Navro'zguli
Navro'zguli, boychechagim, bormisan,
Men senga zor, sen menga ham zormisan?
Muz ichida asradim men ko'nglimni,
Sen o'zingni asrab, baxtiyormisan?
Omonliqsan, to'tiyosan ko'zlarga,
Sevgi maktubisan ma'sum qizlarga.
Suykalasan dudoqlarga, yuzlarga,
Bitta o'zing bir butun gulzormisan?
Ninachining qanotidek barging bor,
Asal va sut bo'yi kelar atring bor.
Qadrim bilib yo'qladingmi, qadring bor,
Yolg'izginam, yolg'izlarga yormisan?
Ay, ko'ngilni qitiqlagan erka gul!
Ay, olamni ko'mgan orzu-sirga, gul!
Qayga desang, men ketarman birga, gul!
Sen ham mendek dardga xaridormisan?
Oy ham kulcha ko'rinarmish ochlarga,
Bulut ko'rpa bo'lib zor-muhtojlarga.
Tashna dilu ruhi yalang'ochlarga -
Birdek tansiqmisan, madadkormisan?
Jonim gulim, o'tinaman, so'lmay tur,
Dunyo yashnaganda hazon bo'lmay tur.
Meni yetim qilma, ketma, o'lmay tur,
Sen ham mendek dunyodan bezormisan?
Iqbol Mirzo