G‘uj-g‘aj, g‘aj-g‘uj, chirs-mirs, mirs-chirs — otlar goh qordan, goh muzdan bormoqdalar.
Gup, gup, gup — mushtdek yuragi bo‘g‘ziga tiqilib keladi negadir.
Huq, huq, huq — sayrashini qo‘ymaydi o‘sha tungi qush. U goh orqada qolib ketadi. Goh bu yonga, goh u yonga o‘tib oladi. Huq, huq, huq... Mana hozir o‘ng yonidan kelmoqda bu savil ovoz.
Ergashgani-ku mayli, lekin oldilariga o‘tib olmasa bo‘lgani. Sarhaddan o‘tib, ota tuproqqa yetib olgunlaricha qo‘yib bersa bo‘lgani. Qo‘yib berarmikan?
Nima kerak unga? Nimani chaqirib qo‘ymayapti? Ko‘ksida potirlab, bo‘g‘ziga tiqilayotgan narsanimi? Jon qushini-ya?
Alloh asrasin. Tong oqarmay, Allohning farzini ado etmay turib, qadami ota tuproqqa tegmay turib beradimi jon... qushini? Yetdim deganda yiqiladimi? Yurt nafasi kelmay turib, nima bo‘lyapti? Jilla qursa, jilla qursa, tong yorishsin. Azon aytilsin. Bomdod vaqti kirsin. So‘nggi namozni o‘tab turib, ota tuproqqa o‘ng yoni bilan yiqilsa ham mayli. «La ilaha illalloh»ni aytib ulgirib. Shungacha qo‘yib ber, ey karamli Allohim. O‘zingdan muhlat so‘rayman. Jilla qursa, yetib boray sarhadga, o‘shal muqaddas tuproqqa. Uning bo‘ylariga, nasimlariga. Jilla qursa, shovurini eshitay u diyorning. Tuyay bo‘ylarini. Bomdodga qadar qo‘yib ber O‘zing.
Dor tagidagilarga-da ikki rakat namoz o‘tamoqqa ruxsat etgaylar. Ikki kalima Qur’on tilovat qilmoqqa izn bergaylar. Hatto podshohlar ham. Sen ikki olam molikisan, podshohlarning podshohi. Karami keng zotsan. Bomdodning ikki rakat farzini ado etmoqqa, so‘nggi bor o‘zingga sajda etmoqqa izn ber. Majol ber, mador ber, muhlat, kuch-quvvat ber, ey mehribonlarning mehribonrog‘i. Quvg‘indi qulingni gunohlarini afv et, ko‘z ochib ko‘rgan yurt tuprog‘iga bosh qo‘ymoqqa ijozat et. Jilla qursa, balandroq yerdan nasib et: o‘zimiz yetolmaganimiz yetolmagan, yurt nasimlari mozorimiz uzra esib tursin, yetib tursin vatan bo‘ylari...
Keyin Mahfuzasini chaqiribmi, bedarak ketgan kuyovini chaqiribmi, alahlay boshladi:
— Kuyovto‘ra, men Sizga ishonib edim. Boturlar ahli ayollarini, vatanlarini deb yashamaslarmi?
Holdan toygan Xudoyberdi sergak tortdi. Hoji otaning oyoqlariga yopishib-etib yurishga oshiqdi.
— Hoji ota, oz qoldi, sabr eting, — deb dalda bermoqqa urindi. — Men yoningizdaman, shu yerda- man.
Tun qushi endi chap yoniga o‘tib olgan, ovozi oldinroqdan kelmoqda edi negadir:
— Huq, huq, huq...
Tuyoq ovozlari ham ayqashib-uyqashib ketayotir: «chirs-mirs, mirs-chirs, g‘aj-g‘uj»...
Nimalar bo‘lyapti? Ko‘z oldiga kimlar kelib olyapti? Eng yaqinlari, jigarlari-ku. Sog‘inib yo‘qotganlari, yo‘qotib topmaganlari-ku! Mahfuzasi-ku!