O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326195 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 54 B


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:02:02

Muhabbat chiroyli kapalak

Muhabbat chiroyli kapalak,
qo'rqaman sho'rlikni tutgali.
Kapalak quvganim yodimda,
yodimda yo'q ammo tutganim.

Yuragim ranjigan boladay
na ermak,taskinga ko'nadi.
Muhabbat chiroyli kapalak,
hali ham gullarga qo'nadi.

Ortidan halloslab chopaman,
xijolat bo'laman g'o'rlikdan...
Qanchalik yugirmay,baribir
orqada qolardim sho'rlikdan...


Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:02:23

Yorilgan harakat bayoni

Bir odam izladim...
izladim g`arib,
jufti yo`q burgutday xunuk qishladim.
Kezdim armon to`la bir jom qidirib,
malaklar yig`ladi,
itlar tishladi...
Umring uzoq bo`lsin,
ey daryojonim,
husningga hirs bilan nazar solmadim.
Zanjirlar tovshiga to`lganda yodim
o`zingdan o`zga bir dildor qolmadi.
Qolmadi bir ilinj,
ishonch qolmadi,
vahshiy daholarning makri bilindi.
It bazmi qizigan oysiz shomlardan
qizg`onib opqochdim daryo dilimni.
Bu chirkin og`izlar...
singan kallalar...
ig`vodan, bo`htondan osilgan tillar...
hirslar lashkarlari bosgan pallada
shohlarin bo`g`izlab tishlagan dillar.
Bu quyosh xo`rlangan...
bu oy zo`rlangan...
zarlari talangan bu sodda jabal.
Qon, aroq, peshobni emib to`ralgan
buvaklar bo`kirib yig`lagan mahal
yo xudo dedimu
nurlar o`ynagan
peshonam ilk bora tuproqqa tegdi,
yo xudo dedimu
erkin gullagan
daryodil samoga dilimni berdim.
Umring uzoq bo`lsin,
ey, daryojonim,
kechalar qa'rida bir gul yig`ladi,
yuzimga sachradi bir bulbul qoni.
ko`nglimga bu dunyo
nechuk sig`madi?!
Nechuk bag`ringdaman,
kimning ishqida?
Nechuk yolvoraman umringni tilab?
Ulkan jasadimni toshlar ichida
yuvarsan eng nozik qo`llaring bilan.
Aytgil, ey darojon,
bormidi zulm?
Tog`lar silsilasin buzvordi nola:
"Gullarning bargini emagan, gulim,
bulbullar qonini ichmagan, bolam".

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:02:41

Ovozim

Nahot, she’rlar aytdim
bo`shliqqa qarab,
nahotki, sovrildi olov so`zlarim,
nahotki haq bo`lsa, el-u yurt asli,
quruq so`zlar degan gumroh do`stlarim?!
Nahot, bekor o`tdi
gulday umrimning
ming yilga tatirlik oltin choqlari,
nahot biror ruhni uyg`otolmadi
shoir yuragimning qaldiroqlari?!
Nahotki, birorta dilga yetolmay,
behuda sarflanib qancha kuch-chidam,
kelib ketaverar yorug` dunyoga,
kelib ketaverar menday kuychilar?!
Menga minbar emas,
unvonlar emas,
latta chechaklaru
ehsonlar emas,
olov bir sahroni,
yurtim xayoli
nurga gurkiragan sahro bering, bas.
Erku muhabbatning muxtor elchisi —
yotmasman tuproqqa do`nib, tinchlanib,
jasadim tirikdir yorug` dunyoda,
oyning sinig`iday chaqnar sinchlarim.
Agar yetti qavat yerning qa’rida
yotsam-da larzaga solib havoni,
elimning yuragin
topar baribir
jismimni kuydirib uchgan ovozim.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:02:58

Armon

Kuylolmadim,
yaqroqlar kabi,
quruq shoxday titrar ovozim —
so`lib qoldi bahorim tag`in,
suvga cho`kdi yana bir yozim.

Kuzak keldi
bag`rimni dog`lab;
qo`lin cho`zdi giyohga, gulga,
sayradilar so`ng bora, bog`lar
to`lib qoldi o`lik bulbulga...

Qorlar yog`di,
og`ridi jonim,
uxlayotgan bog`lar poyida
kuylolmasdim, undan yomoni
yashil edim qantar oyida...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:04:27

Qarsak

Qarsak nima o`zi?
Ikkita kaftning
orasidan potrab chiqadigan sas,
xohlasam chalaman, xohlamasam yo`q,
qarsak menikidir, sizniki emas.
Qarsaklar hozircha qo`ltiqlarimda
mitti mushuklarday mudraydi taftdan.
Axir, o`zbekning bir o`jar shoiri
qarsak chalarmidi bema'ni gapga.
Vijdonsiz shoirlar ko`paygan juda,
yurakni so`z bilan yondirguvchi kam,
xalqimas,
shuhratni o`ylab so`ylagan
ahmoqqa bermayman qarsagimni ham.

Qarsak nima o`zi?
Arzimagan gap,
kerak bo`lsa topilar qoplab,
Titroqqa to`ldirib osmon gumbazin,
qarsaklar chalishni bilaman boplab.
G`irromlik qilmasa notiq agarda,
yolg`on she'r aytishdan qaytsaydi shoir,
miltiq o`qlariday gumbirgum qilib
havodan qarsaklar yasardim doim.
O`jar shoirlikni tashlab o`shal payt,
epchil bir yugurdak kabi zamonda
qarsak chaladigan xizmatchi bo`lib,
ishga kirar edim O`zbekistonga.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:04:44

Dastxat

Go`zallik, poklikdan uyalib,
qisilib, qimtinib turasan,
qop-qora devorga suyanib,
yop-yorug` xayollar surasan.

Iloham, tong kabi yuzingga
hirslanib, hezlanib boqarlar,
ko`zlarin qoqarlar ko`zingga,
qalbingni azoblab yoqarlar.

Yiqilma, o`zingni ushlagin,
otsinlar jaholat toshini,
labingni qattiqroq tishlagin,
ko`rsatma ko`zlaring yoshini.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:06:24

Kel, yashirib qo'yayin...

Kel, yashirib qo`yayin seni
yurakning eng chuqur yeriga.
Keyin sen ham yashirgin meni
yurakning eng chuqur yeriga.

Topolmasin bizlarni birov!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:06:57

Avj

Men, shubhasiz, parchalanaman, —
shunday tugar buyuk xizmatim.
Kimga, ko`zim, kimga peshonam,
kimga tegar qiziq qismatim.

G`alayonga to`la vujuddan
oxir dunyo bo`ladir xalos.
Yer ostiga kirib ketarman
barcha mo`min bandalarga xos...

Biroq yerda mangu yashaydir
ko`hna yuzim, o`ychan ko`zlarim, —
demak, o`lmas bu dunyoda hech
xudo bergan ezgu so`zlarim.

Ular yangrab tinmay aylanar
razolatning tevaragida.
Men-chi, mangu kulib yotarman
quloq solib yerning tagida.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:07:17

Xiyonatlardan

Jangda o`lgan emas
biror bahodir,
bari halok bo`lgan xiyonatlardan,
toshday uxlaganda to`shlarin ochib
yo zahar qo`shilgan ziyofatlardan.
Biror asotirda
bahodirlarni
hattoki yuzboshli ajdar yemagan,
ming bir sinoatli yalmog`izlar ham,
tog`larni o`ynagan, devlar yengmagan.
Bari halok bo`lgan xiyonatlardan,
bariga orqadan sanchilar xanjar.
Shunday bo`lib kelgan azalu azal
mana shu jafokash,
ko`hna Vatanda,
Har gal bahodirlar yiqilar ekan
kurakka sanchilgan nomard tig`idan,
qayta tirilganda bo`lardi nogoh
har bir bolakayning qorachig`ida.
ishongil,
hech qachon seni aldamas
sofdil elatlarning asotirlari,
birorta bahodir o`lganmas jangda,
qo`rqoqlar o`ldirgan bahodirlarni.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:07:36

Endi jim turasiz

Endi jim turasiz,
sira iloj yo`q —
dunyo o`zgarmadi siz aytgan so`zdan,
siz qurgan qasrlar vayrona bo`ldi,
alaflarga to`ldi siz oqqan o`zan.
Endi jim turasiz,
og`ir, bilaman,
ammo har kimsaga taqdir nasibdir,
bilmoqchi bo`lsangiz agar, shoirlik
jasorat so`zining tarjimasidir.
Endi jim turasiz,
eshiting elni,
el aslo demaydi, zog`lar kuylasin,
endi kengliklarda haq so`ramasdan,
yerni bezab yotgan bog`lar kuylasin.
Kuylasin,
keldi-da kuylamoq gali,
kuylasin mangulik qo`shiqlarini,
buzsin-da siz kabi aqli qisqalar
xatarsirab turgan to`siqlarini.
Ana... quloq soling...
eshityapsizmi,
kuylar shoir shamol, kuylar shoir qor,
shoir qorong`ilik, shoir tog`larda
shoir daryolarning shovillashi bor.

Qayd etilgan