O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326200 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 54 B


Muhammad Amin  27 Sentyabr 2007, 19:58:47

 SUVPARI

Seni hech kim sevolmaydi meningdek:
Vaslingga zor bu oshiqlar, ehtimol,
Poyingga tiz cho'kib yig'lar, ehtimol,
Lekin sodiq bo'lolmaydi meningdek!..

Aldanma yor, aldamchilar makriga,
Malak bo'lma bevafo ishq shahriga,
Ular seni bir bossa bas bag'riga,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Yo'ling kesib o'tsam - o'zim xijolat,
Uzoqdan bir seni ko'rsam kifoyat,
Bir nigohing o'zi menga inoyat,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Joningga jon bo'lmayman-u, sevaman,
Yoningga bir kelmayman-u, sevaman,
Ismingni ham bilmayman-u, sevaman,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.

Sen ko'kdagi harir ko'ylak, hur-pari,
Ko'k ko'ldagi tinib qolgan suvpari.
Muhammadning ko'nglidagi dilbari,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek

Qayd etilgan


Muhammad Amin  27 Sentyabr 2007, 19:59:21

Onam


Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam,
Har baloni ko'rgan yorug' dunyoda,
Toshkanni ko'rmagan bechora onam.
Bolang bo'lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o'g'il bo'ldimmi?..

Garchi bisotingda "bayram" so'zi yo'q,
Bilaman, kutasan sandal to'la cho'g',
Menda yurak deganlarin o'zi yo'q...
Men sovg'a bermagan qiz yo'q bu oqshom,
Senga-chi? Na bir xat, na shirin kalom,
Endi men ham o'g'il bo'ldimmi, onam!..

Deysan: "Olislarda omon bo'lsang bas,
Goh yodingga tushsam yo'qlab kelsang bas,
Bolam senga hamma qiladi havas...".
Mening dardim axir, she'r emas faqat,
Men mashhur shoirmas - mashhur beshavqat!...
Endi men ham senga o'g'ilmanmi, ayt.

Sog'inib bayt bitdim, u seni topsin,
Poyingga tiz cho'kib qo'lingdan o'psin,
She'rdan ham ulug'in borligin ko'rsin,
Borib men uchun ham holingni so'rsin,
Sensiz g'arib ko'nglim ko'ngilmi, onam,
Endi men ham senga o'g'ilmi, onam?...


Qayd etilgan


Muhammad Amin  27 Sentyabr 2007, 19:59:54

ONAMGA XAT

Men sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmayman,
Tunlari charog'on shunday shaharda,
Hech kimga ko'nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O'z do'stim uyiga ko'mildi sevgim,
Kun bo'lib ko'ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o'tgani ko'kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men - zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman...

Mana, ketayapman tosh yo'lda ko'zim,
Qadamim moshinlar yo'rg'asiga mos.
Yig'lasam yupatib o'zimni o'zim,
Pishqirib qo'yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmasdan.
Tunlari charog'on shunday shaharda
Hech kimga ko'nglimni yora olmasman...

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib.
Baxtimga hamisha Siz sog' bo'ling deb,
Sog'ingan o'g'lingiz - Muhammad Yusuf.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  27 Sentyabr 2007, 20:02:29

--------------------------------------------------------------------------------
O'lan
To'ylarni hammadan ham,
Oy qizlar xush ko'rarmish.
Bitta qiz erga tegsa,
Qirqta qiz tush ko'rarmish.

To'yhovlida kuy tinib,
So'nganida olovlar.
Qirq suluvni yig'latib,
Ketar ekan kuyovlar.

Singillarim yig'lamang,
Yig'lasangiz xafaman.
Sharqni kezib sizlarga,
O'zim kuyov topaman.

Oq tilaklar bor bo'lsa,
Omon bo'lsa umidlar,
Izingizga zor bo'lar,
Muhammaddek yigitlar.


--------------------------------------------------------------------------------

***

Tunda she'r aytishdik kapalak bilan,
Yalpizni alqadim,
Gulni alqadim.
Yonimga sudralib kelib bir ilon
Ko'zoynak ostidan boqdi.
Payqadim.

Quvdi yolg'iz o'shal hamxonamni u.
Quvdi parilarni quvgan kabi dev.
Hurkitib yuborib parvonamni u
Bo'ynimga o'ralib oldi:
Meni sev!..

Chimzor.
Chimildiqda sovuq yor quchdim.
Po'stin gilam qilib mehrobga qoqdim.
Ko'zimni chirt yumib,
Kechalari jim
Men uni o'pganda —
U meni chaqdi.
Chaqdi.
Chaqaverdi zahri so'nguncha.
Chaqdi goh bilagim,
Goh yuragimni.
U qancha chaqsa men tirildim shuncha.

Shuncha eslayverdim kapalagimni!..
O'tmishni unutdim bir tushda go'yo,
O'shal chimzordagi koshonamni ham.
Ilon malikadan qutuldim,
Ammo,
Endi topolmasman parvonamni ham.


--------------------------------------------------------------------------------

***

Qalbing qizil gulxani so'ldi,
Kultepada qolmadi bir cho'g',
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...

Endi menga ikki dunyo bir,
Sig'mam na yer, na osmoniga.
Tomga chiqib ketarman endi,
Men ham qizg'aldoqlar yoniga.

Hey, yulduzlar yurtida chaman,
Bulutman deb yurgan tutunlar
Ko'ksim yonib ketmoqda yomon.
Mendan nariroqdan o'tinglar!

Qalbda sevgi gulshani so'ldi,
Qoldi faqat lovullagan cho'g'.
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...

Kel yuragim, bag'rimni o'yib,
Sevgimni suvlarga otamiz.
Maysalarga boshimni qo'yib,
Kapalak yopinib yotamiz.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  27 Sentyabr 2007, 20:03:19

Erka kiyik

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam,
Majnun bo'lib sahrolarga etalasam,
Bu dunyoda birday g'arib men ham, sen ham,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Sening ko'zing qora, mening ko'zim qora,
Sening bag'ring yara, mening bag'rim yara,
Bu dunyoda sen bechora, men bechora!..
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Shamol emas, izing quvib yurdi kamon,
Sayyod mening kulbamni ham qildi vayron.
Sening joning , mening jonim — omonat jon,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Kel, yig'laymiz birgalashib yantoqlarga,
Sahrolarda qurimagan buloqlarga,
Ikkalamiz yaralganmiz qiynoqlarga,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Umrimizning barcha yo'li, so'qmog'i cho'g',
Cho'g'dan qo'rqma, beyuz qo'ygan qopqondan qo'rq.
Bu dunyoda senga do'st yo'q, menga do'st yo'q,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Soch oqardi, dildosh kutib ko'zim toldi,
Yuragimdan to'kilmay ne so'z qoldi,
Yo'l so'ngida, hech bo'lmasa o'lim oldi,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..


Qayd etilgan


Muhammad Amin  27 Sentyabr 2007, 20:03:53

Xavotir

Qo'rqaman, ertaga men o'lib ketsam,
Yotar bo'lsa qumga botib yuzlarim,
Ko'nglimni ko'chkidan bosadi bir g'am —
Yig'lashni ham bilmas mening qizlarim...

Eng yaqin do'stlarim g'iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku ne qilsa o'zlari bilar.
Yig'lashni bilmaydi mening qizlarim.

Shoir o'lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhiyaboz hozir suvarakdan ko'p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to'kilar to'p-to'p...

Tildan qolsam ko'zda qotib yoshlarim,
Ko'nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig'lashni ham bilmas meni qizlarim.

Ular yosh. O'limdan qo'rqaman yomon,
Chunki dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustidan yig'lasin debon,
Qizlarim ko'z yoshin asray olmadim!


--------------------------------------------------------------------------------

Kumush

Marg'ilonda Kumushni ko'rdim,
Ko'ziga yosh olib turibdi.
Sochlarini maydalab o'rib,
Otabekni kutib yuribdi.

Tongda turib qalam qoshiga
O'sma qo'ygan ekan quribdi,
Ko'zdan oqqan achchiq yoshlari
O'smasini yuvib turibdi...

Meni bir o'y qiynaydi yomon,
Yurak yana o'ynadi yomon.
Toshkentga qiz berma Marg'ilon,
Qodiriy yo'q, Zaynablar omon!


Qayd etilgan


Muhammad Amin  27 Sentyabr 2007, 20:04:26

Orzu

Tug'ilmasdan oldin men
Chqib arshi a'loga,
Oyni o'pib, qoldim men
Yulduzlardan baloga.

Tug'ilgandan to shu dam,
Qo'msab kecha-kunduzlar.
Oy qani deb yig'lasam,
G'iybat qilar yulduzlar...

Hiqqillama, der yurak,
Dunyo bilan ishim yo'q.
Bo'lsa menga Oy kerak.
Yulduzlarga hushim yo'q!


--------------------------------------------------------------------------------

***

Bisotimni bog'da bir halol,
Kapalakka almashaman men.
Hayotimni ko'kdagi zilol,
Kamalakka almashaman men.

Yog'dularga ko'milgan shahar
Betonlari biqinni chaqar.
Uyim qasr bo'lsa ham agar,
Guvalakka almashaman men.

Shoirlikni suymaydi jinim,
Menga havas qilmagin inim.
Shuhratimni totli bir tilim,
Handalakka almashaman men.

Qo'shiqlarim bo'lib ovoza,
Yurtda mashhur emishman toza!..
Barcha yozgan she'rim bir kosa
Sumalakka almashaman men.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  29 Sentyabr 2007, 19:04:29

 Erkin Vohidov
O'zbegim


Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon o'zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o'zbegim.

So'ylasin Afrosiyobu
So'ylasin O'rxun xati,
Ko'hna tarix shodasida
Bitta marjon, o'zbegim.

Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Farob avlodidan,
Asli nasli balki O'zluq,
Balki Tarxon, o'zbegim.

O'tdilar sho'rlik boshingdan
O'ynatib shamshirlarin
Necha qon, necha sulton,
Necha ming xon, o'zbegim.

Tog'laring tegrangda go'yo
Bo'g'ma ajdar bo'ldi-yu,
Ikki daryo - ikki chashming,
Chashmi giryon, o'zbegim.

Qaysari Rum nayzasidan
Bag'rida dog' uzra dog',
Chingizu Botu tig'iga
Ko'ksi qalqon, o'zbegim.

Yog'di to'rt yondin asrlar
Boshingga tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o'zbegim.

Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen - Muqanna, sarbador - sen,
Erksevar qon, o'zbegim.

Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o'zbegim.

Ma'rifatning shulasiga
Tolpinib zulmat aro,
Ko'zlaringdan oqdi tunlar
Kavkabiston, o'zbegim.

Tuzdiyu Mirzo Ulug'bek
Ko'ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk -
Qo'ydi Narvon, o'zbegim.

Mir Alisher na'rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She'riyat mulkida bo'ldi
Shohu sulton, o'zbegim.

Ilmu she'rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O'z elida chekdi g'urbat,
Zoru nolon, o'zbegim.

Mirzo Bobur - sen, fig'oning
Soldi olam uzra o't,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug'yon, o'zbegim.

She'riyatning gulshanida
So'ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko'z yosh,
Ko'mdi armon, o'zbegim.

Yig'ladi furqatda Furqat
Ham muqimlikda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afg'on
Qildi afg'on, o'zbegim.

Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o'zbegim.

Ortda qoldi qo'hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o'zbegim.

Bo'ldi osmoning charog'on
Tole xurshidi bilan,
Bo'ldi asriy tiyra shoming
Shu'laafshon, o'zbegim.

Men Vatanni bog' deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko'z deb aytsam,
Bitta mujgon o'zbegim.

Faxr etarman, ona xalqim,
Ko'kragimni tog' qilib,
Ko'kragida tog' ko'targan
Tanti dehqon, o'zbegim.

O'zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O'zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o'zbegim.

Men buyuk yurt o'g'lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo'lsam
Sodiq o'g'lon, o'zbegim.

Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko'ksim osmon, o'zbegim.

Qayga bormay, boshda do'ppim,
Shuhratim, qadrim buyuk,
Olam uzra nomi ketgan
O'zbekiston, o'zbegim.

Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o'g'lingman, qabul et,
O'zbegim, jon o'zbegim.

 
 

 

Qayd etilgan


Muhammad Amin  29 Sentyabr 2007, 19:04:42

Sevgi

Sevgi shunday navbahorki,
U tikandin gul qilur,
Toshga jonu til bag'ishlab,
Zog'ni ham bulbul qilur,

Sevgi shunday dard erurki,
Barcha bo'lg'ay mubtalo,
Mubtaloni neki qilsa
Telba bu ko'ngil qilur.

Sevgi shunday tangridirki,
Unga tengdur shoh, gado,
Qulni aylab shohu sulton,
Shohni bo'lsa qul qilur.

Sevgi shunday bir olovki,
Jonga undan yo'q omon,
Gulxanida o'rtab-o'rtab,
Bir kun oxir kul qilur.

Sevginingdir hukmi mutlaq,
Istasa shaydolarin
Chashmi giryonidan ummon,
Ohidan dovul qilur.

Sevgiga she'r bitding, Erkin,
Besabab ermaski, ishq -
Aylagach ko'ngulni ishg'ol,
She'r ila mashg'ul qilur.


Qayd etilgan


Muhammad Amin  29 Sentyabr 2007, 19:04:55

O'rtada begona yo'q

Ko'yida men tosh boshimni
Urmagan ostona yo'q,
Elda bor shunday masal:
Jon chekmasang jonona yo'q.

Sevgi vodiysida menga
Teng bo;lolgay qaysi Qays!
Ko'nglim ochsam, ikki dunyo
Bu kabi afsona yo'q.

Shahr ichida holatimdan
Kulmagan bir oqilu
Xilvat ichra menga ulfat -
Bo'lmagan devona yo'q.

Ne ajabkim, mast bo'libman
Ko'zlaringga termilib,
Yetti iqlimda bu yanglig'
May yo'gu mayxona yo'q.

Ishq g'amin aytsam qalamga
Ich-etin kuydirdi ul,
Sevgidek o't yo'q jahonda,
Men kabi so'zona yo'q.

Oq qog'ozim, senga Erkin
Ochdi pinhon ishqini,
Sen boru men bor, qalam bor


Qayd etilgan