Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 152490 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:04:55

6. DUVANANING QILGAN ISHI
yoxud yo‘qolgan sig‘indi


Haligina boshim osmonda, mendan xursand, mendan ommadli odam yo‘q edi olamda. Agar o‘sha tobda ko‘k yuzini tutib, mag‘ribdan mashriqqa ko‘chib yurgan devdek-devdek bulutlar ayqashib-uyqashib, tog‘ dara- laridek guldirab, chaqinlar chaqib, olatasir jala quyib bersalar, parvoyimga ilmasdim, qochib qo‘ymasdim. Ignadek quruq joyim qolmasa-da, xuddi yangi bo‘lgan jinnidek, yalangoyoq-yalangbosh ko‘cha o‘rtasidan suv kechib, dimog‘imda bir ajoyib kuylar kuylab kelaverishim mumkin edi.
Ammo ko‘klamning huvillab-izg‘igan shamollari o‘sha devdek-devdek qora bulutlarni ham Tangritog‘ tomonlargami — qayga quvib, tashlab keldilar. Na qaldirab-guldiradi, na ayqashib-uyqashib, ko‘zyosh to‘kdi: qaytaga shishadek bir tiniq, lojuvard osmon yuz ochdi. Quyosh charaqlab, zarrin nurlarini sochib, yangi nish urgan maysalardan kurtaklarga qadar — barchasidan o‘pich ola ketdi. Zarhal o‘pichlar... bu o‘pichlardan har bittasi yayrab-yashnar, quvvat olardi. Hatto qushlar ham shahar moshinalarining g‘uv-g‘uvlariyu odamlarning kezinishlariga parvo qilmay, chah-chahlar, o‘z tillarida bijirlab-chuldirashdan charchamasdilar. Shahar ko‘chalari demay (balki dalaga yaqinligidandir...) yo‘lkalarda Sulaymon payg‘ambar elchilari — xudxud qushlar ko‘rinar, osmoni falakdami — juda tepada to‘rg‘ayqush xuddi qirlardagidek tinim bilmay chuldirar, ko‘klam quyoshidan mast, uning nurlarida arg‘amchi uchardi.
Ba’zan quvalashib dumi eshkak olaqanotlar, qar-qunoqlar uchib o‘tib qolishadi. Ularni ko‘rib, Kattabog‘ni sog‘inib ketdim. O‘tmaganimga qancha bo‘ldi, hammasini surib bitirishmagandir, toptalib ketmagandir-ku hammasi? U yerga ham qushlar tavofga kelishgandir? Turnalar bo‘zlab-bo‘zlab, gir aylanib uchishmoqdadir? Taniy olmay u soylarni, ovloqlarni?..
Hammasidan burun men eski hovlimizga o‘tishim, uylarimizni surib tashlamaslaridan anuv narsani topib qo‘yishim kerak. «Nasib etsa, bir kun qaytararsiz, etmasa...» deb ko‘zlari g‘iltillab, iltijo qilishidan... akamdan umidini uzmagan. Axir bir kun topib kelishiga yo oldirib ketishiga ishonadi. Ammo men bir narsaga hayronman: shunchalik ekan, nega biznikidan bosh olib ketdi? Akamni kutmadi? Axir, bir chiroyli o‘tiruvdi-ku? Nima ro‘y bera qoldi? Nima uni majbur etdi bu sarson-sargardonliklarga? Nomusmi yo or? Yozgandir-ku, axir. Qolaversa, tomlari ochib tashlangan u vayronadagi xatlar o‘zi turibdimikan? Haligacha tasavvur eta olmayapman: o‘rta tokcha takkinasidagi u paxsa devor ichiga qachon ari in qo‘yib ulgurgan ekan? Qishi bilan qor-yomg‘irlarda nima bo‘ldikan? Ivib-bitmadimikan? Yolg‘iz najot Ollohdan! Ko‘ngli yarimta bir musofirning ohu zori bitilgan xatlarni u asramasa, kim asraydi? Umid O‘zidan. Qolaversa, bugun omadim chopib, hamma ishlarim o‘ngidan kelib turibdi: Sevzor tomonga o‘tib, Opovsi opa aytgan tangritog‘lik tabibni (kennoyimning tushlariga kirib yurgan o‘sha Hizr nazar qilgan qariyani) topdim. Bergan dorusini yetkazib borib, bir choynakka damlab, ichirib ham keldim.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:05:05

Kennoyimdan burun Opovsi opaning alqab bir yerga yetganini ko‘rsangiz. «Baraka toping. Savobga qoldiz. Ollohim, yaxshilik qilsang, bir mazlumga qil, bir musofirga qil, bir bemor-mushfiqqa qil, degan. Siz bir yo‘la hammasining savobini oldingiz», der edi. Men esam, xijolatlarga botib ketyapman. Qilsam, kimga qilibman? Jondan aziz kennoyijonim-ku.
Opovsi opa shunaqa tinmagur girgitton ayol ekan. Bo‘lmasa, kennnoyim kim unga? Ustida shunday o‘lib-qutilyaptiki...
— Voy, men nima devdim, Mahfuzaxon? Mana shu Xudoimning yorlaqashi! Namozlarni qo‘ymay o‘qiganingiz sharofati! Xudo xohlasa, hali hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz. Jujug‘ingizning to‘ylarini ko‘rasiz. Kelinlar tushirasiz. Qaynona bo‘li-ib o‘tirasiz. Xo‘b deng...
Uning niyati, tilaklari o‘ziga o‘xshab bir ajoyib edi: yorishmagan ko‘ngilni ham yorishtirib yuborar edi.
— Aytganlariz kela qolsun, ilohum, — deb shivirlardi kennoyim, yana kamiga jilmayib, kishi bilmas mijjalarini kafti ila artib qo‘yardi.
So‘ng menga javob berishdi:
— Endi boraqolung, qaynujonum. Manu deb, shuncha qolub ketdingiz, Kichikoyum xavotir qilub o‘tirgandurlar, — dedi u.
— Oyim o‘rganib qolganlar, ishim shunaqa-ku... — dedim.
— Shunday bo‘lsa ham... — dedi u ko‘p xursand bo‘lib. — Mana, opa borlar, dorungiz bor. Inshaalloh, ichub tursam, oyoqqa turub ketgayman. Dorumas, malham ichkanday bo‘ldum. Yoqdu, ishoning...
— Em bo‘lsin, — dedim.
— Agar malol olmasanguz, bu yoqqa bir kirib o‘tsanguz. Ikki kundurki, uydan tinch emasman. Yodgorim ko‘z oldumdan ketmaydu, — dedi Opovsi opa chiqqanidan foydalanib.
— O‘taman. O‘tmay qayoqqa boraman! Qolaversa, unga va’dam bor.
— Va’dangiz?..
— Ha-da. Men uni dalamizga opketmoqchi, varraklar yasab berib, o‘ynatib kelmoqchi edim.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:05:15

— Voy, shunaqamu? — deb u tirsagiga tiralib turib o‘tirarkan, og‘riqlarini ham unutib, bir g‘alati tikilgan edi. — Halu... aka-uka tutinub olduk, deng?
— Bo‘lmasa-chi!
— Unda maylu... Surib tashlamaslarudan olib chiqing, ko‘rib qo‘ysun, bilub qo‘ysun u yoqlarnu! Ko‘rib olsun buvalarinu yurtinu. Olmazorlarnu... Sultonmurod akangizning tillaridan tushmas o‘sha Yakkabog‘u Murjumonlarnu, qaroqlariga joylab olsun.
Ajab, bu xabarni eshitib, u quvonib ketadi, desam... tovshi ham, o‘zi ham bir g‘alati o‘zgarib bormoqda edi: qaltiraydi nuqul. Ko‘zlarida esa, jiqqa yosh aylana boshlagan. Aylana boshlagan-u, sezdirgisi yo‘q. Ammo kipriklari qilt etsayoq, so‘lg‘in shaftoli guliday yuzlaridan duvillab chopqillay ketadigandek edi.
— Istasangiz... hoziroq o‘tib ola ketaman! Buvining roziliklarini ham olib qo‘yganman, — dedim bir qadam yaqin borib. — Shuni istaysizmi?..
— Anuv ulamasoch to‘qoldan har narsanu kutgu- luk... — kennoyim birovning g‘iybatiga tili aylanganidan xijolatlarga botib qaradi.
Asal uni sig‘dirmay qandoq kutkilaganlarini tasavvur etib, ichim achidi.
— Ko‘rdim-ko‘rdim, o‘sha... qoqshoqni, — dedim shoshib. — Ammo xotirjam bo‘ling, Yodgormurodni unga tashlab qo‘ymaymiz.
— Xudo xayringiznu bersun. Yodgorumni Sizga, Sizni Xudoga topshurdum, — deb alqadi u.
— Xayr, yaxshi qoling, — dedim hech ketgim kelmay.
— Yaxshi boring, — dedi u shirin im qoqib...
Men shifoxonadan ana shunday yengil tortib chiqqan, endi ularning Kalkovuz bo‘yidagi o‘sha panoh topgan joylariga oshiqib borar edim. Kun peshindan og‘ib qolibdi. Hali bu yerdan Yodgorni olib, Kattabog‘ga o‘tib borishim, eski hovlimizga kirishim kerak. Qolaversa, tokcha tagidagi anuv omonatni topishimiz, so‘ng Yodgortoyga Kattabog‘niyu Olmazorlarni — buvalarining yurtini ko‘rsatishim kerak. Kennoyim shuni orzulagan ekanlar — bemor odamning rijosini yerga tashlab bo‘ladimi?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:05:30

Ostonasining tagiga xarsangtosh yotqizilgan o‘sha yakka tavaqali eshikni mo‘l borayotsam, voajab, ko‘cha adog‘idagi anuv daraxt bir g‘alati so‘ppayib turibdi. Qanday desam ekan: qaytaga ko‘klay boshlagan boshqa daraxtlar oldida allaqanday ayrilib, moxov tortib qolgandek edi. Xuddi boshqa olamdan kelib o‘tqazib ketiishgan-u, bir qora voqealarning shohi-di — alomatidek bo‘lib turibdi, tavba. Uni ko‘rgandayoq ichim xunuk shuv etdi. O‘zim esa to‘xtab qolayozdim. Nega, hech tushuna olmasdim. nima ro‘y bera qolib-diki?..
Ichimga oralab ulgurgan g‘ulg‘ulani zo‘r bilan bosib, eshikka qarab yuraverdim. Tosh zinaga ko‘tarilib, itarsam... hamisha ochiq turadigan eshik berk. Yuragim battar toshdi: nega berkitib olishibdi ekan?!
Endi chaqirishni ayting! Qanday eshitishadiyu kim chiqadi?! Yana o‘sha Zaqqumoy — chimirilgan qoqshoq ochadimi?!...
Men uni ko‘rish tugul, ro‘baro‘ kelishni istamasdim. Yuragim allaqanday bezillardi, tavba. Nima qilarimni bilmay alanglab tursam, eshikning tepa beldamchasiga qistirig‘liq bir narsa turibdi. Birov ko‘rib-ko‘rmaydigan joyda. Olsam, eski botinka ipiga bog‘log‘liq cho‘p. Demak, zulfin yaqinida kishi bilmas tirqishchasi ham bo‘lishi kerak.
Aqlimdan aylanay! Zulfning mixi qayrilgan joyda cho‘p sig‘adigan xuddi shunday teshik bor edi. Quvonib ketganimdan shoshib qolibman. Tiqqan zahotim zanjir shaldirab tushib, eshik ochilib bersa, bir qadam tisarilib ketibman. Men birovning eshgini so‘roqsiz-istoqsiz ochib qo‘ygan odamga o‘xshab qolgan edim. Endi ostona hatlash tugul chaqirishga majolim yetmas edi. Baxtimga shu tob tepa hovlida Yodgormi, kim ko‘rindiyu menga ko‘zi tushib, bir zum tosh qotdi. So‘ng to‘g‘ri menga qarab bolalarcha parparon chopib kela boshladi. Men uni avvaliga Kemshiktoyga o‘xshatib edim. Ishkomning yarmiga yetganida ko‘rsam — Yodgor ekan, bir qarich bo‘lib, kalishchasi oyog‘idan uchib ketganiga-da qaramay... bir g‘allati chopib kelmoqda edi. Uning keluvini ko‘rib, ko‘nglim buzilib ketdi. (Shunchalar sog‘inibdimi, a?!) Boyagi xijolatda turishlarim qayoqqa ketdi, o‘zim bilmayman. Beixtiyor ostona hatlab bolakayga quchog‘imni ochdimu o‘sha yerning o‘ziga cho‘ka qoldim.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:05:45

— Qani, qani, toy bola, — deganimni bilaman, u o‘sha yugurib kelishida o‘zini quchog‘imga otib, bo‘ynimdan quchib oldiyu shu chirmashgancha qoldi.
U yuzchasini yuzimga bosgancha qolgan, qilt etmas, faqat yurakchasi qo‘lga tushgan qo‘zichoq yuragidek dukurlab tinmas edi.
Nima bo‘pti, o‘zimdan ayirib, ko‘zlariga qaray olmasdim.
— Ha, toychoq, mana, va’damga ko‘ra keldim-ku, — dedim axiyri.
U bunga javoban bo‘ynimga qattiqroq chirmashib, allaqanday hiqilladi. Men uning nima deganini anglab-anglamay shoshib qolgan edim. Yuragimda bir qo‘rquv turib ulgurgan, nimadir sodir bo‘lgani tayin edi.
— Nima bo‘ldi, kim hafa qildi sizlarni? — dedim uning kuraklarini silab.
Ammo men yupatganim sari u mahkamroq chirmashib, qattiqroq hiqillar, azbaroyi nima deyayotganiyu nima demoqchiligini ilg‘ab bo‘lmas edi.
— Kim o‘zi, aytaver. Men uni bir ko‘ray, — dedim rostdan ham jahlim chiqa boshlab.
U meni qo‘yib yuborib, bosh to‘lg‘adi. (Ammo qani ochiq-yorug‘ bir nima aytolsa, o‘ksig‘ bosgani shunchalik!)
— Yo anuv... Zahar opoqimu? — dedim yanib. Negadir hamon o‘sha fikrdan qaytolmasdim.
U boyagidek bosh to‘lg‘adi. Ammo ko‘zlari jiqqa yosh, o‘zi to‘lib turardi.
— Bilmadiz, — dedi hiqillab. — Akbar akamnu... yo‘qotub qo‘yduk.
— Yo‘qotib?! Qanday? — Mening ichim sidirilib tushgan, esim esa og‘ib bormoqda edi. Akbar ekan-ku, nimani ijikilab yotibman! — Qachon, qaerda? — dedim axiyri o‘zimga kelib va uni rosmana ko‘tarib olib.
— Yo‘q, lo‘lular o‘g‘irlab ketishdu, — dedi u ko‘zini ko‘zlarimdan uzmay.
— Lo‘lilar? Qanaqa lo‘lilar? — Men bu xabardan dong qotgan edim.
— Bir duvona aldab opketub...
— Devona?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:05:58

Yodgormurod endi qo‘limdan tushishga intildi, so‘ng tushib, azza-bazza qo‘llarini yoyib tushuntirishga urindi:
— Ko‘chamuzga mana munday gadoy kelub edu.
— Gadoymi, devonami?
— «Haq do‘st, yo Olloh»ni aytib keldu. Tilanchu desak, odamlar duvona deyishoptu. Tomday keladu, — u endi ancha o‘ziga kelib qolgan, o‘ksug‘lari ham ancha arigan edi.
— Bo‘yimi? — dedim tushunolmay.
— Ha-da. Opoqbuvim aytub beradugan devlaruday... uzu-un, sap-saruq... Balki bolalarnu tutib yer...
— Tutib yer?... Qaerdan olding bu gapni? — Men uning gapidan kulib-kulolmas, yig‘lab-yig‘lolmas edim.
— Opoqum topmay qaytdular-ku... Biz qo‘rqub, eshiklarnu zanjurlab o‘turupmiz, — dedi u bo‘ynini ichiga tortib, jimitdek bo‘lib.
— Iya, yomon bo‘pti-ku, — dedim ich-ichimdan zil ketib. — Endi buving javob ham bermaslar?
— Nega? — dedi u hayron qolib.
— Akang yo‘q bo‘lsa, seni opketsam... kim bilan qolishadi?...
— E, yo‘q,— deb sakrab-o‘ynoqladi u.— Amaqung kela qolmadu, senu opketaqolmadu, deb o‘tiribdilar-ku. Yuring — kiring,— deb qistashga, qo‘llarimdan tortqilashga tushdi. Ketgisi kelgani, kutgani shunchalik!
Unga ergashib ichkari yurdim. Ishkom tagidagi yo‘l bilan tepa hovliga chiqib bordik.
Oyto‘ra buvi o‘sha-o‘sha oq-oppoq bo‘lib, mushtdek bo‘lib, karavotlarida qiblaga qarab tasbeh o‘girib o‘tirar edilar. Shu o‘tirgan ko‘ylari namoz o‘qiyaptilarmi, deb... ostonada taraddudlanib to‘xtagan edim, u kishi tasbehlarini shildiratib, yuzlariga fotiha tortdilar-da:
— Keling, kiravering, o‘g‘lim, — deb izn berdilar.
Men salom berib, ichkari kirib bordim. Yodgor endi yonimdan bir qadam ham jilmasdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:06:06

— Vaalaykum, mirzo o‘g‘lim. Keldingizmi, o‘ting, o‘ta qoling, — deb manziratlar qilgan, duolar o‘qigan bo‘ldilar. So‘ng kennoyimni so‘ray ketdilar. — Toychog‘imning ayajonisi qalay? Xudoyim shifogina bera qolibdimi?
— Inshaalloh-inshaalloh, — dedim tinchlantirib.— Tabib topib, dorularini eltib berib kelyapman. Sizlarga duoi salomlar aytdilar.
— Olloh salomat qilsin. Yaxshiyam Xudo Sizni yetkazdi. Chamanim kelguncha ko‘nglimiz halak edi. Bir xonadonga bir erkak lozimligi shu-da. Ollohim ham o‘shaning sharofatidan balo-qazolardan asraydi. Ayol kishining qo‘li qaergacha ham yetardi. Mening o‘tirishim manavinday bo‘lsa...
Yodgorning gapi yodimda edi, hol-ahvol so‘rash nav-bati menga yetib, sekin so‘radim:
— Yodgor bir nimalar deb chug‘urlaydi, tinchlikmi?— Men ustiga yengil yakandoz tashlangan sandal chetiga cho‘ka qoldim.
— Anuv duvananu aytutman, opoqbuvi... Aqamnu opketub qolgan tilanchu-chi? — deb chug‘urlab Yodgor karavotga yopishib bordi. U buvining oyoqlariga osilib, bir narsalarni tushuntirishga urinardi.
— Duvana dema, bolam, gunoh bo‘ladi. Tilanchi akang-ni nima qiladi. Qo‘y, qayoqdagi gapni gapirma. Gumon imonni ketkazadi, — deb Oyto‘ra buvi uning boshini silab, menga o‘girildilar. — Bolalarga ergashib ketgan ekan, haligacha daragi yo‘q. Boshi og‘ib Eski Jo‘vaning bozorida adashganmi, Jangobda qolganmi, Asal ikki qidirib keldi...
— Bolalar bilishar, axir? — dedim ichim hapriqib.
— Birontasi tayinli gap aytsa, qani! Yurak-bag‘rimiz ezilib bitdi, — dedilar endi haq-rostiga ko‘chib. — Zora shuning qadami qutlug‘ kelib, Ollohim bunga ham tirnoq bera qolsa, turmushi tinchib ketsa, deb asrab oluvdik, — deb tushuntirdilar. — Qayoqda?! Asalimni bilasiz, turish-turmushi shu, zahar. Hoziram uyiga kirib qamalib yotibdi. Qidirib oyog‘ida oyoq qolmaganmish. Qayoqda! Xasti Imomdan nari o‘tmagan. Bo Xudo, o‘sha sig‘indini degan. Qaydan yopishdi bu balo — bola isi yoqmaslik unga? Aqlim yetmaydi hech. Na ota urug‘ida bor, na ona urug‘ida. Shu asrandisi bilan andarmon bo‘la qolsa, bemalol oyoq-qo‘limni uzatib ketarmidim... — Oyto‘ra buvi ovozlari o‘zgarib, mijjalariga yenglarini bosdilar. — Xudoyimdan aylanay, shunday sinarkan-da bandasini... Ishqilib, ko‘rsatadiganini shu dunyodayoq ko‘rsatsin-u, u dunyoga qoldirmasin... qiynog‘u jazolarini...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:06:15

Tavba, nima bo‘lyapti? Tashvish ustiga tashvish. Biridan qutulmay, boshqasi oyoq ostidan chiqib kelyapti. Endi yo‘qolgan bolakay topilmay turib men buni qanday olib ketarkanman?! Qolaversa, qanday og‘iz ochib bo‘ladi? To‘g‘ri dalaga survormaymanmi boya, bu yoqqa burilib yurmay. Endi omonat nima bo‘ldi-yu, bunga bergan va’dam nima bo‘ldi?
Bir yoqda yo‘qolgan sepkiltoyga (o‘sha kelganimda birpasda elakishib keta qoluvdi) achinib turibman. Balki anuv zahar-zaqqumning tergashlari, turtkilashlaridan to‘yib shunday qildimikan? Ammo yetim boshi bilan qayoqqa ham borardi?
— Jangobga tushib, surishtirib chiqaymi? Milisaxonalarga kir, desangiz, kirib boqay, — dedim astoydil otlanib.
Men yuzlari yorishib, alqay ketadilar, o‘zlari bir yerlarga yetadilar, deb o‘ylab edim. Qaytaga Oyto‘ra buvi o‘tinch ila boqdilar:
— Undan ko‘ra, mana bu jujug‘imizni ola keting. Necha kundan beri ichikib, bir yerga yetdi. Borsa borsin: biron hafta turib kelar. Ungacha Chamanim ham qaytib qolsa, zora.
— Darvoqe, ayasi ham aytib edi.
— Nimani?
— Buvalarining yurtini ko‘rib qo‘ysin, deb...
Buni eshitgan Yodgormurodni ko‘rsangiz! U namatning changini chiqarib, sakrab o‘ynoqlar, uy ichida gir aylanib chopardi!
— Bo‘ldu-bo‘ldu, boramuz. Opketasuz endu, opketasuz. Ayam rozular, opoqbuvum rozular. — Gir aylanib kelib, yopishadi, ustilarimga tarmashadi: — Boramuz, talalarga boramuz. Qo‘ziqorinlar teramuz.
— Ana, ko‘rdiz, — dedilar u kishi ham.
— Mayli, olaket, desangiz — olib ketaveraman.
Shu tob u quvonchini ichiga sig‘dirolmay o‘zini shartta ustimga otdiyu bo‘ynimdan quchib ola qoldi. U hali-beri qo‘yib yuboradigan emas edi va men ham bag‘rimdan qo‘ymay buviga dedim:
— Bo‘lmasa, duo qiling.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:06:23

Oyto‘ra buvi halim tortib duo qilyaptilar, u kishining ovozlari, ovozlaridan ham burun duolari menga moydek yoqyapti, ammo ko‘nglimning bir chekkasi xijilga o‘xshab, hech yorishmaydi, g‘ash. Akbarga achinyapman. U qayda qoldi ekan? Rostdanam o‘zi tilanchiga ergashib ketdimikan yo lo‘lilar o‘g‘irlab, birovlarga oshirib yuborishdi? Olam to‘la yetim bo‘lsa-yu, u kimga kerak bo‘lib qolibdi? Hech tushuna olmayapman, aqlim bovar qilmaydi: hali ham bola o‘g‘rilari bor ekanmi?.. Yodimga esa, bolaligimizda kattalardan eshitganlarim — opqochib ketilgan bolakaylarning ayanchli taqdirlari tushib-tushib ketyapti. Ular bizni qo‘rqitishgani-qo‘rqitishgan edi:
— Avrasa laqqa tushma. Shaharga obboraman, shahar unday, shahar bunday, kinolar bor, kataysa-konkilari bor, «chaynamayshim»lari bor desa, ishonma,— deb tergashgani-tergashgan edi. — Opketib oldimi, yerto‘lasiga qamab qo‘yadi-da, bir kun kechasi supra yozib, sani ustiga qo‘yib yuboradi. O‘zlari qo‘llarida bigiz, gir aylana qurib, o‘tirib olishadi. Oyimga ketaman, deb yig‘lab, qaysi tomonga yursang, o‘sha tomondan eting-ga bigiz sanchishadi. Sen qochib, o‘zingni boshqa tomonga urasan. U yoqdan ular bigiz sanchadilar. Shunaqqib seni ham, supradagi unni ham qora qoningga belab, keyin non yopib yeydilar. Ular shunaqa qavm — ularga ro‘para bo‘la ko‘rma, — deb qo‘rqitardilar.
Shu-shu xurjun ko‘targan tilanchiyu devonani ko‘rdik, deguncha oyoqni qo‘lga olib qochaverardik. Akbarga aytib qo‘yishmagan ekanmi, yerto‘lasi bor — bola o‘g‘rilarini?
Hali u tushlarimga kirib chiqishi aniq. Yana nechanchidir marta yerto‘lama-erto‘la qilichimni ko‘tarib, izg‘isam kerak. Har gal bola o‘g‘rilarining adablarini berib, yo‘qolgan bolakaylarni qutqarmoqchi bo‘laman-u, yerto‘laga bostirib kirgan joyimda uyg‘onib ketaman. Nega shunday — hech tushuna olmayman.
Bu gal-chi, Akbarni qutqara olarmikanman?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:06:39

7. XAROBADA TUShIB QOLGAN OHANRABO

Bizning tomonlarga Beshog‘ochdan yolg‘iz bittagina avtobus qatnar edi. Ilingan ilinardi, ilinmagan piyoda — yayov ketardi. Omadimizni qarang, tiqilishib bo‘lsa-da, o‘sha kichkinagina «xaptobus»ga chiqib oldik. Ketyapmiz, ketyapmiz, qani biron jon tushib, sal yengillashsak. Men-ku, chidayapman, lekin Yodgormurodni ezib qo‘yishmasa edi, deb jonim xalak. Axiyri uni deraza tomonda o‘tirgan sutchi opoqining tizzasiga joylashtirib tinchidim. Ammo o‘zim tiqilinchdan hech narsani ko‘rolayotganim yo‘q. Qaerga yetganimizni taxminlabam bilib bo‘lmayotir. Alohal,Cho‘lponotaning guzariga qayrilishda yarim odam tushib, sal yengillashdik. Bu yog‘iga avtobus Bog‘obodning pasti bilan Bo‘zsuv yoqalab, aylanma yo‘lga tushib oldiyu yuzga tanish Bo‘zsuv nasimlari urilib, entikib ketdim. Havoning tozaligini ayting! Bu tomonlarda hali-hozirgina yomg‘ir shivalab o‘tgan-u, ana endi bodroq hidi anqib yotar edi. Keyin unga qo‘shilib deng, shu tepayu jarlar oralab oqib yotgan Bo‘zsuvning nimtatir hidi, yovvoyi yalpizu botqog‘u buloq suvlarining bo‘ylari qo‘shilib omuxta bo‘lib ketgan bir ajoyib hid kelyaptiki, iskab-iskalanib to‘ymaysan, kishi. Yana allaqaerda (balki shu ko‘cha yoqasidagi polkovniklar bog‘idadir) shaftolilar qiyg‘os gullab yuborgan-u, o‘sha nasimlar shaftoli guli bo‘ylarini «o‘g‘irlab» olib kelayotgandek!.. Polkovniklarning ham bilgani-bilgan! Bo‘zsuv yoqasidan yigirma sotixlab joy olib, bog‘ qilib, ostidan suvlar oqadigan jannatdek soya-salqin joylarda yashashyapti. Olloh ularga bu dunyosini bergan. Hammayoq itirqini chiqib, buzilib bo‘ldi, lekin ularning bitta chivig‘iga ham tegishgani yo‘q. Hamma qochgan bulbullar shu yerda chax-chaxlab yotipti!
Bu orada biz Bog‘oboddan o‘tib, Qaynamaga chiqib bordigu ho‘v oldinda Bo‘zsuv Qo‘shilishdan o‘tib, Achchi qirlariga qarab oqib ketadigan tomonda (naq Achchi qirlari ustida) yalt-yalt nur sochib, o‘sha yoqni nur seliga ko‘mib tashlagan oftob ko‘rindiyu yuragim qinidan chiqqudek hapriqib ketdi. Yopiray! Hech o‘zgarmabdi-ku! O‘sha-o‘sha-ku! Bir vaqtlar shiyponda — Kattabog‘ning ustida turib ko‘rganimdan a’lo-ku!
Men engashib Yodgorning qulog‘iga sekin shipshidim:
— Tushdik, toy bola. Yetib kepmiz.
Yodgormurod gangib, kalovlanib qolgan, hali atrofga, hali aftimga alanglab boqar edi:
— Nima, shu yermu? Keldukmu?
— Kelduk, kelduk, — deya oldinga intildim. — Ho‘v, birodar, bizni sho‘tta tashlab keting. Qaynamada qoldiring.
— Qayoqqa borasiz o‘zi? Bu yerda biron tirik jon qolmagan-ku, — dedi kimdir orqadan. — Ko‘rmayapsizmi, hammayoqning itirqinini chiqarib yotishibdi.

Qayd etilgan