Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 149812 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:59:47

Men esam hech vaqoga aqlim yetmay, bir yaradan shuncha patos chiqarkanmi deb, tasavvur eta olmay ichim sidirilib boryapti: jo‘mrakdan oqqandek patos — qanday zardob ekanki, bir yara tagiga shunchasi yig‘ilaqolsa? Do‘xtirlar uni kesamiz deb vahima qilishgancha bor shekilli?.. Bu orada sochini ikkita qilib o‘rib, orqasiga tashlab olgan boyagi hamshira yugurgilab chiqib, menga urilib ketay dedi. Norozilanib qaradiyu yana ayadi:
— Iltimos, chetroq turing.
Men uzr aytib, ortidan ergashdim.
— O‘zlari yaxshimilar, yaxshi bo‘p qoladilarmi?..
U oynavand javonni ochib bintu malham izlarkan, tavba, qanaqa haftafahm odamsiz, degandek qaradiyu, o‘z ishidan qolmasdi. Meni battar vahm bosib:
— Har kuni shu ahvolmi? Qaytmayaptimi? U kishiga nima bo‘lgan? Ayta qoling, jon singlim, — deb yalinishga tushgan edim.
U endi aftimga qaramayin ham oshig‘ich qayta boshladi. Men unga bog‘lanib qolganday ergashib borardim. Palataga yetmasdan yana o‘tindim:
— Jon singlim...
U ichkariga kirib borayotgan joyida — ostonada to‘xtadiyu insof qilib qaytdi. Kelib qulog‘imga shivirladi:
— Jarrohlar kesishmoqchi, o‘sha oyoqlarini, bildiz?! — U mengami, kennoyimgami achingan kabi aftimga tikilib turib, burilib palataga kirib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:59:56

Oyoqlarini kesishadi? G‘alati-ku! Men ahmoq, men pandavaqi yaralarini kesishadi, ochib tozalashadi,deb o‘tiribman! Bular ana nima qarorga kelib qo‘yishibdi! Yo‘q-yo‘q! Hecham rozilik berib bo‘lmaydi! Boshqa ilojini topsinlar! Zo‘r bo‘lsalar kesmay tuzatsinlar! Nega kesarkanlar? Axir shuncha sarson-sargardonliklari yetmay, oyog‘idan ham ajraydimi? Biror yaqinidan rizolik olmay turib, qanday kesishadi? Bunga kim rozilik berarkan? Hatto Chaman akaning ham haqqi yo‘qdir. Yoki u akamning rizoligini olgani... qidirib ketganmi? Yo alhazar, yonginamizda shuncha voqealar kechib, biz bexabar qolsak. Kennoyim bu ahvolda yotib, akam u ahvolda — bu diyorlarga qadam bosolmay yursayu, biz yordam qo‘limizni cho‘zolmasak. Qay kunlarga qolganmiz? Yo dunyo o‘zi shunday qurilganmi? Sarsonlik-sargardonliklarning nihoyasi, cheki yo‘q etib tuzilganmi?..
— Sizga ruxsat ekan, erta bilan vaqtliroq kelarkansiz.
O‘zimga kelib qarasam — boyagi hamshira. Go‘yo u najot farishtasidek:
— Iltimos, aytib qo‘ysangiz: kesishga rozilik bermay tursinlar! — dedim titrab-qaqshab.
— Yaxshi, — dedi u ham menga xayrixohlik bilan. So‘ng burilib keta turib yana to‘xtadi. — Aytmoqchi, tabibni axtarib ko‘rarkansiz. Tushundizmi?..
Ichimdan bir quyosh chiqqandek bo‘lib ketdim: hayriyat, umid tutayotgan joylari bor ekan-ku! Oshig‘ich tashqariga qarab yurdim. Bu xabardan ichim yorishib, qushdek yengil tortgan, hovli sutdek oydin bo‘lsa-da, ko‘z oldimdan kennoyimning bo‘zdek oqargan yuzi, hamshiralarning chopib yurishlari ketmas, qaroqlarim ostida qaynoq yosh aylanar edi.
Ajab dunyo: odamlar yo‘qotgan aziz kishilarini topganda qandoq quvonadilar! Men esam, yosh boladek bo‘zlab qaytar edim.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:00:34

4. «HASBIYALLOHU VA NE’MAL VAKIL»

Eski Jo‘vada shuncha turib, Taxtapul tomonlarga o‘tib qo‘ymagan ekanman, esiz.
Opa jon kuydirib tushuntirar edilar:
— Taxtapulning suvidan shundoq o‘tasizu tushasiz! Tushasiz-da, pastga qarab boravurasiz-boravurasiz. Yarim chaqirim yurmasizdan kichkina jin ko‘cha keladi. Buriliboq Tangritog‘lik tabibni so‘raysiz, vassalom.
Men esam, qani tasavvur qila olsam, o‘sha joylarni. Bittasiniyam ko‘z oldimga keltirolmayapman. Buni ko‘rib, Opa (o‘sha «opovsi» opa-da, qorovulxona be-kasi):
— Unda Sevzordan chiqib kelaqoling. Sevzorni bilasizmi? — deb qoldilar.
— Bilganda qandoq! — Men ichim yorishib sakrab ketayozdim. — Boyadan beri shundoq demaysizmi!
Darvoqe, holamgilarnikida turib o‘qigan kezlarim orasi ikki qadam Sevzordan (biz toshkentliklar suyib shunday ataymiz, asli Sebzor) beri kelmasdim. Jangobda tanishgan do‘stlarim bilan qo‘shilib hali Labzakka, hali Beshog‘och ko‘lidagi shaxmatxonaga tentiraganimiz-tentiragan edi. Yutib qaytgan kunlarimiz o‘sha tanti-chapani do‘stlarim qo‘yarda-qo‘ymay (borasan-da o‘sha xolanglarnikiga deb!) uylariga olib ketishgani-ketishgan edi...
Aytgan joylari — Sevzorning shundoq biqinida ekan. Tangritog‘dan kelgan tabib o‘sha yerga qo‘nganmish. To‘g‘rirog‘i, hukumat unga o‘sha yerdagi Boqchada turishga ruxsat etibdi. Azbaroyi siylaganidan. Men shunday deb tushundim. Ammo bu gap g‘alati ham sirliroq edi. Shu hukumat bo‘ladi-yu, bir tabibga shunchalik izzat-ikrom ko‘rsatadimi? Yana kelgindi-muhojir bo‘lsa? Tushunish qiyin. Ammo «Opovsi» opa u tog‘liq musofirni bir yerga yetib ta’riflar edilar:
— Voy, u kishini ko‘rmabsiz, suhbatlariga yetmabsiz — so‘zlaridan bol tomib, yuzlaridan nur yog‘iladi! Bunaqa halim odamni uchratmagansiz. Nafaslari bir o‘tkir, shunaqa o‘qib, dam soladilarki... kennoyingizni ko‘rsatsangiz bilasiz. Albatta, boring, shu bog‘ni aytsangiz — yo‘q demaydilar. Tuz-nasiba ekan, qancha vaqt turganlar bu yerda.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:00:51

«Opovsi» opa azbaroyi kennoyim uchun qayishib meni qistashini qo‘ymasdi:
— Borasiz-a, albatta, o‘tasiz-a?..
... Mana, ketyapman, o‘sha (onalarimiz ko‘pam ixlos qo‘yib, bir yerga yetishadigan) azayimxon tabibni izlab...
So‘rab-so‘rab Makkani topganlaridek, men ham uchragan qoradan o‘sha tabibni so‘roqlab borar edim.
Axiyri qayrilishdagi do‘kon qorovuli — yuzi kepchikday, bujur odam (u qorovulxonasidan darcha ochib, qurut, pista sotib o‘tirar edi) qozoqning to‘qqiz pulidek qilib, tushuntirib berdi:
— Ho‘v anov jin ko‘chaga burilasiz. Kirib boravurasiz-boravurasiz, bir oq binoga yetasiz. O‘sha — Boqcha. O‘shattan so‘raysiz, tabib to‘ramni. Ha, aytmoqchi, bugun ehson ham bor, chamamda. Odamlar chiqishayotib edi, to‘p-to‘p bo‘lib... tortinmay boravuring.
Qadamim yengil tortib, jadalladim: ishqilib, unasin-da ko‘rib qo‘yishga.
Aytilgan ko‘chaga burilib ham edimki, oldinda po‘rim kiyingan bir odam ko‘rindi. U qo‘ltig‘idagi bozorchiqni avaylagandan avaylab, u qo‘lidan bunisiga olib-erinmas edi. Negadir unga yetib olgim kelib, (nazarimda u ham o‘sha tabibni yo‘qlab borayotgandek), yana jadalladim.
Borsam, Sultonmurod akamlar tengi bir yigit, lekin do‘kondorlardek oxorli kiyingan. Boshida Toshkanni ko‘k do‘ppisi. (Ko‘riboq sezdim: yo puldor, yo savdogar, ikkisidan biri, axir, hamma ham chin-mochinda tikilgan bunaqangi qora kostyum-shimga yetishavuribdimi!) Ammo o‘zi ochiqqina ekan, salomimga takalluf-la alik oldi:
— Vaalaykum assalom, okovsi, keling.
Manzirati ham bir samimiy edi. Iyib ketib, yukini ko‘tarishib olgim keldi:
— Menga bera qoling.
— Yo‘g‘-e, og‘irmas, okovsi, odamni hijolatga qo‘ymang.
— Beravering, — dedim yaqin olib.
— Unday bo‘lsa, maylin. — U yap-yangi, shiqirlab turgan qog‘oz qopchiqni avaylab uzatdi. — Faqat ehtiyot bo‘lasiz, nozuvroq narsa edi.
— Nozuvroq joygami? — dedim tusmollab.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:01:02

— Topdiz, aytuvli bir odamning ziyoratiga. Ko‘pdan otlanardim-u, mavridini topib kelolmasdim. Bugun bozor tushsam deng, otliqqa ham topilmaydigan bir nok turibdi! Shu... bu dunyonikimas-da! Jonivor oltinday sarg‘ayib, bol tortib ketibdi. Hidini aytmaysizmi! Gurkiraydi! Shuni ilina qoluvdim to‘ramga.
Bitta-bitta yurib gaplashib borayotib edik, kechagi bozorimni eslab, yalt etib yuziga qaradim:
— Shu o‘zimizning Eski Jo‘vadan-a?
— Ha-da. Bor-yo‘g‘i to‘rt kilogina ekan. Nasib-da, nasib, — dedi u og‘zining tanobi qochib.
Men bosh silkidim: taxminim to‘g‘ri chiqmoqda edi.
— Demak, har kuni bir xalta-bir xalta optushadi. Ro‘zg‘orga yaragulik qilib...
— Kim? — deb hayratlandi hamrohim.
— Kim bo‘lardi, o‘sha kampirsho-da, — dedim jilmayib.
— Ha-a, — u tushunib qolib, xandon tashlab kul-di, — demak, siz ham nokiga xaridor bo‘lgansiz-da, shundaymi?
— Men besh ketib, kasal ko‘rgani olib edim, — dedim rostiga ko‘chib.
— Chakki emas, didingiz, — dedi u boshdan-oyog‘imga razm solib.
— Siznikiyam... — dedim men ham bunaqa nokning qadriga hamma ham yetavuribdimi degan kabi.
— O‘ziyam jannatning isi kep turibdi-da, — dedi u tushunib. — Hidlab boqing-a. Mening kaftlarimdan gurkirab kelyapganday haligacha, — deb qo‘lini iskab qo‘ydi.
Men uning ko‘ngli uchungina emas, allaqanday sog‘inib, bozorchiqni dimog‘imga yaqinlashtirdim. Yo qudratingdan! Qopchiq ichidan bol hididan ham o‘tkirroq bir hid gurkirab kelar edi. Faqat ertagi handalaklar shunday bo‘y taratishi mumkin. Lekin bu qishi bilan dimlab qo‘yilgan Toshkentning tosh noki edi! Kimga opkelayotgan ekan? Men esam, quruqdan quruq kelaveribman-da?..

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:01:12

Xijolat chekib qolganimni sezib, u jilmaydi:
— Aybga buyurmaysiz, didimiz bir desam, yo‘limiz ham bitta shekilli? Kimnikiga borayotibsiz?
Bu gapdan ichim yorishib, menam lutf qilgim keldi:
— Kim tabib taqsirnikiga, kim — to‘ram taqsirnikiga shekilli?
U o‘ziga yarashadigan tarzda xandon tashlab kuldi:
— Kim ilm istab, kim shifo istab deyaqoling!
— Kim nazri bilan, kim benazir, — dedim men. — Qabul ham shunga yarasha bo‘lmasaydi!
U hazilim yoqib, yelkamga qoqdi:
— G‘am yemang, nazir endi o‘rtada bo‘la qoldi. Ko‘tarishib ketyapsiz-ku, axir.
— Shuni ayting.
— Qolaversa, to‘ram qo‘lga qaramaskanlar. Bo‘ladi-ku: nazari to‘q odamlar — o‘sha toifadan emishlar, — dedi u qosh uchirib.
Har qandayi ham avvaliga shunday bo‘lib, keyin qiliq chiqaradi, demoqchi edim, tilim bormadi. Quruq tuhmat qilib qo‘yishdan qo‘rqdim. Balki chindan maqtashganicha bor, xudojo‘ydir.
Bu orada gap bilan bo‘lib ancha joyga borib qolibmiz. Hov oldinda bujur qorovul aytgandek, oq bi- no — Boqcha ko‘zga tashlanar edi. Unga yopishib tushgan darvoza oldida esa, uch-to‘rt odam ko‘rinyapti. Ularning ham qulog‘i ichkarida.
— Bemahal kepmiz shekilli, jigar? — dedi sherigim ham ko‘zi ularga tushib. U shu boyvachchaligiga menga o‘xshab tortinchoq ekan, borish-bormaslikni o‘ylab, taraddudlandi.
Bujur qorovuldan eshitganim yodimga tushib, uni qistadim. (Qolavursa, men tabibni ko‘rmay qaytib ketolmayman!):
— Nasibamiz ulug‘ ekan, ehsonga ilinamiz shekilli, yuravering.
— To‘ramniki tabarruk deb-a?
— Ha-da.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:01:22

Shu tob darvoza oldidagilardan bittasining ko‘zi tushib, bizni kechikkan mehmonlar fahmladi shekilli, peshvoz chiqib, mulozimatla egildi: marhamat, kelavursinlar, qadamlariga hasanot... Ilojsiz yurdik.
Lekin yaqin borib, ichkariga ko‘zim tushdiyu allaqanday yengil tortib, qushday bo‘lib qoldim: Bu nimadan, o‘zim anglab yeta olmas edim. Hovlida mehmonlar uchun tuzalgan joylar allaqachon bo‘shab qolgan, endi dasturxon yig‘ishtirib olinmoqda edi. Faqat kattakon tut tagidagi yog‘och karavotda besh-to‘rt qariya «suhbati chor — anda maza bor», qabilida ohista gurunglashib o‘tirishibdi. Zab paytida kelibmiz!
Qo‘limizdagi bozorchiqni ayvon chetiga qo‘yib ham edikki, oyoqlari kalta, ammo nihoyatda serharakat bir kishi (u ajoyib tarzda yelka tashlab yurar edi) bizni karavotga yaqin joyga boshladi:
— Kelung, memonlar. Nasiba yetalab keptu. Ehsonimizning savobiga sheruk bo‘luvsizlar.
Choy chaqirib, o‘zi bir chinni laganda osh keltirdi. Biz yengil ta’zim ila karavotdagi qariyalarga salom berib ulgurgan bo‘lsak-da, ularning shirin suhbatlariga halal bermadikmi, deb xijolatda edik. Ammo ular hali-veri turadiganmas, gaplari gaplariga qovushib bir shirin suhbat qurishyapti. edi. Aftidan bu dunyoni ham unutib, o‘sha to‘rdagi odamning nuroniy yuzidan (yo qudratingdan, o‘qish kitoblarimizda rasmini ko‘raverib, singishib ketgan o‘sha odam — sal bodomqovoq, muloyim kulcha yuzli xazrat tirilib kelib, qarshimizda o‘tirganday edilar) ko‘z uzmasdilar. U zot ham o‘shanday oq sallada, sariq yo‘l-yo‘l — zar-g‘aldoq to‘nda o‘tiribdilar. Oq oralagan mosh-birinch soqollari xuddi o‘shanday kuzalgan, ko‘zlari ham jindek bodomqovoq edi. Tavba, odam odamga shunchalar o‘xshar ekanmi? Tabib buva shu kishimikanlar yo bosh-qa birovlari?
Men oshga qo‘l uzata turib, sekin zingil tashlayotganimni ko‘rib, hamrohim qulog‘imga shipshidi:
— Siz tinglang. To‘ram taqsir shu odam.
Men qaytarib so‘radim:
— Tabib to‘rammi yo To‘ram taqsirmilar?..

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:01:33

U bosh silkidi:
— Har ikkisi ham.
Men yengil tin oldim: hayriyat, o‘zlari ekan!
So‘ng ularga quloq osdim. To‘ram taqsir bilan jindek choy ichib, suhbatlarini olishga qolgan mo‘ysafidlar bir narsani qistar edilar:
— O‘sha voqeani ayting, taqsir, o‘sha voqeani. Rost-dan ro‘baro‘ kelganmisiz? O‘sha tomonlarda haliyam bor ekanmi?
Men qo‘lim oshdayu qulog‘im ding edi. Aksiga olib teskariroq o‘tirib qopman. O‘girilib qarashga bo‘lmayapti.
Alohal taqsir qimtinib tin oldilar:
— Ha, endi bir yo‘liqqan-da, — dedilar negadir u voqeani eslagilari kelmay.
Qariyalar har chekkadan yana qistashdi:
— O‘zizdan eshitgan boshqa-da, taqsir.
— Alloh qanday asraganini ayting, jilla qursa.
O‘girilib, to‘ram deb atashayotgan tabibga qaradim: qiziq edi aytisi kelinqiramayotgani.
U kishi tizzalarini silab, bu gapga jilmayib qo‘ydilar: aftidan, unga qo‘shilmagan edilar.
— Bejiz-behikmat ro‘baro‘ etmagandir deng, — dedilar sekin.
Qariyalar hayratlanib bir-birlariga qarashdi:
— Subhanalloh! — dedi ro‘baro‘laridagi kishi.
— Yo‘g‘-e! — dedi boshqasi.— O‘zi ro‘baro‘ etib, O‘zi asraydimu?
— Hamma gap shunda-da, — dedilar u kishi.
— Moshaalloh! Shunaqasi ham bo‘ladi ekanmi?
— Bo‘ladikan, — dedilar to‘ram.
Ular bir muddat jim qolib, yana qistamoqqa boshladilar.
— Shuning uchun ham... o‘zingizdan eshitayluk, taqsirim.
Hatto biz ham og‘zimizdagini chaynashdan to‘xtagan edik, o‘sha narsa bizni-da some etib, qiziqtirib qo‘ygan edi. Axiyri u kishi ming istihola ila boshladilar (balki menga shunday tuyulgandir.)

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:01:43

— Tangritoqqa yo‘l boshlovchisiz — yolg‘iz borishim edi. Dovonga ko‘tarilguncha bir-biriga o‘xshagan so‘qmoqlaru daralarga kirib-chiqaverib, adashib ketdimmi, bilmayman, vallohi a’lam. Sharqiroq soy bo‘yiga chiqqanimda birdan shom tusha boshlaganini payqab qoldim. Otni har qancha qistaganimda ham ko‘rinib turgan dovonga yeta olmasdim. Bir yoqda shom qazo bo‘lyapti, bir yoqda ko‘zlagan manzilimga yetolmaydiganman. Alohal otdan tushib, tahorat tadorigini ko‘ra boshladim. So‘ng ot tizginini bir butaga ilib, xarsang toshlar orasidan joynamoz sig‘gudek bir joy topib, namozga berildim. — Tabib hikoyasining shu yeriga kelganda tin olib, jim qoldi. U barcha-barchasini aytishga hamon istihola etarmidi yo eslab ketganmi- di, bilib bo‘lmasdi. O‘girilib qarashga esa botina olmasdim. Kimdir yo‘talib, kimdir betoqatlik ila qo‘zg‘olib qo‘ydi. Tabib endi allaqanday o‘kinchli ovozda:
— Yaxshiyam to‘xtaganim, — dedi. — Shomning farziniyu sunnatini o‘qigunimcha daraga qorong‘ulik cho‘kib bo‘pti. Besh qadam narini ilg‘ab bo‘lmasdi. Nega shunday kechdi, yarim yo‘lda qolib ketdim, mendan qanday xatolik o‘tdiki, deb joynamozdan turmayoq «Asta’firulloh, allazi-mallazi, la ilaha illa huval hayyul qayyumu va atuvbi ilayhi», deb o‘ziga istig‘for aytib, sajdaga bosh qo‘ydimu tavallo eta ketdim: «Ya Rob-bim — Alloh, hammasidan o‘zing voqifsan, O‘zing ko‘rib-bilib turibsan: zimmamga qanday yumushlar yuklanmish. Rozilik berib to‘g‘ri qildimi, adashdimmi, hikmatini bilguvchi yolg‘iz O‘zingsan. Agar yaxshilikka yo‘ysang — yo‘limni och, mushkulimni oson et. Agar nafsimning so‘zlariga kirib adashgan bo‘lsam, bandaman, O‘zing kechir. Kechir-da, balo-qazolardan, yomonliklardan O‘zing asra. Hidoyatingni darig‘ tutma, ojiz bandangman. Ne qilay qaytar yo‘llarim berkilgan. O‘zing najot ber», deb yig‘lab-tavallolar qilayotsam... birdan orqadagi ot hurkib ketgancha kishnab yubordiyu tizginni uzib qochmoqqami, nimaga tushdi. Etimu vujudim vijirlablar ketdi.
Sajdadan bosh ko‘tarsam, qay ko‘z ila ko‘rayki, qarshimda gungursdek bo‘lib, bir maxluq turibdi. Olov ko‘zlarini uzmay. Bo‘ynida yolimi — nima xurpaygan: ayiq bo‘lib ayiqmas, it bo‘lib it. Ammo avvaliga tanimay turgan ekanman, tanib qolib, etlarim tikka bo‘lib ketdi. Butun jonim oyog‘imdan yerga o‘tib ketgandek edi. Beixtiyor payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalamni, kuyovlari u kishini haqorat etganda: «Ya Allohim, bunga itlaringni yubor, o‘sha bas kelsin», deb duo qilganlarini eslabman. (Keyin uni Shomda arslon yeb ketgan edi.) Yaxshiyam, qo‘zg‘olmaganim, qo‘zg‘olganida tilka-pora qilib tashlarmidi. Yaxshiyam, Allohga tavbalar qilib, istig‘forlar aytib turgan paytim ekan. Yaxshiyam, namozda ekanman.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:02:03

Orqayu oldimizdan himoyalab turadirgan farishtalar tufaylidanmi, u to‘xtab qolgandi, daf eta olmay turardi.
Shu xayoldan o‘zimga keliboq Tangri taologa yolvora ketdim:
— Uni to‘xtatgan ham, omonsiz hujumidan asrab turgan ham bir bo‘lsa, O‘zingsan, ya Alloh, uni daf etguvchi ham, yo‘limni ochib berguvchi ham O‘zingsan. O‘zingga sig‘inaman, O‘zingdan so‘rayman. Qutqar bu itingdan. Umrim bo‘yi aytganingdan chiqmayin, — derdim. — La ilaha illalloh, hasbiyallohu va ne’mal vakil — O‘zingni vakil qildim, — derdim.
Sizlarga yolg‘on, menga chin. Shu duoni o‘qishim-la maxluq bir narsadan hayiqqan kabi irillab tisa-rilaverdiyu so‘ng o‘girilib, dumini qisgancha pastga tushib keta boshladi. Pastda esa soy sharqiragandan sharqirab yotar, ora-chira namxush epkini o‘ynoqlab kelib qolar edi, xolos...
O‘sha voqeaning ta’siridami, hammalari bir muddat jimib qoldilar. Axiyri bir qariya shu jimlikni buzishga jur’at etib:
— Hikmati ne edi, taqsir? Endi ayta olarsiz? — dedi.
Tabib hov boyagindek, istiholali jilmaydi: savol noo‘rinligini shundan-da payqash mumkin edi. Ammo tabib qariyani xijolatda qoldirgisi kelmadi:
— Alloh bilguchiroq, qori aka, biz nimaniyam bilardik, — dedi yumshoq tabassum ila.
Bu gapga hamma qo‘shilgan edi. Shu tariqa gap o‘zani poyoniga yetib, ular dasturxonga fotiha o‘qib, o‘rnilaridan tura boshladilar.
Biz shuncha shoshganimiz bilan qo‘l artib, laganni berib ulgurdik, xolos. Qariyalar hovli sahniga tushib ham uzoq xo‘shlasha boshladilar. Ularning bu xayr-xo‘shlari ham o‘zlariga yarashiqli edi. Ayniqsa, bir-birlariga mulozamatu manziratlari, ertaga ko‘rishmay qoladigan odamdek (dunyo axir omonat, bilib bo‘ladimi, bugun bor odam ertaga yo‘q) omonlik tilashlari, quchoqlashib xayrlashuvlari — ham g‘alati, ham ta’sirli edi. Bir so‘z bilan ular bir-birlaridan ajrasholmay xayrlashar, shu bahona ham bir-birlariga biron shirin so‘z aytib qolishga, bag‘rilariga tortib, bo‘ylariga to‘yib olishga tirishar ekanlar, shu so‘rashib-istashuvlarini ham g‘animat bilib, ketishga shoshilmas edilar. Qolaversa, bu hech kimga erish tuyulmas, qaytaga biz bir chekkada qo‘l qovushtirib, havasla kuzatib turar edik. Faqat men bir narsadan taajjubdaman: bu xorijdan kelgan firishtaday odam asli kim? Tabibmi yo avliyo? Qachon shuncha yor-birodar, murid orttirib ulguribdi? Musofir odam shuncha tez singishib ketuvi mumkin ekanmi?

Qayd etilgan