Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 80425 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 15 B


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:21:30

   Arab Abu Zarr o‘iforiy bilan Abu Bakrning (roziyallohu anhu) qullari, qora habashiy Bilol nizolashib qolishdi. Abu Zarr va Bilol Islomga va uning payg‘ambariga imon keltirgan sahobalardan edilar. O’rtalaridagi nizo kuchaya borib, Abu Zarrni g‘azab egallab oldi va Bilolga: «Ey qoraning bolasi!» dedilar. Bilol Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga shikoyat qildi. Shunda Rasululloh Abu Zarrga dedilar: «Sen uni onasi bilan kamsitdingmi? Sen johiliyat (odatlari) bor kishi ekansan!» Abu Zarr johiliyatni faqat yoshlarda bo‘ladigan axloqiy, shahvoniy buzilish, deb o‘ylab: «Yoshim o‘tgan ushbu soatda-ya?» dedilar. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Ha, ular birodarlaringiz». Abu Zarr pushaymon bo‘lib, tavba qildilar. Tavba va pushaymonlikda mubolag‘a etib, hatto Bilolga yuzlarini bosmoqlikni buyurdilar.

   Payg‘ambar (s.a.v.) zamonlarida Bani Maxzumdan bo‘lgan bir ayol o‘g‘irlik qildi. Jazosi berilishi uchun uni Rasulullohning oldilariga keltirishdi. Bu hol Qurayshni xafa qildi va: «Rasulullohning undan hadni bekor qilishlariga kim shafe’ bo‘ladi?» deyishdi. Shunda Rasulullohning qalblariga mahbub bo‘lgan Usoma ibn Zaydni eslab qolishdi. Unga Rasulullohning huzurlarida shafe’ bo‘lishni topshirishdi. Bu haqda Rasulullohga so‘zlaganlarida, u zot juda qattiq g‘azablandilar va Usomaga: «Sen Allohning hadlaridan bo‘lgan hadga shafe’ bo‘lasanmi?!» dedilar. So‘ng turib, odamlarga qarata shunday xitob qildilar: «Darhaqiqat, sizlardan oldin o‘tgan ummatlar agar o‘zlaridan bir obro‘li kishi o‘g‘rilik qilsa, kechirishar, ammo zaif, nochor odam o‘g‘ri bo‘lsa, unga hadni ijro qilishardi va ular shu sababdan halokatga uchrashdi. Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o‘g‘rilik qilganda ham, uning qo‘lini kesgan bo‘lardim».

   Qays ibn Matotiyya (bu odam munofiq edi) Salmon Forsiy, Suhayb Rumiy va Bilol Habashiy bo‘lgan xalqaga keldi. Va: «Avs va Xazraj manavi odamga (Muhammad sollalohu alayhi va sallamga) madad berdi. Bu tushunarli-ku, ammo anavilarning nima ishi bor?» dedi. (Ya’ni, Salmon, Suhayb va Bilolni nazarda tutgandi). Shunda Maoz ibn Jabal o‘rnilaridan turib, uning yoqasidan oldilar-da, Rasulullohning (s.a.v.) oldilariga olib keldilar hamda uning aytganlarini so‘zlab berdilar. Rasululloh g‘azablangan holda o‘rinlaridan turdilar va to‘nlarini yig‘ishtirib masjidga keldilar. So‘ng masjidda «Namoz jamlaguvchi» deya nido qilindi. (Bu so‘z bilan jamoatni yig‘ish uchun va ikki iydga nido qilinar edi.) Payg‘ambar alayhissalom odamlar to‘g‘risida xutba qildilar va: «Ey odamlar, albatta Parvardigor birdir, ota birdir va din birdir», dedilar.


Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:22:28

   Kunlardan bir kun Adiy ibn Xotam Toiy Madinaga keldi. U hali Islomga kirmagan edi. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) bir majlislarida ishtirok etdi. U zotning atroflarida g‘azotlarning biridan qaytgan ashoblari o‘tirishardi. Ular keng sovutlar kiyib olishgandi. Adiyni sahobalarning payg‘ambarlariga bo‘lgan haybat, ehtiromlari ajablantirdi. U shunday kayfiyatda turgan paytda Madina ayollaridan kambag‘al bir xotin Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga keldi va: «Yo Rasululloh, men sizga bir sir aytmoqni istayman», dedi. Rasululloh unga: «O’ylab ko‘r-chi, Madinaning qaysi ko‘chasida sen bilan xoli bo‘lishim ma’qul?» dedilar va so‘ng u bilan chiqib ketdilar. Ancha vaqt turib, uning so‘zini eshitdilar, keyin qaytdilar... Adiy bu holatni ko‘rgach, Rasulullohdagi insoniylikdan uni chuqur hayajon qamrab oldi va musulmon bo‘ldi.

   Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yigirma bir yil davom etgan kurashdan keyin Makkani fath qilganlarida, u zotga qarshi kurashgan, vatanlaridan chiqargan va takzib etganlarga nisbatan g‘oliblik maqomini olganlarida ham, Makka ko‘chalarida yashirin yurgan kunlarida, so‘ngroq esa Madinada hokim o‘laroq barhayot hazora binosiga asos qo‘yayotgan onlarida chiqargan da’vat va asoslarini esladilar. U zot Ka’ba eshigi oldida turgan hollarida gapirganlarida, kibrli va zolim ijtimoiy farqlanishlar sohibi bo‘lgan Quraysh ushbu so‘zlarni eshitdi: «Ey Quraysh jamoasi, Alloh sizlardan johiliyat g‘ururini va ajdodlarni ulug‘lashni ketkazdi. Insonlar Odamdan, Odam esa tuproqdan xalq qilingan».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:23:59

   So‘ng nusratga erishmasdan oldin da’vat qilganlari — Alloh  taboraka va taoloning ushbu oyatini tilovat qildilar: «Ey insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishinglar (do‘st-birodar bo‘lishinglar) uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik. Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot sura, 13-oyat).

   Abu Bakr (r.a.) zamonlari. Bu zot insoniyat qalbi va ruhiyatini to‘ldiradigan mutavoze’ rais misoli edilar. Xalifa bo‘lganlari holda otalarini urushda yo‘qotgan qizlarning oldiga keldilar va shunday dedilar: «Xalifalik oldin odatlangan xulqimni o‘zgartirib yubormaydi, deb umid qilaman».

   Umar (r.a.) esa xalqqa e’tiborli, zaiflarga yaxshilik qiluvchi, haqiqat borasida qattiqqo‘l va odamlarning barini barobar ko‘radigan xalifa edilar. Umar (r.a.) odamlarga berish uchun o‘zlarini mahrum qilar va ular to‘yishlari uchun och qolar edilar. Odamlarning uylaridan, manzillaridan xabardor bo‘lib turardilar. Buning qissalari ma’lum va mashhurdir:

   Bir kun bozorda sadaqa so‘rayotgan yoshi ulug‘ qariyani ko‘rdilar va: «Ey shayx, nima qilayapsan?» deb so‘radilar. Qariya: «Men yoshi ulug‘ qariyaman, jizya va nafaqa so‘rayapman», dedi. U Madina aholisidan bo‘lgan yahudiy edi. Umar (r.a.) buyuk insoniy xislat egasi edilar. Shundan unga: «Ey shayx, biz senga insof qilmadik. Yoshligingda sendan jizya olib, qariganingda tashlab qo‘ydik», dedilar-da, uning qo‘lidan ushlab uyiga olib bordilar. Unga zarur miqdorda oziq-ovqat tayin etdilar va Baytul-mol xazinachisiga: «Bu va bunga o‘xshashlarning o‘zi va ahliga yetarli miqdorda mablag‘ ajrat», deb odam yubordilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:25:43

   Bir marta Umar (r.a.) Madina ko‘chalarida yurgandilar, ozg‘inlikdan to‘zib ketgan qizchani ko‘rib qoldilar. Qiz bir turar, bir yiqilardi. Shunda Umar (r.a.): «Bu qizaloqning aybi nima?! Gunohi ne?! Qaysi biringiz bu qizchani taniysiz?» dedilar. O’g‘illari Abdulloh: «Tanimadingizmi, ey mo‘minlarning amiri?» deganda, u kishi: «Yo‘q», dedilar. Abdulloh aytdilar: «Bu — qizlaringizdan biri!»
   — Bu qaysi qizim?
   — Umarning o‘g‘li Abdullohning qizi Falona.
   — Essiz, bu holga tushishiga nima sabab bo‘ldi?
   — Sizdagi narsa bundan to‘sib qo‘ydi.
   — Allohga qasamki, menda musulmonlarnikichalik haqqingdan boshqa narsa yo‘q. Bu — men va sizning o‘rtangizdagi Allohning kitobi (farzi)dir.

   Madinaga tijoratchilar karvoni keldi. Unda ayollar va bolalar ham bor edi. Umar (r.a.) Abdurahmon ibn Avfga (r.a.): «Bu kecha ularga qo‘riqchilik qilasizmi?» dedilar. Ularni qo‘riqlab kech kiritishdi. Alloh farz etgan namozlarini o‘qishdi. Shunda Umar (r.a.) bir go‘dakning yig‘isini eshitdilar va u tomon yurdilar. Uning onasiga: «Allohdan qo‘rq, bolangga yaxshi qara», dedilar, so‘ng o‘z o‘rinlariga qaytdilar. Shunda yana yig‘i ovozini eshitib, onasiga: «Allohdan qo‘rq va bolangga yaxshi qara», dedilar-da, joylariga qaytdilar. Vaqtiki, tun oxirlagandi, yana uning yig‘isini eshitdilar. Onasiga borib: «Hayf senga, yaxshi ona emas ekansan! O’g‘lingga nima bo‘ldi, kechadan beri tinchimaydi?» dedilar. Onasi u kishini mo‘minlarning amiri ekanliklarini bilmay: «Ey Allohning bandasi, u kechadan beri meni bezor qilib yubordi, men uni ko‘krakdan chiqarishga majburlayman, u esa ko‘nmaydi», dedi. Umar (r.a.): «Nima uchun?» deb so‘radilar. U aytdi: «Chunki Umar faqat ko‘krakdan chiqqan bolalargagina nafaqa belgilaydi (ya’ni, farzandlari ko‘krakdan chiqqan otalargagina haq beradi). Umar (r.a.): «Buning yoshi nechada?» dedilar. U: «Mana shuncha oylik», deb aytdi. Umar (r.a.) esa: «Essiz, unaqa shoshmagin», dedilar-da, bomdod namozini o‘qidilar. Yig‘ining kuchliligidan qiroatlari odamlarga yaxshi eshitilmadi. Shunda salom berib dedilar: «Ey baxtsiz Umar, qancha musulmon farzandlari halok bo‘ldi...» So‘ng bir munadiyga: «Go‘daklaringizni ko‘krakdan chiqarishga shoshilmanglar. Biz Islomda tug‘ilgan har bir go‘dak uchun (haq) belgilaymiz», deb nido qilishga buyurdilar. Bu bilan hamma tomonga chopar yuborildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:26:17

   Aniqki, tarix bu hodisadan ko‘ra ajoyibroq va ta’sirliroq narsani rivoyat qilmagan. Barcha millatlarning hazorasida Umarning (r.a.) demokratiyasiga bo‘ylasha oladigan hodisa bo‘lmagan. Zero, u zot ashoblari uxlayotgan onda karvonga qarab, tunni bedor o‘tkazdilar. Umar (r.a.) o‘sha kunlarda mo‘minlarning amiri, Kisro va Qaysarning mag‘lubiyati sababchisi va mulklarining vorisi edilar. U zot o‘sha kunda bu karvonni qo‘riqlash buyurilgan bir qo‘riqchining ishini qildilar. Vaholanki, qo‘riqchi ham Umarning (r.a.) ishini qilishi mahol edi. Yig‘layotgan go‘dakdan ogoh bo‘lish, onasidan bolasiga yaxshi qarashni uch marta so‘rash... Ichimizda kim Umarning (r.a.) karvon ahliga ko‘rsatgan muomalasini qila oladi? Tarix ulug‘laridan kim Umarning (r.a.) buyuk insoniy shuuriga yaqinlasha oladi?

   Islom hazorasi tarixidagi bundan ham ajoyibroq mana bu hodisani eshitaylik. Umarning (r.a) xizmatkorlari Aslam (r.a.) hikoya qiladilar: «Bir tun Umar (r.a.) bilan chiqdim. Biz shahardan uzoqlashdik. Olis manzillar ahlini ko‘zdan kechirardik. Uzoqda yonayotgan o‘tni ko‘rdik. Umar (r.a.): «Men u yerda tun va sovuq to‘xtatib qo‘ygan yo‘lovchilarni ko‘ryapman, men bilan yur», dedilar. Biz tez sur’atda yurdik va ularga yaqinlashdik. U yerda bir ayol bilan go‘daklari va olovga osib qo‘yilgan qozon turardi. Go‘daklari chinqirib yig‘lardi. Umar salom berib, so‘ng u ayoldan: «Nima bo‘ldi?» deb so‘radilar. Xotin: «Bizni tun va izg‘irin to‘xtatib qo‘ydi», dedi. Umar (r.a.): «Bu bolalar nega chinqirib yig‘lashayapti?», deb so‘raganlarida, ayol «Ochlikdan», dedi. Umar (r.a.): «Bu qozonda nima narsa bor?» deganlarida, «Ichida suv bor, uxlagunlaricha shu bilan ovutib turibman, Alloh biz bilan Umarning o‘rtasida», deb ayol Umar (r.a.)dan shikoyat qilib, qarg‘adi. Umar (r.a.): «Ey Alloh rahm qilgur, Umar sizlarning ahvolingizdan bexabardir?» deganlarida, «U bizga bosh bo‘ladi-yu, esdan chiqaradimi?», dedi. Umar (r.a.) menga o‘girildilar va: «Ketdik», dedilar. Biz tez yurib, unxonaga keldik. Bir xalta un va bir idishda yog‘ oldilar va menga: «Ustimga yuklab qo‘y», dedilar. «Men ko‘taraman», dedim. U kishi aytdilar: «Qiyomat kuni ham gunohlarimni ko‘tarasanmi, ey baraka topgur?!» Men yukni u kishining orqalariga yuklab qo‘ydim-da, birgalikda tez yurib ketdik. Mo‘ljalga yetib borib, yukni ayolning oldiga tushirdilar. Undan ozroq olib, unga: «Menga qo‘yib ber, senga o‘zim qaynatib beraman», dedilar-da, qozonning ostini puflay boshladilar. Soqollari katta edi, shundan tutunni soqollari orasidan chiqayotganini ko‘rardim. Va nihoyat, ularga taom pishirib berdilar. So‘ng ayolga: «Menga biror narsa keltir», dedilar. Ayol bir lagancha keltirdi va taomni unga bo‘shatdilar-da: «Ularni ovqatlantir, men buni sovutib turaman», dedilar. To ular to‘yguncha shunday qilib turdilar. Taomning qolganini ularning oldida qoldirdilar. So‘ng o‘rinlaridan turdilar, men ham birga turdim. Ayol: «Alloh seni yaxshilik bilan mukofotlasin, bu ishing bilan sen mo‘minlarning amiridan yaxshi ekansan!» dedi. Umar (r.a.) dedilar: «Yaxshi so‘zlarni ayt. Agar mo‘minlarning amiri huzuriga borsang, inshaalloh, meni o‘sha yerda topasan». So‘ng u yerdan chetga o‘tib, bir panada yotdilar. Men u kishiga: «Bu ish sizga loyiq emas», degandim, «Gapirma, men go‘daklarni olishib yotganlarida ko‘rdim. Keyin mana uxladilar, tinchlanib qoldilar». So‘ng o‘rinlaridan turib, Allohga hamd aytdilar va menga qarab: «Ey Aslam, ochlik bularni bedor qildi va yig‘latdi. Men o‘zim ko‘rib turgan bu holni hal etmaguncha qaytmaslikni istagandim», dedilar».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:26:53

   Bir kecha yana Umar (r.a.) bilan sodir bo‘lgan voqea ham insoniyat tarixidagi nodir insoniy sulukat, xulq sirasidandir. O’shanda u zot odatlariga binoan odamlarni ko‘zdan kechirib, holidan xabar olib yurardilar. Madinaga yalangliklaridan o‘tayotgan edilar, bir uydan ayol kishining ingrayotgani eshitildi. Uy eshigida bir kishi o‘ltirib olgandi. Umar (r.a.) unga salom berdilar va kimligini so‘radilar. U badaviy kishi ekanini, amirul mo‘mininning fazli-marhamatidan bahramand bo‘lish uchun kelganini aytdi. Umar (r.a.) yana: «Uydan eshitilayotgan ovoz kimniki?», deb so‘radilar. Haligi odam u kishi amirul mo‘minin Umar ekanliklarini bilmay: «Alloh marhamat qilgur, bor ishingni qil, senga foydasi bo‘lmagan narsa haqida savol berma», dedi. Umar (r.a.) buning tagiga yetishni xohlaganlaridan qayta-qayta so‘rayverdilar. Oxiri u kishi: «Bu yerda tug‘ishi yaqinlashib qolgan bir ayol bor, uning oldida hech kim yo‘q», deb javob qildi. Umar (r.a.) uylariga qaytdilar. Xotinlari, hazrati Alining qizlari Ummu Kulsumga (r.a.): «Alloh senga tomon haydagan ajrga ega bo‘lmoqni xohlaysanmi?» dedilar. Ummu Kulsum: «U — nima?» deb so‘radilar. Umar (r.a.) unga voqeani tushuntirib berdilar va o‘zi bilan birga yangi chaqaloqqa kerakli kiyimlardan, xotin kishining ehtiyoji bor yog‘lardan, yana qozon, uning ichiga bug‘doy va yog‘ olvolishni buyurdilar. Xotinlari aytgan narsalarini hozir qildi. U kishi qozonni ko‘tarib yo‘lga tushdilar. Xotinlari orqalaridan yurdi. Haligi uyga yetib kelgach, xotinlariga: «Sen ayolning oldiga kir», dedilar va o‘zlari uning eri bilan qoldilar. O’t yoqib, o‘zlari bilan keltirgan narsalarni pishirdilar. U odam bo‘lsa, Umarning kimliklarini bilmay o‘tirardi. Xotinning ko‘zi yoridi va Umarning (r.a.) xotinlari uyning ichidan: «Ey amirul mo‘minin, sohibingizga o‘g‘il bilan sevinch xabarini bering», dedi. A’robiy bu so‘zni eshitib, u kishining amirul mo‘minin ekanliklarini bildi. Go‘yo u dahshatga tushgandek, orqaga tisarila boshladi. Umar (r.a.) unga: «Joyingdan qo‘zg‘alma», dedilar, so‘ng qozonni ko‘tarib, xotinlariga ayolni ovqatlantirish uchun qo‘llaridan qozonni olmoqqa buyurdilar. Xotin ovqatlanib bo‘lgach, qozonni u odamga uzatdilar-da: «Ye, baraka topgur, chunki tunning hammasini uyqusiz o‘tkazding», dedilar. So‘ng xotinlari chiqdi. Ketar chog‘larida, u odamga: «Ertaga bizning oldimizga bor, senga kerakli narsalar berishni amr qilamiz», dedilar. Ertasiga u odam keldi va uning farzandiga nafaqa  ajratib berildi.
 
   Tarix kitoblarida hazrati Umarning (r.a.) Quddus shahriga kirib borishlari shunday tasvirlangan: quddusliklar xalifangiz kelsagina, shaharni sizlarga topshiramiz, deyishadi. Hazrati Umar (r.a.) bir tuya, bir xizmatkor bilan Madinadan Quddusga ravona bo‘ladilar. Kamtarlikni qarang!

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:28:28

   Adolatli Umar (r.a.) xizmatkor va o‘zlari navbati bilan tuyaga minib borishaverdi. Quddusga yaqinlashganlarida, shahar ahli "œXalifa kelyapti", deb darvoza kalitlarini topshirish uchun uning istiqboliga chiqadi. Shunda tuyaga minish navbati xizmatkorda edi. U tuyada, xalifa esa piyoda ketyapti. Bir joyda xalifa Umar (r.a.) suvdan kechish uchun pochalarini shimarib oladi. Endi bir tasavvur qilib ko‘ring: Islom oliy davlatining bosh rahbari yalang oyoq, bosh yalang, pochalari shimarilgan holda mag‘lub shaharga kirib borayotir.

   Quddusni qamal qilgan Islom lashkarining bosh qo‘mondoni bu ko‘rinishdan xijolat bo‘lib, xalifaga ta’na qildi:
   — Ey Umar (r.a.), ayb bo‘ladi, bu holdan biz uyalamiz.
   Hazrati Umar uning ko‘ksiga bir urib:
   — Yo‘qol ko‘zimdan! Agar shu so‘zingni ilgariroq aytsayding, vazifangdan olib tashlardim. Izzat   — Islomdadir, qiliq-qiyofatda emasdir! — dedilar.

   Buyuklar tarixida insoniylik jihatidan bu hodisadan ko‘ra ajoyibroq, go‘zalroq va ulug‘roq hodisani bilmaymiz. Amerika xaloskori Vashington haqida zikr qilishlaricha, u kunlardan bir kun o‘zining ismi bilan nomlangan shahar ko‘chalarida kezib yurganida, bir toshni ko‘tarishga harakat qilayotgan, lekin kuchlari yetmayotgan askarlarni va ularga yordam berishga intilmayotgan bir zobitni ko‘radi. Vashington zobitga: «Ularga yordamlash», deydi. Zobit bundan bosh tortadi va: «Men bunchalik tuban ketmayman», deydi. Shunda Vashington kiyimini to‘shadi, ularga yordamlashdi va nihoyat toshni ko‘tarishdi. Keyin Vashington ularga qarata: «Agar yordamga muhtoj bo‘lib qolsangiz, Vashingtonning uyini so‘ranglar», dedi. Bu — buyuk axloqqa dalolat qiladigan nodir hodisa... Lekin Umarning (r.a.) ishlari bundan-da noyobroq. Zero, u zot tunda uyqu va rohatlarini tark etdilar, raiyatlarini nazorat qildilar. Tug‘ishga yaqin qolgan ayolning holini, unga yordam qiladigan kishi yo‘qligini bilgan paytlarida uyga qaytdilar, xotinlarini ko‘ndirdilar. Ikkovlon —er taom, xotin kiyimlarni ko‘tarib, qorong‘u zulmatida yo‘lga chiqishdi. Chodirga yetib kelishgach, xotinlari, yangi ta’birimizcha, davlatning birinchi raqamli xonimi doyalik vazifasini, o‘zlari esa oshpazlikni qoyilmaqom qilib bajarishdi. Yer yuzidagi biror rahbar yetisholmagan bunday insoniy oliyjanoblik qaerda?.. Bu — Umar (r.a.) buyukliklarining bir qismi. Bu — sahro farzandi Umar ibn Xattobdan (r.a.) buyuklik cho‘qqisining boshida turadigan inson yaratgan Islom hazorasining ajoyibotlaridan biri.

                                                               * * *

   Islom hazorasi yaratgan komil, marhamatli insoniylikka timsol bo‘ladigan kishi faqat Umar (r.a.)ning o‘zlari emas. Abu Bakr, Usmon, Ali, Umar ibn Abdulaziz, Salohiddin Ayyubiy va bulardan boshqa Islom hazorasining ulamolari, uzamolari, sarkardalari va faylasuflarida, ularning har birida barhayot bu hazoradagi insoniy oliyjanoblikka abadiy tamsil — misol keragichadir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:29:45

   Bu — barhayot Islom hazorasining insoniy tomonlaridan biridir. Bu — ranglaridan qat’iy nazar odamlar o‘rtasida haqiqiy tenglikning qaror topishidir. Ushbu tenglik asosi Qur’on karimning: «Albatta, sizlarning Alloh nazdida eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot surasi, 13-oyat) deganidan, Payg‘ambar alayhissalom o‘zlarining barhayot ta’limotini: «Insonlar Odamdan, Odam esa tuproqdandir. Arabning ajamga, oqning qoraga taqvodan o‘zga hech bir ustunligi yo‘qdir», deya e’lon etish uchun vido’ hajida turgan paytidan keyin maydonga chiqqandir. Bu tenglik bugungi yangi hazora rahnamolarida bo‘lganidek, qandaydir munosabatlar bilan e’lon etiladigan asoslar chegarasida to‘xtab qolgan emas, balki u tatbiqiy tenglik bo‘lib, odatiy ishdek nazarni jalb qilmay, zo‘rakilik yoki qiyinchilikka muhtoj bo‘lmay amalga oshadi. Masalan, u masjidlarda, oqu qoraning bir joyda Alloh azza va jallaga ubudiyyat va xushu’larini izhor qilib turishlarida amalga oshadi. Oq qoraning yonida turishida hech qanday ziyon yoki mashaqqat ko‘rmaydi. Yana u hajda, bashariyat unsurlarining barchasi, oqu qora bir tepalikda, bir xil kiyimda, oq bilan qorani ayirmasdan yoki biri-biridan yuqori bo‘lmasdan uchrashganlarida amalga oshadi. Balki biz bundan-da yuksakroq holni ko‘ramizki, Rasululloh (s.a.v.) Makka fathi kuni Bilol Habashiyning Ka’baning ustiga chiqib azon aytishiga, haq kalimani e’lon etishiga amr etdilar. Vaholanki, Ka’ba johiliyatda arablarning muqaddas harami, Islomda esa muazzam qibla edi. Qanday qilib, unga Bilol kabi qora qul chiqadi?.. Qanday qilib, uni qadamlari bilan bosadi? Albatta, buningdek yoki bunga yaqinroq narsani yangi hazoralarda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Lekin Islom hazorasi buni o‘n to‘rt asr oldin amalga oshirdi. Bilolning Ka’ba sathiga ko‘tarilishi insonning har narsadan mukarram ekanini e’lon etishdan o‘zga narsa emas. Albatta, inson bu mukarramlikka yuz chiroyi va oqligi uchun emas, ilmi, aqli, axloqi va imoni uchun mustahiq bo‘ldi. Agar amali orqada bo‘lsa, insonni oqligi muqaddam qilmaydi va aksincha, agar zakovati va ijtihodi muqaddam bo‘lsa, qora odam ortga surilmaydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:31:30

   Shuning uchun Rasululloh (s.a.v.) eng hurmatli sahobalaridan bo‘lishiga qaramay, Abu Zarrning boshqa sahobani «Ey qoraning o‘g‘li», deb so‘kishiga rozi bo‘lmadilar. Balki: «Uni onasining qoraligi bilan ayblaysanmi? Albatta, sen johiliyat (odati) bor kishi ekansan!» deb ta’na-malomat qildilar. Bu — ilm bilan jaholat o‘rtasini, insoniyat hazorasi bilan johiliyat hazorasi o‘rtasini ajratuvchi chegaradir.

   Irq irqqa, rang rangga ustun bo‘lmagan hazora oqil va mukarram inson yaratgan, u bilan ongli, mukarram insoniyat baxt-saodatli bo‘ladigan hazoradir. Oq rangli inson oliy bo‘ladigan, qora kamsitiladigan, oq yuzli baxtli bo‘lib, qoralar bebaxt bo‘ladigan hazora — insoniyatni ko‘r, mutakabbir, johil va axmoq holda yuzlarcha yillar ortga qaytaradigan hazoradir.

   Musulmonlar Misrni fath etgani kelishganda, Bobiliyun qo‘rg‘oni oldigacha borib to‘xtashdi. Podshoh Muqavqis musulmonlar bilan muzokara o‘tkazishga rag‘bat ko‘rsatdi va ular nimani xohlayotganlarini bilish uchun bir vafd (delegatsiya) jo‘natdi. So‘ng ular ham bir vafd jo‘natmoqliklarini so‘radi. Amr ibn Os ularga o‘n kishilik jamoani yubordi. Ularning ichida Uboda ibn Somit ham bor edi. Uboda juda qora, bo‘yi uzun kishi edi. Hatto, uning bo‘yi o‘n qarich deguvchilar ham bor edi. Amr so‘zlash vazifasini unga buyurdi. Ular Muqavqis huzuriga kirgan vaqtlarida Uboda ibn Somit oldinga chiqdi. Muqavqis uning qoraligidan qo‘rqib ketdi va: «Bu qorani ko‘zimdan yiroq qiling. Men bilan so‘zlashgani boshqa kishi chiqsin», dedi. Shunda vafd a’zolari barobariga: «Albatta, bu qora bizning fikr va ilm jihatidan afzalimizdir. U — sayyidimiz, yaxshimiz va peshqadamimizdir. Albatta, biz uning fikri va so‘ziga quloq solamiz», deyishdi. Muqavqis bunga javoban: «Bu qora sizlarning afzalingiz bo‘lishiga qanday rozi bo‘lasiz, holbuki u sizdan tubanda bo‘lishi lozim edi-ku?» dedi. Ular esa: «Hech qachon! Garchi u qora bo‘lsa-da, ko‘rganingdek daraja, aql va fikrda afzalimizdir. Bizning ichimizda qorani inkor etadigan yo‘q!» deb keskin javob qilishdi. Shunda Muqavqis Ubodaga: «Oldinga chiq, ey qora. Menga muloyim so‘zla, men sening qoraligingdan qo‘rqaman», dedi. Uboda Muqavqisning qo‘rqinchini ko‘rgach, unga shunday dedi: «Bizning qo‘shinimizda mingta qora bor. Ular mendan-da qoradirlar».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:32:04

   Bu — Islom hazorasining ajoyibligi va insoniyligini ko‘rsatib turibdi... Barcha odamlar, hatto yigirmanchi asr kishilari ham qoralikni nuqson, deb biladilar. Ular qorani oqlar qatorida bo‘lishga haqli, deb hisoblamaydilar-u, qanday qilib ularni e’zozlab o‘zlariga rahnamo qiladilar, fikr va ilmda afzal biladilar? Islom hazorasi kelganida, bu o‘lchovlarni yakson qildi. Bu fikrlarni ahmoqona, deb bildi. Ilmini, fikrini, shijoatini afzal bilgan paytda oqdan qorani oldinga qo‘ydi. Uboda ibn Somit Islom hazorasi rahnamolik, yo‘lboshchilik martabasiga ko‘targan kimsalardan faqat birginasi edi, xolos.

   Abdulmalik ibn Marvon munodiyga haj mavsumida Makkaning imomi, olimi va faqihi Ato ibn Abu Rabohdan o‘zga kishi fatvo bermasligini nido etishga farmon berdi. Bu Ato qanday kishi bo‘lganini bilasizlarmi? Qora, bir ko‘zi ko‘r, burni puchuq, shol va cho‘loq kishi edi. Kishi undan naf olishini xayolga keltirolmasdi... U minglarcha shogirdining qurshovida ilmiy majlisda o‘tirgan paytda go‘yo paxta xirmonida turgan qora qarg‘aga o‘xshardi! Bu qora, ko‘zi ko‘r kishini Islom hazorasi odamlar undan fatvo so‘raydigan imom, qo‘lida minglarcha oqlar o‘qib, bitirib chiqadigan madrasa qildi.

   Yuzlari qora bo‘la turib, hazora ilm va adabiyot maydonining barchasida ulug‘lagan kishilar bor. Ularning qoraliklari shoir Nasibga o‘xshash xalifalarning nodimi bo‘lishdan to‘sib qo‘ymadi. Yoki Islom fiqhida mo‘‘tabar manba kitoblar ta’lif etishda faqihlarni ma’n qilib qo‘ymadi. Masalan, Hanafiy fiqhidagi «Al-kanz» kitobining shorihi Usmon ibn Ali Az-Zayla’iy va «Nasbur-raya»ning muallifi Hofiz Jamoliddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf Az-Zayla’iylar Habashistonning Zayla’ degan yeridan bo‘lgan qora kishilardir.

Qayd etilgan