O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326472 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 54 B


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:36:44

Ingichkajon

Bu daryoning ikki yoni yo'ng'ichqadir,
Ingichkajon, yurar yo'ling ingichkadir.
Bu savdoning taronasi ming yilchadir,
Bu daryodan qandoq o'tay ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

Qaldirg'ochlar qanotida uchganmiding?
Bellaringno tolxivich-la eshganmiding?
Kiyiklarning ko'zlaridan tushganmiding?
Bellaringga qandoq yetay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

Bu dunyoning bor armonin yod olaymi?
Seni qo'yib, ingichkajon, yot olaymi?
Oyoqlari ingichka bir ot olaymi?
Seni qandoq olib ketay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

Ingichkajon, bir kun gullar yo'ng'ichqalar,
Meni oxir o'lirgusi ingichkalar.
Do'stu yorim doston qilar ming yilchalar,
Bu dunyodan qandoq o'tay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

1995

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:37:07

Sizga

Hovlingizdan sharqiragan soy o'tsa,
Yelkangizdan quyosh o'tsa, oy o'tsa.
Qoshlaringiz mangu kamon yoy o'tsa
Sarv yanglig' adil qolsa bo'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?

Bor yulduzlar sizga xizmat qilsalar,
Ummonlar ham siz deb qurib, to'lsalar,
Gullar sizdan rangu ifor olsalar,
Chaman bo'lsa yurgan ko'cha-ko'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?

Sevinch birlan ochilsalar eshiklar,
Uyingizni tor aylasa beshiklar,
Yangrasalar armon bo'lgan qo'shiqlar,
Qiqirlasa ko'rgan qizu o'g'lingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?

Yellar qaro zulfingizni qulf etib,
Yelib tursa husningizni mulk etib,
Saodatu malohatni ko'rk etib,
Sarg'aymasa hargiz rangu ro'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz.

Do'stlar kelib ul kun bag'rim tilsalar,
Bo'g'zim yulib, andin bir nay qilsalar,
Hammalari qatorlashib chalsalar,
Ovozalar bo'lsa o'g'il to'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?

1993

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:37:48

"Tiko" mingan sanamlar

"Tiko" mingan sanamlar,
Husningiz rom etibdi.
Bir zum to'xtab qaranglar:
Bahor o'tib ketibdi.

Kiyikning xayoliday
Sho'xlik, qalamqoshlik ham.
"Tiko"ingiz shamoliday
O'tar ketar yoshlik ham!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:38:27

O'rganing

Bu dunyoda go'zal,jozib yashashni
Xushaxloqu xushsuvratdan o'rganing.
Har narsaga birdek nazar tashlashni
Quyosh sochgan muruvvatdan o'rganing.

Dilingizda nechun torlik, na sirdir?
Qarang, bahor qanday ajib taqdirdir.
Kesakka ham, toshlarga ham u birdir,
Bahor bergan hurriyatdan o'rganing.

Gapga chechan, ey oqila barnolar,
Ishq bog'ida ungan gulira'nolar,
Layli, Majnun o'tib ketgan sahrolar,
Ular yetgan sukunatdan o'rganing.

Besh oqshomlik shamol erur yoshlik ham,
Atirgulning yaproqlari nechun nam?
Nechuk davlat erur umr, nechuk g'am?
Umr ko'rgan purhikmatdan o'rganing.

Hayot esa goh tosh tutar, goh qirmoch,
Suygandan ham, kuygandan ham so'rar boj.
Shiftingizga kelgan bir juft qaldirg'och
Tortgan azob-uqubatdan o'rganing.

Baxtu tole tilay sizga Allohdan,
Yiroq yuring yomonlik ham gunohdan.
Sadoqatning ramzi Rasulullohdan
Meros bo'lgan muhabbatdan o'rganing.

2000

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:38:51

Sochlaringni maydalay

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir matalday.
Tush desang ayoni yo'q,
Xush desang poyoni yo'q.

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir masalday.
Bir boqsang bandalikdir,
Bir boqsang andalibdir.

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir maysaday.
Biz ko'zlari namlarmiz,
Maysada shabnamlarmiz.

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir g'azalday.
Bir baytida men xorman,
Bir baytida sen zorsan.

Bu dunyo bir matalday,
Majnunlari qaydalar?
Sochlaringni maydalab,
Mayli, men ham haydalay.

1992

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:39:11

Kulguli

Xayolimda qurilmagan qasrimga
Qumxayoldan devor qilsam kulgili.
Hali dilda yaralmagan satrimga
Qofiyani qator qilsam kulgili.

Tom boshiga olib chiqsam tandirni
Handalakka payvand qilsam anjirni.
Minib yalqov, uzunquloq xachirni
Ot poygada tulpor qilsam kulgili.

Odam Ato birlan Momo Havoni
Yaratdi ham berdi jabru jafoni.
O'n sakkiz yoshimda o'tgan xatoni
Qirq yoshimda takror qilsam kulgili.

O'chdim qancha yoronlarning yodidan,
Kechdim men ham qandidan, novvotidan.
Ko'nglim qolib ketsa odam zotidan,
Yana qayta do'st yor qilsam kulgili.

Yondi qancha sarviqomat shamlarim,
Mumday qotdi ko'zyoshlarim, g'amlarim.
O'tdi ketdi shirin damim, damlarim,
Yana shirin guftor qilsam kulgili.

Birovning to'n, birovning yo'q etigi,
Dunyo shudir doim bisyor kemtigi.
Xo'tigini g'ajib o'tar xo'tigi,
Men bu holni oshkor qilsam kulgili.

Nima qilay behalovat bu dilni?
Unutdi deb go'zal gulu sunbulni.
Uyqu bosgan, to'q va semiz bulbulni
Sherlar aytib bedor qilsam kulgili.

1997

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:39:31

Choponga hazil qasida

Mening qadrdonim, aziz choponim,
Boshimdan ne o'tdi-sen har dam bilding.
Ochiq qolganida o'ng yo chap yonim,
Yolg'iz tashlamading-do'st, hamdam bo'lding.

Sen mendan bir nafas tushmading ayro
Eng qiyin, eng tanho kechalarimda.
Gohi ko'rpam bo'lding, yostig'im goho,
Gohi sayr etding yalkalarimda.

Menga tole garchi bermadi ro'yxush
Yorlarim bilan ham tenglarim bilan.
Necha bor mehribon yenglaring bilan
Bo'ynimga osilib yig'lading xomush.

Kimga ko'ngil ochdim beboj, bexiroj,
Qo'ynidan tikon yo tosh chiqdi oxir.
O'zingdan qo'ymasin quchog'ingni och,
Dunyoda eng ochiq, beminnat beg'ir!

Bir kun bahor kelar oq va hofarmon,
O'z dilim tog'ida daryoday toshgum.
Shunda senga boqib shod ve bearmon,
Ustingdan bir quchoq boychechak sochgum.

Bu tunlar boshlanar oydin, sumanbo'y,
Ko'kdan ishva aylar Zuhro, Cho'lponim.
Dunyo turgunicha turgin, omon bo'l,
Do'sti qadrdonim, aziz choponim!

1999

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:55:36


 Shavkat Rahmon

 --------------------------------------------------------------------------------
Yovga ters qaragan musulmon emas!..
Xirgoyi...
Muhabbat chiroyli kapalak
Yorilgan harakat bayoni
Ovozim
Armon
Qarsak
Dastxat
Kel, yashirib qo'yayin...
Avj
Xiyonatlardan
Endi jim turasiz
Nodirajon, Shoirajon
Vatan
Qasam
Umr - Qumsoat
Tariqat
Yosh o'zbek shoirlariga
Bo'rilar
Bashorat
Lahza
Tuhmat
Bir ming bir yuz bir shoir
Girya
Sinov maydoni
Dushmanim ko'paydi
Xasta bulbulim
Farishtali
Yana savol
Qo'shiq
Bir xoin xususida
Qaytar dunyo
Shoir kechinmalari
Uchayotgan odam
Agar...
Katta kun
Hangoma
Orzuga ayb yo'q
G'amgin she'r
Qaysar bulbul
Iqror
Kuylamog'im shart
Giyoh
Qo'shimcha qo'riq

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:57:27

Yovga ters qaragan musulmon emas!..

Qilichin tashladi beklar nihoyat,
bosildi tulporlar,
tig'lar suroni,
urhoga o'rgangan tillarda oyat
Turkiylar tanida komil xudoni.

Qilichlar zangladi....
falokat hushyor,
turkiylar quvvatin berdi yerlarga.
Hiylagar do'stlarday yaqinlashdi yov
komillik qidirgan jasur erlarga.

Ilvasin yigitlar, bobur yigitlar
sajdaga bosh qo'ydi, yovga ters qarab,
g'ullarni kemirib yig'ladi itlar
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab...

Turkda bosh qolmadi...
qolmadi dovlar.
xotin-xalaj qoldi motam ko'tarib,
"bizga tik qarama" buyurdi yovlar,
yovlarga ters qarab yashadi bari.

Talandi samoviy tulpor uyuri,
talandi zarlari,
zeru-zabari,
ters qarab o'ling deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.
Lahadga kirdilar o'zlarin qarg'ab
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari,
Tug'ingiz dedi yov teskari qarab
yovlarga teskari tug'ildi bari

Tug'ildi,
tug'ildi,
tug'ildi qullar,
qirqida qirilgan, imdodga muhtoj
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
bir-biriga dushman,
bir-biridan koj.

Jo'mardlar qirilgan Turonzaminda
do'zaxiy tajriba pallasin ko'rdim:
eshshak suvrati bor qay bir qavmda,
Qay birida to'ng'iz kallasin ko'rdim.

Bu holdan buvaklar bo'g'ilib o'lar
Qul Bilol ezilib yig'lar falakda...
O'zlarin yondirar borliqdan to'ygan
Badaxshon la'liday asil malaklar.

Mo'minlar besh bora Ollohni eslar
sajdaga bosh qo'yib jallod toshiga
O'grilib sal ortga qarayin desa,
boshiga urarlar,
faqat boshiga.

Bormi er yigitlar,
bormi er qizlar,
bormi gul bag'ringda jo'mard nolalar,
bormi bul tufroqda o'zligin izlab
osmonu-falakka yetgan bolalar.

Bor bo'lsa,
Alarga etkarib qo'ying,
bir boshga bir o'lim demagan ERmas
shahidlar o'lmaydi, bir qarab tuying:
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
YOVGA TERS QARAGAN MUSULMON EMAS!!!!!!




Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Yanvar 2008, 23:59:06

Xirgoyi...


Hammamiz quyoshda kuygan jizzamiz,
qachon tiz cho'kuvdik,
hamon izzamiz,
sirqirab og'riydi shishgan tizzamiz,
o'rindan ozgina tursak maylimu???

O'tganlar bari bek,
qolgan javdirar,
gardinda ko'rinmas g'ullar shaldirar,
mehnatdan yorilgan qo'llar qaltirar,
o'z bekim yerida yursam maylimu???

Nasimlar gullamish ozod tog'larda,
ozodlik mujdasi so'lu-sog'larda,
bobolar qiynalib tikkan bog'larda
ag'anab bir xayol sursak maylimu???

Necha ming alloma jo'mardlar o'lgan,
tafakkur sasigan,
ruhlari so'lgan,
urug'lar aynigan tap-taqir cho'lda
o'z bekim davlatin qursak maylimu???

Yuz ellik yildirki, mana shu holat,
hanuz davom etar makkor tijorat,
bilmadim, qaerdan ushbu jaholat,
nega siz bo'lmaysiz sira xijolat?

Nega men so'rayman sizdan ijozat?!




Qayd etilgan