jamiil bergin, to tirik ekanmiz, vatanlaridan boshqa judo qilmagil, og‘ir, mashaqqatli sinovlaringga tashlamagil. Doim rahm-shafqat qilgil, o‘z ilmu rabboniyingdan benasib etmagil. Qo‘zg‘otmagil, to‘zg‘itmagil, sarson-sargardon etmagil bu ummatingni. O‘zingga toatda, ibodatda qilgil. Chiroyli, o‘zingga xush keladurgan amallarga musharraf etgil. Hidoyatingga boshlabsan, qaytib o‘zingdan begona qilmagil. Adashtirmagil hech. Shu jamoatda qo‘l ochib turganlarni o‘zlariyu zurriyodlariyu ulardan keyin keladurgonlarni ham o‘zingga suyukli ummatdan qilgil. O‘zingdan o‘zgani demaydiganlardan qilgil. Bu xonadon sohibini ham hidoyatingga olibsan, chiroyluv amallarini bardavom etuviga erishtirgil. Hasbiyallohu va ne’mal vakil degan bu bandangni o‘zing qo‘llab, unga qatishib kelgan har bir insonni azizu mukarram etgaysan. Ularni O‘zingning adlu adolatingga topshirdik, hamisha qo‘llarini baland etgaysan. «Robbana atina, fid dunya xasana va fil oxirati xasana va qina a’zaban nar».
Yuzga fotiha tortilib, odamlar bir-birlari bilan qayta ko‘rishib, xayr-xo‘shga tusha boshladilar. Hammadan Isroil aka mutaassirlangan, ikki gapining birida Olim akamning yelkasiga turtib:
— Uni ko‘r, zo‘r-ku. Oxund domladan o‘tarkan-ku, a? Bir muftiycha ilmi bor ekan-ku, — derkan, joyida turolmas, o‘sha yoqqa intilib, u kishini tavof etib qolmoq payiga tushgan edi.
Shu tob Olim akam u qolib, men tomonga o‘girildiyu hayrat aralash shivirlay boshladi:
— Maqsud, bu kishi uy qamog‘ida emasmi? Ruxsat berilganmi bunday yurishlarga? Xalq orasiga kirishlariga? — derdi u. Men ang-tang qolgan edim.
— Qanday uy qamog‘i? Qanaqa ruxsat? — dedim o‘zimga kelolmay. — U yoqdan kelgan tabib-ku.
— U yog‘ing — qayoq? — dedi akam.
— Akam ketgan yoqdan-da, qayoqdan bo‘lardi!
Olim akam qotib qoldi:
— Akam ketgan yoq?
— Ha-da, — dedim uni tushunib yetmay. — Uylariga izlab borganman bir gal, kennoyim yotib qolganlarida. Agar o‘sha odam bo‘lsa.
— Kim yotib qolganda?
— Kim bo‘lardi kennoyim, akamning o‘sha yoqli ayoli, — dedim endi yashirib o‘tirmay.
U o‘ziga kelolmay yuzini ishqadi. Aftidan, bu xabardan esi teskari bo‘layozgan edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:27:00

— Akam hali o‘sha yoqda, ayoli bu yoqdami?
— Bilmaysizmi, — dedim men ichim dukur-dukurga tusha boshlab. — Shuncha o‘sha yoqlarda yurib-a?
U behol tortib, ko‘zini yumdi, o‘ziga kelib-kelmay:
— Keyin, keyin tushuntirib beraman. Mavridi bilan, — dediyu odamlar orasidan Hoziq to‘ramnimi, kimni izlashga tushdi. U allaqanday hovliqib, izlagan kishisini yo‘qotib qo‘ysa, qaytib topolmay qoladigandek alanglar edi. Ular esa bu payt, har xil duxoba gajimlaru shokilalar bilan ichidan bejalgan (qanday asrashibdi, tavba!) eski «Pobeda»ga joylashib ulgurishgan, kuzatib o‘sha yergacha borganlar u kishi bilan xo‘shlashar edilar.
Olim akam azza-bazza afsuslanib qoldi:
— Ketarkanlar, o‘zim oborib qo‘yardim. Eh, afsus, nega ilgariroq otni qamchilamadik? Endi qachon ko‘ramizu uchratamiz?
— Qachon desangiz, oboraveraman. Uylarini bilaman, — dedim, — agar o‘sha tabib bo‘lsa.
— O‘sha odam! Qanchalarning duosiga qolib, qanchalarning tinchini olgan! Qanday erkin qo‘yishibdi ekan?— dediyu jim qoldi.
U kishi jo‘nab ketib, hamma tarqay boshladi. Faqat biz Nusrat pochchani kutib, bir chekkada qaqqayib qolayotgan edik. Buni ko‘rib, pochcha ham xonadon sohiblari bilan xo‘shlasha boshladilaru kutilmaganda bizga o‘girilib:
— Hoy, Maqsudxo‘jam, qanisizlar, beri kelinglar, — deb chaqirib qoldilar. — Arvohlar shod bo‘lsin, so‘rashib-tanishib qo‘yinglar. Harqalay bir joyning odamlarisiz, bir ariqdan suv ichgansizlar.
Men ich-ichimdan jon-jon deb turibman-u, lekin sholaravachadagi odamning sirimi, nimasi bosib, iymanib-tortinib bora boshladim. Qolaversa, akam tufayli yarimta bo‘lib qolgan odamni (yana qancha vaqtdan so‘ng!) yaqindan ko‘rgim, so‘rashgim bor (axir, u ilgarigi ishlarini tashlab, nainki o‘zi, butun tovkasidagilar bilan qay yo‘lga kiribdi!) Men uni allaqachon qidirib topishim, akamning omonatini yetkazishim kerak edi. Kelib-kelib mavridi shu kunga to‘g‘ri kelibdi! Shuni eslaganda naq vujudimga yengil titroq kira boshlagan edi. Qiziq, akamning nomini eshitsa, qay ahvolga tushadi ekan — tasavvur eta olmasdim.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:27:11

— Assalomu alaykum.
— Va alaykum, keling, eshon bola.
Birinchi bo‘lib men uning yumshoq, qariyalarnikidan ham nozik qo‘lini oldimu g‘alati bo‘lib ketdim. Bu qo‘llar duxobadayin mayin, ham iliq, undanmi yo sohibining engil-boshidanmi, odamning jonu jahonini elitgudek bir ifor taralar edi. Odam diniga qaytsa, shunday yoqimli bo‘lib qolar ekanmi, tavba?
Men u ifor hidlarini hidlab to‘ymasdim.
— Taniysiz-a, taqsir, bu Salomxonning kenjasi. O‘qib katta yigit bo‘ldi, ulug‘ dargohlarda ishlayapti,— deb tanishtira boshladilar pochcha.
— Nechuk tanimay, Sultonmurodning xolavachchasi, o‘zimizning yakkabog‘lik, — dedi u bilagimdan ushlagancha qo‘llarimni silab. — Oyingiz omonmilar, bardam-baquvvatgina o‘tiribdilarmi? Bizdan duo aytasiz. Bizga qancha yaxshiliklar sog‘ingan, yaxshiliklar qilgan joylari bor.
Voh, ich-ichimdan bir turli hislar toshib kelardi, odam shunchalar muloyimlashuvi, halim tortib ketuvi mumkin ekanmi? Bu nimaning alomati? Yolg‘iz hidoyatingnimi?
Va shu barobar akamning bir paytdagi omonat xati, undagi rijolari yana yodimga tushib kela boshlagan, uni manavi holda bu odamga qanday aytarimni bilolmasdim. Hammasidanam ukasi — Olim akamning oldida ne deb aytarimni bilmasdim. Qolaversa, bundan keyin bunaqa mavrid keladimi, yo‘qmi? Bu orada pochcha mening holimdan bexabar Olim akamni tanishtirmoqqa boshlagan edilar:
— Bunisini-chi, bunisini? Alloh chindan hafiz, asrayman desa o‘ziga taraf yo‘q; ming chig‘iriqlardan ham gard yuqtirmay oson chiqaradi ekan. Mana, nihoyat yurtini qora tortib kepti Sultonmurodning jigari, Eshon buvamning kenjalari, u kishining chiroqlarini yoqib o‘tirgani. Olim deganlari shu bo‘ladi, taqsir.
— Vah, vaqtning ketuvini, umrning o‘tuvini ko‘ring. Shu o‘zimizning Olimmi? Er yetib, sochiga oq oralab ulguribdi-ku. Uni qarang-a. Kel, birodar, kel. Muqim qaytganing rost bo‘lsin. Omonmisan, do‘stimning jigargo‘shasi? — deb sholaravachada o‘tirgan odam bazo‘r «quchoq ochdi», so‘ng quchog‘iga «olgan bo‘lib», ovozi bir tur o‘zgardi. — Uni qara-ya, sendan kimlarning isi kelmoqda-ya. Iloy, akaginangning ham boshini toshdan etgan bo‘lsin O‘zi. Shunday ko‘rishtirmoqni nasib etsin.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:27:27

Nima balo, bu iltijo, bu rijo qalblarimizdagi yosh buloqlarining kaliti edimi va yo bir tilsim so‘zlarmi, ko‘nglim allatovur bo‘shashib, ko‘zlarimga tirqirab yosh quyilib kelar, shuncha yosh qaerda turgan ekan — o‘zimni tuta olmasdim.
Yengimni bosib, atrofga qarasam, bu gapdan mutaassir bo‘lgan hamma — akam ham, o‘zi ham, pochcha ham bir holatda turibdilar. Pochcha o‘zlarini bosmoq bo‘lib, dam-badam iyak qoqadilar, o‘zlarini chalg‘itmoqqa urinib, uning duosini takrorlaydilar:
— Iloy, o‘sha kunlarga O‘zing yetkaz.
Bu orada uy sohibi o‘zini tutib, ichkariga qistamoqqa, bizning suhbatimizni olmoq harakatiga tushib qolgan edi:
— Qani, pochcha, boshlang. Sizlarga javob yo‘q. Bir kelib qolishibdi, ichkariga boshlang bularni. Otamlashayluk. Hoy, Azlar tog‘a, nega qarab turibsiz? Mehmonlarni olib kiring. Ularga javob yo‘q.
— Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? — deb pochcha menga qaradilar. — U yoqda xolang kutyapti. Bu yoqda kirmasang...
— Nega kirmas ekanmiz, kiramiz. Qolaversa, bu kishiga aytadigan omonatlar bor, akamning omonati,— dedim men mavridi kelib qolganidan foydalanib.
— Kimdan dediz? — uy sohibi azbaroyi hayratlanganidan sholaravachasi turgan yeridan jilgudek g‘ijirlamoqqa tushgan edi. — Sultonmuroddanmi?
— U kishidan bir xat keltirishgan edi. O‘shanda... Sizga tegishli gaplar bor ekan. Uzr, vaqtida yetkazolmagandik.
— Uni qarang-a, shunday edimi? — Men hech kutmaganda uy sohibi bu xabardan boshi ko‘kka yetib, shoshib qolgan, «Shundaymi, daragini chiqargan Ollohimdan o‘rgilay-a, kiringiz», deb qistamoqqa tushgan edi.
Kirdik. Hovlidagi joylardan biriga o‘tira qoldik. Pochcha duo qildilar. Choy keldi. Shundan keyingina uy sohibi yana intiqib menga qaradiyu:
— Bu qachongi gap, eshon bola? Ayting, tortinmay aytavering, — deb yana qo‘llarimni silamoqqa, boladek yalinmoqqa tutindi.
— Yaxshi gaplar, xursandchilik gaplar!— dedim men u kishini tinchlantirishga urinib. So‘ng:— Bahriddin akamni tanir edingizmi?— dedim yotig‘i bilan.
— Qaysi Bahriddin? Yakkabog‘lik Bahriddinni aytasizmi? — dedi bir hushyor tortib. Kutmagan ekan, allaqanday xijolatlandi:
— Ha, ha, Asol xolamning o‘g‘illari, — dedim.
— Xo‘sh-xo‘sh? — dedi o‘ziga kelib.

Qayd etilgan