Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 56569 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 B


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:00:56

    Abu Ma’shar (785-886) ilk bor suvning ko‘tarilish va pasayishini kuzatib, asar yozgan.

    Battoniy (858-929) bir yilni 365 kun 5 soat 46 daqiqa 22 soniya o‘laroq hisoblab chiqqan.

    Alouddin Ali Qushchi Oyning ilk xaritasini chizgan, hozir bu xarita Amriqodagi Oy tadqiqoti institutida chiqarilgan xaritalarning eng tepasiga qo‘yilgan.

    Birinchi kompasni o‘n uchinchi asrda Kabajakiy yasagan, birinchi qog‘oz fabrikasini Abbosiy vazirlardan Ibn Fozil (739-805) qurdirgan.

    Zilzilaga oid birinchi asar Damashqiyning (vafoti 1176 yil) "œKitab uz-zalzala" asaridir. Keyinchalik XV asrda yozilgan Jaloliddin Suyutiyning "œZilzilanoma" nomi bilan mashhur bo‘lgan "œKashf uz zalzal an vasfil-zalzala" kitobidan boshqa seysmologiyaga oid asar bo‘lmagan.

    Ali ibn Abbos (vafoti 994 yil) kapilyar qon tomirlarini kashf qilib, ming yil oldin saraton (rak) amaliyotini qilgan bo‘lsa, Ammor ibn Ali XI asrda ko‘z pardasi jarrohligini amalga oshirgan. Abul Qosim az-Zaxraviy g‘arbda zamonaviy jarrohlikning otasi, deb tan olingan. U jarrohlikda 200 dan ortiq asbob ishlatgan. U tug‘ishda qo‘llagan usuldan Ovro‘pada 500 yil foydalanilgan.

    Moxov xastaligining sabablarini va davolash usullarini to‘qqiz yuz yil oldin Ibn Jassor bayon qilib bergan.

    Oqshamsiddin (1389-1459) Pastordan 400 yil oldin mikrobni kashf qilgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:02:23

    Adabiyot sohasida ham sharqliklar har jihatdan ustun bo‘lishgan. Bu haqda kitobning bir necha joyida fikr yuritilgani bois, ulug‘ olmon shoiri Hyotening mana bu fikri bilan so‘zni muxtasar qilamiz: "œSharqda yettita buyuk shoir bor. Ularning eng kuchsizi ham mendan ustun turadi".

    Qur’oni karimning tablig‘i bilan boshlangan Islom dunyosidagi ilmiy izlanishlar islomiy hazora tarixida o‘chmas iz qoldirdi va u kelajakdagi hazoralar uchun mustahkam poydevor, tuganmas manba bo‘lib xizmat qildi va qilmoqda.

    Islom olami bilan Ovro‘pa orasida ilm borasidagi farqni tushunib yetish uchun g‘arblik olimlardan birining e’tirofini keltirish kifoya. U musulmon olamida ilm-fan gullab-yashnagan paytda Ovro‘paning holini quyidagicha tasvirlaydi: "œTo‘qqizinchi, o‘ninchi, o‘n birinchi va o‘n ikkinchi asrlarda g‘arbning 95 foiz aholisi o‘qish-yozishni mutlaqo bilmas edi. Ovro‘paning podshohlari, amirlari o‘qish-yozishni biroz o‘rgangani hammaga ma’lum. Monastrlardagi rohiblar va diniy xodimlar qo‘llariga qalam tutishni ham bilmasdilar".

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:03:38

    O’sha vaqtlarda matbaa ishlari yo‘lga qo‘yilmagani sababli kitoblar narxi tolibi ilm yoki kambag‘al olim sotib olishi mumkin bo‘lmagan  darajada qimmat edi. Shunday ekan, kitobxon o‘z sohasiga taalluqli kitoblarni qanday sotib oladi? Shu bois avvalgi Islom jamiyatida kutubxonalarning paydo bo‘lishiga bir vaqtning o‘zida ham insoniy fazilat, ham ilmiy xususiyat bois bo‘lgan.

    Arab adabiyoti kitobni, unga rag‘bat va muhabbatni kuylagan dunyoning eng boy qadim adabiyotlaridandir. Ahmad ibn Ismoil aytadi: «Kitob — mashg‘ullik paytingda o‘zi so‘z boshlamaydigan, ish vaqtingda chaqirmaydigan suhbatdoshdir. Unga chiroyli ko‘rinishing shart emas. Kitob — senga laganbardorlik qilmaydigan o‘rtoq, seni aldamaydigan do‘st, malol kelmaydigan yo‘ldosh va tahqirlamaydigan nasihatgo‘ydir».

    Musulmonlar kitob mutolaasini turli majlislarga tashrif buyurishdan afzal bilishardi. Unga oshno bo‘lishni xalifa yoki saltanat sohibiga oshno bo‘lishdan qalbga yaqin tutishardi. Odil vazir Muhammad ibn Abdulmalik Az-Zayyot bir qancha vaqt o‘z uyida uzlat qildi. Johiz uni ziyorat etib, arab tili imomi Sebvayhning kitobini hadya qildi. Vazir hadyani juda ham xursandlik bilan qabul qilib, Johizga: «Allohga qasamki, menga bundan ko‘ra mahbubroq narsa hali hadya qilinmagan», dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:05:17

    Xalifa olimlardan birini suhbatiga chorladi. Xizmatkor olimning oldiga borganda, uni kitoblar ichida mutolaaga berilib o‘tirganini ko‘rdi va: «Amirul-mo‘minin sizni o‘z huzuriga chorlamoqda», dedi. Olim xizmatkorga shunday javob qildi: «Unga aytgin, mening huzurimda bir qancha hukamo bor, men ular bilan suhbatlashyapman. Qachon ulardan forig‘ bo‘lsam, shunda boraman». Xizmatkor xalifaning oldiga borib hamma gapni aytdi. Xalifa: «Hayf senga, uning huzuridagi o‘sha hukamolar kim ekan?» deb so‘raganda, xizmatkor: «Allohga qasamki, uning huzurida hech kim yo‘q edi», dedi. Shunda xizmatkorga: «Nima qilib bo‘lsa ham, hoziroq huzurimga keltir», degan buyruq bo‘ldi.
   
    Olim hozir bo‘lganda xalifa unga: «Huzuringdagi o‘sha hukamolar kimlar edi?» deb murojaat qildi. Olim javobni she’riy tarzda shunday bayon qildi:

                                 Ularning suhbati hech kelmas malol,
                                 Ortingda, oldingda ma’mun va amin.
                                 Uzlatda suhbatin istaydi ko‘ngil,
                                 Hamisha yelkadosh, aritar g‘aming.

                                 Aqlu fikr, odob-ixlos bobida,
                                 Ustun bilimidan berar manfaat.
                                 Undan ko‘rmagaysan yomonlik aslo,
                                 Tilidan, qo‘lidan chekmay aziyat.
                                 Uni o‘lik, desang bo‘lmaysan kazzob,
                                 Gar tirik, desang ham qilmaslar iqob.

    Bu so‘zdan xalifa u ulamo va hukamolarning kitoblari bilan mashg‘ul bo‘lganini tushundi va kechikkani uchun ayblamadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:06:28

    Sohib ibn Ibod o‘z kutubxonasida bo‘lishni Nuh ibn Mansur as-Somoniy saroyida ulug‘ mansablarga ko‘tarilishdan afzal bilardi. Chunki u kutubxonasiga qattiq muhabbat qo‘ygandi. Usiz hech qayoqqa borolmas yoki ko‘tarib ham ketolmasdi. Shundan kitoblari bilan qolishni a’lo bilardi. Mana shunday ilmiy ruh bilan ulamolarimiz, boylarimiz, amirlarimiz kitobga va uni yig‘ishga berilganlar. Hatto, ular mollari va uy-joylari to‘g‘risidagi ofatni kitoblari xususidagi ofat-balodan yengil bilishgan.

    Qo‘shin Ibn al-Amiydning hovlisiga hujum qilib, g‘ulom va qo‘riqchilarni mag‘lub etdi. Ibn al-Amiyd Dorul-imoraga qochdi. Shundan so‘ng butun boyliklari talon-taroj qilinganini ko‘rdi. Na o‘tirishga biror narsa va na suv ichishga biror idish qolibdi. Uning xayoli esa faqat daftar va kitoblarida edi. Chunki unga dunyoda bulardan azizroq narsa yo‘q edi. Uning kitoblari ko‘p bo‘lib, barcha ilmlarni, hikmat va odob navlarining hammasini qamrab olgandi. Agar yuklansa, ular yuzdan ortiq tuyaga yuk bo‘lardi. Ibn al-Amiyd kutubxonachisini ko‘rganda, kitoblari haqida so‘radi. Xizmatkor kutubxona oldingi holatidek ekanini, biror kimsa qo‘l tekkizmaganini aytdi. Bundan Ibn al-Amiyd quvonchga to‘lib xizmatkoriga dedi: «Guvohlik beramanki, sen mas’ud va oliyjanob insonsan, boshqa narsalarning evazi topiladi, lekin bu xazina, ya’ni kutubxonaning tengi yo‘qdir».

    Mana shunday ilmiy ruh sababli ajdodlarimiz ilmiy asarlarni mualliflari yozib tugatishlari bilanoq sotib olishda musobaqalashishgan. Andalusning amiri Hakam hozirda adabiyot olamida mashhur bo‘lgan «Al-Ag‘oniy» kitobi to‘g‘risida eshitdi va kitob muallifi Abul Faraj al-Isfahoniyga undan bir nusxa berish uchun ming tilla dinor yubordi. Abul Faraj kitobidan bir nusxasini amir uchun berib yubordi. Shunday qilib, ushbu kitob muallifning vatani bo‘lmish Iroqdan oldin uzoq Andalusda o‘qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:08:01

    Mana shu ilmiy ruh sababidan Islom olamining turli burchaklarida kutubxonalar ko‘paya boshladi. Yonida kutubxonasi bo‘lmagan madrasa juda kam edi. Kutubxonasi bo‘lmagan qishloqlar juda oz edi. Poytaxtlar va shaharlar esa o‘rta asrlar tarixida tenggi yo‘q darajada kutubxonalar bilan to‘lib-toshgandi.

    Kutubxonalar asosan ikkiga bo‘linardi: umumiy va xususiy. Umumiylariga xalifalar, amirlar, ulamolar va boylar asos solishgandi. Ular uchun maxsus binolar barpo qilinardi. Bu binolar ahyonda katta masjid va madrasalar binosiga yonma-yon qurilardi.

    Ammo xususiy binolar o‘rtalarini keng zal bog‘lagan bir necha hujradan tashkil topardi. Kitoblar devorga mustahkamlangan tokchalarga qo‘yilardi. Har bir xona ilm turlaridan biriga xoslanardi. Masalan, fiqh kitoblariga bir xona, tib kitoblariga bir xona, adabiyot kitoblariga yana bir xona va hokazo. Bu binoda yana kitobxonlar uchun xos xona, kitoblardan nusxa ko‘chiradigan nussoxlar uchun ham alohida xona bo‘lardi. Ba’zilarida musiqaxona ham bo‘lib, unga kitobxonlar dam olish va yangilanish uchun kirishardi. Yana ularda izlanish va kitobxonlarning ilmiy munoqasha qilishlari uchun alohida joylar mavjud edi. Ularning hammasi po‘rim va rohatijon mebellar bilan jihozlangan edi. Ayrimlarida esa kitobxonlar uchun oshxona va g‘ariblar uchun yotoqxona ham qurilgandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:08:30

    Ali ibn Yahyo ibn al-Munjimning kutubxonasini shunday deyishardi. Uning Bag‘dod yaqinidagi bir qishloqda (bu Al-Qafs nohiyasidagi Karkar qishlog‘i) ulkan qasri bor edi. Bu qasrda katta kitobxona bo‘lib, u «Xizonatul-hikma» deb nomlanardi. Mazkur kutubxonaga turli shaharlardan odamlar kelishar, unda qolib, har xil ilmlarni o‘rganishardi. Bu yerda ularga kitoblar va oziq-ovqatlar mo‘l-ko‘l qilib qo‘yilgandi. Sarfiyotning barchasi Ali ibn Yahyoning hisobidan bo‘lardi.

    Bu borada bundan ham ajoyib voqealar borki, ularga o‘xshashini hozirgi asr g‘arb hazorasining mutaraqqiy poytaxtlaridan ham topolmaysiz. Musilda Abulqosim Ja’far ibn Muhammad ibn Hamadon al-Musiliy barpo etgan qasr bo‘lib, u «Dorul-ilm» deb nomlanardi. Unda har bir ilm uchun mavjud kitoblar javoni hamma tolibi ilmlar foydasiga vaqf qilib qo‘yilgandi. Unga kirishdan hech kim man qilinmasdi. Ilm talabidagi biror g‘arib kambag‘al bo‘lsa, unga varaq ham, variq ham, ya’ni kitob ham, pul ham berilardi. Kutubxonaning eshigi har kun ochiq edi... Tolibi ilm uchun ham kitob, ham mol beriladigan kutubxonani hozirgi Maskov, Vashington yoki dunyoning boshqa biror poytaxtida borligini hech eshitganmisiz?!

    Umumiy kutubxonalarda «kutubxona xozini» degan nom bilan mashhur kishi boshchiligidagi vazifadorlar xizmat qilishardi. Xozinlar hamisha zamonasining mashhur ulamolaridan tayin qilinardi. U yerda mutolaa qiluvchilarga kitobni olib beruvchi munovillar, kitoblarni boshqa tildan arab tiliga o‘giruvchi mutarjimlar, o‘zlarining chiroyli yozuvlari bilan kitob ko‘chiruvchi nussoxlar va ularni ezilib, titilib ketishdan saqlash uchun jildlaydigan mujallidlar hamda kutubxonaning boshqa  ehtiyojlariga qaraydigan yana bir qancha vazifa egalari xizmat qilishardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:09:03

    Katta-yu kichik har bir kutubxonada kitoblardan foydalanishni osonlashtiradigan mundarijalar mavjud edi. Ularga ilm boblariga qarab tartib berilgandi. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir javon oldiga undagi mavjud kitoblarning nomlari yozilgan ro‘yxatlar qo‘yilgandi. Ma’lumki, aksar kutubxonalarning nizomida kitoblarni bir kafolat evaziga uyga olib ketib mutolaa qilishga ruxsat berilgan. Ammo ulamo va ahli fazlga ushbu kafolat ham bekor qilingandi, ya’ni ular garovga hech narsa bermay kitobni uyga olishaverardi.

    Kutubxonalarning sarf-xarajatlarini ko‘taradigan nafaqalarning ma’lum qismi aynan kutubxonalar uchun ta’sis etilgan vaqflar hisobidan bo‘lardi. Shuningdek, ushbu kutubxonalarni tashkil qilgan amirlar, boylar va ulamolar ham ularni mablag‘ bilan ta’min etardilar. Aytishlaricha, Muhammad ibn Abdulmalik Az-Zayyot o‘z kutubxonasidagi mutarjim va nusxa ko‘chiruvchilarga har oyda ikki ming dinor berardi. Ma’mun esa, Hunayn ibn Ishoqqa arabchaga o‘girgan kitoblarining vazniga tengma-teng miqdorda tilla hadya qilardi.

    Endi tarixda nomi qolgan umumiy va xususiy kutubxonalar haqida ayrim misollarni keltirib o‘taylik. Mashhur kutubxonalar quyidagilar edi:

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:11:07

    Qohiradagi Fotimiy xalifalar kutubxonasi. Nafis sahifa va kitoblarni o‘z ichiga olgan ajib kutubxona edi. Maqriziy bir million olti yuz ming kitob bor, degan fikrga moyil bo‘lsa-da, ko‘pchilik muarrixlarning rivoyat etishicha, u o‘zida jamlagan kitoblarning soni ikki milliontaga yetardi.

    Qohiradagi «Dorul-hikma» kutubxonasi. Al-Hokim Biamrilloh tomonidan 395 hijriy yilning 10 jumodil-oxirasida ochilgan. Unga chiroyli jihozlar qo‘yilib, yaxshilab ziynatlangan. Xizmatchilar, munovillar va farroshlar uning ichida yashashgan. Bunda oldingi podshohlardan birortasi jamlamagan kitoblar yig‘ilgan. Undagi kitob javonlari qirqta bo‘lib, ularning har biriga qadim ilmlarga tegishli 18000 kitob qo‘yilgandi. Kutubxonaga kirish uchun hammaga ruxsat berilgan bo‘lib, ba’zilar kitob o‘qishga kirsa, ba’zilar nusxa ko‘chirish uchun, ba’zilar esa ta’lim olish uchun tashrif buyurishardi. Unda kitobxonlarga kerakli bo‘lgan hamma narsa: siyoh, qalam, qog‘oz va siyohdonlar mavjud edi.

    Bag‘doddagi «Baytul-hikma» kutubxonasi. Uni Horun ar-Rashid barpo qilgan. Shon-shuhrat cho‘qqisiga Ma’mun davrida chiqqan. U o‘zida kitob jamlagan jomeaga o‘xshardi. Odamlar unda muzokara va mutolaa qilishar, kitoblardan nusxa ko‘chirishardi. Kutubxonada maxsus nussox va mutarjimlar bo‘lib, ular Horun ar-Rashid va Ma’mun Anqara, Umuriyya va Qibrisni fath qilganlarida qo‘lga kiritgan kitoblarni tarjima qilib yozishardi. Ibn an-Nadiymning aytishicha, Ma’mun bilan Rum podshohi o‘rtasida o‘zaro aloqa bor edi. Ma’mun uni ayrim urushlarda  mag‘lub etgan bo‘lib, o‘rtalarida tuzilgan sulhga ko‘ra, Rum podshohi o‘z xazinasidagi kitoblarni tarjima qilishga Ma’mun jo‘natgan olimlar uchun ruxsat berishi kerak edi. Rum podshohi ham ushbu shartni bajonidil bajarardi. o‘olib hokim g‘alaba uchun o‘z millatining farzandlariga mamlakatiga keltiriladigan ilmiy kitoblardan ko‘ra qiymatliroq narsani ko‘rmadi. Tarix so‘zlagan bundan ham buyuk hodisa bormi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 16:12:27

    Andalusdagi «Al-Hikam» kutubxonasi. U juda ham ulkan va keng edi. Aytishlaricha, unda to‘rt yuz ming jild kitob bo‘lgan. Ularning  mundarijalari ham diqqat va intizom bilan tuzilgan. Hatto, ushbu kutubxonada mavjud she’riy devonlarning mundarijasi qirq to‘rt juzga yetgan. Nusxa ko‘chirish san’atining hazzoqlari, kitobni jildlash kasbining ustalari shu yerda edi. Andalus oldin ham, keyin ham bunchalik kitob xazinasini ko‘rmagan edi.

    Taroblusdagi Bani Ammor kutubxonasi. U buyuklik va kattalik misollaridan biri edi. Unda bir yuz sakson nussox kitoblardan nusxa ko‘chirar edi. Nusxa ko‘chirish ishi kecha-kunduz tinmasdi. Bani Ammor barcha nodir va yangi kitoblarni ushbu kutubxonada bo‘lishiga harakat qilishardi. Mutaxassis va tojirlar mamlakatlarni kezib, foydali kitoblarni chekka o‘lkalar va ajnabiy davlatlardan keltirishga vazifalantirilgandi. Bu kutubxonadan istifoda etganini al-Maarriy ba’zi kitoblarida zikr qilgan. Unda mavjud kitoblar miqdorida ixtilof qilingan. Mo‘‘tadil so‘zlarga ko‘ra, kutubxona o‘zida bir million kitobni jamlagan.

    Xususiy kutubxonalar to‘g‘risida ham tarix zo‘r ajoyibotlarni so‘zlaydi. Islom olamining g‘arbida-yu sharqida kutubxonasi minglarcha kitobni o‘z ichiga olmagan olim kamdan-kam topilardi. Bu kutubxonalarning ayrimlarini zikr qilib o‘tamiz:

Qayd etilgan