Baxtyashu’ ibn Jabroil Mutavakkilning tabibi bo‘lib, uning oldida ehtirom sohibi edi. Hatto, u libos, husnihol, mol ko‘pligi va muruvvatda xalifaga o‘xshardi. Shuningdek, shoir va adiblar ham din va mazhablaridan qat’iy nazar xalifa hamda amirlar huzurida hurmatga sazovor edilar. Hamma Axtalning umaviylar davridagi dovrug‘ini biladi. U tumor taqilgan ipak abo kiyib olib, Abdulmalikning oldiga iznsiz kirardi. Bo‘ynida tilla zanjirga ulangan oltin xoch osilib, soqolidan esa aroq tomchilab turardi. Uzun qasidada: «Ansorlar sallasi ostidadir tubanlik», deya ansorlarni hajv qilgan ham shu edi. Ansorlar og‘ringanlar va ichlaridan kattalari, Rasulullohning (s.a.v.) sahobalari No‘‘mon ibn Bashirni yuborganlar. U kishi Abdulmalikning huzuriga kirib, sallalarini boshlaridan olganlar va unga: «Shu yerda tubanlik ko‘ryapsanmi, ey amiral mo‘minin?» deganlar. Xalifa u kishining ko‘nglini ko‘targan, lekin Axtalga yomon muomala etmagan.
Oddiy kishilar ham xalifalardek dinlaridan qat’iy nazar, o‘zlariga yoqqan kishiga do‘stona munosabatda bo‘lardilar. Soibalar, ya’ni majusiylardan bir qavm vakili bo‘lgan Ibrohim ibn Hilol davlatning yuqori mansablarini egallaydi, shoirlarning oldi bo‘lganidan buyuk ishlarga bosh-qosh bo‘ladi. U bilan musulmon adib va olimlari o‘rtasida mustahkam do‘stlik va go‘zal aloqalar bo‘lgan. Hatto, u vafot etganda, Hoshimiy alaviylarning shayxi Sharif ar-Rizo barhayot qasidalar bilan marsiya bitgan. Ko‘p munosabatlarda Sharif uni eslab, qattiq qayg‘urardi.
Xalifalar huzuridagi ilmiy halqalar dinlari, mazhablari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar turli olimlarni jamlagandi. Ma’munning ilmiy halqasida din va mazhablarning barchasidan olimlar yig‘ilgandi. Ma’mun ularga: «Xohlagan ilmingizdan bahs etavering. Faqat toifakashlik masalasi qo‘zg‘almasligi uchun har biringiz o‘z diniy kitobingizdan dalil-hujjat keltirmasangiz bo‘lgani», degan. Xalqning ilmiy majlislari ham shunday bo‘lgan. Xalaf ibn Musanno shunday deydi: «Basradagi bir majlisda ilm va nabohatda dunyo tan olgan o‘n kishi yig‘ilganini ko‘rdik». Ular: nahvchi olim Xalil ibn Ahmad (sunniy), shoir Humayriy (shi’iy), Solih ibn Abdulquddus (dualist zindiq), Sufyon ibn Majoshi’ (xorijiy), Bashor ibn Barad (kosmopolit), Hammod Ajrad (zindiq, kosmopolit), shoir Ibn Ra’sil-Jolut (yahudiy), Ibn Nazir al-Mutakallim (nasroniy), Umar ibn al-Mu’yyid (majusiy), shoir Ibn Sinon al-Harroniy (sobiiy)lardir. Ular to‘planib olib, she’rlar o‘qishar, xabarlar naql qilishardi. Ular shunday do‘stona muhitda suhbatlashishardiki, o‘rtalaridagi juda kuchli diniy-mazhabiy ixtiloflarni kishi sezmay qolardi!