O, yoshligim..!
Normurod Narzullayev
Hayotimning go’zal gulshani,
Yuragimning so’nmas gulxani,
Muhabbatim uchqur samani,
O, yoshligim tark etma meni!
Yuragimda yasharkan orzu,
Ko’zlarimda yonarkan yog’du,
Lablarimda kularkan kulgu,
O, yoshligim, tark etma meni!
Haroratdan yaralar hayot,
Hayot bo’lib kular muhabbat,
Halovatsiz dilda harorat,
O, yoshligim, tark etma meni!
Yo’llarimda yuragim olmos,
Yo’ldoshimdir o’tli ehtiros,
Ixlos qo’yib etgum iltimos,
O, yoshligim, tark etma meni!
Istiqbolga chorlaydi yo’llar,
Taqdir bo’lib qo’llaydi qo’llar,
Yo’llaringga to’sharman gullar,
O, yoshligim, tark etma meni!