O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326253 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 54 B


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:14:52

Bir ming bir yuz bir shoir

Yurtdan omad yuz burmish,
shoh saroyi — sukutgoh.
Kecha-kunduz o'y surmish
adolatli, dono shoh.
Yurt to'libdi gadoyga,
el ahvoli og'irdir.
Shunday choqda saroyga
qasidalar yog'ilmish.
Bari to'la hamd-sanoi,
bari yolg'on, g'amzada.
Tinglayverib tasanno,
shoh bo'libdi darg'azab.
Vaziriga bermay sir,
bir kun kulib dono shoh,
buyuribdi, qani bil,
yurtda necha shoir bor.

Jarchilar ishlapti soz,
biror lahza olmay dam.
Yurtning barcha xushovoz
shoirlari bo'pti jam.
Vazir, — ulug' shohim, — der,
ta'zim qilib muloyim, —
yurtingizda bor ekan
bir ming bir yuz bir shoir.
Vazirdan kulibdi shoh
ham tag'in jahli kepti.
Shoirlarni hoziroq
zindonga tashla, depti.

Bir yil o'tib oradan,
shoh so'rapti vazirdan,
bilgin, baxtiqoralar
she'r yozarmi hali ham.
Vazir zindon aylanib,
shohga bir so'z aytibdi,
mingta shoir, naylayin,
she'r yozishdan qaytibdi.
Qolganlari sham tutib,
kezib xuddi bemorday,
bor olamni unutib,
yozmish hatto devorga.
Shoh kulibdi miyiqda:
ming shoirni ozod qil,
qolganlarin siylagin,
ne istasa, bajo qil.
Ko'chir saroy bog'iga,
mayli, sinov bahona,
biror yil bu shoirlar
yashab ko'rsin shohona.

Yil o'tibdi,
dono shoh
debdi bir kun vazirga:
bahra olsak bugunoq
shoirlarning nazmidan.
Barcha shoir jam bo'pti,
davra hangu mang bo'pti,
yuzta po'rim shoirning
og'ir boshi xam bo'pti.
Turar faqat bir shoir,
turar shohga tik qarab,
bir taraf bo'pti dunyo,
shoir esa — bir taraf.
She'r aytganda qilviri,
imonsizlar titrabdi.
El dardini bilmagan
vijdonsizlar titrabdi.

Qolmapti el armoni,
sho'rishlardan aytibdi.
Zumda haqsiz dunyoni
bir aylanib qaytibdi.
Titrabdi dov ovozdan
saltanatning sadlari,
guldirabdi ravoqlar,
ko'payibdi darzlari...
Dudoqlardan uchar oh,
jimlik cho'kar qasrga.
G'olibona so'ylar shoh
o'sal bo'lgan vazirga:
bir paytlar shoshilib,
menga xato so'ylarding,
yig'sam barcha shoirni,
ishonar, deb o'ylading.

Ammo vazir
ko'p bekor
shoirlarning hisobi.
Yurtda bitta shoir bor
mana, senga isboti:
mingta shoir shunchaki
she'r yozardi ermakka,
injiq qalbning kundalik
nafsiga dam bermakka.
Mana, zindon bahona
sinab ko'rdik kuchini,
bir yildayoq zindonda
ma'lum bo'ldi puchligi.

Yuzta shoir taqdirdan
alamzada she'r yozgan,
iste'dodni tahqirlab,
izzat-obro' deb yozgan.
Berdim unvon, e'tibor,
tillo qildim toshlarin,
mana, bari bo'ldi xor,
quyi soldi boshlarin.

Biroq bitta shoir bor,
turlanmagay har joyda,
aslo o'zin qilmas xor,
zindonda ham saroyda.
Azaliy ishq, nafratdan
aytmoq unga joizdir.
Saltanatni g'aflatdan
ogoh qilgan shoirdir.
Demak, vazir, unutma,
bir umrga eslab qol,
bundan buyon bu yurtda
bir shoiru bir shoh bor.

Shundoq qilib xayolga
berilar shoh nihoyat.
Xuddi mana shu joyda
tamom bo'lar rivoyat.
Xo'sh, shoir-chi, qayerda,
shoh yo mehr qo'ydimi?
Biron makr tayyorlab,
qarqiratib so'ydimi?

Keling, endi oh urib,
yarashar bir jilmaysak.
Ne qilaylik, oxirin
hanuzgacha bilmasak...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:18:23

Girya

Bu osmon osmonmi,
temir pardami,
bu yog'du sinchlari tizizlgan dormi?
Munchalar egildi qora gardani...
juvonmarg bo'lgurlar,
jo'marding bormi?!

Bu zamon kimniki,
makon kimniki,
qatron-la yopilgan yo'llar kimniki?!
Anorday sochilgan qonlar kimniki,
bu qonli bilaklar,
qo'llar kimniki?!
Vahshat kechasida dillar to'kildi,
yuzming bag'ri vayron birdan o'kirdi,
jasadga yolg'ondan kafan to'qildi,
juvonmarg bo'lgurlar,
jo'marding bormi?!

Moviyrang ravoqli zindon arshidan
oyatlar marjoni uzilib ketdi,
tag'in qon sachragan tunning avjida
chirqirab yig'ladi bir to'da yetim.
Vaqtning sharpaday gung g'assollari
soylarning yo'llarin burib yubordi,
tarqadi tamug'ning shum dajjollari,
juvonmarg bo'lgurlar,
jo'marding bormi?!
G'aflatda kulganlar,
ko'ksin kerganlar,
yorlarin zulmatga qo'yib berganlar,
farishta buvaklar kulin terganlar
nomus dog'in yuvar mayxonalarda.

Mol-dunyo ishqida chandon o'lganlar,
ishratdan yuzlari salqib so'lganlar,
zanglagan kishanga mehr qo'yganlar,
dimog'in xushlaydi rayhonalardan.
Imonim deganlar,
Millat deganlar,
yovga ters qaragan illat deganlar,
o'zlikka xiyonat qilma deganlar
zor qaqshab yig'laydi vayronalarda.
Yig'lasin —
so'ngaklar qisirlagan payt —
dahshatdan sarg'aygan o't-o'lanlarday,
jon qushi baylangan issiq lablarda
lahzani muzlatgan go'yandalarday.
To'rt fasl qorishib o'tdi yorug'dan,
bag'rimni chayonlar chaqdi anduhim,
jo'mardlar deganim kechgan og'riqdan
darveshga aylandi zulfiqor ruhim.
Necha bor munojot qildim xudoga,
nechun sen munchalar yolg'iz yaratding,
dilimga baxsh etib toshday iroda,
ko'zimni bahaybat dardga qaratding.
Nechun o'zgalarning shandir xayoli —
nastarin ochilgan,
sayrar qumrilar?!
Nechun yetimlarning o'tkir faryodi
shajarday chayqalur tasavvurimda?!

To'rt fasl —
osilgan kulfat arshiga,
go'yoki mudhish bir manzilga keldim.
Kuygan kechalarning qaltis avjida
chirqirab yig'laydi bir to'da yetim.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:18:49

Sinov maydoni

Ulug'vor daranglar
davron soati,
soatin millarin unga to'g'rilar.
Qizl shinaklardan cho'chib boqadi
halokat shamolin sezgan o'g'rilar.
Bu shamol yomondir,
yillar qa'rida
ko'milgan milyonlab murdani ochar,
sochar jinoyatning milyon sirlarin,
la'natlar yog'ilar,
qarg'ishlar bosar.
"Siyosat qilinmas toza qo'l bilan,
kurashda har qanday usullar yaxshi.
Tag'in bir chidaydi avval o'q bilan,
Keyinroq do'q bilan olingan mashriq".

Shundoq boshlanuvdi kecha falokat,
siyosiy fitnalar guvohi — xoliq,
sassiq bir jaladay bosdi malomat,
tag'in bir chidadi sho'rlik xaloyiq.
"Buhronga duch keldi iqtisodiyot,
taqchillik kuchaydi,
qadri yo'q pulning,
mablag'ni to'plagan ichki savdo bor,
suvning xlori ko'p,
hidi yo'q gulning.
Kalbasa yo'qoldi,
qoldik g'aflatda,
gurillab yonadi qipchoq dashtlari,
bostirib kelmoqda buyuk davlatga
marg'ilon do'ppilik Temur lashkari".
... Sho'rlik xaloyiqning yarmi qamalar,
kun sayin ko'pirar o'zbeklar ishi,
nomusdan yarmisi o'lar qamalda
boshga qon quyilib,
jigari shishib.
Fosh bo'lib qolganda qora jinoyat,
qizil shinaklardan boqqan o'g'rilar,
Tag'in bir nayrangni topib nihoyat
O'zbeklar boshiga qo'yar to'g'rilab.
Siyosat —
o'zingga kelgan zarbani
o'zgaga burvormoq san'ati bo'lsa,
qulday xalq boshiga tushgan g'alvani
qaysi bir yoviga burvorsin, ko'rsat!
Yovlik yovlik chorlar
qahat — qahatni,
hattoki bolalar davlatni so'kar,
o'zbeklar o'g'rilar otgan axlatni
oshirib-toshirib markazga to'kar.
Nachora ... uyg'onish...
g'aflat g'aflat-da,
zo'r kelsa manglayga kifoya bir o'q.
Ming afsus, yashaymiz shundoq davlatda
jinoyatlar ko'p-u, jinoyatchi yo'q.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:19:26

Xasta bulbulim

Ayt, ey, xasta bulbulim,
O'shga qachon yetamiz?
Yashil bog'lar sarg'ardi,
Mag'iz bo'ldi g'ujumlar.
Oh, voy, muncha yo'l og'ir,
Bulbulim...
Ulkan soat o'rtasida
Madorim yo'q yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
netamiz?
Abadiyat oralab
O'shga qachon yetamiz?
Qorli tog'lar bag'rida
Begim — O'shim ko'rindi,
Sulton — O'shim ko'rindi...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:20:42

Yana savol

Oyog'imga
botmon toshlarni
bolalikdan bog'lab qo'ydi kim?
Endi xalos bo'lmoqqa yetmas
yovuzlardan asragan umrim.
Xudo bergan soniyalarni
xarob qildi qaysi g'alamis?
Agarda shu tog'lar bo'lmasa,
Uchar edik samolarda biz.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:22:30

Farishtali

Cholu kampir
shoshilmay salkam
bir asrni ham yashab qo'yishdi.
Kunjaraga, zog'ora, patir,
tomoshaga rosa to'yishdi.
Kampirini eshitmaydi chol,
eshitmaydi cholni kampiri.
Bir-biriga suyanib qolgan,
biri ketsa,
yiqilar biri.
Lek ko'zlari hamon kuladi,
yuzlarida aylanar ziyo.
Buziladi dunyo tasviri
cholu kampir bo'lmasa go'yo.
Har narsaga qodir tabiat
asramagin bunday qarishdan!
Ikkisining kiftidan ketmas,
sakson yildir
ikki farishta.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:22:53

Qo'shiq

Gang daryosi bo'yida
hindu qizlari
ko'zlarin muzlatgan tog'larga qalab,
bir qo'shiq aytadi qadim-qadimdan,
bir qo'shiq aytadi dunyoga qarab.

Ulug'vor,
nuroniy tog'lar ortida
teran tomirlarin uzgan gunohkor —
zilol buloqlardan benasib dunyo,
adashgan, yig'lagan
bitta dunyo bor.

Mehru muhabbatga, sog'inchga to'liq
qo'shiqlar uchadi tog'lardan oshib —
adashgan dunyoni chaqirar qizlar,
larzaga tushadi tog'larning toshi.

Necha ming yillarkim
hindu qizlari
tangrilar tug'ilgan hind tuprog'ida
bir qo'shiq aytadi,
ishonib faqat
qo'shiqlar dunyoni asramog'iga...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:23:12

Bir xoin xususida

Azaliy ko'zlari
it ko'zlariday...
Yuzida azaliy dardi bor edi.
Qomati hamisha kaltabinlarga
egilgan boshiga sayyor dor edi.
Har nokas kelaru borini olar,
qo'ynida to'lg'ongan yorini olar,
qovushgan qo'liga kulib qararu
og'ir nigoh bilan jonini olar.
Sarboz etiklari ostida dunyo —
dunyo kelajakka kirmakda yonib.
Turar u qo'llarin qovushtirgancha,
oqar sanjoqdagi ruhidan qoni.
Jonim-jigarimsan,
sen-da odamsan,
loaqal ko'zingda bir yosh ko'rsaydim,
loaqal qovushib qolgan qo'lingda
yovlarga atalgan bir tosh ko'rsaydim.
Qay bir qaro kunda tug'ilgan eding,
seni chetlab o'tar ishqdir, iqboldir.
Ummon cho'lga do'nar,
cho'llar ummonga,
tog'lar qumga do'nar,
faqat sen qolding.
Turasan kelajak bo'sag'asida
bulg'ab pok quyoshning ziyolarini,
o'z suvrating bilan buzmoqlik uchun
baxtli bolalarning dunyolarini.

E, yo'g'-ey,
men seni bo'g'ib tashlarman,
kelajak ko'rmagan senday beorni.
Nimadir qars etdi,
bir oh dedimu
yuztuban yiqildim
changallab qorni.
Bo'rilar hidsirab keldi dunyodan...
Yuztuban yotganim ko'rmadi hech kim —
o'z qo'lim o'zimni mahv etdi bugun,
o'z yerim o'zimninh qonimni ichdi.

Qotilim bilmadim,
ko'rdim hammadan —
yuz bora, ming bora botdim gunohga.
Sen o'tding kelajak bo'sag'asidan,
mendan-da kerakroq eding dunyoga.
Seni alqadilar,
kiftingga qoqib,
maqtovlar yog'ildi oqqush pariday,
men esa yig'ladim ena yerimning
toptalgan qorong'i og'ushlarida.
Ena-ey,
Ena yer,
qonimni ichgil,
tezroq ado bo'lsin jismimda xo'rlik.
Eshitdim tog'larning guldirosini,
ko'katlar ko'kkacha o'sganin ko'rdim...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:25:50

Qaytar dunyo

Essiz, shundoq umr,
uqib yetmabsiz,
azaldan nodonga dunyo torligin,
loaqal keksani hurmat qil ddegan
oddiy bir maqolning borligin.
Kecha itlik qilib,
donoligidan
sizdayin nodonga pastdan qaragan
nuroniy odamni abgor qildingiz,
qildingiz nodonga xos bir harakat.
Endi xavfsiraysiz orqaga qarab,
ne bo'ldi, boshdan yo humo uchdimi?
Yursa, yuribti-da izlaringizdan
sanoqsiz bolalar
tigib mushtini.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  20 Yanvar 2008, 00:27:44

Bahorning ilk kunida xotinini ko'rgan shoir kechinmalari

Bu ayol...
Ko'zimga qushday ko'rindi,
musicha, kaptarday — surganda xayol.
Qaydanam sozladim tasavvurimni,
qushga o'xshayverar hadeb bu ayol!
Go'yo xob elitgan...
Suvrati so'lg'in,
sezdirmay jilmayar go'yo humoylik.
So'lish yo giryami — g'alati to'lqin,
ko'zlari hazinlik yoxud xumorlik.
Bahorga o'xshatsam...
bahor yarashmas —
bu ayol bahordan ming bora go'zal.
Poyiga tashlashga — qalbni tarashlab,
yoniq so'zlar kerak,
samimiy so'zlar.
Bahorning bir zumrad bo'sag'asida
kaftlari qushlarday...
Ovozsiz so'ylar.
Dunyo, bu ayolga o'xshatadigan
bormi biror timsol qushingdan bo'lak.
Hadikli nigohni sirli qirida
osmonni chog'larkan qushday beg'ubor,
sezaman,
ayolning nozik kiftida
qanday og'ir so'zlar,
g'amgin so'zlar bor.
Ko'rinmas so'zlarni ayol kiftidan
birma-bir olaman sehrgar kabi.
Qo'llari titraydi ayolning birdan,
ko'zlari titraydi,
titraydi labi...
Go'yoki parvozdan oldingi holat;
nozik kaftlarida eng so'nggi malol —
go'yoki so'nggi so'z,
og'ir so'z qolgan,
so'nggi so'zni olsang,
uchguday ayol...

Qayd etilgan