O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326038 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 54 B


Muhammad Amin  18 Noyabr 2007, 17:38:25

Yangi yil kechasi
Ko'ngil ma'yus tortdi yilning so'nggida,
Bilmam, nimang bilan sehrlading, qor.
Bugun kuppa-kunduz ko'zim o'ngida,
Yana bir yoshimni o'g'irlading, qor.
Qirqinchi qasrmga o'taymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?..

Bahorim yetkudek qo'lim uzatsam,
Yetolmay dilimni ne deb yupatsam.
Laylakqor, azizim, g'alat bayram bu —
Kulib kuzatsammi, yig'lab kuzatsam...
Dardim jim ichimga yutsammi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?

So'rsang, sevinchimdan o'kinchim ko'proq,
Sendan-da kumushroq sochimdagi oq.
Yilim kelmay turib, yilim ketmoqda,
Ko'zda tabassum - u kiprikda titroq.
Men ham sal shoshdim-da, qaytaymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?

Yangi yil,
Kelaver qanday kelsang ham,
Kimlar yetdi senga, kimlar yetmadi.
Sen yangi yo'ldoshsan, sen yangi hamdam,
Yo'qlab kelganingni o'zi bir bayram.
Qulog'ingga bir aytaymi, endi,
Kechagi yoshligim ertakmi, endi...

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Noyabr 2007, 17:39:03

Ko'klamoyim

Ozod Sharafuddinovga

Sochimda oq, men bahordan o'tindim:
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim.
Qor qo'ynida seni qo'msab o'kindim,
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim.

Ko'nglimga ko'k binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsi,
Boychechakka borar yo'llar ochilsin
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim.

Fasl boshi, ham oxiri o'zingsan,
Majnunlarning yo'ldoshi ham o'zingsan.
Laylilarning sirdoshi ham o'zingsan,
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim.

Kel-da, endi sog'intirmay odamni,
Sen yo'g'ingda bir g'am bosdi yelkamni,
Qorlar kurab ko'mib keldim otamni...
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim.

Ko'king bilan kiyintiray dalamni,
Oyoqyalang suyuntiray bolamni,
O'zing olgin ko'ksimdagi alamni,
Ko'klamoyim ko'kingdan ber bir chimdim.

Ginam yo'qdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik bu qishdan,
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim.

Jon ustiga asrab yuray ko'kni men,
To'yib-to'yib ko'zga suray ko'kni men.
Yana senga yetamanmi-yo'qmi men,
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim.

Dil yayrasin dala dashting yasanib,
Yalpizlaring suv bo'yiga yastanib,
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Ko'klamoyim, ko'kingdan ber bir chimdim!..

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Noyabr 2007, 17:39:33

Quyoshga qarab oqqan suv
Quyoshga qarab oqqan suv,
Dardimni aytgan edim-ku,
Dodimga yetmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?..

Qanday yuzsiz do'stimsan,
Ohlar to'la ko'ksimdan
Oh urib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?

Suvingga qarab yoshimni,
Qiblaga qaratib boshimni
Yotqizib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?..

Men kimman? Bir yolg'izman,
Suv bo'yida bir yalpizman.
Oqizib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?

Quyoshga qarab oqqan suv.
Onamdek meni boqqan suv...

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  18 Noyabr 2007, 17:40:14

Shukr deysan sen qachon?
Ta'magirni tortqilab,
Nafsi qo'ymas deydilar.
Nokas o'zi to'ysa ham,
Ko'zi to'ymas deydilar.

Boq bir yorug' olamga —
Kimlar zo'rg'a kun ko'rar.
Odamlar bor, bog'dagi
Bulbuldan ham pul so'rar.

Yolg'on dunyo — bu dunyo,
Arzon dunyo — bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo — bu dunyo.

Kiprikdan ham qisqadir
Molu dunyo yo'llari.
Ibrat bo'lsin Iskandar
Ochiq ketgan qo'llari!..

Uzat deysan, ber deysan,
Hech qo'ymading odamzod.
Tuya to'ydi, fil to'ydi,
Sen to'ymading, odamzod.

Shukr qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukr deysan sen qachon,
Xom sut emgan bandalar?..

Bu uch kunlik dunyoda
Savlatigga kerilma.
Qasr qurma, bog' qoldir,
Davlatingga kerilma.

O'z elingni qaqshatsang,
Xor bo'lasan o'zing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor bo'lasan o'zing ham!..

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:17:24

O'lan
To'ylarni hammadan ham,
Oy qizlar xush ko'rarmish.
Bitta qiz erga tegsa,
Qirqta qiz tush ko'rarmish.

To'yhovlida kuy tinib,
So'nganida olovlar.
Qirq suluvni yig'latib,
Ketar ekan kuyovlar.

Singillarim yig'lamang,
Yig'lasangiz xafaman.
Sharqni kezib sizlarga,
O'zim kuyov topaman.

Oq tilaklar bor bo'lsa,
Omon bo'lsa umidlar,
Izingizga zor bo'lar,
Muhammaddek yigitlar.

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:18:57

Tunda she'r aytishdik
Tunda she'r aytishdik kapalak bilan,
Yalpizni alqadim,
Gulni alqadim.
Yonimga sudralib kelib bir ilon
Ko'zoynak ostidan boqdi.
Payqadim.
Quvdi yolg'iz o'shal hamxonamni u.
Quvdi parilarni quvgan kabi dev.
Hurkitib yuborib parvonamni u
Bo'ynimga o'ralib oldi:
Meni sev!..
Chimzor.
Chimildiqda sovuq yor quchdim.
Po'stin gilam qilib mehrobga qoqdim.
Ko'zimni chirt yumib,
Kechalari jim
Men uni o'pganda —
U meni chaqdi.
Chaqdi.
Chaqaverdi zahri so'nguncha.
Chaqdi goh bilagim,
Goh yuragimni.
U qancha chaqsa men tirildim shuncha.
Shuncha eslayverdim kapalagimni!..
O'tmishni unutdim bir tushda go'yo,
O'shal chimzordagi koshonamni ham.
Ilon malikadan qutuldim,
Ammo,
Endi topolmasman parvonamni ham.

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:21:23

Qalbning qizil gulxani
Qalbing qizil gulxani so'ldi,
Kultepada qolmadi bir cho'g',
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...

Endi menga ikki dunyo bir,
Sig'mam na yer, na osmoniga.
Tomga chiqib ketarman endi,
Men ham qizg'aldoqlar yoniga.

Hey, yulduzlar yurtida chaman,
Bulutman deb yurgan tutunlar
Ko'ksim yonib ketmoqda yomon.
Mendan nariroqdan o'tinglar!

Qalbda sevgi gulshani so'ldi,
Qoldi faqat lovullagan cho'g'.
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...

Kel yuragim, bag'rimni o'yib,
Sevgimni suvlarga otamiz.
Maysalarga boshimni qo'yib,
Kapalak yopinib yotamiz.

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:23:22

Mish-mish
Mayda mish-mishlardan zirqirar tovon,
Unganmiz-ku asli bitta tuproqdan.
U kuni she’rimni tinglab, bir nodon
Meni maqtab qo'ydi: falon qishloqdan.

Shu bir so'zdan tuygan huzurin ko'rsangiz,
Go'yo oyni uzib olgan bu odam.
Bundaylar uchrasa, yurtin so'rsangiz,
Mahallasin aytar Afrikada ham.

Ayting, xafa bo'lay men yana kimdan?
Birov davlat qurar, birov uy tiklar.
Asli bir xalqligin bilar-u, zimdan
Nechun, bir-birovin ko'rolmas ular.

Bitta dayr arodan bir tushgan kema,
Bir qirg'oq yer, bir kun suzishdan tolsang.
Birodar, bunchalar gerdayding, nahot,
"œO'zgani sher bilgan", naqlin bilmasang?

Bo'lingan bo'lisning o'chgay chirog'i,
Ortga bir qayriling, mingta qiyos-ku.
To'pga tutgan kuni Toshkentni yog'iy,
Amir Nodirani so'ygani rost-ku"¦

Ungan joyimga-ku, qullug'im bisyor,
Sog'inch to'la dilim aylar ming faxr.
Ammo boshim silar bitta Vatan bor,
Men ham uning bitta o'g'liman, axir.

O'yim uzaymoqda ulg'aygan sarim,
Kengroq bo'lsak, deyman bu keng dunyoda.
Farg'onada bo'lsa yarim jigarim,
Jigarimning yarmi Surxondaryoda.

Baxmal bo'lagiga munchoq qadalgan,
Bir oltin beshikda o'sgan o'zbekmiz.
Bir paytlar Jayhun, Sayxun atalgan
Ikki qosh ostida bir juft ko'zdekmiz"¦

Mayda mish-mishlardan bitta bezgan — men,
Zanglagan hanjardek o'tdi u jondan,
Tanihib qo'yaylik: she’rni yozgan men —
Muhammad Yusufman
O'ZBEKISTONdan.

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:25:15

Tavallo
Oq yo'rgakka o'ragansan o'zing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan o'zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo'lib,
Kunimizga yaragansan o'zing bizni.
Fidoying bo'lgaymiz seni, O'zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O'zbekiston!..

Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har o'g'loningga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o'pib,
Yovlar yaqin yo'lolmagay qo'rg'oningga.
Adoying bo'lgaymiz seni, O'zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O'zbekiston.

Tuzing totib, unutganlar xor bo'ladi,
Ko'zlariga ikki dunyo tor bo'ladi.
Shodon daming ko'rolmagan yurtfurushlar
Bir kun bir kaft qumlog'ingga zor bo'ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O'zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O'zbekiston!..

Gul ko'ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,
Soddadilu ulug'vorlik senga xosdir.
Sevamizki, cho'llaring ham bizga jannat,
Tuprog'ing ham Makka misol muqaddasdir.
Onadek ko'rgaymiz seni, O'zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O'zbekiston!

Muhammad Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:27:29

Ota (Armonim bor)
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Qoq dalada o'tlar bosgan o'rmonim bor.
Qizg'aldoqday boshim egik bu makonda,
Yonib yashab o'tmagan otajonim bor.

Ota desam, bag'ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
Mozoriga qo'ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to'lib ketgan osmonim bor.

Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o'zingsan eng muqaddasim,
Bag'ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.

Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar,
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar,
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor...

Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O'lgunimcha endi undan ayrilmasman -
O'z otamdek bo'lib qolgan imonim bor.

Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o'rmonim bor,
Qizg'aldoqlar bosh egib qon yig'lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.

Muhammad Yusuf

Qayd etilgan