O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 326254 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 54 B


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:31:35

 Shoir sevgisi
Shamoldek beqaror shoir sevgisi,
Uning bor davlati - savlati.
Sog'inchdan yoqar-u rayhonlar isi,
Meni tanlaganing g'alati...

Na bir shirin kalom ming zahmatingga,
Na bir salomingga alik oladi.
Muhabbating nima Muhammadingga?..
Qalamni quchoqlab uxlab qoladi.

Qasri shuhrat aro qon yig'lar yurak,
Ko'ksingda nimadir g'ijjak chaladi.
Unga she'r kerakdir,
Senga er kerak.
Koshki tushunsa u valadi...

U so'z kutar, uni sen kutib oylab,
Bir umr yo'l qarab ko'zing toladi.
Sevgilim, farishtam... tentagim, yo rab,
Baxtingni yarmini she'rim taladi!..

Gunohing ne edi, ey mungliq dilbar,
Seni tanlaganim g'alati...
Asl shoir asli uylanmay o'tar,
Uylansa ham ko'rmay xotin oladi.

M.Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  19 Noyabr 2007, 10:33:33

Men bittadurman
Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko'p,
Husning oshiqlari - adolaring ko'p.
Nimang ko'p, ko'yingda gadolaring ko'p,
Ammo men bittaman, men bittadurman.

Bek yigit bir sening poyingda xorman,
Garchi diydoringga mushtoqu zorman,
Men beun sevarman, men jim sevarman,
Qiyomatgacha shul sukutdadurman.

Deydilar: muhabbat bilmas masofa,
Ayriliqni pisand qilmas masofa.
Kelursan o'zing deb bir kun insofa -
Gohi Toshkent, gohi Urgutdadurman.

Tiling bilmasam ham tushungandayman,
Sen bilan gohi do'st tutingandayman.
Gohi bu do'stlikdan o'kingandayman,
Ming bir xayol ichra ming bittadurman.

Suymoq - bu gulxanda kuymoq azali,
Men shahar erkasi, sen tog' go'zali.
Eslab yur yodingga tushgan mahali -
Shaydolaring ko'p-u, men bittadurman!..

Muhammad Yusuf

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:49:47

Aql haqida

Shunchalar go‘zalsan, go‘zalsan, sanam,
Ta’rifing bitmoqqa ojizdir qalam,
Bir yigit umrini obod etarding,
Aql ham berganda falak bokaram...

A.Oripov

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:50:30

To'lin oy


Keksaygan hilolim, ey sen, to‘lin oy
To hanuz buzursan halovatimni.
Yodimga solursan endi, hoynahoy,
Sochlari oqargan muhabbatimni.


Yillarim kechdilar yeldirim misol,
G‘unchalar bag‘riga xayolday indim.
Endi-chi, toliqib, horg‘in va behol,
G‘orlarga bekingan shamolday tindim.

Bilmadim, qaydadir yotar sarg‘ayib,
Otashin hislarim o‘ralgan daftar.
Qaysidir go‘shada bo‘lmishdir g‘oyib,
Bir zamon qo‘limdan uchgan u kaptar.

Endi visol o‘zga, o‘zgadir firoq,
To‘lin oy, o‘tinchim yodingda tutgin.
Bizning tomonlarga yo‘ling tushgan chog’
Mening kulbamga ham mo‘ralab o‘tgin..

A.Oripov

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:51:12

Sizni uchratguncha

Qay fursat men sizni ko‘rdim banogoh
Endi zarra hijron dilimni g‘ashlar.
Buncha yarashmasa o‘zingizga, oh,
Munis tabassumu ma’yus qarashlar.

Hech kimni hayratga solmas hech qachon
Mening yoningizda yo‘g‘im yo borim.
Yo falak, shuncha yil kezibman sarson
Sizni uchratguncha, erka dilbarim...

A.Oripov

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:51:55

Yiroq bo'l hasratdan

Yiroq bo‘l hasratdan, mungdan, ko‘zyoshdan,
Sha’ningga otilgan ta’nadan, toshdan.

Mag‘rur tursang agar, mag‘rur degaylar,
Mutelik izlarlar fe’li yovvoshdan.

Yupanch topoldingmi, dunyoga kelib,
Ustoz yo shogirddan yoki tengdoshdan.

Qashqir to‘dasida qolgan bir otsan,
Tuyog‘ing sinmasa basdir, bardoshdan.

Faqat muhabbatga topingil, ey qalb,
Sen mehr ko‘rgaysan o‘shal quyoshdan.

Axir bobolar ham demishlar qadim:
Muhabbat yaratgan dunyoni boshdan.

A.Oripov


Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:52:35

Malak

Nechun o‘g‘irlading o‘yu fikrimni,
Nechun xayolimni aylading sarson.
Endi men bilmasman borar yerimni,
Endi tuyg‘ularim qoldi sargardon.

Seni ko‘rgandayman tushimda faqat,
Uchib o‘tgandaysan misoli yulduz.
Samoviy mo’jiza, ilohiy tal’at,
Tengi yo‘q bir malak, qoshlari qunduz.

Nasib etarmikan biror kun visol,
Nasib etarmikan tutmoq qo‘lingni.
Va yo noshud qolgan munajjim misol,
Poylab o‘tarmanmi qaytar yo‘lingni...

A.Oripov



Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:53:22

Vafo qilurmisan, Bahorim

Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin - nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yam-yashil qirlarni sog‘indim,
Chechakzor yerlarni sog‘indim,
U inja sirlarni sog‘indim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida - andadir.
Qxshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Intiqmiz do‘st bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan - tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

A.Oripov

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:54:00

Ona

Kimdir savol berdi: - Aytgil, Muhammad,
Yolg‘iz sen Rasulsan butkul olamga.
Kimga ko‘p yaxshilik aylay, o‘zing ayt,
Ota-onamgami yoxud bolamga?

Rasul javob qildi: - Tingla, birodar,
Gapimni bir bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
O’ng avval onangga yaxshilik qilgil.

Bu hikmat sharhini o‘yladim uzoq .
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
Onadan tug‘ilgan payg‘ambarlar ham.

A.Oripov


Qayd etilgan


Muhammad Amin  25 Noyabr 2007, 14:10:57

Otalar ilgida zamon bilan vaqt

Otalar sha’niga loyiq so‘z demoq
Tabarruk bir kitob yozish bilan teng.
Ularning mehri-ku, bamisli charoq,
Bag‘ri ham yulduzli osmon kabi keng.

Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
Zaminni kaftida tutib, avlodga
Bus-butun yetkazgan otalar, axir.

Yuksak-yuksaklarda uchgan sor lochin
Nazar uzmagandek polaponidan.
Bardavom naslini asramoq uchun
Axir ota qavmi kechgan jonidan.

Non, degan farzandning dardli xitob
Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
Bardoshli umrning zaqqum zardobi
Sochlari qirovdek ko‘pirib chiqqan.

Taxti Sulaymondan balanddir beshak
Ota deb atalgan martabayu baxt.
Farzand bunyod bo‘ldi, o‘lim yo‘q demak
Otaning ilgida zamon bilan vaqt.

Men ko‘kka termulib kutmasman madad
Do‘st izlab har yonda kezmasman sarson
Do‘stu madadkor ham otadir abad,
Shoni - shoning erur, armoni — armon.

A.Oripov

Qayd etilgan