Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 163922 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:02:16

Bu orada mo‘ysafidlar darvozaxonadan xo‘shlashib chiqib ulgurishdi. Biz kuzatishib chiqishimizni ham, joyimizda turaverishimizni ham bilmas edik. Ammo shu payt boyagi oqsoq tanishimiz qayoqdandir paydo bo‘lib:
— Qanu memonlar, marhamat qilusizlar, — deb ichkari qistab qoldi.
Shundagina men xayrlashuvchilar bilan bo‘lib, tabibni ko‘zdan qochirganimizni angladim. U tahorat yangilagani o‘tganmi, hech yerda ko‘rinmas edi. Bizni yolg‘iz derazali chog‘roq bir uyga boshlab kirishdi. U hujra bo‘lib hujra emas, yarmichasini kovshandoz egallagan, tepada esa sandal ham bor edi. Tanchaga vaqt-bemahal olov solib turilsa kerakki, ustiga yalangqavat bir narsa tashlab qo‘yilibdi. Eshikbon mulozim biz kirguncha qizil yo‘l-yo‘l dasturxon yozib, kattakon girdim patnis qo‘ydi. Ko‘rpachalar yig‘ib ulgurilmagan ekan, cho‘kib fotiha qildik. Devorning bir yog‘ini to‘q jigarrang gilam egallagan, bir yog‘idagi somon suvoqli tokchalarda qalin muqovali, jildli kitoblaru sopol ko‘zachalar va ham og‘zi tanobli jajji xaltachalar, zarqog‘ozga o‘ralgan bir narsalar ko‘rinardi. Choy kirib:
— Ichishup o‘tiruvsizlar-da, memonlar, — deya oqsoq tanishimiz chiqdi.
Mening ichim qurishib boryapti. Yana o‘zimga taskin beraman: «Men ignani ustida o‘tirganimni bular qayoqdan bilsin!» Hamrohim buni sezibmi, jilmaydi:
— Siqilmang, keldikmi, kutamiz. To‘ramning shunaqa odatlari bor: tahorat yangilamay bemor ko‘rmaydilar.
— Shunaqami?
— Qolavursa, Siz bilan men nima maqsadda kelganimizni kirganimizdayoq bilganlar, shunaqa odam, — dedi u kamiga.
— Yo‘g‘-e?!
— Xo‘p deyavering. Har soqqanda bir paqirdan sut beradigan sigirimiz bo‘lardi. Bir kun adam uni yetaklab chiqib ketib, shularga tashlab keptilar. Ular musofir, sog‘ib ichib turishsa, savob bo‘ladi, dedilar. Keyin, — u boyagidek beg‘ubor jilmaydi, — keyin bir kun ajabtovur gap topib keldilar. «Hoy, To‘xtaboy, bizga qanaqa sigir berdingiz? Sutini eplab bo‘lmayapti. Har soqqanda ikki chelakdan sut beryapti», dermishlar. Ana, taqsirimning karomatlari, — deb turib, tirsagimga turtib qo‘ydi.— Bu yog‘ini eshiting. Bir kun borsalar, to‘ram «Hoy, To‘xtaboy, siz sinchi odam, bizga bir sigir obermasangiz bo‘lmaydi, sutga o‘rganib qolgan ekanmiz», dermishlar. U sigir-chi, debdilar adam. «Ey, uni Usmon devona opketib qoldi: yoqtirib qopti. Mayli, jo‘jabirday jon. Bizga boshqasiyam bo‘lavuradi», dermishlar. Adam hay, deb bo-zorga tushib ketiptilar. Borsalar bir shopmo‘ylov odam gijinglagan otda yo‘llarini to‘sib turganmish. «Hov, boyvachcha, shu otni qanchaga olasiz?» der emish nuqul sag‘risiga shappalab. «Yo‘q, men sigirga tushgan odamman, otni nima qilaman», desalar, «Hay, unda bahosini chiqaring» der emish. Keyin dallol chaqirib baholatibdi-da, o‘sha yerdayoq birovga sotib, qo‘llariga otning pulini tutqazibdi. «Mang, boyvachcha, bu pul sigiringizning sutidan ham halol» der emish. Adam o‘sha pulga bozorning oldi sigirini olib chiqibdilar. Uning bitta aybi uch emchakli ekan. Keyin to‘ram taqsirnikiga borsalar, «Hoy, To‘xtaboy, bizga qanday hosiyatli sigir olib chiqqansiz? Sog‘sak nuqul qaymoq beryapti... Oling, tatib ko‘ring-a», dermishlar.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:02:27

— Yo‘g‘-e, — dedim men hayratlanib.
Va shu mahal ostonada oyoq tovshi eshitilib, zar-g‘aldoq to‘nning bari1 ko‘rindiyu biz shosha-pisha u kishining istiqbollariga turib, qo‘l qovushtirdik.
— O‘tiringiz-o‘tiringiz, o‘g‘lonlarim. Sizni ham kutdiriyu qo‘ydik, uzr. Bugun shunaqa kun ekan: uzoq-yaqindan birodarlar yig‘ilishib, kulbamizni ko‘p munavvar etishdi, — deb ma’zurlandilar.
Biz chetlanib, yo‘l bo‘shatdik. Ammo o‘rtadan past bo‘yli, salobatlari o‘zlariga yetarli kishi to‘g‘ri to‘rga o‘tib keta qolmay (ajab, to‘nlaridanmi, o‘zlaridanmi, bir ajib mushk-anbar hidlar taralyaptiki) qarshimizda to‘xtadilar-da, hamrohimga ochiq yuzla yuzlanib, mayin jilmaydilar:
— Men Sizni qaerda ko‘rgan ekanman: yuzingiz buncha issiq? — dedilar.
— Balkim-balkim, — hamrohim qizarinqirab o‘zini tanitdi, — men To‘xtaboyvachcha akaning o‘rtanchalari.
— Ey-y, Sinchiboyni-ya?! — deb qo‘lini qo‘yib, yana ham yaqin keldilar-da, ikki betidan kaftlari ila tutib, peshonasidan o‘pib qo‘ydilar. — U kishi olib bergan sigirlarni, bizlarga qilgan yaxshiliklarni unutib bo‘ladikanmi?! O‘zlari omonmilar, uy ichilari bilan?.. Bilmasakanman, Alloh shunday kelishgan-kelishgan farzandlar ila siylab-quvvatlantirib qo‘ygan ekan Sinchiboy oshnamizni... Bugun ko‘rinmadilarmi, baxay?
— Sayramga ketishib edi ikki-uch oshnalari bilan, — deb javob qildi hamrohim.
— Unda uzrli, uzrli. Sinchiboy oshnam aytilmay qolibdilarmi, deb bolalarni tergab bir yerga yetib turib edim: yaxshi, nasiba qo‘shgan ekan, mana, Xudo sizni yetkazibdi. Eson qaytishsin, — deb bir qadam tashlab, mening kaftimdan tutdilar. Kaftlari bir yumshoq, bir mayin edi, tavba. — Siz bo‘tam, xush kepsiz dargohimizga, qiynalmay topib keldingizmu?
Ichimdan bir olov chiqib, peshonamga dovur jimirlab ketdi: «Qayoqdan bila qoldi, bu odam?» deya hayrat-la boqdim.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:02:36

U kishi bizga o‘tirishga izn berib, o‘zlari deraza tagiga — to‘rga cho‘kkaladilar-da, fotihaga qo‘l ochdilar:
— Iloho omin, dardmandlarga o‘zing davo berib, ilm toliblariga o‘zing ilmu rabboniyingdan yetkazgil...
Men-ku, men, hamrohimga qarasam, hayratdan taxta bo‘lib o‘tiribdi. Tabibning tasbeh tutgan qo‘llaridan ko‘z uzolmaydi.
— Xo‘sh, boyvachcha, yoki adangiz biron yumush buyuribmi edilar, bizga tegishli?— dedilar nihoyat zangori duxoba yostiqqa suyalibgina va ma’noli jil- mayib.
Boyvachcha javobga oshiqib, odobli mullavachchalardek cho‘kkaladi:
— Yo‘q-yo‘q, to‘ra pochcha, buyurmab edilar. Men o‘zim... Sizni bir ziyorat etgim kelib... — deya yamlanib yerga qaradiyu behojat tizzalarini silashga tutindi.
To‘ra pochcha (boyvachcha kalovlab qolgani bilan topib aytgan edi: bu nom u kishiga yarashib tushgandi) miyig‘larining tagida jilmayib, tutamga kelib-kelmaydigan, bir chiroyli kuzalgan mosh-birinchdan oqroq soqollarini (u quloqlarining yumshog‘i tagiga qa- dar cho‘zilib borgandi) yengil tutamlab-silab qo‘ydilar. Bu jilmayishdan yuzlari yana ham nurlanib ketgan edi.
— Ziyorat talabindami va yo ilm talabinda? Tortinmay aytavering, boyvachcha?
Hamrohim bu gapdan cho‘chib tushib, duv qizargan edi. Xijolatga botib, dedi:
— To‘g‘risi, ko‘pdan huzuringizga kelmoqni ixtiyor etardim. Bugun yurak yutib...
— Yurak yutganingiz yaxshi bo‘pti, boyvachcha. Biz ham Sizni ko‘pdan orzilab kutardik.
Boyvachcha u kishiga yalt etib qaradi:
— Kutardingiz?
— Alloh shohid, — dedilar to‘ra pochcha bosh silkib, — tashna qalblar o‘zi ayon bergay.
— Demak, hujrangiz eshigi...
— Ochiq. Kelguvsi haftadan kelaverishingiz mumkin.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:02:44

— Rahmat, to‘ra pochcha, — Boyvachcha yukungudek bo‘lib engashdi va u zotning to‘nlari etagini oshig‘ich yuzlariga surtdi.
Ammo to‘ra pochchaning yuzlariga bir nima soya tashlab, yukinguvchining yelkalariga ohista qo‘l yubordilar:
— Turing, bo‘tam, shusiz ham olgayman Sizni. Qolaversa, banda bandaga emas, Allohga yukungay. Shu yarashadi bizga...
— Uzr, azbaroyi men mutaassirlanib... — boyvachcha qaddini ko‘tarib, qo‘llarini ko‘ksiga bosdi. U xijolatdan kichkina tortib, yerga singib ketishga ham tayyor edi. Men esam...
Men esa, bir chekkasi hayrat barmog‘imni tishlab, bir chekkasi qaerga kelib qoldim deb hayronu lol o‘tiribman. Tabib deyishgan edi, kim bo‘lib chiqyapti?
Bu orada u kishi mening holatimni sezgan kabi bir qur nazar tashlab, tashqariga ovoz berdilar:
— Ro‘zioxun?..
— Labbay, taqsirim, — ostonada yelkasiga chorsi tashlagan boyagi oqsoq odam ko‘rindi.
— Ertaminangi... tayinlu joydami?
— Tayunlu joyda, taqsur. Olayinmu?
— Oling.
Ro‘zioxun kovshandozga yechinib, maxsichan ikki yonga yelka tashlagancha tokchaga yaqinlashib, uning o‘rta qavatiga uzandi-da, qiynalibgina ko‘za ichidan bir nima ola boshladi. Unga yordamlashgani turgan joyimda u zar qog‘ozga o‘ralgan bir nimani olib ulgurib, o‘girildi.
— Rahmat, jiyan, bezovta ettum siznuyam...
To‘ra pochcha uni girdim patnis ustiga qo‘yib, oxunga javob berdilar. Men joyimga cho‘kdim. Shundan ke-yingina u kishi Ro‘zioxunni uzoqlatib, menga ochiq, yuz-la qaradilar:
— Siz adashmasam, uzoqdan kelyapsiz?
— Ha, uzoqdan, Qang‘li tarafdan, — dedim men gapning bu tarz ko‘chishiga hayron qolib: hali, muxbirsiz, gazetda ishlaysiz deb qolmasaydi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:02:58

— Shu o‘zimizning Katta Qang‘lidanmi? Cho‘lpon otadan o‘tib, Achchiga ketavurishdagi? — kutilmaganda u kishi hayratlanab, qo‘zg‘olib qo‘ydi. — Ko‘p qadim mavze, tarixi uzun joylar-ku...
— Siz u tomonlarni bilasizmi? — deb yuboribman.
— Nega bilmay? Ota yurtlarning isini yodga tushirdiz. Atay orzilab borganman. Qang‘li Bolasog‘un, Tarozilardan qadim bo‘lmasa ham o‘shalarga yaqinlashib boradi, bo‘tam. Tarixda o‘tgan Qang‘li davlatidan bir xotira bo‘lib, yashab qopti. Shunga-da, shukr.
— To‘g‘risi, men bundanam uzoqdan, o‘sha Sizning diyorlardan kelib qolib, og‘ir dardga yo‘liqqan bir mushtipar-musofirni deb... kelib o‘tiribman. Sizdan najot istab kelganmiz, — dedim.
— Kimingiz bo‘ladir u kishi? — dedilar yana ham sinchkovlik ila.
— Kennoyi bo‘ladilar bizga.
— Hozir qaerda u mushfiqa? — U kishi yana ham mutaassirlana boshlagan edilar.
— O‘sha o‘zingiz bilgan bog‘dagi shifoxonada, — dedim men tomog‘imga bir narsalar tiqilib kela boshlab, — tezroq bir ilojini qilmasangiz, oyoqlarini kesishmoqchi ekan.
To‘ra pochcha (ajab, bu gapdan yengil tin olib) duxoba yostiqqa suyaldilar:
— Xayriyat, — deya pichirlaganday tuyuldilar menga. Nega, hech aqlim yeta qolmasdi. Axiyri o‘sha suyangan ko‘yi, ko‘zlari yumuq holda:
— O‘sha, undan bo‘lak emas, — deb shivirlar ekanlar, men yoqa ushladim: qaerdan tanimoqdalar? Ko‘rmay-bilmay turib, tanimoq mumkinmi ekan?
Men o‘zimga kelguncha u kishi qaddilarini rostladilar:
— Kecha xovfimda ayon berib edi, tizzasiga suv yig‘ilgan ayol. O‘shami?
Men taxta bo‘lib qolgan edim: bu qanday sinoat, bir vaqtning o‘zida ham kennoyimnnig xovfida, ham bu kishining xovfida belgi berib tursa?
Men javob berishga majolim kela qolmas, kelsayoq «topdingiz, o‘sha!» — deb yuborishga tayyor bir holga tushgan edim. U kishi bo‘lsa, boyagi girdim us-tidagi zarqog‘ozga o‘rog‘liq narsani olib uzatgancha, bir nimalar deb tayinlayaptilar-u, qani qulog‘imga kirsa, o‘lsin agar eshitsam! Shunaqa merovlanib qopman.
Bir mahal qulog‘im shang‘illab kelib, ochildiyu uning so‘zlari oqib kira boshladi:
— ... Shuni qaynatib, har to‘rt soatda bir piyoladan ichsinlar, uch kunda taqa-taq to‘xtaydir va oyoq bosib ketadirlar. Kesishga zinhor-bazinhor ruxsat etmangiz... Bu qanday karomatgo‘y ekan, demang, Xudo xohlasa, biz bir sababchimiz, xolos. U yog‘iga «Has-biyallohu va ne’mal vakil» — Allohni vakil qilganmiz! O‘zi o‘nglagay, inshaalloh.
Men xursandlikdanmi, yo hozirgi ko‘rgan-kechirganlarimdanmi o‘zimga kelolmasdim. Vaholangki, kenno-yimning oldiga qanot chiqarib uchsam kam edi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:03:29

5. SIRLI TASHRIF
yoxud hikoyachiga qorong‘u, bizga ma’lum tashrif va tarixlar


Ro‘zioxun hali barg yozib ulgurmagan balx tut tagidagi yog‘och karavot zinasida ko‘klamgi oftob xush yoqib mudrar, qo‘shni boqcha hovlisidan kelayotgan bola-baqralarning ovozlari ham go‘yo tushdagidek allalab borardi. Shu o‘tirishida qay bir yoqdandir bodroq isini olib kelayotgan g‘ir-g‘ir epkinlar ipak ro‘molda-yin yuzini siypab o‘tib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan tomonlarning tinmag‘ur shabbodalariga o‘xshab ketar edi. Bu yaqin-atrofda ham o‘shanaqa tog‘ yoxud soy bormikan deb, eslamoqqa tirishar-u, hech eslay olmasdi. Ammo tepadagi tutda bir gala chmchuqlar uchib-qo‘nib, toza bozor qilishyapti. Hali tut endi ko‘kzirak taqdi, mevasi oq marvaridday oqarmay turib shunchalik, tut pishig‘ida Xudo to‘zim bersin ekan bu chirqildoqlardan.
Shu mahal chumchuqlar gurra ko‘tarilishib eshik taqilladiyu hammayoq suv quygandek jimidi-qoldi. Hatto bolalar boqchasidan miq etgan tovush chiqmas-di.
Sal o‘tib, darvoza zulfini oshig‘ich shiqirladi:
— Hoy, kim var? Hoziq to‘ram shatta turuvmi- lar?
— Turuvlar-turuvlar.
«Bularning keluvi ko‘p ekan, so‘rovi ko‘p ekan, jilla qursa, shu bugun tinchirman desam»... — U oq chorasisini izlay-izlay karavot panjarasidan topdi-da, yelkasiga tashlab, to‘ng‘illay-so‘ng‘illay darvoza tomon jildi. Yelkasi past-baland tushib, go‘yo ikki tomonga salom berib borarkan, bu xizmat unga osonmasligi shundoq ham ayon bo‘lib, chaqirgan odam ham xijolatda qolar edi. Ammo bu gal tamom boshqacha chiqdi.
Zanjir shiqirlab tushib, darvozaning bolacha eshigi lang ochildiyu shundoq uning qarshisida qo‘llariyu oyoqlari uzun-uzun, o‘zi naynovdan naynov, sap-sariq (hatto qosh-kipriklariga dovur oq-sariq, burniyu peshonasi, ikki yuzi qontalash-qizil) ayiqdek odam paydo bo‘lib, lapanglab, quchoq ochib kirib kela boshladi:
— Ibi, axun, hay-hay, tapushgan jayumizzi ko‘rung. Haziq to‘ramning astanasini qo‘riqdab yatiyur ekansiz-da?..
Ro‘zioxun bu tasqarani (chindan ham darvesh bo‘lib darvesh emas, gado bo‘lib gadoning bir g‘aroyib kiyinib, bu tarz kelishi qay aqlga sig‘adi? Esi bor odam shu ko‘klamdan peshonasini tang‘ib, oq yaktak ustidan ilgan jun shinelini beliga bar urib oladimi?! Yana oyog‘ida qizil etik!) daf’atan tanimadi. Qaerda bir ko‘rgandek-ku, hech eslay olmayapti. Ammo osh-qatiq bo‘lmagani aniq. Qo‘lidan bir piyola choy ichganda ham... eslarmidi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:03:40

Bir ko‘ngli peshvoz yuraverib, yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi-yu (har bitta qalang‘i-qasang‘ini ichkari qo‘yaversa, tabibning tabibligi, ichkarining ichkariligi qoladimi!), ammo ulgurmadi. Qaysi dashtdan tushgan ekan bu Davongir dev darvoza bolachasini enlab, beso‘naqay oyog‘ini ichkari tashlab ulgurgan edi. Darvoza esa lopillab borib-kelyapti.
— Hay-hay-hay, muncha qamalup olmasanguz, axun? Barakalda-barakalda!
Ro‘zioxun noiloj chetlanib, qo‘l qovushtirdi: keling demasa, qayoqqa borardi?!
Devning rapidaday kaftlari orasida uning qo‘llari yo‘q bo‘lib ketdi. (Yaxshiyam quchog‘iga olmagani, ezib-netib qo‘yuvi ham mumkin edi, bu beso‘naqay. Isiriqchi chollarga o‘xshab, egnidan isiriq hidi bir gurkiraydiki, tavba).
— Tanimutsiz-a, axun? Ammo man bir ko‘ruvdayaq tanup-bildum. To‘ram taqsurning xos xizmatchilarini ashunday tasvirlashup edu.
Ro‘zioxun sergaklandi: g‘irt begona ekan-ku, yana yaltoqlanishiga o‘lasanmi! Manziratidan qo‘rqqulik...
— Keling, Sizga tabub kerakmu? — dedi, ha desayoq qaytarishga og‘iz juftlab.
— To‘ram taqsur tangrutoqliklarning qiplasu- day gap. Hama qochgan-quvgan qaerga borsun, shu kishiga bash urup kelur-da, — dedi u niyatini aytib qo‘ya qolmay.
— Qiplasu dep kim ayttu? — dedi Ro‘zixun qayoqdagi gapni aytasiz ma’nosida. — Taqsur bir tabub, xalas. Adamlar shufo izlap keladu.
Sariq devning tiliga tushov tushib, bir dam tek qotdi. O‘q mo‘ljalga tekkan edi. U so‘z tanobini yo‘qotib, zo‘raki iljaydi:
— Pirni pir, avliyani avliya deymiz-da, o‘tag‘asi,— dedi ixlosi jo‘sh urgan kabi, — qolavursa, u kishim o‘shaqning imom Shomiliday adam.
Ro‘zioxun bu yaltoqi shang‘ini ichkari opkirmasa, opkirib miyasini joyiga tushirib qo‘ymasa (har narsanu valdirayveradimu odam!) bo‘lmasligini anglab, tut tagiga qarab yuraverdi. Karavotga opchiqmagan taqdirda ham o‘shatdagi kursiga o‘tqazib, o‘shatdan nari jo‘natadi. Jo‘natganda ham ikkinchi kelmaydigan qilib, jo‘natadi.
Lekin bu dev g‘alati edi: anqov desang anqov emas, ichdan pishgan — quv desang, quv emas. O‘zini go‘llikka solib, nuqul bir narsalarni ang-shanglaydi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:03:53

Ro‘zioxun uni o‘zi mo‘ljallagan joyga omonatgina o‘tqazib, qalpoq ostidagi choynakdan choy quydi. Gapni kalta qilish maqsadida boyagi mulozimatidan nari o‘tmadi:
— Eshitung, memon? Agar taqsurimga kegan bo‘sangiz, u kishim bu hafta bo‘lmaylar, safar ketganlar,— dedi atay, ichida esa, yolg‘on so‘zi uchun istig‘for aytar edi.
Mehmon ishonqiramay elt etib qaradi, so‘ng iljayib (balki yaltoqlanib desa to‘g‘ri bo‘lar), buning ko‘zlariga tikildi:
— Balkim, Siz bilan-da, ishumiz putaverar? Axur, keldi-ketdu, javap-muomalalar Sizsiz putmas? — u hovliga alanglab olib, ovozini pastlatdi, — qolavursa, u kishimga yukinup kelguvchilarnu kim ham sizcha bilsun?!.
— Xo‘sh? — dedi Ro‘zioxun uning niyatini fahmlab. Bunga sari ichida bir g‘ashlik uyg‘onib bo‘lgan edi: «Aytuvdim-a, nega buning turqi xunuk dep?.. Ishqilup oson qutulay»!..
Mehmon qo‘lidagi choyni bir ho‘plashdayoq tugatib, yuzini kafti-la ishqaladi. Piyola tagila tizzasini ezg‘ilab, unga tikildi.
— Biz bir adamning ajizasun izlayurmiz...
— Tushunmadum, — dedi Ro‘zioxun, buning bizga qanday daxli bor, degan kabi yelka uchirib. Chindan ham qiziq-ku buning gapi!
— Bilasizmu, axun, o‘sha qach-qach, chap-chap-da...
— Qaysu qach-qach?.. — deb anqovsiradi u baloday tushunib turgan bo‘lsa-da...
— Qaysi bo‘lurdu, inqilap to‘s-to‘si-chu? Hama bash alip qayoqqa qachiptu! Baturning ajizasuni aytvaturman.
— Qaysu batur? Qanday baturni aytasuz?
— Taqsirum bilarkanlar. Yanlariga chaqirtirup ham almaqchi ekanlar-ku, axur.
— Men bilmasam... — Ro‘zioxun bosh chayqadi, — Xuda shahid, biz kichkina adam, bu xil gaplardan bexabarmiz.
Shu gapi nasha qilib, sariq dev qo‘llarini yozib, o‘zi «huv-huv»lab kuldi.
— Oling-a! U tarixlarnu kim vilmaskan! U Baturlarnu kim tanumagay! Qaysi vo‘lurdu. Shu yaqlardan-o‘tup varganchi...
— Xo‘sh? — dedi Ro‘zioxun noiloj.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:04:20

— O‘shaning ahlu ayoluni izlayurlar. — Keyin azza-bazza qulog‘i ortiga engashib, shivirladi. — Tapganga cho‘ng mukopat var, ha!
Ro‘zioxunning ko‘ngli ag‘darildi. Sariq dev umrida og‘zini chaymagan, betahorat odammidi — nafasidan dumog‘i yorilay dedi.
— Baturning ko‘zi qayaqda ekan? Axir qancha yil kechtu! — dedi o‘zini nari tortib.
— Kechtu-kechtu, lekin... u yag‘ini kim vilsun, endi izlap qolishiptu, — deb yelka qisdi.
— Kim? Baturmi yo?. — Ro‘zioxun atay «do‘stlarimi?» demadi, shunga urg‘u berib. Ammo sirli tashrif bilan kelgan mehmonning yuz-ko‘zlarida qilcha dovdirash yoki vahmni ko‘rmay hayron qoldi.
— Izlashoptu-da ishqilup. Balki ayolning xeshlaridur, — dedi u. — Lekin suyunchisu... o‘zingiz tugul ikki pushtungizga yetguli, axun, — dediyu otdek pish-qirib, aksirib berdi. Orqasidan «haqqas rast» deb qo‘ydi. Ko‘rinib turibdi, musulmonchilikdan chiqib, nafsining orqasiga tushib ketgan bir odam; na al-hamdulillohi bor, na shukri. Shunday ham bo‘luvi mumkin. Lekin uni-o‘zini merovlikka solib, o‘smoqchilab yurgan tingchilarmas, deb kim ayta oladi? Qarindoshlari izlasa, shunchaki so‘roqlatib qo‘ya qolmasmidi, oraga allaqanday mukofotlar tiqmay? Bunda bir sir bor.
— Ular shu qadar siymu zarga bay ekanlarmu?
— Vilmasam-vilmasam, — deb bosh chayqadi Sariq dev uzundan-uzun qo‘llarini yoyib. — Lekin suyunchisu tayun — ishanchluv, axun.
— Yaxshi, xavarlashib turuvmiz, — dedi Ro‘zioxun yelkasiga tashlagan chorsuni olib, chir aylantirgancha beliga bog‘lashga tutinib.
Shu bilan u mehmonga qaytishga ijozat bergan kabi bir harakatga tushgan edi.
Sariq dev ham gap tugaganini anglab, haligacha kaftidan qo‘ymagan piyolani karavot panjarasidan oshirib, samovar pantisga qo‘yishga chog‘lanarkan, shu bahona hovli sahniga, undan tepa tomondagi uylarga razm soldi. Buni ko‘rib, oxunning ichi shig‘ etdi: «Nima bala, shu yerda panah tapgan deb o‘ylaydu shekilli bu tasqara? Yaxshiyam to‘ram var paytlari kelmadu». Va shu barobar tezroq dab bo‘la qolsin deb, beodoblik bo‘lsa-da, yuziga fotiha tortdi. Dev ham majbur qo‘zg‘oldi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:04:31

Ular mulozamat-la xo‘shlashib chiqisharkan, darvozaga yetganda Davongir dev mishillab beso‘naqay qayrildi-da, Ro‘zioxunning tirsagidan tutgancha kissasiga bir nima tiqishga urindi:
— Endi, axun, o‘zungizdan qalur gap yo‘q, xavarlashup turuvmiz. Meni Kallaxanadan so‘riyursiz, go‘sht vazardan. Dal saruq desangiz alam taniydu.
Dol sariqligini bilgani yaxshi bo‘ldi, ammo bu tiqishtirayotgani nimasi ekan? Ro‘zioxun kissasiga qo‘l solub edi, barmog‘iga zirakmi-taqinchoqqa o‘xshash bir imiq narsa ilinib, g‘alati bo‘lib ketdi.
U silliq narsa barmoqlariga bir muddat xush yoqib turib, esi og‘ib borayotganini o‘zi ham sezdi-yu, cho‘chib sergak tortdi: «nima bala, halutdan avrab satup aluttimu?!».
Shu barobar kissasidagi haligi silliq narsa — dumi gajak bir nimarsaga aylana borib, jon holatda uni changallab oldiyu egasining rapidaday kaftlariga tiqishtirishga urindi.
— Viradar, ittimos, shusiz gaplashayluk, — dedi titrab-qaqshab.
Dol Sariq bir oyog‘i tashqarida, bir oyog‘i ichkaridi ekan, unga tushuniksiz tikildi:
— Vunisi fiysabillah, hamur uchudan patur, axun.
Ammo Ro‘zioxun (qanday banda ekan!) bosh to‘lg‘agancha uni yelkalaridan itarib, chiqishga qistar, birrov yuz-ko‘ziga qarab qo‘ymas edi.

Qayd etilgan