Tariqat
Dunyoga sig'madim,
sig'madi dunyo
g'urbatdan toraygan tabiatimga,
qop-qora chechakday sochilmish hulyo
jo'mardlar ko'milgan tariqatimga.
Mayliga,
chechaklar qop-qora bo'lsin,
yiqitsa shu yo'lda yiqitsin taqdir,
qurtlagan istaklar shu'lasi so'lsin,
xudoyim siylagan hurligim yaxshi.
Bichilgan qullarning,
qulzodalarning
malak siymolarin o'ynatgan dunyo,
yaralgan lahzadan hur odamlarni
iblislar tilida so'ylatgan dunyo.
Chiroyli ermaklar mahzanidir ul,
mag'izi qayg'udan,
po'stlog'i zardan,
sarg'arar ochilmay turib qizil gul,
tuprog'i jimgina qusgan zahardan.
Chayqalar jaholat og'ochlarida
necha ming Mashrabu
Mansuri Halloj...
hamon yuksaladi yo'l boshlarida
odamzot qoniga to'ymagan jallod.
Tokay bu iblislik,
tokay bu yolg'on,
tokay tig' ko'tarar qora guruhlar,
tokay bijg'ib yotar g'arib olamon
ichiga tiriklay ko'milgan ruhlar.
Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog'du,
chin ishq yolqinlari bag'rimga to'lsin,
jismimni toblasin faqat chin og'riq,
chechaklar qop-qora bo'lsa-da bo'lsin.
Bag'rikeng xudoyim
kechirib qo'yar,
yiqilsam yetmay ul haqiqatimga,
ko'milsam, ko'milay o'limi go'zal —
jo'mardlar ko'milgan tariqatimga.