Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202535 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:32:57

Olim akam shu men bilgan Salomxolamning o‘g‘limi, degandek boshdan-oyog‘imga angrayib qaradi, ammo tili na kalimaga, na gapga kelardi.
— Sen bilishimcha, tuppa-tuzuk idorada ishlaysan. Ammo tilingni bunaqa qo‘yib yuboraverma. Birdamas- birda kuyib qolmagin, tag‘in, — dedi xotirjam tortib.
Ichim shuv etdi, yuragim bejo tepardi. Odamiga uchrabman-ku toza, deb o‘yladim.
U mashinasini qo‘zg‘otib, yo‘lga soldi. Oraga gap sig‘may jim bora boshladik. Qayoqdan ham gap ochdim deb pushmonda edim. Ammo o‘zi ancha jim borib, so‘ng nasihatga tushdi:
— Sen meni to‘g‘ri tushun. Akam, jigarim uchun mening jonim achimaydimi?!— dedi u. — Achiydi, lekin bir mening qo‘limdan nima keladi? U o‘zini toshqin bir daryoga otgan odam. Undan yo g‘olib, yo mag‘lub bo‘lib chiqishgina mumkin, xolos. Bo‘lak yo‘l yo‘q. Men esam, yolg‘izman. Uning ustiga bu borada nochor-notavon bir kimsaman. Jilla qursa, dadamizning duolarini olib qoldim, u kishining vasiyatlarini ado etib ulgursam ham. Akamga yetish... unday bo‘lish... menga yo‘l bo‘lsin!
— Nimalar deyapsiz? — Men azbaroyi shu tomonga o‘girilib olgan edim,— Adangizni topib, u kishining xizmatlarini qilib qolishdan hayiqmagan odam — shu gaplarni siz aytayapsizmi? Akangizga kelganda shundaymi?!— deb yuboribman.
U nochordan-nochor, xijolatlarga botib betimga qaradi:
— Nima desam, senga qanday tushuntirsam? Otamiz uchun men nima ham qilibman?! Asli u kishining duolariga boshqa birov loyiqroq, bilsang. Hov Cho‘lpon otada biz ko‘rgani borgan odam bor-ku — o‘sha! U otamizga hech kim qilmaydigan bir yaxshilikni qilib qo‘ygan odam. Bilmagan bir kitob jinnisi, sutchi odam-da deydi. Lekin aslida topadiganini topib qo‘ygan — oxirati go‘zal odam. Savob topaman degan kishi hamma yerda topsa bo‘larkan. O‘sha kishi tufayli otamiz umrlarining oxirida o‘sha tog‘lar ortidagi mamlakatda jindek ro‘shnolik ko‘rib, toat-ibodatda o‘tib ketdilar. Taqdir ekan, men biroz xizmatlarini qilib qoldim, xolos.
— «Bu yoqdagilar bilisharmidi», — deb so‘ragim bor-u, boyagi gapdan keyin... tilim kuyib aylanmayapti. Ammo u qarashimdanmi, turishimdanmi sezib, o‘zi dedi:
— Ming shukr, bilishsa-da, bilmaganga olishdi. Qolaversa, bizda ham insonlar ishlaydi, insongarchilikni biladiganlar ishlaydi. Barchasi sadoqat deb vijdoniyu imonini yutib yuborganmas. Ularning ham tomirida temir emas, qon oqadi, ukam!
Men tilimni tishlab qolgan edim. Ammo dilimdan:
— «Ishqilib, arqonni uzun tashlab qo‘yishgan emasmi?» — degan ishtiboh o‘taverar edi. Axiyri aytdim:
— Yo‘q, — dedi u qat’iy qilib, — umrini yashab bo‘lgan bir odam uchun unchalikka bormaydilar. Tegsalar o‘sha yangiligida tegar edilar. Endi bu eski narsa, — dedi u.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:33:18

— Akangiz uchun-chi,— dedim endi har qanday istiholalarini yig‘ishtirib qo‘yib. — Agar u kishi uchun javob berish kerak bo‘lib qolsa-chi? Nima qilasiz?
U menga qarab turib, noilojlikdan desam to‘g‘ri bo‘lmas, alam-achchig‘ini yutolgan odamdek... kulib yubordi:
— O‘sibsan, Maqsud, o‘sibsan. Senga gap yo‘q. Shu turishingda akamga tortibsan. Ilohim, umring o‘xshamasin, — dedi va mung‘ayib qoldi. Men unga achiniblar ketdim.
Shu mahal qarshidan kelayotgan bir mashinaning ichidan sochlari shamolda patila-patila to‘zg‘igan bir bolakayning:
— Aya, unu qarang — dodamoshina! — deb qichqirgani eshitildi va shu barobar ikkimiz ham g‘uvillab o‘tib ketdik. Ovoz tanish edi — yuragimni o‘rtab o‘tdiyu yalt etib qarasam, bolakay ham bizdan ko‘zini uzmay jajji qo‘llari-la mashinani tapillatib — to‘xtatinglab boryapti.
O‘tib ketgan shofyor nima ekan deb mashinasini chetga ola boshladi. Shundagina uni tanibman! U o‘sha tanish eski «Pobeda» edi. Men ham Olim akamga «to‘xtang-to‘xtang»ga tushib, orqaga tislantirib borsak, qay ko‘z bilan ko‘raylikki, boyagi mashinadan ir-g‘ishlagudek bo‘lib Yodgormurod tushib kelyapti.
— Kichkina ada! Maqsud amaqu! — U chopa kelib, o‘zini quchog‘imga otdi. — Men siznu qancha kuttum — bormaduz-ku?..
Men avvaliga serrayib qolgan edim, so‘ng g‘alati bo‘lib ketdim. Chindan xabar ololmadim. Lekin «kichkina adasi» nimasi? Buni qaerdan topdi? Kim o‘rgata qoldi?
Cho‘nqaydim. Mitti peshonasini, unga osilib tushgan qo‘ng‘iroq sochlarini silay boshladim:
— Shunaqa sog‘inib kettingmi?
— Judayam.
— Qaysi ko‘zlaring ila? — dedim faqat o‘zimizga xos tilda yana o‘sha o‘zimizning so‘z o‘yinimizni boshlab. Negadir hozir men shuni istab qolgan, o‘zimni shunday chalg‘itmoqda edim.
U qiz bolanikidek uzun-uzun kipriklarini yumib:
— Har ikkalasula. Endu unday qilmaysuz-a?— dedi.
Men yo‘q demoqchidek kiprik uchirdim. U esa bo‘ynimga yopishgan ko‘yi bir irg‘ishladi va shu tob mashinaga ko‘zi tushib, chalg‘idi.
— Sizlarnukimu bu dodamashina? — dedi hayratini ichiga sig‘dirolmay. — Siznu obyuradimu?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:33:39

Shu payt boshqalar ham tusha boshlab, men bosh chayqadim.
— Sen tanib ol, bu mashina mana bu amaqingniki,— dedim qulog‘iga shivirlab.
— Vuy. — U bir irg‘ishlab qo‘ydi va Olim akamga yotsirabroq qaradi-yu, lekin salomini unutmadi, — Assalomu alaykum.
Olim akam demaganlar oldingi mashinadan tusha boshlagan ikki ayoldan qaybiri kennoyimiz ekanini bilolmay turarmidi, alikka dovdiradi.
— Va alaykum...
Bunga sari Yodgormurod jajji mushtchalari bilan biqinimga turtar, bir narsalarni so‘ramoqchi bo‘lardi. Engashib qulog‘imni tutdim:
— Nima deysan?
— Milisada ishluttimu bu odam? — deb shivirladi u.
Bolaning zehniga qotib qopman!
Lekin rostini aytib bo‘larmidi unga:
— Yo‘q, sen qo‘rqma. O‘zimizning odam, — dedim va yana engashib qulog‘iga shivirladim. — Undan ko‘ra, chop, ayangdan suyunchi ol. O‘shaqdan qaytibdilar de.
U biz bilan kelinoyimiz o‘rtasidagi tarjumondek bir chiroyli yugurgiladi. U shunaqa shirintoy bo‘lgan, gaplashib to‘ymasdi odam. Va borib, ayasining etagiga yopishdi. Kennoyim — o‘sha men bilgan Marg‘u kenno-yimdan zig‘ircha ham farq qilmaydigan (na bo‘y-bastda, na chiroyda — Xudo qismagan, aksincha, bir tomchi suvdek qilib yaratgan) shu kennoyim ancha to‘lishgan, suluv kelinlik davridan o‘tib, suluv kelinoyilar qatoriga o‘tgan edi. Tavbaki, yuzlaridagi jindek shifoxona nusxini demasa, birov uni qancha yotib, dard tortgan demasdi. Men Olim akamga sekin himo qildim: ko‘rishmaysizmi?
U ham bosh silkidi: boshlay qol deya va qo‘shib qo‘ydi:
— Oldinda kim, to‘ram o‘tiribdilarmi?
— Ha, darvoqe... — Shundagina hijolatdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Kennoyimning oldiga birinchi bo‘lib yelka tutib bora boshladim.
— Assalomu alaykum, uzr, chiqishingizdan xabarsiz qopmiz.
— Aytishdu-aytishdu, chiqib ketgan ekansiz. Hech qisu yo‘q, hech qisu.
Men dadillandim:
— Tanishib qo‘ying: bu kishi Olim akam... Akamning ukalari. Ko‘rgani borayotuvdik...
U kelinlardek lov qizardi:
— Voy, shunaqamu?.. — Qulog‘ining yumshog‘i takkinasidagi o‘sha nori yuzlariga duv tarqadimi, yo yuzi o‘sha rangga kirdimi — bilolmay ham qoldim. Axir u kelin bo‘lib, mulla akasini endi ko‘rmoqdaydi, ko‘rinish bermoqdaydi. Buni ko‘rmoq o‘zi bir nash’ali edi va ham chin o‘zbekona ediki, u go‘zal udumlarimizni esga solmoqda edi. Odatda bunday paytda kelinning kelinsalomiyu uni ko‘rganning ko‘rmanasi lozim bo‘lguchi edi. Biz esa, katta ko‘chaning bir chekkasida na unisini, na bunisini uddalay olmagan sho‘r peshonalardek bir g‘alati alpozda turardik.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:33:53

Yo‘q, birinchi bo‘lib kennoyim o‘zini tutib oldi va shu vaqtda rasm bo‘lgan oq ro‘molini peshonasidan sal tushirib, ikki uchidan tutgancha ta’zim ila salomga egildi.
Bundan mutaassir bo‘lgan va dovdirab qolgan akam, bir qadam tisarilib, unga monand xiyol bosh egdi-yu:
— Ko‘p yashang, — deya oldi.
Bu orada To‘ra buva tusha boshladilar. Men yugurib borib qo‘ltiqlaridan oldim:
— Assalomu alaykum, Hoziq buva. Biz sizni urintirib qo‘yibmiz-ku. Bilsak, ola kelarkanmiz, — deb uzrimni ayta boshlab edim, u kishi tanib:
— Ie, Sizmi, xabarchi, bolam? Yodgortoyimizning akajonisiyu, bularning homiysi. Va alaykum, va alaykum. Nomizni hech tilidan qo‘ymasa-ya. Ichikib qoladimi deb bir yerga yettuk.
Men esam bu maqtovlardan o‘zim bir yerga yetib, ichim esa g‘ururlarga to‘lmoqda edi. Chindan Olloh karami keng zot — akamning yodgorini ana qaerda asramoqda ekan. Va shu barobar o‘z vazifamni unutganim yo‘q: axir, Olim akamni u kishiga tanitsam, eshitib qay ahvolga tushadilar ekan? Axir kim-kim lashkari safida ot surmoqni niyat qilib sarhad oshib borgan Boturining jigari...
Bu vaqt Olim akam u kishining huzurlarida salomga og‘iz juftlab, qo‘llarini olishga hozirlangancha turar ekan, Hoziq to‘ra:
— Vaalaykum, keling, — dedilaru bu kim degandek menga qaradilar.
— Xolavachchamiz... O‘zingiz bilgan Sultonmurod akamning tug‘ishgan ukalari, — dedim mavridi o‘zi kelayotganidan mutaassirlanib.
— Hay-hay, shundaymi? Bik yaxshi-bik yaxshi, — ular qaytib ko‘rishdilar va Olim akamning yelkasiga qoqib, kuragini silab qo‘ydilar. — Bizning Boturning shunday jigari bor ekan-ku, shu vaqtga qadar bilmabmiz? — So‘ng azza-bazza kaft ochib, duo qildilar. — Ey Tangri taolo nasl-nasabli, tomirida musulmon qoni oqqan bu mujohidu mujovid bandalaringni iymonini komil etib, hamisha o‘z hifzu himoyangda asragin. Do‘stga zor, dushmanga xor etmagil, iloho bir-birlariga muruvvatli etgil, u dunyoyu bu dunyo judolikka uchratmagil.
Omin deya biz ham Ollohdan ijobat so‘rab, yuzlarga fotiha tortdik. O‘tgan ham, ketgan ham bizga qarar, havaslanar edi. Havaslansa arzigulik bir palla edi. Uning yana uzoqroq cho‘zilishini istab, bir-birimiz ila so‘rashib-istashardik.
— Qarang, shuncha yaqin, tanishu jigarlariz bor ekan, kelin, yolg‘izman deysiz. Alloh o‘zi bandasini yolg‘iz qoldirmagay hech. Faqat toatidan begona qil-masin. Qani, jildikmi? Har kim o‘z joyigami?— dedilar Hoziq to‘ra va tobora mening pinjimga kirib borayotgan Yodgormurodni ko‘rib, qo‘shib qo‘ydi- lar. — Sening iching tushmasin, mayli, dodamoshinga chiqaqol.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:34:12

Oldinma-ketin jo‘nadik. Old o‘rindiqda turvolgan Yodgorning hali menga, hali Olim akamga yopishib, allanimalarni so‘rab-surishtirishini, quvonchi ichiga sig‘may ketayotganini ko‘rsangiz edi.
To‘ra buvaning dala hovlilaridagi qo‘zichoqlariyu unga pechak yulib berganlari bormi, Ko‘kterakka borganlari, bedapoyalarda to‘r sudrab, matrab tashlab, bedana ovlaganlari bormi, bari-barini aytib ado qilolmasdi. Toza yayrabdi o‘ziyam, onasini, bizni sog‘inib, ichikib qolmasin deb toza ko‘ngliga qarabdilar. Men u kishini kitobdan bosh ko‘tarmaydigan olim hisoblab edim, toza bolajon ekanlar. Yana onasini shifoxonadan olib chiqishga yetkazib borganlarini ayting. Yoki odam yaxshi qarisa, shunaqa zakiy, silai rahmga o‘ch bo‘lib qoladi ekanmi?
Eski Jo‘vadan o‘tib, pastlikdagi tor Qorasaroy ko‘chasiga burilganimizda Olim akam men tomonga zingil tashlab, savolchan qaradi:
— Qayoqqa ketyapmiz, bozor-o‘char qilib olsak bo‘larmidi? Sho‘ppayib... kirib bormaylik.
Yodgormurod biyron jovulladi.
— Opoqbuvam ertalaboq oldurib qo‘ygan ekanlar-ku. Qaerga kiruvsiz?
Voh, bu masalada ham ortda qolibmiz-ku! Mehmonlardek kirib borarkanmiz-da yana? Esiz. Hamisha esimiz kech kirib yuradi. Biz bir-birimizga qarashdik. Xijolatdamizki, naryog‘i yo‘q.
Qumloqqa yetib, Kalkovuz ko‘prigidan o‘tib qayrildik. Olim akam ro‘parasidagi mitti ko‘zgudan ajab-lanib qaradi. U aytaqolsang-chi, qayoqqa boryapmiz demoqchi bo‘lardi.
Men gapni uzoqdan boshlab:
— Eslasangiz, akamning Charli degan bir shaharlik oshnasi bo‘lar edi, — dedim.
Akam hayratining zo‘ridan, oyog‘ini tormozgami, nimaga bosib qo‘yib, tortib oldi: «Volva» yengil selpinib, yana oqar suvdek jildi.
— Voh, bular o‘shalarnikidan panoh topgan ekanmi? Chaman akanikidan-a?
Uning hayratining cheki yo‘q edi.
— Ha-da, — dedim men, — qiyomatli oshnalar yana qanday bo‘luvi kerak, sizningcha?!
U kinoyamni tushundi, ammo javob bera oladigan holda emasdi shekilli, miq etmadi. Shu orada yana Kalkovuzni kesib chiqa boshladik. Oldindagi To‘ra buvaning mashinalari Kalkovuz yoqasidagi kichkina Tolzor ko‘chaga burila boshladi. Yodgormurod yana o‘rnidan turib olib, irg‘ishlashga va o‘zining qanday zo‘r mashinada kelayotganini orqamizdan chopgan o‘rtoqlariga ko‘z-ko‘z qiluvga tushdi:
— Ur-re, opoqbuvimlarnikiga kelyapmuz.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:34:41

Men patila-patila sochlarini silab tegishdim:
— Qaer yaxshi? Qa’ng‘limi, opoqbuvanglarning dalalarimi, bu yermi?
U oq gurunchdek tishlarini ko‘rsatib, jilmaydi:
— Hamusiyam.
Men bo‘sh kelmadim:
— Yo‘q, sen bittasini aytgin-da. Hammasidan yaxshirog‘ini...
U o‘ylanib qolib, bosh to‘lg‘adi:
— Yo‘q, hamusiyam yaxshu. Keyin sog‘unib qolsam, maylumi?
Qo‘shilishib kuldik. Bu orada bor bo‘yicha kuyib tushib, sho‘ppayib qolgan daraxt ko‘zga tashlanib, o‘sha bir tavaqali, ostonasiga xarsang tosh yotqizilgan eshik oldida to‘xtadik. Men bexos Olim akamga ko‘zim tushib, qo‘rqib ketdim. U mashinasini to‘xtatishga to‘xtatgan-u, lekin turishni o‘ylamay... o‘sha kuygan daraxtga qadalib qarab qolgan, rangi quv o‘chib borar edi.
— Ha, aka?— dedim bolani tushirib yuboriboq.
U o‘ziga keldi:
— Yashin tushgan shunaqa daraxtni xo‘v o‘sha mamlakatdayam bir ko‘rib edim. Bu yerda ham ko‘rib... g‘alati bo‘lib ketdim. Buniyam... yashin qilganmi? — dedi u.
Men bosh chayqadim:
— Yo‘q, buni odamlar yoqib yuborishgan.
— Ha-a, — dedi u zo‘rg‘a o‘ziga kelib. Nimaga mengzadi, tushuna olmadim.
Tusha boshladik. Bungacha oldingi mashinadagilar tushib bo‘lishgan:
— Qani-qani, toy bola, ichkariga xabar qilib, suyunchiga choping, bir yo‘la shuncha mehmonni ko‘rib, hayron qolishmasin, — deb turishar, bunga sari kennoyim xijolatlanib, ichkariga qistar edilar:
— Voy, shunchasi bormu, yuravuringlar, kelsanguz kimnu deb kepsuz?..
Ammo shu vaqt yolg‘iz tavaqa eshik shitob ochilib, ostonada ikki hovluqqan bolakay — ichkaridan chiqayotganiyu kirayotgani — to‘qinib ketay degancha achomlashib qoldilar.
Oq yoqali ohorli ko‘ylak-shim kiyib, jajjigina yigitcha bo‘lib olib, (bu albatta, To‘ra buvaning ishlari shekilli!) ayasini opchiqishga borgan va olib kelayotgan Yodgor-ku o‘zini qo‘yarga joy topolmay ichkariga chopgan edi. Ammo mashina ovozini eshitib tashqariga yugurgan bolakayning hayratiyu yasan-tusani bundan zo‘r, bir qarashda uni to‘y bolami demoq mumkin edi!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:34:51

Uning boshidagi ukparli do‘ppisiyu, ustidagi zar to‘ni, hatto oyoqchalaridagi etikchalari bu diyorniki emas, hov bizning bolalik yillarimizdagi kabi rosa ixtimat-la tikilgan, po‘rimdan po‘rim, zar to‘ni- ning uqalariyu pistonlari undan-da yaltirab yonar edilar.
— Iy, Yodgor, voy qochqoq! Bormisan?! — dedi unisi — to‘y bola.
— O‘zuz qochqoq! Kelarkansiz-ku?! — dedi buni- si — toy bola.
Toy bilan to‘y bola achomlashib chirmashib ketishgan, ukparli tikrog‘i bunisini azza-bazza ko‘tarib olib, chir aylantirar, yerga oyog‘ini qo‘yar-qo‘ymas, yana qaytadan quchib, yuzlarini yuzlariga suykar edi. Bu yoqda biz mutaassir:
— Ana, qanday sog‘unishib qolishibdu!
— Ichikkanlari rost bo‘lsin, topishganlari rost bo‘lsin.
— Birpas qo‘yib beringlar o‘zlariga, — deymiz, kulamiz. Kulamiz-u, ko‘zlarimizda yosh aylanib, bir g‘alati tortib boryapmiz.
Ular esa, biz kattalarni, nainki bizni, butun dunyoni unutib, yalashib-yulqashadi, allanimalarni so‘rashib to‘yishmaydi. Toychog‘u qo‘zichoqlardek sakrab-irg‘ishlashadi:
— Rosttan qayttuzmu? — der edi Yodgor, o‘zi uning bo‘yniga osilib olib.
— Keldum-keldum, — deb ishontirmoqqa urinardi bunisi.
— Butunlay-a?
— Butunlay!
— Ur-re, chopdik, opoqbuvimlarga. Ayamam keluttilar! — deb yengidan tortqilay turib, birdan Yodgor to‘xtab qoldi. Uning boshidagi ukparli do‘ppisiyu zar to‘nini endi ko‘rayotgandek, bir qadam tisarilib tomosha qilmoqqa, yengining uqalarini ushlab silamoqqa boshladi. So‘ng boshidagi ukpardan ko‘z uzolmay:
— Zo‘r-ku, — dedi, u yog‘ini esa so‘ray olmasdi, balki xayoliga ham kelmasdir. To‘y bola irg‘ishladi:
— Bilasanmi, buni qaerda kiydirishdi? O‘sha yoqda kiydirishdi! Sening chin buvang, u yoqdagi buvang kiydirdilar. — So‘ng sal bo‘shashib, irg‘ishlashdan tiyilib, Yodgorning bilaklarini ushlab silkiladi. — Senga-da opkelayotgan edilar. Bundan-da zo‘rini. Bilasanmi, o‘zlari kiydirmoqchi edilar. Ammo... yetib kelolmadilar... Dovon og‘ir ekan.
Chap kuragimning tagida bir nima jiz achishib, tilib o‘tdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:35:11

Men bolani tanib ulgurgan, gap nima haqda bora-yotganini ham elas-elas anglayotgandek edim. U, adashmasam, o‘sha Saritoy, Asal opaning yo‘qolgan asrandisi edi.
O‘g‘irlab olib ketishgan bo‘lsa, uni Yodgormurod deb o‘ylashgan bo‘lsa, qanday qaytdi, kim bilan qaytdi — kallamga sig‘dirolmasdim. Bu yoqda esa...
Bu yoqda bizni ichkariga qistay-qistay ostonaga borib qolgan kennoyim negadir birdan qalqib-tisarilib ketdi. Rangi quv o‘chib bora boshlaganini ko‘rib, o‘qday otildim. U rangida rang qolmagan, xushi boshidan uchib, qo‘llari nimagadir talpingancha havoda bir tayanch topmay, o‘zi og‘ib bormoqda edi.
Kimdir «Voy, ushlang!», deb qichqirib yubordi. Menga qaerdan shuncha kuch kirib ketdi, buncha joyni qanday ikki hatlashda o‘tib, kennoyijonimni tutib qoldim — o‘zim bilmayman. Xudo asrayman desa shu ekan. U boshi bilagimda-yu, asta qaddini ko‘tarib olyapman-u, yoshli ko‘zlarini ochmay munglig‘din-munglig‘ shivirlar edi:
— Dadajonum, dadajonum, shuning uchun tushlarumdan ketmay qolubmu ediz? Diydor qiyomatga qolibmu edu?..
Shu kuni chip-chip obi hayot eltib oqib yotgan o‘sha Kalkovuz bo‘yidagi tanish xonadonda kelinoyimning o‘z diyoriga yetib kelolmagan padari buzrukvorlariga aza ochilib, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar fotihaga kela boshladilar.
To‘ra buva quyosh og‘ib, ufqqa bosh qo‘ygunga qadar Qur’on tilovat qilib berib o‘tirdilar.
U kishi goh «Yosin»dan, goh «Taborak»dan o‘qib o‘tirgan bo‘lsalar-da, axiyrida savobi ulug‘ debmi, boshqa sababdanmi, «Moida» surasining oxirgi o‘n oyatini yig‘lab-yig‘lab o‘qidilar1 va uzoq duo qildilar. Nega, biz buning sirini hech tushunib yetmasdik. Tushunib yetishimizga necha qovun pishig‘i va qancha sinoatlar bor, buni-da, bilmasdik.

Ikkinchi kitob bitdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:35:45

RUSHDI HIDOYAT

Uchinchi kitobdan ilk bob

OMONAT
yoxud
TANGRITOG‘DAN PANOH TOPGAN MUJOHIDDAN
MUJDALAR


Kalkovuzdan — katta suv bo‘ylarida bo‘ladigandek, namxush yel esar, buloq hidlariga monand muanbar hidlar, suv o‘tlarining tanish islari gurkirab-gurkirab ketar edi. Ana shu yellarga qo‘shilib, tol soyasi shunaqangi xush yoqmoqda ediki, o‘rnimdan jilgim kelmasdi.
Men, akam, shu ko‘chalik bir necha qo‘shnilar fotihaxonlikda hassakash bo‘lib turibmiz. Ular orasida o‘ng betidagi nozik noriyu qosh-ko‘zlari o‘ziga yarashgan Chaman akam tengi bir yigit ham o‘tiribdi. U Chaman akamning qiz o‘rtog‘i, mashhur shoir emish.
Allohning xohlashiyu chevarligini ko‘ringki, bir kunda shuncha voqealarning shohidi bo‘lib turibmiz. Bo‘lmasa, kim o‘ylabdi, biz bu xonadonga xursandchilik olib kela turib, bunday alamli xabar ustidan chiqamiz deb?! Qolaversa, kennoyimning tuzalib chiquvi, uning jujug‘i Yodgortoyning boshi osmonga yetib qaytuvi, shuning ustiga Akbarning osmondan tushgandek kirib keluvi — qay xursandchilikdan kam edi! To‘yxonaga aylanib ketsa kerak bu xonadon devdim. Lekin qaerdadir ko‘z tegib ulgurgan ekan. Balki, o‘sha yarim yo‘lda uchrashib qolib, ko‘rishib turganimizdayoq ko‘z tegib, xursandchiligimiz poyoniga yetib qolgan, bu xonadonga Saritoyning qaytuv shodligi bilan birga kennoyimga tegishli shum xabar ham yetib ulgurgan ekanmi! Chindan bu hayot quvonch va g‘amdan, shakkar va zaqqumdan, hayot va mamotdan iborat, qorishiq shekilli. Bo‘lmasa, dovon oshganlar shunday kunda yetib keladilarmi? Kennoyimning aziz padari, uni bir ko‘ray, nevaramni bag‘rimga bosib armondan chiqay deb kela-yotgan Mirzahoji buva yetdim deganda yiqiladimi? Vatanlarini tashlab, diyorlaridan chiqarilganlarning o‘z diyorlariga qaytmog‘u yetmoqlari shunchalar dushvoru mushkul ekanmi? Yoxud Alloh o‘z rahmatiga shu tariqa doxil etgay ekanmi?
Tag‘inam inson boshi toshdan, o‘zi tamomi bardoshdan yaralgan ekan.
Ostonada toy va to‘y bolalar ko‘rinishdi. Endi Yodgormurod ham Saritoyga o‘xshab yasanib olgan, akasidan bir qadam jilmas edi. Hoji buvaning ota yurtdagi nevarasiga atab olvolgan ko‘rmana sovg‘alarini avvaliga irim qilib kiydirishmay turib edilar. Keyin Hoziq buva urishib berdilar. Islomda irim yo‘q, niyatni chiroyluv qilib kiydiraveringlar, buvasidan yodgor, o‘sha kishining yoshlariga yetib yursin, ilohim, dedilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:35:57

Ayollar Yodgorni kiyintirishga kiyintirib, o‘zlari yig‘lab olishdi: zar to‘n ham, do‘ppiyu etikchalar ham — barcha-barchasi quyib qo‘ygandek edi, niyat xolis ekan-u, faqat ko‘rish — o‘zlariga nasib etmabdi. (Mahfuz kennoyim esa, o‘ziga atalgan narsalarni ko‘rish u yoqda tursun, tugunni yecholmayotgan emish. Ko‘rdi deguncha o‘zini tutolmay yig‘iga berilardi).
Bolalar ham tabarruk deb yasantirib qo‘yishgani bilan boyagidan ancha sipo tortib qolishgan, hech bir-birlaridan ajralmay ichkari bilan elchilik qilib turishardi. Mana, hozir ham Yodgor bilan Akbar o‘tirgan joyimizga kelib, bir narsa demoqchidek yonimga yopishib, yelkamga suykaldi.
— Xo‘sh? — dedim men qulog‘imni tutib, Akbar qolib, Yodgormurod shivirladi:
— Siznu chaqirishoptu.
— Ichkaridami? — dedim yuragim jiz etib. — Kim, ayanglarmi?
— Yo‘q, opoqbuvum.
— Ko‘rinib ketarkansiz, — dedi Akbar-saritoy kattalardek.
Tushundim. Halidan beri so‘rolmayotgan narsamni aytsalar kerak. Qolaversa, o‘zim ham ketolmasdim. Kennoyim tuzalib chiqib, bolalar topilgani bilan hali bu uyga xotirjamlik indi, hamma murod-maqsudiga yetdi degani emasdi. Oyto‘ra buvining ko‘ngillari hamon alag‘dayu, faqat buni birovga sezdirmaganday o‘sha o‘z uylarida, oq poshshoning davridan qolgan oq ruh karavotlarida (uning qubbalari hamon yarqirar, aslligidan sira qilt etmagan edi, tavba) o‘sha-o‘sha, oq-oppoq bo‘lib o‘tirar edilar. Ichlari mahzun-u, tashlaridan bilintirgilari, birovga malol keltirgilari yo‘q. Menga shunday tuyulayapti. Balki men u kishining dardidan jindek xabardor ekanligimdandir bu.
— Yaxshi, — dedim toy bolalarga javob berib, ammo o‘zim ichim qurib yotsa-da, o‘rnimdan tura olmasdim. Harqalay ta’ziyali joy, oshiqmagan, hovliqmagan ma’qul. Yana so‘ritok tagida o‘tirishgan qariyalar oldidan o‘tib borish lozim. Ayniqsa, Hoziq to‘ramning salobatlari bosadi odamni. Choy yangilash bahonasida kirib bordim, alohal. Buvi intiq, yo‘limga ko‘z tikib o‘tirgan ekanlar, karavotlarini g‘ijirlatib, jindek qo‘zg‘olmoqqa, tavozelanmoqqa harakat etib edilar, xijolatlarga botib ketdim:
— Urinmang-urinmang. Men mana shu yerga cho‘ka qoldim. O‘z uyimdek bo‘lib qoldi-ku, axir, — deb deraza tagidagi ko‘rpachaga cho‘kkaladim.
Ammo u kishi qo‘ymadilar:
— O‘ting-o‘ting, odam o‘z qadrini bilmog‘i kerak. Ayniqsa, erkak kishi, — deb qistay-qistay to‘rga suriltirdilar. So‘nggina duoga qo‘l ochdilar:
— Iloho omin, og‘ir kunda mazlumlaru yolg‘izlarga esh bo‘lgan ekansiz, sizni Olloh o‘zi qo‘llasin. Yaxshiyam Siz borakansiz. Akaginangizning hurmatidan bizga shuncha qayishdiz. Siz tufayli mana, bag‘rimiz to‘lib qoldi. Kennoyingiz tuzalib chiqib, bag‘rimizga qaytdi. Saritoyim keldi.

Qayd etilgan