Mohisanam ranglari sarg'aygan, betob, yolg'iz bir xonada yotardi. U sekin hirgoyi qiladi.
Yig'lamay naylayki, ro'zimni siyo qildi falak,
Oshnolarni menga nooshno qildi falak.
Oxiri umrimda baxtimni qaro qildi falak,
Podshoh erdim, bu kun sohib azo qildi falak.
Men adoshib g'amda qoldim, hamsafardin ayrilib,
Misli bulbulman bu kun ham bolu parimdin ayrilib.
Oshno, yoru birodarlar ham padardin ayrilib,
Qolmasin hech kim maningdek rahbardin ayrilib,
Ko'hna dunyoni menga motamsaro qildi falak.
Bir kanizak Mohisanamning xonasi yonida turib, qo'shiqni nihoyatda ta'sirlanib eshitadi. Qo'shiq tugagandan so'ng kanizak Ofoqxo'janing xonasiga kiradi.
Kanizak: Pirim, meni yo'qlagan ekansiz?
Ofoqxo'ja: Ha, shunday, yo'qlovdim.
Kanizak: Pirim! Anavi Mohisanamni astoydil nikohlariga olmoqchilarmi?
Ofoqxo'ja: Ha! Nechun so'rading. Xudo bergan ne'matdan bahramand bo'lmagan odamlar tongla mahsharda osiy bandalar qatorida bosh ko'tarurlar. Xudo xitob qilur."Ey bandam, senga shunday mahbubi zamonni ato qildim, sen uni nikohingga olmading", deb g'azabga olsa, na qilurman. Dardiga xudo shifo berdi,d eguncha tanmahramim bo'lur. Ha, aytganday,M ohisanamning sog'ligi qalay? Beri qaray dedimi?
Kanizak: Kecha davraga olib o'qilgandan beri tuz ham totgani yo'q. Qalandarning zikri sanosidan qulog'i tom bitganmi? Gapni ham eshitmayotganga o'xshaydir. Yana bir marta davraga olinsa, bandalik bajo keltirib qoladimi, degan xavotirdaman.
Ofoqxo'ja: Hu, be'mani, o'chir ovozingni! Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishta omin deydi. Niyatingni yaxshi qil. Bor, undan boxabar bo'lib tur. Men namozi bomdodni ado qilgandan so'ng kiraman.
Ayol chiqib ketadi.
Ofoqxo'ja: Tangri taoloning ajib qudratlari borki, kishining aqlini lol qoldiradi. Yo qudratingdan, bu qizga shunchalik husnu latofat ato qilganki, uni ko'rganda har qanday odam aqlu hushi, insofu imoni bilan beixtiyor xayrlashgisi keladi. Ey mening shahvoniy nafsim, bu yo'ldan qayt, shaytonga homiylik qilma. Bu bebaho gavhardan kechib, sulton otimni yana ham mustahkamlamog'im darkor.
* * *
Kanizak Mohisanamning huzuriga kiradi.
Kanizak: Qizim, xudovandi karim hech narsani sendan ayamagan ekan. Avvalo aqllisan, go'zalsan, xushovoz ham ekansan.
Mohisanam: Lekin baxti qaroman onajon.
Kanizak: E"¦qizim, qaysi ayol baxtiyor bo'lib olamga kelibdiiki, xudo sendan uni ayagan bo'lsa. Bu atlas kimhoblarga o'ralib, xushchaqchaq yurganimni ko'rib, balki, meni baxtli deb o'ylasang kerak. Esiz umrim, shu dargohda cho'rilikda o'tdi. "Men ham edim seningdek, sen ham bo'larsan meningdek", degan ekan mashoyixlar. Nachora, bildim, dilingda bir dard bor. Mendan yashirma. Bilishimcha, Mashrabni yaxshi ko'rasan. Sen kelding-u, Mashrab shu dargohda paydo bo'ldi. Saharlarda uning nolasini eshitsam, yuragim ezilib ketadi. Men ham ishq dardini ko'p tortganman, qizim. Nachora, biz ayollarning qismatimiz shunday yozilgan ekan.
Mohisanam: Onajon, bag'rimni tirnamang. Qani edi qush bo'lsam-u, shu xonayi musibatdan uchib ketsam.
Ayolni ko'zlari yoshlanadi. Mohisanamga sezdirmay ro'moli bilan ko'z atroflarini artadi.
Kanizak: Qo'y, yig'lama, qizim, bir ilojini qilib, Mashrab bilan uchrashtiraman.
Mohisanam: Yo'q, onajon, pirning duoyibadidan qo'rqadurmen. Bu dunyoim barbod bo'ldi, endi u dunyoim ham kuymasin.
Kanizak: Qo'rqmay qo'yaqol, qizim. Bu dargohda men nimalarning guvohi bo'lmadim. Umuman pir haqida o'ylama. Istasang, Mashrab bilan qochib ket, menga o'xshab umringni xazon qilma, qo'limdan kelganicha yordam beraman.
Mohisanam: Yo'q, onajon, dadamni pir oldida yuzi qaro qilmayman.
Kanizak: Unday bo'lsa, qachongacha yotasan? Rangingni qara, za'faron-a, zafaron.
Mohisanam: Oz qoldi, onajon, oz qoldi. Pir mendan umid qilmasin. Mashrabning yodi bilan dunyodan o'taman.
Kanizak hayajonini yashirib: Noumid bo'lma, qizim, hali yoshsan. Mohisanamni bag'riga bosib uning sochidagi tumorga ko'zi tushadi. Mana tumoring ham bor ekan. Ehtimol, orzu-istaklaring amalga oshar.
Mohisanam tumorini yechib bag'riga bosadi. Bu duo emas, men uchun duodan ham afzalroq. Mashrabning menga bitgan bir g'azalidurki, bu g'azal mudom qulog'imga bir narsalarni shivirlab turadi.
Kanizak: Ochib o'qib bersang bo'ladimi?
Mohisanam: Istasangiz yoddan aytib berurman.
Kanizak: Qani o'qi-chi qizim.
Mohisanam:
Vaslingni topay deb, sanamo, fikri g'amim bor,
Bir necha zamondur,
Hijronu firoqu alamu, dardi dilim bor.
Bag'rim to'la qondur.
Layli sanamim ko'rdim-u, jonim bera qoldim,
Oson qutulay deb.
Devonalig'im holati Majnun asarim bor,
Ishq yo'li yomondur.
Bir kecha dedim:"Ey sanamo qoshima borg'il"
Yor aytdi: "Sabr qil!"
Dedi: "Netayin, yonima, oh, shum raqibim bor,
Ul bilsa yomondur".
Tasdiqi so'zim birdur, vale ikki demasdir,
Vallohu billoh.
Ammo-ki xaloyiqqa ajab ikki tilim bor,
Bul sirri nihondur.
Vaslingga yetay deb dilxasta bu Mashrab,
Doim jadal aylar,
Yig'lab yugurib kechayu talabim bor,
Ko'ksum to'la qondur.
G'azalni tugatgach Mohisanam o'zini yostiqqa tashlaydi. Onajon! Yuragim g'alati bo'lib ketayapti.
Kanizak: Bu darmonsizlikdan. Kechadan beri hech narsa tatimading. Bir piyola sharbat beraymi?
Mohisanam yo'q ishorasini qiladi. Shu payt Ofoqxo'ja kirib keladi. Mohisanam Ofoqxo'jani ko'rib, o'rnidan turmoqchi bo'ladi.
Ofoqxo'ja: Qo'zg'olmang. Yoniga kelib o'tiradi va peshonasiga qo'lini qo'yadi. Nazarimda kechagidan ancha yaxshiga o'hshaydi. Besh vaqt namozda duoi joningizni qilmoqdaman. Inshoolo, dardingizdan tez kunda xalos topgaysiz. Mohisanamning qo'lidagi tumorni ko'rib:
- Qo'lingizdagi tumormi?
Mohisanam: Ha"¦tumor.
Ofoqxo'ja: Qani ko'raychi? Qo'lini tumorga uzatadi.
Mohisanamning bergisi kelmaydi.
Ofoqxo'ja: Menga bering... Beravering.
Mohisanam noiloj qo'lidagi tumorni uzatadi. Ofoqxo'ja tumorni olib ochmoqchi bo'ladi.
Mohisanam: Pirim, ochmang!
Ofoqxo'ja: Nechun ochmay, bari duolar menga ayondur. Balki duo xato bitilgandir. Balki bezovta bo'layotganingizning boisi shundandir. Ochib xatga ko'z yugurtiradi. E-ha, mashallo"¦ mashallo, chindan ham kasalingizning boisi shu tumorda ekan.
Mohisanam: Pirim!
Ofoqxo'ja: Bas! Vo ajab, bu ne hangomadurki, aql bovar qilmaydur. Bir devonaga shunchalik sadoqatu, shunchalik ixlosmu. Odamlar aytganda ishonmagan edim, seni jin urgan ekan, darhol tavba-tazarru qil. Tavba o'tdur, barcha gunohlar o'tun, o'tunga o't tushsa qolmaydur butun. Tavba qil...
Kanizak: Pirim, tavba qiladi. Hali yosh-da, shayton vasvasasiga uchgan. Bir duo o'qib, dam solib qo'ying, shoyadki, muborak nafasingiz em bo'lib, shayton vasvasasidan xalos topsa.
Ofoqxo'ja: Afsus"¦ afsuslar bo'lg'aykim. Xay, o'qisam o'qib qo'yaqolay.
Tiz cho'kib, ichida nimalarnidir o'qib, dam ura boshlaydi. Uzoqdan qo'shiq ovozi eshitiladi, borgan sari yaqinlashadi. Ofoqxo'ja xayoli bo'linib, Mohisanamga qarab, qayta-qayta suf-suf deyaveradi. Mohisanam hayajondan lol qotib turganda, Mashrab:
Ey shoh, netay, ishqing o'ti ayladi rasvo,
Devona bo'libman.
Siynam kuyadur ishq o'tida senga ne parvo,
Parvona bo'libman.
Ul damki, o'shal moh yuzini bir yo'li ko'rdum,
Chun xobu xayoldek.
Nayrangi raqib o'ldimu yo taqdiri Alloh,
Begona bo'lubman.
Furqatda kezib kechayu kunduz meni mahjur,
G'am dashtida doim.
Faryodu fig'on birla chekib nola ila oh,
G'amxona bo'lubman.
Mashrab xolini so'rg'ali olamda kimi bor,
Kim dodiga yetgay.
Yo'qdur bu buzug' dilni so'rar mahrami dono,
Vayrona bo'lubman.
Rangi oqarib, eshik og'asi kirib kelib: Pirim, Mashrab keladur.
Ofoqxo'ja: Kiritmang, to'sing yo'lini.
Eshik og'asi: Yo'lini to'sib bo'lmaydur. Bo'yniga zanjir osib olgan, sherdek tashlanadur.
Ofoqxo'ja: Chiqing eshikni berkiting.
Mashrab kirib keliadi: Assalomu alaykum, allomayi zamon, sizga bosh urib keldi bu notavon.
Ofoqxo'ja darhol o'z holatini o'zgartirib: Kel, bo'tam! Ko'pdan beri o'zim sen bilan so'zlashmoq orzusida edim. Allohning karami ulug'dir, bo'tam, o'zing kelding. Ajabki, bu kecha bir ro'yo ko'rdum. To'lqinlanib oqarmish daryoi azim. Qirg'oqqa sig'masmish yuzasi. Shu payt sen yonimda paydo bo'lib, daryoga itarding meni. Tush ekan, xudoga shukur.
Mashrab: Pirim...
Ofoqxo'ja: Ins-jinslar yo'lingga qo'yarmish g'ov, g'addor kufuratning darchasin ochib kirmoqda senga beayov. Shunday ketaversang, bilginki, ijobat bo'lg'usi Ofoq qarg'ishi! Jahannam qa'rida jisming yoqilg'ay va kofir yig'lag'ay, musulmon kulg'ay.
Mashrab: Sevgi dilga tashrif buyursa, Allohning hohishi! Ko'ngildagini gapirsa, emas-ku gunoh!
Ofoqxo'ja: Yo rabbiy! Bas, tavba de! Benomus! Shaytonning so'ziga shak keltir darhol. O'zingni qo'lga ol, battol!
Mashrab: Pirim, vojib emasmi sevmak, sevilmak?
Ofoqxo'ja: Bas, sendan Mansuri Hallojning nafasi gurkirab turadur. Nomatlub g'azal ham bitursan.
Yana tabarruk Makkaga tekkizibsan til.
Mukarram zotlarni etarsan mayna.
Hayhot, shu umid, shu niyat bilan.
Mashrab deb nom berdimmu senga?
Nomingni olamga mashhur etibman,
Oqibat bo'yningga tavqi la'nat ilibsan.