Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202647 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:10:21

Men esam, ichkari uyda o‘zim bilan o‘zim ovoraman. Zo‘r berib o‘rta tokchaning (paxsa ustidan terilgan) xom g‘ishtlarini ko‘chirib yotibman. (Esimda bor, tog‘am tovchasi past bo‘pqopti, deb ikki-uch qator g‘isht terdirgan, keyin suvab yuborilgan edi.) Ari qaeriga in qo‘ya qolgan ekan? Orqasidan kirib kelib, joy topgandir-da?
Ko‘chirgan joyimdanmi, xom g‘ishtlardanmi, achimsiq somon hidi aralash tuproq bo‘yi anqirdi. Nihoyat g‘isht tugab, paxsa ko‘rindi. G‘o‘rasha tuproqlarni sidirib tushirib tashladim. Lekin na ari ini, na g‘ovak ko‘rinardi. Qaerda ekan? Yo men boshqa tokchani ko‘chirib yotibmanmi? Yuragim g‘urmishlab, ichim qizib ketyapti. Kallam qotib, qovoqqa aylanib qolgandek... Jo‘yali bir fikr kela qolmaydi: qaerda bo‘lishi mumkin? Bu yoqda kun ketyapti. Hali-zamon quyosh botvorishi mumkin.
Axiyri uning bir gapini esladim: «Tokchaning yoninu urib ko‘rsangiz, bilasiz». Darvoqe, po‘killaydi-ku. O‘rta barmog‘im orqasi-la asta-asta urib ko‘r-sam — bir joylari po‘killab, qolgani takirlayapti. Shoshib qolib, tizzalab opman. O‘sha yerni sekin ezsam, suvog‘i ezilayotir, hovliqib qattiqroq bosib edim, qo‘lim bilagimga qadar kirib ketdi.
O‘takam yorilib tortib opman. Bilib bo‘ladimi, nima kirib olgan. Suvoqlarini ko‘chirib, sekin qarasam... ari ini quruqshab mushtdek bo‘pqopti. Balki bu bir bo‘lagidir. Qolganini kennoyim o‘sha vaqtdayoq tozalab tashlagandir. Keyin bitiklarini yashirib, suvab tashlagan bo‘lsa ham ehtimol. Lekin unda bitiklar nimaga ko‘rinmaydi? Qaerda qolishi mumkin? Asta qo‘limni tiqib, paypaslab ko‘rsam... bir nima — quruqshagan narsa shildiraydir. Changallab tortvola qoldim. Qarasam, chang bosgan sariq daftarning muqovasi... G‘ijimlanib chiqibdi! Demak, bir narsalar bor, qolgani ham bor. Yutoqib, suvoqni ko‘chirishga, teshikni kattalashtirishga tushib ketdim.
Ari iniga yorug‘ tushib, katak daftarning qolgani ham ko‘rindi.
Olsam, tagida yana bittasi. Ochib hayronu lol qoldim. Xat bir ajab imloda... jimjimador arab yozuvida edi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:10:46

Bo‘shashib, o‘tirib qopman! Koshki uning zer-zabarlariga tishim o‘tsa, hij-da o‘qiy olsam. O‘zimni shunday nochor-notavon his etdimki... Yana men o‘z davrining ziyolisi, institutlarni bitirgan, eng katta gazetalarda ishlaydirgan, har kuni quloch-quloch maqolalari chiqib turgan muxbir emishman! Nihoyati otin oyida (o‘sha ham o‘zining oyisi ekan) o‘qigan bir ayolchalik bo‘lmasam. O‘shalar bilgan narsani men bilmasam! Rosa boshqa tomonga o‘tlab ketgan ekanmizmi?..
Kennoyimning akamga atalgan maktublariga yetishganimda unga tishim o‘tmay o‘tirishimni ko‘ring! Ana sizga natija! Hatto uni birovga ko‘rsatishga, ko‘rsatish tugul aytishga haqqim yo‘q. Bu sirdan kimni ham voqif eta olardim?! Izn berilmagan: kennoyim izn bermasalar, men uni kimga ham o‘qita olardim?
Bir mahal qarasam, topgan bo‘yracho‘plaridan kemami, aravachami yasab, dahlizda o‘tirgan bolakay, mening mehmonim — Yodgormurod shu tomonga tikilib qopti. Ko‘z ko‘zga tushib, u shirin jilmaydi va shu jilmayishida yuz-ko‘zlariga bir tiniq nur yugurib, kimgadir juda-juda o‘xshab ketdi; Esladim, u o‘sha boloxonada ko‘rganim — suvratdagi ko‘hlik ayolga o‘xshab, nim jilmayib turar, uzun-uzun kipriklari qora ko‘zlariga bir yarashgan, tanimagan odam uni o‘g‘il bola demasdi. Peshonasidami, yonog‘idami, o‘sha Yusuf go‘zalligidan bir chimdimgina bor edi. Bir chimdim bo‘lsa ham olamga tatiguli edi, tavba.
U mening xayolim yorishganini ko‘rib boyagidek shirin jilmaydi:
— Nima izlayopsuz, amaqu?
— Topdim, — dedim noiloj.
— Qaniy, qaniy?! — u tura chopqillab keldi-yu, yelkamga osildi, — bitta ko‘rsatung.
— Mana, eski xatlar ekan. Ko‘rganing bilan se-niyam, meniyam tishimiz o‘tmaydi, — dedim yuziga tutib.
— Ha-ya, — dedi u bosh silkib. — ayam bo‘lsalar o‘qiy olardilar. Innaykeyin opoqbuvim ham o‘qiy oladular, — dedi u maqtangisi kelib.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:10:55

— Qanday yaxshi, — deyapman-u, ichim ezilib bor-yapti: koshki opoqbuviga aytib, birovlarga ko‘rsatib bo‘lsa bu narsani? Uni kimga ham o‘qita olardim?... Yana pochchaga olib boramanmi? Voy, hoy, Savobar, bu yoqqa qara, kelinimizning daragi chiqibdi, deb qolsalar nima bo‘ladi?.. Bu yoqda Chaman akam, u yoqda o‘zi tayinlashgan: aytmay tur, deb...
Men o‘z yog‘imga o‘zim qovrulib yotibman-ku, Yodgor hali tizzamga, hali yelkamga shappalab, bir narsalar deydi.
— Amaqu, qarang, qaray qolung?
— Nima deysan?
Qarasam, qo‘lida nosrang bir xaltacha. Bog‘ichidan tutib opti. Ko‘k duxobadanmi-ey, lattadanmi-ey, chang bosib, tanib bo‘lmay ketipti.
— Nima u? I-i, tashla! — dedim biron narsa ilashgan bo‘lsa, chaqib olmasin, deb.
— Vuy!..
U jonholatda itqitib yuborib edi, taxmonga shiqirlab borib tushdi va changi to‘zib ketdi.
— Iy!— deb yubordim men ham.— Qattan topding?
— Mana, sho‘ttan...
Hayron qoldim. Hozir manavi daftarlarni olganimda hech narsa yo‘q edi-ku. Qay burchagida yotgan ekan?
— Ichidanmi?
— Ha-da. Qarang, yana bir narsalar ko‘rinadur, — dedi hammadan oldin o‘zi ari iniga mo‘ralagudek bo‘lib.
— Qaniy...
Qarasam, eski ari ini bo‘laklari. Azbaroyi chang bosganidan kulrang narsa paxsa rangiga kirib ketipti. Arzirli bir narsa topmay o‘rnimdan turdim. Bo-lakayning xat berkitilgan joydan xaltacha topishi g‘alati edi. Undan ham burun uning taxmonga shiqir-lab borib tushuvi g‘aroyib edi. Ichidagi nima bo‘lsa ekan?
Borib qo‘limga olsam, rosmana duxoba xaltacha. Nozik qilib, og‘zi sirib, bo‘g‘iladigan qilib tikilgan. Bir vaqtdagi tilla xaltachalarga mengzab ketadi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:11:04

Yuragim gurs-gurs urib ketyapti: ichidagi narsa qurib, g‘ozi ham qolmagan ko‘rinar edi.
Barmog‘imni tiqib ocha boshlab edim, Yodgormurod yugurgilab keldi:
— Nimukan, amaqu?..
Yoruqqa solib qarasam, bir nimaning urug‘i. Gurunch bo‘lib gurunch emas, bug‘doy bo‘lib bug‘doy... Qo‘qon jo‘xoridan ham maydaroq bir narsa. Hidlab boqsam, bir ajoyib muattar hid, elas-elas kelyapti. Xuddi xaltacha bir vaqt mushk xalta bo‘lganu... unga urib qolgandek. Hayratga tushmay ilojingiz yo‘q. Bunga sari Yodgormurod «nimukan»lab etagimga osilyapti.
— Shoshma, hozir... — deb kaftimga ag‘darsam... bir kaft (nima deng!!) ohanrabo! O‘sha gurunchni terganda ichidan chiqadigan ohanrabo doni! Biz uni topganda yoruqqa solib atay tomosha qilar va hayratga tushar edik. Negaki, unga yaxshilab razm solsangiz, odamning afti — qoshu ko‘zlari ko‘rinib ketaveradi. Shunday aniq-taniqki, hayron qolasiz. Esladim! Kennoyim biznikida turganlarida gurunchni patnisimizga yoyib, ohanrabosini terib o‘tirar edilar. Topsalar:
— Maqsudxo‘ja, bunu qarang, — deb bir yerga yetar, topolmasalar bir hazin o‘ylarga berilib ketar edilar. O‘shalarni yig‘ib yurgan ekanlarmi?
— Nimukan?
Men uni suyib, qo‘ltig‘imga tortdim:
— Zo‘r narsa topibsan. Buni ohanrabo deydilar. Iqboli bor odam topadu bunu.
— Berung-berung. Ko‘ray?
— Ma, faqat yo‘qotma. Ayangni ko‘rgani borganimizda olib boramiz. Xo‘p?
— Bo‘ptu-bo‘ptu!.. — deb irg‘ishladi u. Shu tob tashqariga ko‘zim tushib, boyagi daraxt uchlariyu bitmagan imoratlar tepasida yolqin ko‘rmay shoshib qoldim. Osmon ham shom oldidan feruzadek bir tiniq tortib borar edi.
— Jur endi, qaytdik. Bo‘lmasa kech qolamiz.
— Ayam aytgan joylariga o‘tamizmu endu? Olmazorga o‘tamizmu? — deb atrofimda gir aylanardi u.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:11:14

— O‘tamiz-o‘tamiz. o‘shanqasi ketamiz, — dedim-u, ichimdan qirindi o‘tyapti, turolmayapman: buvalarining yurti-qo‘rg‘onidan, Olmazorlaridan nima qoldikan? Bu yerda halitdan shunchalik, u yoqlarni tanib bo‘larmikan? Ayasi nimaga qistadi? Ko‘rib qolsin debmi yo — armon qilib yurmasin debmi?.. Maqsadi nima? Bir niyati bordeg-u, bekorga iltimos qilmagandeg-u, hech anglay olmayotirman. Kallamda esa, anuv gapi — «buvasining Olmazorlarinu, Sultonmurod akangizning Yakkabog‘u Kattabog‘larinu ko‘rib qo‘ysun» — deganlari. Buvasi — tushunarli, ammo akamga nima daxli bor bu shirintoyning?
— Endi nima qilamuz, ketamuzmi? — derdi u bo‘ynimga osilib erkalanib.
— Ketamiz, — dedim erkalab. — Avval anhor bo‘yiga chiqamiz. Binafshalar ochilgan bo‘lsa, terasan. Ke-yin Olmazorga o‘tamiz, o‘shanaqasi...
— Ur-re, bunafshalar teramuz, Olmazorga o‘tamuz!..— deb sakrab quvnagancha oldinga tushdi va ho- li-jonimga qo‘ymay qistay boshladi. — Juring-da, endu...
— Hay, ketsak-ketdik, — deya turdim. ammo ko‘nglim bir tur — qo‘limdagi manavi bitiklarni, kennoyimning xatlarini o‘qishga shunday sust ketyaptiki...
Ularni qachon, kimga o‘qitaman, o‘zim bilmayman. Rosa qiziq bo‘ldi-ku, bu yog‘i... Ularning tarixiga yetishdim deganda...
Xat go‘yo qulf-kalitlanib qolgandek edi. Balki boshdayoq atay shunday afsunlab qo‘yilgandir? Uning kalitini topmoq uchun qanday duolar o‘qisam ekan? Bilsam edi!..
Olloh izn bermasa, hech narsaga erishib bo‘lmasligini esa, hali men bilmas edim...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:13:06

8. BUVAJONISINI SOG‘INGAN BOLAKAY
yoxud ko‘plarga qorong‘u yashirin bir safar


O‘rtada olov chirsillar edi. Uning qirmizi tillari goh bir-biri bilan achomlashib-o‘pishib ketar, goh har yon shox tashlab, raqsga tushayotgan lolarang ko‘ylakli uyg‘ur qizlaridek jamlanib qolardi-da, yana olovrang qilich ko‘tarib jihodga chiqqan otliqlardek «urho» solardi.
Gulxan shunaqa gurillab yonmoqda, archa shoxlari bir ajib bo‘y taratmoqda edi. Qay bir ho‘lroq shoxning bir chekkasi jizillar, hamma nam o‘sha yerga tepchib qaynamoqda edi. Ba’zan alangga junbushga kelib, olov ichiga tiqib qo‘yilgan qora qumg‘onga yopishib, dastalarigacha quchmoqchi, orasidan o‘tib, ichlariga dovur mo‘ralamoqchi bo‘ladi. Shunda qumg‘on soyasi kichrayib, po‘stinga o‘ralib g‘ujanak bo‘lib yotgan bolaning sepkil toshgan yuzlariyu do‘ng peshonasi ko‘rinib ketadi. U ikkala kaftini juftlab, ustiga yuzini qo‘ygancha pishillab uxlaydi. Uxlaydi-yu, shaytoni tezroqmi, tushida ham jim yotmay, bir g‘alati jilmayib qo‘yayotir. Xuddi birovni mazax qilgansimon... Yuzlari yoyilib, lablari qimtilgudek shu jilmayishida bexos qiqirlab kulib yuboradigandek...
Uning yonginasida, gulxanga yaqin joyda ulkan yong‘oq to‘nkasidek bo‘lib, yelkasiga po‘stinini tashlagan bir odam, qarshisida esa eski qora choponli, naynov, ustiga-ustak uzun sapcha bosh kimsa qo‘lidagi cho‘p ila olov titkilab o‘tiripti.
Unisining qop-qora soyasi xarobaning yarim tosh devoriyu shiftiga dovur egallagan bo‘lsa, bunisidan teraknikiday uzun soya tushib, devorga yetganda bir, shiftda bir sinib, so‘ng cho‘rt uzilgan.
Ular qo‘ngan yer eski karvonsaroy shekilli, tepa shifti gumbazsimon ko‘rinadi. O‘sha yoqdan ba’zan ko‘rshapalaklarning sharpasimi — nimasi kelganday bo‘ladi. Boshqa tiq etgan tovush yo‘q. Hali chirildoqlar uyg‘onishmagan: kirib ketgan kovaklarida to‘ng qotib yotishipti.
Lekin tun qaroqchisi boyo‘g‘li sergak ekan, gulxan yoqilgandayoq uchib ketib edi. Shundan beri xaroba atrofida aylanib halak. Hali u yonidan, hali bu yonidan uchib o‘tib, bir yerlarga qo‘nadi-da, xunukdan-xunuk, sovuqdan-sovuq sayrab qo‘yadi.
Hozir ham o‘pirilib tushgan eshikka yaqin joyda sayrab yubordiyu kiraverishdagi otlar hurkib ketib, qay biri o‘zini orqaga tashlab, qay biri pishqirib, tizginni uzgudek bo‘ldi. Ikkalasi ham quloqlarini ding qilib, yem xaltalarini boshlariga ilib, qochgudek holga tushgan edilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:13:22

— Dr-r, jonivorlar, o‘takangiz yorilmasin, — deb o‘rnidan turdi daroz odam. — Uning soyasi o‘zidan uzun, shift o‘rtasiga yetgudek edi. — Bir kechalik mehmonmiz, denglar — tinchiydi, — deb ularni tinchlan-tirishga urindi. Sal o‘tmay ular yemto‘rvalariga andarmon bo‘lib, yana kusur-kusur don chaynashga tushdilar.
— Ha, bu boshqa gap. Bir kechaga shuncha ayyuhannosmi? — deb qaytardi u.
Bu orada qumg‘on shaqirlab chiqib, o‘z ashulasini boshladi. To‘kilgan suv jizilladi.
— Kiyik o‘tingdan bormi? — dedi «ulkan to‘nka»ga ovoz bitib. U qumg‘onni bandidan ushlab, olovdan chetga surmoqchi edi, qo‘li kuyib, ilkis silkidi: — Ho‘v, zang‘ar, chippa oldi-ya! — deb so‘kindi. Po‘stini yelkasidan sirg‘alib tushib, orqasidagi bahaybat soya ham «quladi». Bolaning g‘ujanak oyoqlariga dovur ko‘rindi. U hiyla bo‘ychangina edi, rosa charchagan shekilli, qilt etmay pishillab uxlayapti. Qo‘li kuygan kimsa po‘stinsiz ham haybatli, yelkalari keng-keng, yag‘rindor edi.
U jon achchig‘ida qo‘liga tuf-tuflab edi:
— Ha, o‘lmang, endi topdiz, aka pochcha, kuyganning davosi tufuk. Yaxshilab tufuklay bering, — dedi sherigi uning joniga ora kirmoqchi bo‘lib.
— Ko‘p mahmadanalik qilmay, aytganni bil! Choyni damlab, dasturxonni yozsang-chi, — dedi jerkib, aka pochcha deganlari. — Qorin piyozdi po‘sti bo‘p yotib- di-yu, boyo‘g‘lidek sayrashingni qara.
— Xo‘p, dedik-ku, aka pochcha, bir og‘iz so‘ziz. — Naynov chaqqon turib, xurjundan bir nimalar ola boshladi. So‘ng belbog‘i bilan qumg‘onni ushlab, olovdan surdi. Hamon shaqirlashi tinmagan suvga bir chimdim kiyik o‘ti tashlab:
— Ana, aka pochcha, choy ham gatop. Endi ochildasturxondi yozib yuborsak, qazi-qartalarni kesib tashlasak, Siz Xudoyorxon — biz Pusulmonqul-da, — deb xurjunni titkilamoqqa unnaldi.
— Pusulmonqulingga balo bormi? Kim o‘zi? — dedi haybatluv kimsa kuygan qo‘lini hali etigining qo‘njiga, hali yengiga suykab.
— Iya, aka pochcha, Sizni kim o‘ratepali deydi, Pusulmonqulni bilmasangiz. Kimni yurtidan o‘tib boraturgan ekanmiz? U shu qipchoq elatidan-da. Xo‘b tullagu bir dovyurak odam. Kuyovining nomidan qancha vaqt yurt so‘ragan, — dedi daroz sherigi yorug‘ yerga dasturxon yoza boshlab. — Qamchisidan qon tomib, qilichidan...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:13:39

— Har qancha qilichi qonsiragan bo‘lsin, bir qipchoqqa berib qo‘yadimi taxtni? G‘urur qani, xon degan nomi qani?! Kim ekan u qo‘g‘irchoq xon?
— Taxtni topshirib qo‘ymagandir-u, lekin qaynota qaynota-da, aka pochcha.
— Xonga boshqa qiz qurigan ekanmi? Yurt to‘la qizlar sochini tarab o‘tirsayu bu kishim allaqanday qipchoqqa... — Kuygan qo‘lning alami tarqamasdimi, hech hovridan tusholmasdi u.
— Voy, aka pochcha-ey, xo‘b g‘alati gaplarni aytasiz-da... Xudoyorxonni kim xon ko‘taribdi?!. Bola yoshida o‘zi ko‘targan-ku. Keyin qizini berib, qaynota ham bo‘lib olgan-da, u makkor. Keyin esa haddidan oshib, adabchasini ham yegan.
— Ana, men nima dedim. Yebdi-ku, adabchasini! — dedi haybatluv kimsa tushib ketgan po‘stinni o‘tirgan ko‘yi qayta yelkasiga tortib. — Xo‘p, nima bo‘p tumshug‘idan ilinibdi? — Bu tarixga endi u qiziqa boshlagan edi.
— O‘ris bilan til topishib qo‘ygan ekan, xon aytganiga yurmayvergach...
— Taxt o‘lsin-a, shirin bo‘lmay. Xudo urmasa, kofirga quchoq ochadimi? Adashtirsa shu-da. Xo‘sh, ke-yin-chi?
— Keyin nima bo‘lardi?! Xon ham sassiq choldan qutulolmay turgan ekan, tarafdorlar topib qipchoq-qirg‘iz qirg‘iniga fatvo bervorgan-da, tutganni so‘yishgan, — dedi u bo‘yniga qo‘lini tortib ko‘rsatib. — Oqibatda qancha begunoh...
— Pusulmonquling-chi, qochib yuborolmabdimi?
— Nega qochmaskan?! Sichqonni inini ming tangaga olib qochgan-u, bo‘lmagan-da. Tutib kelib temir qafasga solib, o‘rda oldiga osib qo‘yibdilar. O‘sha o‘tirishida ham, — dedi u choyni shopirib-shopirib qaytarib, — tomoshaga kelgan xalq «Ha, xoling qalay, cho‘loq?», desa, past tushmay «Alhamdulilloh, hali ham sizlardan yuqori bir yerda o‘ltiribman», deb kular emish.
— Xo‘b ajab chapani ekan-ku? — dedi haybatluv hayratga tushib. — Dor tagida turib-a? Yurakdanmi bergan ekan.
— Choyga qarang, — dedi sherigi choy uzatib. — Iloj qancha! Omon qo‘ymasliklarini bilgach, kishi botir bo‘lib ketsa kerak-da.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:13:53

Ot pishqirdi, so‘ng tezaklab, dumini silkib-silkib qo‘ydi, o‘sha yoqdan izg‘irin esib, gulxan gurilladi va shu barobar yangi tezak hidini anqitib o‘tdi.
— Jazosi ham gunohiga yarasha bo‘lgandir? — dedi haybatluv lochira nonni kusurlatib.
— O‘sha til biriktirgan og‘ziga qo‘rg‘oshin quygan ekanlar.
— Hov-v, — dedi haybatluv kimsa, — shunaqa jazolariyam bor ekanmi?
— O‘sha paytda-da, aka pochcha.
Bola uyqusirab tamshandi. Sovuqsirab, oyog‘ini yig‘ib, g‘ujanak bo‘lib oldi. Yelkasiga po‘stin tashlagan haybatluv kimsa unga o‘girilib qarab qo‘ydi.
— Hoziram... ayamasalar kerak?...
Daroz sherigi ilkis qarab, tek qotdi: damlayotganchoyi choyda, piyolasi qo‘lida qoldi:
— Nimani... aytasiz?
— Bu tarz yurishlarimizni-da.
— Qanday? Tushunmadim.
— Xudo asrasin-u, qo‘lga tushsak deyman-da. Qancha berisharkin, Xudoyberdi? — Haybatluv kishi dasturxondan yana bir burda lochira ushatib olib, og‘ziga soldi. Lochira kusirlar edi.
Choypaz o‘ziga kelib-kelolmay qo‘lidagi choyni qumg‘onga qaytardi.
— Nafasizzi yel olsin, aka pochcha. Bu o‘sha tarz ishlardan ekanmi?..
— Farqi nima?
— Mahovat qildiz-da, toza.
— Shoshma sen. Bu ham til biriktiruvmi?
— Biriktiruv.
— Jindek ta’ma aralashgan joylari ham bor-a?
Daroz sherigi e’tiroz bildirmoqchi edi, haybatluv uni kesdi:
— Xo‘p, deyaver!
— Hay, jindek shirikomayu va’dalar bor deylik. Daragi topilgan xeshlar uchun...
— Bu yurishimiz-chi, hufiya yo‘llar izlab? Dovonu sarhad oshamiz deb?
U yelka uchirdi:
— Ha, shusiz u diyorga o‘tib bo‘lmasa, so‘zni ustidan chiqib bo‘lmasa...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 14:14:07

— Yana nima deysan?
— Lekin niyat-chi, aka pochcha? Niyatga qaramaysizmi? Aytdim-ku: zamonni zayli bilan o‘sha kishimning bir ishlari tushib qopti. Tirnoqlarini izlashayotgan ekan... Yotardingiz-da, o‘sha Jangobning choyxonasida chilimni quldiratib!
— Yotardim, gashtiga nima yetsin edi. Mana bunday majhul ishlarga aralashib yurmay.
— Ishshi bitirib, yana yotaverasiz, — deb kuldi yo‘ldoshi. So‘ng choy quyib uzatdi.
— Farqi nima? — to‘ng‘illadi u.
— Farqi... har kuni osh, qazi-qarta, norin... Ko‘ngil tusaganini buyurasiz. O‘zingiz xon — ko‘lankangiz maydon. Yana nima kerak Sizga? Qolaversa, so‘zimni yerga tashlamay kelyapsiz.
— Ha, barakalla, bilarkansan-ku. Sendan bo‘lakka o‘lsam ko‘nmasdim.
— Qadrdonlik shu-da, aka. U dunyo-bu dunyo unutmayman.
— Baxayr. Ishqilib, shu jinqarchani eson-omon buvasiga yetkazib borsak bo‘lganimi? — Aka pochcha choyni bir chetga qo‘yib, qazidan totindi. — Ammo-lekin manaving bu dunyoning qazisi bo‘lmapti! Im-m... chaynagan saring elitadi-ku, odamni!
— Toyniki-da, aka pochcha. Olavering, osh bo‘lsin. Tagi ko‘p, g‘amlaganman juda,— dedi u maqtovdan eshilib.
Bola qunishib qimirladi. Keyin gulxanga o‘gi- rilib yotib oldi. Aka pochcha unga yelkasi osha qarab qo‘ydi:
— Biron narsa... tamaddi qilib olsa bo‘lardi buning?..
— Sal tiniqib olsin. Ochqasa, o‘zi uyg‘onadi, — dedi Xudoyberdi. — Yo‘l qoqqan-da.
Qay bir ot oyog‘ini kerib, voshillatib bo‘shanib yubordi. Narigisi pishqirib, betoqatlandi. Uzoqda haqqu sayramoqqa boshladi. Va yana tinchlik cho‘kdi. Yolg‘iz gulxangina behol yonib, uning tillari ham mudrab-mudrab ketardi. Bola yana tamshandi.
— «Ochlikni yostiq ko‘taradi»mas-da. Uyg‘otsang bo‘lardi, — dedi ko‘ngli bo‘lmay haybatluv.

Qayd etilgan