O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 236941 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 54 B


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:21:04

O'rtada begona yo'q

Ko'yida men tosh boshimni
Urmagan ostona yo'q,
Elda bor shunday masal:
Jon chekmasang jonona yo'q.

Sevgi vodiysida menga
Teng bo'lolgay qaysi Qays?!
Ko'nglim ochsam, ikki dunyo
Bu kabi afsona yo'q.

Shahr ichida holatimdan
Kulmagan bir oqilu
Xilvat ichra menga ulfat -
Bo'lmagan devona yo'q.

Ne ajabkim, mast bo'libman
Ko'zlaringga termilib,
Yetti iqlimda bu yanglig'
May yo'gu mayxona yo'q.

Ishq g'amin aytsam qalamga
Ich-etin kuydirdi ul,
Sevgidek o't yo'q jahonda,
Men kabi so'zona yo'q.

Oq qog'ozim, senga Erkin
Ochdi pinhon ishqini,
Sen boru men bor, qalam bor
O'rtada begona yo'q.

E.Vohidov

Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:22:09

Nido (Bag'ishlov)

Hayqiraman,
Tog'lar bag'ridan
Gumburlagan sado keladi.
Ona-Yerning otash qa'ridan
"O'g'lim!" degan nido keladi.
"O'g'lim!"
Vujudimni chulg'ar alanga,
Bo'g'zimga tiqilar hayajon.
— Mana, men o'g'lingiz,
Dardli olamga
Sizdan tanho yodgor,
So'ylang otajon!
So'ylang, bir daqiqa quloq solayin,
Ovozingiz tinglab to'yolmaganman.
Bir marta yo'qotib topolmaganman,
Xayolimda qayta tiklab olayin.
Otajon!
Men axir qutlug' bu so'zni
Yigirma yil olmadim tilga,
Yigirma yil saqladim dilda.
Armonli o'g'lingiz tinglaydi sizni,
So'ylang, eshitaman.
Vujudim tilka,
Yuragimni yoqar o'tli iztirob,
Ammo yuragimda bir tomchi yosh yo'q.
Bag'rim o'yib,
Bu kun menga bermoqda azob
Sizning ko'ksingizni teshgan qora o'q.
Silqib oqayotir ko'kragimda qon,
Qalbim o'rtamoqda so'ngsiz armonim...
Yurak qonim bilan bitgan dostonim
Sizga bag'ishladim,
Otajon!

***

Xayolning tumanli pardasi aro
Yillar ko'z o'ngimda charx urayotir.
Qishloq ko'chasidan zanjiday qaro
Olov bolaligim yugurayotir.
Dunyo qayg'usiga bo'lmagan oshno,
Qah-qah urayotir,
Barq urayotir.
Bilmas, boshi uzra bulutli samo
Chaqmoq chaqayotir,
Guldurayotir.
Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo
Qasos so'rayotir,
Bong urayotir...

Qadamlar,
Qadamlar,
Og'ir qadamlar...
Etiklar zarbidan titraydi tuproq.
Qayerga ketmoqda shuncha odamlar?
Nahotki, yo'llari shunchalar yiroq!
— Ana, ko'ryapsanmi?
Mening dadamlar!
Dada!!!
Ovozim hech chiqmaydi biroq.
Yuguraman — ortga ketar qadamlar,
Yig'layman — ko'zimga kelmaydi namlar,
Murg'ak vujudimda faqat zo'r titroq!
Bo'g'zimda alamlar,
Achchiq alamlar,
Yo'lning o'rtasida turibman.
Shu choq —
Poyezd qichqiradi,
To'xtang, odamlar!
Qayga ketmoqdasiz?
Qani dadamlar?!
Tepamda yonadi zangori chiroq...

Cho'chib uyg'onaman,
Onam qoshimda.
Mehribon qo'llari
Otash boshimda:
— Nega yig'layapsan,
Yolg'izim, qo'zim?
Tun uzoq, uxlay qol,
Ko'zlaringni yum.
Orom ol, men senga
Allalar aytay.
Tongda peshonangdan
O'pib uyg'otay.
Ana, derazangga
Qo'nibdi hilol.
Boshingga egilib
So'rmoqchi savol.
Sening kiprigingga
Sochmoq bo'lib zar,
Hilol tegrasida
O'ynar yulduzlar.
Men sening baxtingman
Deganday go'yo
Imlab chorlamoqda
Yoqut surayyo.
Senikidir bular,
Seniki bari.
Seniki osmonning
Zar qandillari.
Somonchining yo'li —
Sening yo'llaring,
Uzatsang Zuhroga,
Yetar qo'llaring
Ulg'ay bolajonim,
Ulg'aygin tezroq.
Sening yo'llaringga
Yulduzlar mushtoq.
Hozircha orom ol,
Yolg'izim, qo'zim.
Tun uzoq, uxlayqol,
Ko'zlaringni yum.

Olis sohillarda,
Ufqdan nari
Ol'im sochmoqdadir
Yov quzg'unlari.
O'lim sochmoqdadir
Elga beayov.
Shahar, qishloqlarni
Yutmoqda olov.
O'sha olis yurtda
Qon kechib hozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Ellarning erk degan
Sof tilagi deb,
Jahonning nurafshon
Kelajagi deb,
Ofat solmasin deb
Olamga qotil,
Otnag uzoq yurtda
Jang qilayotir.
Sen uchun, men uchun,
O'z uchun emas,
Faqat o'zbek va yo
Rus uchun emas,
Butun Yer — undagi
Bor avlod uchun,
Dunyoda eng qutlug'
E'tiqod uchun
Uzoq o'lkalarda
Qon kechib hozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Sen, uxla, yolg'izim.
Sen uxla, qo'zim,
Bir nafas orom ol,
Ko'zlaringni yum.

Bu kunlar albatta
O'tib ketadi.
Bashar jarohati
Bitib ketadi.
Ona-Yer qaytadan
Yasharar bir kun.
Olam nur qo'ynida
Yashnar lolagun.
Jangu jadallarga
Kelur intiho,
Bizning dunyo bo'lur
Urushsiz dunyo.
Bu kunlardan qolur
Faqat xotira.
Ammo xalq jafoni
Unutmas sira.
Bu kunlar ketar-u,
G'am, dog'i qolur.
Yuraklarga solgan
Firog'i qolur.
Avlod-avlodlarga
Zamon-zamonga
Abadiy, adabiy
Sabog'i qolur.
Sen ham unutmassan,
Yuragim, qo'zim.
Hozircha tinvh uxla,
Ko'zlaringni yum.

Vaqt kelar, ulg'ayib,
Odam bo'larsan.
Ilm olib sohibi
Olam bo'larsan.
Sen bizlar ko'rganni
Ko'rmagaysan hech,
G'urbat yo'llaridan
Yurmagaysan hech.
Olam to'la quyosh,
Qalbing to'la nur,
Oydin bir zamonda
Yashaysan masrur.

Bizlar ham o'tamiz
Vaqt kelib bir kun.
Sizlarga qoladi
Muqaddas zamin.
Siz uni avaylab
Kaftda tutasiz,
Sharaf yo'llaridan
Olib o'tasiz.
Otash alangaga
Tutmaysiz uni,
Dahshat ummoniga
Otmaysiz uni.
Zamin tegrasiga
Oltin kamalak
O'raydi yetti xil
Nurdan chambarak.
Siz uning bag'rini
Pora qilmaysiz,
Otalar hokini
Saqlab muborak.
Sen shunday davronda
Yashaysan qo'zim.
Hozircha orom ol,
Ko'zlaringni yum...

Boshimizda otashin falak,
Poyimizda otashin tuproq,
Qo'limizda yog'och kamalak,
Ostimizda yog'och arg'umoq,
Oppoq changdir egnu boshimiz,
Oppoq changdir ko'zu qoshimiz.
Ko'ru karmiz,
Beshdan oltiga
Endigina o'tgan yoshimiz,
Ko'cha-ko'yda ko'tarib suron
Yuguramiz sahardan to kech,
Olam uzra kezar zo'r bo'ron,
Biz bu haqda o'ylamaymiz hech.

"Urush-urush" o'yin bo'lsa bas,
Titratamiz ko'ku zaminni.
Kim o'ylabdi deysiz u nafas
Bu urushning rostakamini.
Burchaklardan bir-birimizni
Yog'och miltiq bilan otamiz,
Biz bilmaymiz:
Qay birimizning
O'qqa uchdi bu vaqt otamiz.
Ko'ksimizni ushlagancha
Yiqilamiz,
O'lgan bo'lamiz,
Biz dunyoda rostakam o'lim
Borligini qaydan bilamiz?!
Dahshat solib kezarkan u dam
Uzoqlarda jang guldurosi,
Bizning qishloq ko'chasida ham
Yangrar edi
Aksi sadosi.

***

Quyosh botar,
Oqshom cho'kar ko'cha-ko'yga,
Tarqalamiz uy-uygayu tepa to'yga,
Tun boshlanar,
Mengacharchoq bilinmaydi,
Kiprigimga uyqu sira ilinmaydi.
Murg'ak fikrim yetaklaydi xayollarga,
Onam qo'ynin to'ldiraman savollarga.
"Ayting, aya, mening dadam qahramonmi?
Tog'larni ham qulatguvchi pahlavonmi?
To'pponchasi bormi uning cho'ntagida?
Ordenlari juda ko'pmi ko'kragida?
Mening dadam samolyotda uchadimi?
Osmonlardan parashutda tushadimi?
O'tkir po'lat qilichini qo'lga olib,
Dushmanlarning yuragiga qo'rquv solib,
Katta jangga kiradimi yolg'iz o'zi?
Yelkasida yonadimi besh yulduzi?
Ayting, dadam meni yaxshi ko'radimi?
Kelganida toycha olib beradimi?
Ko'chalarda toychog'imni yetaklatib,
Qo'llarimdan ushlab olib yuradimi?
O'sha kunlar tezroqqina bo'la qolsin?
Ayting, dadam hayallamay kela qolsin".

44-yil
Sentyabr tongi otdi.
Meni cheksiz quvonch bilan baxt uyg'otdi.
Ko'k jildimda alifbe va bir burda non,
Birinchi bor qadam qo'ydim maktab tomon.
O'yinlardan anacha erta to'ygan edim,
Kitoblarga barvaqt havas qo'ygan edim.
Yod bilardim alifbening harflarini,
O'qir edim informbyuro xabarini.
Juman "œpochta" dadamdan xat keltirgan kun
Katta bayram yuz hij, yuz tutilib.
Takrorlardim yirtilguncha xat titilib.
Yayrar edim ma’nosini uqarkanman,
Dadam xatin o'qib savod chiqarganman.

Bu kun yana xat olganmiz,
Ajoyib xat,
Gospitaldan chiqqan emish sog'-salomat,
Boshidagi jarohati bitgan emish,
Hatto o'rni bilinmasdan ketgan emish.
Berlin tomon tushar endi yo'lim debdi.
Xat so'nggida yaxshi o'qi, o'g'lim, debdi.
Shu kun tunda uch chiziqli daftarimga,
Oro berib katta-katta harflarimga,
Xira chiroq yorug'ida ko'z ishqalab —
Dadamga xat yozmoq uchun surdim qalam:

"œDadajon!"
Men sizni juda sog'indim.
Sog'indim ikkala ko'zim bilan teng.
Kelib qolarmishsiz ertami-indin,
Ayam shunday dedi,
Rostmi shu, ayting?!
Dada,
U kun sizni tushimda ko'rdim.
Oq otda keldingiz,
So'radingiz suv.
Men buni ayamga gapirib berdim.
Dadang keladi, deb aytdi,
Rostmi shu?..

Rustamning akasi urushdan qaytdi,
Qo'ltiqtayog'i bor,
Bir oyog'i yo'q,
Rustam aytib berdi:
Ataka payti
Tizzasidan olib ketgan emish o'q"¦
Hol aka qaytgandi uyga to'satdan,
O'g'li, dadajon, deb chopib kelibdi.
Ota quchay desa desa qo'li yo'q ekan,
Tik turgan joyida yig'layveribdi.
Darsga kelmay qoldi
Tunov kun Tal’at,
Muallim urishsa turaverdi jim.
Dadasidan kelgan ekan qora xat.
Hammamiz yig'ladik,
Hatto muallim"¦
Dadajon!
Sizga o'q tegmasin hecham,
Men uchun ham tezroq qayting salomat,
Buvim aytgan,
Agar men tilak qilsam,
Tilagim bo'lardim doim ijobat.
Rost aytaman,
Sizni juda sog'indim,
Sog'indim ikkala ko'zim bilan teng,
Kelib qolasizmi, ertami-indin?
Kutaman,
Dadajon,
albatta keeling".

Hijron kechalari g'oyatda uzun,
Ayriliq yo'llari oils hihoyat.
Ko'chaga chiqaman yuz bora har kun,
Ko'zlarim nigoron,
Kelarmikan xat?
Tongda turganda ham,
Kun botganda ham,
Hatto kechalari qilolmay toqat,
Eshikka qarayman,
Chekaman alam.
Intizor bo'laman,
Kelarmikan xat?
Men qaydan bilibman,
Yo'l bosar ekan
Mening murg'ak xatim bekatma-bekat.

U yoqdan,
Xuddi u borar manzildan
Yo'lga chiqqan edi mash’um qora xat.

Qosh, ko'zlaring otangga o'xshar.
Deyishadi bilganlar doim.
So'ng xo'rsinib qo'shib qo'yishar:
O'xshamasin umring, iloyim.
Otam tutgan mash’alni ushlab,
O'shay o'ldan boraman men ham.
Mayli edi
Otamdek yashab,
To so'nggi dam
Unga o'xshasam.

Bobolarning hikmati
Hayotga yorug' yo'ldir.
Itang bolasi bo'lma,
Odam bolasi bo'l, der.
Bu so'zni ilk bor menga
O'rgatgan otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Qirq birinchi yillarning
Dahshati ko'z oldimda,
Go'dak edim, otamni
Kuzatgandim yonimda.
U ko'plar baxti uchun
Kirar ekan zo'r jangga
Onam boshimni silab,
O'xsha, degan otangga.
Mening mardlik maktabim
Jonfido otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Men otam bosib o'tgan
Qonli yo'lni o'tmasman.
Ammo shonli hayotni
Bir umr unutmasman.
Ona-Vatan ko'ksiga
Qalqon bo'lgan otamning,
Ko'plar baxti yo'lida
Qurbon bo'lgan otamning —
Aziz nomin qalbimda
Vijdonimdek saqladim.

Uning o'lmas ruhini
Shod etmoqlik maqsadim.
Umrimni fido etay
U jon bergan Vatanga.
El mendan rozi bo'lsin
O'xshabsan, deb otangga.

***

Quzg'unning qanotiday
Qaro edi o'sha tun.
Na milt etgan yulduz bor,
Na yilt etgan bir uchqun.
Kech kuz edi,
Tund kecha,
Yer-ko'k mungli, borliq g'ash,
Qor ezilib yog'ardi
Yomg'ir bilan aralash.
Sukunat.
Jang tin olar,
Faqat gohi gohida
Mushak uchib so'nadi
Dushman qarorgohida.
Yarim tun zulmatida
Tepalikni qoralab
To'rt soya emaklardi
Chakalakzor oralab.
Har zamon to'xta-to'xtab
Hordiq olishar edi,
Jim qolib sukunatga
Quloq solishar edi.
Mana, ular o'rmonning
Chekkasida o'tdilar
Va nihoyat daryoning
Sohiliga yetdilar.
To'xtadilar, bir nafas
Ko'z tikdilar yiroqqa.
Atrof jim,
Faqat daryo
Urilardi qirg'oqqa.
Sirli tun, butun borliq
Sehrlangan singari.
Shunday kecha to'rtovlon
Yo'l olmishlar qay sari?

Qay manzilga shoshishar
Shu sovuqda, shu namda?
Go'yo qor bor,
Yomg'ir bor,
Tun bor faqat olamda"¦
Avtomatlar bosh uzra
Ko'tarildi tug'simon.
Birin-ketin daryodan
Suzib ketdi to'rtovlon.
Jim, sharpasiz suzishar,
Yaqin qoldi qirg'oqqa,
Yot, notanish tovushlar
Eshitilar quloqqa.
Mana sohil — tik qirg'oq,
Atrof yalang,
Narida
Ikki dushman soqchisi
Ko'rinar tun bag'rida.
Bir-birovga tikildi
Bir so'z demay to'rt juft ko'z.
Shu qarashning o'zida
Aytilgandi barcha so'z.
Tek qotdilar. Komandir
Imo qildi nohoyat,
Tun bag'riga emaklab
Kirib ketdi to'rt soya.

Nogahon o'q otildi,
O't chaqnadi ketma-ket.
Dushman sezdi,
Razvedka
Jangga kirdi betma-bet.
Granata portladi,
Tilga kirdi avtomat.
Bir yonda butun bir polk,
Bir yonda to'rtta soldat.
Ikki yondan o'q yog'ar,
Olov yog'ar beshafqat,
Bir tomonda tahlika,
Bir tomonda jasorat.
O'rtada tekis kenglik,
O'rtada quyuq zulmat.
Bir tomonda yovuzlik,
Bir tomonda adolat.
Qancha davom etdi jang
Bilar faqat qaro tun,
Bilar faqat tepalik,
Ammo bular lol va gung.

Tongga yaqin qor tindi,
Asta yorishdi osmon.
Tepalikka ilk nurin
Sochdi xurshidi jahon.
Bunda yerni quchgancha
Toshlarga qo'yib boshin,
To'rt o'g'lon tinch uxlardi
Ko'kragida qo'rg'oshin.
Tungi og'ir jangdan so'ng
Go'yo tin olar bari.
Ona bag'rida yotgan
Ma’sum go'dak singari.
Shu tong sabo yig'ladi
Boshin urib qirg'oqqa.
Oq, momiq bulutlarning
Bag'ri chok-chok so'kildi.
Shu tong oftob nurlari
Ko'z yosh bo'lib to'kildi.
O'rmonlar shovillagan
Olis yurtda hali ham
Nomsiz tepalik uzra
Uxlab yotibdi otam.

***

Tengdoshim,
Asrdosh birodar!
Kel, bir on jim o'yga cho'maylik.
Bu yerda yotibdi fidolar.
Kel, uni gullarga ko'maylik.

Bu yerda baxt bo'lsin,nur bo'lsin,
Bo'lmasin qora tun zulmati.
Bu yerda yuraklar hur bo'lsin.
Qaytmasin u kunlar dahshati.

Tengdoshim,
asrdosh birodar!
Uyg'oq b'ol, hushyor boq olamga.
Bu yerni quchmasin alanga,
Qabrida tinch yotsin fidolar.

Eshit, ingrayapti Ona-Yer
Qo'ltiqtayoqlaring zahmidan.
Bu tuproq yuragi poradir
Atom zontlarining vahmidan.

Eshit, chorlayapti Ona-Yer,
Ko'ksida olovli oh-faryod.
Asrdosh birodar, qo'lni ber,
Kel, Yerga qilaylik qasamyod:

Bo'lurmiz gal kelsa har birimizga
Tinchlik janggohining fidosi.
Bu senga bu menga, bu bizga
Yigirmanchi asr nidosi.

Yiroqlarda qoldi uqubatli yillar,
Yer ostida yotar topganlar zavol.
Qolganlar umrning sarhisobin qilar,
Soch oqiga boqib surarlar xayol.

Yillar o'tdi-ketdi dovulini qoqib.
Tuproqqa berildi ne-ne aziz jon.
Bizlar xayollarning to'lqinida oqib,
U kunlar haqida to'qiymiz doston.

Ammo o'lganlarga she’r, doston ne naf,
Ne foyda yig'lashdan qalb dardin aytib.
Ming yil shon o'qisak, ming yil aytsak sharaf,
Ketganlar dunyoga kelmaydi qaytib.

Nega egilmasin odam ketsa odam,
Ustunga zo'r kelar qulasa ustun.
Bu tashvishli dunyo, sermashaqqat olam
Bizning yelkamizda qoldi-ku, do'stim!

Uni bo'ronlardan, quyoshli yo'llardan
Nurli istiqbolga olib o'tamiz.
Biz uni olganmiz tabarruk qo'llardan,
Tabarruk qo'llarga eltib tutamiz.

Avlodlar uchun ham qutlug' bo'lar albat
Yer uzra to'kilgan ko'z yosh, qon va ter.
Bepoyon kenglikda charx uradi abad
Ulkan yurak shaklidagi Yer...

E.Vohidov

Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:23:18

Shoir bo’ldik sendan ayrilib


1

O’, telba yuragim, tentak yuragim,
Sinfdosh go’zalga ermak yuragim.
Sen istab, men majbur kirgan bu bog’dan,
Nasib etmadi gul termak, yuragim.

Gul deb tutganimiz tikonlar bo’ldi,
She’r deb aytganimiz fig’onlar bo’ldi.
Birov dalli dedi, birov devona,
Aqli butligimiz gumonlar bo’ldi.

Tilim yetgan joyga qo’lim yetmadi,
Dunyo yetdi menga, gulim yetmadi.
O’, telbam, tentagim, oshiq yuragim,
Kutdik, hatto bizga o’lim yetmadi.

2

Men ham yigit dedim, men ham mard dedim,
Yuragim, ko’zingni darrov art, dedim.
Bizning qadrimizga yetmadi bu qiz,
Shaharga ketamiz, endi hayt, dedim.

Hali izlab borar ortimizdan u,
Shaharda tentirab ovora bo’lsin.
Kim ko’zga ilardi, qishloqi qizni,
Undan-da go’zallar borligin bilsin.

Qirq yonda qirq pari ikkovimizni,
Qo’ltiqlab yurganin yig’lab kuzatsin.
Jahldor otasi uni bizgamas,
O’zidek to’pori erga uzatsin.

O’, hali ko’rasan ikkovimizni,
Izimizni ko’zga surtadi bu qiz.
Qozondagi oshi, chovgumda choyi,
Yegani, ichgani bo’ladi afsus...

3

O’n yil o’tdi, hali unutmadingmi?
Buncha ham yig’loqi bo’lding, yuragim!
Uning ko’-o’-o’p farzandi, mening o’g’lim bor,
Baribir har sahar uni so’rading.

To’g’ri, aytganchalik mashur bo’lmadik,
Qizlar qaramadi, hatto qayrilib.
Topgan-tutganimiz o’zimizniki,
Faqat shoir bo’ldik, undan ayrilib...

4

Bugun u bizlarga peshvoz chiqadi,
O’, bechora yurak, bardam bo’l endi.
Ko’ziga o’zingni baxtlidek ko’rsat,
Bir kun yig’lamagin, bir kun kul endi.

O’zingni shundayin beparvo tutki,
"œSiz kimsiz, biz sizni tanimadik", de.
"œHamma sinfdoshlar yodimizda bor,
Biz sizni sinfdosh sanamadik", de.

Yozgan she’rlarimiz sizga emas, yo’q,
Boshqa go’zallarga atalgan, deb ayt.
Xotirdan chiqibsiz, uning yo’liga,
Ulkan muz tog’lari qadalgan, deb ayt.

Biz o’n yil yig’ladik, u ham bir marta,
Yig’lasa yig’labdi, devona bo’lib.
Faqat bir kun chida. Keyin... mayliga —
Ikkimiz yig’laymiz shaharga kelib.

Islom Hamro

Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:23:39

Seni sevmay qo'ydim
Seni sevmay qo'ydim, rosti gap,
Eslamay ham qo'ydim, ko'p bo'ldi.
Garchi quvonchlardan mahrumdir dilim,
Garchi hijron uni boshpana qildi.

Garchi eslamadim seni bir lahza,
Garchi jilovladim tuyg'ularimni.
Faqat yuragimda mening ismimsiz,
Yashayverding boqib qayg'ularimni.

Garchi men hammadan seni yashirdim,
Yengib yashayoldim o'zimni-o'zim.
Faqat... Men barini inkor etaman.
Faqat... Fosh etadi sevgimni ko'zim.

Garchi takrorlayman, "Sevmayman seni,
Yodlamay ham qo'ydim, gapning rosti shu."
Faqat... Kulgularim sen bilan ketdi.
Faqat... Qoldi menda muzlagan tuyg'u.


I.Hamro

Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:24:12

Qadrimga yetmadi bir suluv
Qadrimga yetmadi bir suluv,
Men seni qadringga yetmadim.
Ko'nglimdan ketmadi bir suluv,
Men seni ko'nglingdan ketmadim.

Yostig'im ko'zyoshdan bezillar,
Eslasam... Og'riydi qovurg'am.
Sen bilding... Men bildim... Umrimni -
Hijron shamoliga sovurdim.

Endi tosh tinglaydi dardimni,
Bag'ritosh eshitmas... Eshitmas!
Sen-u men... Qo'y endi baribir,
Ruhim yarador qush, yarasi bitmas...

I.Hamro

Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:24:36

Sarkashim
Sarkashim! O', mening sevgilim!
Dunyodan toq o'tib bilmadim.
Dardimni na otam, na onam,
Na-da, sen... Bilmading, bilmading.

Endi men uylansam, gunohi,
Tutgaydir seni ham, meni ham.
Muhabbat haqqini so'raydi,
Hattoki, qiyomat kuni ham.


I.Hamro

Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:25:14

Otamning deganlari
Bolam, endi muhabbatni qo'y,
Yozaverma bahorni, gulni.
Shoir bo'lsang, avval yerni suy,
Yozar bo'lsang, uyg'otgin elni.

Dengizing ko'l, tuprog'ing og'u,
Senchi, maqtayapsan o'lik bulbulni.
Agar bo'lolmasa xalqingga madad,
Sug'urib tashlagin bog'zingdan tilni.

Bolam, yozar bo'lsang, haqiqatni yoz,
Qo'rqmasdan ochaver endi ko'ngilni.
Bardosh berolmasa, kul bo'sin qog'oz,
Elni uyg'otmoqqa cho'z endi qo'lni.

Bolam, safsatani bir chetga qo'ygin,
Yetar ta'rif qilmoq sochi sunbulni.
Endi "elim" degin, "tilim" deb yozgin,
Bo'lmasa oq qilgum sendek o'g'ilni!


I.Hamro

Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:26:13

Qutidagi xat
Tun og'di.
Bu yerda baribir.
Sarmast chayqaladi davralar.
Yodimga tushar-u, huv olis -
Qishlog'im, bo'gzimga tosh qalar.

Qadahdan oltinrang sharobning,
Toshishi zavq bermay qo'yadi.
Ul olis qishloqning go'zali,
Shaharlik shoirni suyadi.

Uzun tun yig'laydi, qo'yadi,
Hech kimga aytolmas dardini.
Yuragim... Bunchalar kuyadi,
Bu o'shal suluvning yodimi?

Pinjimga tiqilar bilmayman,
Davradosh bu qizning otini.
Balki...
Kim biladi...
Bilmayman -
Bu ham bir bebaxtning xotini...

Ertalab qutidan olaman,
Qishloqlik suluvning xatini -
"Qishloq ham unutdi, uni unutgan,
Shaharlik shoirning otini!.."

I.Hamro

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Noyabr 2007, 10:17:47

Mening o'jar boshim
Mening o'jar boshim,
Mag'rur boshimda,
Har kuni yuz qilich sinadi, ota!
Egilay deyman-u, bu bosh bo'ysunmas,
Yana uzilib ham tushmas joyidan.

Ba'zida do'stlarim, ba'zan "katta"miz,
Xususan darg'azab muxoliflarim.
Ba'zida pichirlab, ba'zan baralla -
"Bu o'jar bolani,
Mag'rur bolani
Boltalamoq kerak, -derlar, poyidan!"

Na boshim kesilar,
Uzilmas poyim.
Bu qanday sinoat, aytgin, otajon?
"Bolam, unutmagil, sening zuvalang,
Olingandir O'JAR
O'ZBEK LOYIDAN!"


I.Hamro

Qayd etilgan


Muhammad Amin  26 Noyabr 2007, 10:18:23

"So'z" dostonidan

*****

Men ham bir bolaman, o'zbaki, sodda,
Huv olis qishloqda nomim ko'p ulug'.
Unda shotutlar ham, shoteraklar ham,
Har bitta she'rimni qiladi qutlug'.

Unda paxtazorlar, bedazorlar ham,
Hatto yulg'un bosgan biyday dalalar.
"Bizdan shoir chiqqan, Toshkanda", deydi,
Eshakka teskari mingan bolalar.

Unda ariqchada jildiragan suv,
Hatto chaqirtikan, yantoqlar do'stim.
Men-chi? Bu shaharda ulg'aydim... Faqat -
So'zni aytib emas, So'zni yeb o'sdim.

Unda ketmoniga aytsa-da dardin,
Otam g'oz yuradi, yo'limni poylab.
Onam o'z-o'ziga so'zlanib qo'yar -
"Ishi juda ko'p-da, kelmaydi oylab".

Unda tuproqko'cha, meni sog'ingan -
Singlimning poyiga bosh urar har kun.
"Hech bo'lmasa meni eslamaydimi?"
To'qson yoshli momom, pichirlar horg'in...

Bunda men qishloqi, o'zbaki shoir,
Bir So'zni aytolmay, yutolmay halak.
Kunduz bo'yinbog'lik mag'rur qiyofa,
Tunlar to tonggacha yig'lab chiqaman -
"Nega shoir qilib yaratding falak?.."



*****

Sizga ham gal kelar, hali ko'p shoshmang,
Bu charh tegirmoni ko'plarni yutgan.
Yarim yerni olib, dunyoni olib,
Necha nomdor shoh-u, amirlar o'tgan.

Asli biz talashgan dunyo nimadir?
Siz So'zni sotasiz, men So'z yutaman.
Qo'rqmang, shoir degan yorliq sizniki,
Shu shahar ham sizga mendan esdalik.
Men hujjatsiz shoir bo'lib bir kuni -
Baribir qishloqqa qaytib ketaman.



*****

Endi hayqirmoqning payti ham o'tdi,
Davri o'tdi yaltur-yultur she'rlarning.
Baytlarini ko'zga surtmoqlik kerak,
Ahmad Yassaviydek pirlarning.

Endi paxta o'qlar otmoqlik nechun,
Shundoq ham Azroil bir-bir otadir.
To'rt oyoqlik hamma mingan cho'bir ot,
Gali bilan menga, sizga yetadir.

Endi Navoiyni bir yig'lab o'qing,
Besh yuz yil narisi bo'zlar "Munojot".
Siz meni kechiring, men esa sizni,
Axir hammamizga yetar cho'bir ot.

Xo'p, deysiz. Baribir yuragingizni -
Bir qurt kemiradi, uxlayolmaysiz.
Chunki siz she'r o'qib, hali-ku birov -
Hattoki o'zingiz yig'layolmaysiz...


I.Hamro

Qayd etilgan