Muallif Mavzu: Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 54430 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #60 : 30 Sentyabr 2007, 11:59:14 »
   Hazora da’vat qilgan narsalarning eng ajibi, boshqa xalqlardagi xor, zaiflarni himoya qilish o‘zining hurriyat va hurmatini himoya qilgandek vojib ekanidir... «(Ey mo‘minlar), sizlarga nima bo‘ldiki, Alloh yo‘lida va «Parvardigoro, bizni egalari zolim bo‘lgan shahardan ozod qil va bizga o‘z huzuringdan bir do‘st bergin, bizga o‘z huzuringdan bir yordamchi qilgin», deyayotgan erkaklar, ayollar hamda bolalardan iborat bo‘lgan bechoralar (ni ozod qilish) yo‘lida jang qilmayapsizlar?!» (Niso surasi, 75-oyat). Islom hazorasi urush qoidalari mana shulardir. Adolat, rahmdillik va vafo – bular harbiy axloq ko‘rinishlaridir.

   Aftidan islomiy hazoraning urushdagi tinchlikparvarlik ruhini ko‘rsatishga buning o‘zi kifoya qilmaydi. Zero, qonunlarning o‘zigina millatning ulug‘ligiga, insoniyligiga dalil bo‘la olmaydi. Qancha millatlar bor: o‘zlari odamlarga eng oliy qonunlarni ko‘z-ko‘z qilishadi. Lekin eng beshafqat, chirkin, insoniylik va rahmdillikdan uzoq qonunlar bilan yashashadi. Diyorimizdagi mustamlakachilik hodisalari hech kimga sir emas. Uning fojealari, shafqatsizliklari hamon ko‘z o‘ngimizda.

   Xo‘sh, Islom hazorasida ushbu oliyjanob qonunlarning amaliy tatbiqi qanday bo‘lgan? Hammasidan oldin Islom hazorasi yo‘lboshchisi, uning asosi va shariatini qo‘yuvchisi Rasulullohdan (s.a.v.) boshlaylik. U zot hazora axloqi, hadafi va risolatidan rostgo‘y ta’birdirlar. Biz anbiyo, rasul va muslihlardan birortasining o‘z da’vati yo‘lida Rasulullohdek (s.a.v.) azoblangani, quvg‘in qilingani, ozor berilganini bilmaymiz. O’n uch yil Makkada... Bu yillarning hammasi bu zot va jamoatlariga hiyla, ozor, haqorat va azob-uqubatga to‘liq bo‘lgan. Hayotlari va ashoblarining hayotiga tinimsiz suiqasdlar uyushtirilgan. O’n yil Madinada... U uzluksiz kurash va ma’rakalar muddati. Harb libosini faqat o‘limlaridan ozgina oldin Arab  jazirasi butkul u zotga bo‘yin eggandagina yechganlar! Kim urushga kirsa, qilich ko‘tarsa, o‘ldirsa, o‘ldirilsa, quvg‘in va adovat nishoni bo‘lsa, qonga shavqli va intiqomga o‘ch odamga aylanadi. U holda, Rasulullohning urushlardagi xulqlari qanday bo‘lgan? Hazora sohibi o‘zlari e’lon etgan asoslarni qay tarzda tatbiq etganlar?..
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #61 : 30 Sentyabr 2007, 12:00:22 »
   Payg‘ambar tavsiyalariga rioya etmagan musulmonlar Uhudda mag‘lub bo‘lishgan, dushmanlar o‘rab olib o‘ldirishga harakat qilayotgan paytda ashoblari u zotni fidokorlik bilan himoya qilishdi. Rasululloh urushda jarohatlandilar. Old tishlari sinib, yuzlari yorildi. Dubulg‘alarining ikki xalqasi yonoqlariga kirib ketdi. Shunda sahobalardan ba’zilari: «Ularni duoibad qilsangiz, ey Rasululloh», deyishdi. U zoti bobarakot: «Men la’natlovchi qilib yuborilmaganman. Balki da’vatchi va rahmat qilib yuborilganman... Ey Alloh, qavmimni hidoyat qil, chunki ular bilmaydilar», deya duo qildilar. Urushda ehtiyojmand bo‘linadigan haqiqat mantig‘i mana shudir. Qon to‘kishga chanqoq bo‘lib emas, adashganlarni hidoyatga rag‘bat etib urushadigan Payg‘ambarning mantig‘i mana shudir.

   Uhud jangida Payg‘ambarning amakilari – arab botirlarining mashhuri Asadulloh Hamza o‘ldirildi. Uni Vahshiy ismli kishi Abu Sufyonning xotini Hindning undovi bilan o‘ldirdi. Chavandoz jonsiz qulagan paytda Hind Hamzaning yuragini paypaslay boshladi va uni sug‘urib oldi. So‘ng g‘azab va intiqomdan uni chaynab-chaynab tashladi! Keyinchalik Hind muslima, Vahshiy musulmon bo‘ldi. Rasululloh bunga qanday munosabatda bo‘ldilar. Hind uchun istig‘fordan boshqa narsani ziyoda qilmadilar. Vahshiyning Islomini qabul qilib, unga: «Bizdan uzoqda yashashga imkoning bo‘lsa, shunday qil», dedilar. Rasulullohning amakilari qotiliga va yuragini chaynagan ayolga bo‘lgan munosabatlari mana shunday!

   Urushlardan birida Rasululloh dushman tomondan bir ayol o‘ldirilganini ko‘rib qoldilar. Bundan qattiq darg‘azab bo‘lib, bu ishni qoraladilar va: «Men sizlarni ayollarni o‘ldirishdan qaytarmaganmidim? Axir bu urushmagandi-ku!» dedilar. Rasululloh qo‘shinlarga boshchilik qilib, insoniy asoslarini mana shunday tatbiq etardilar.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #62 : 30 Sentyabr 2007, 12:00:54 »
   Makka fath bo‘lgan paytda Rasululloh unga o‘n minglab botir qo‘shinlari bilan muzaffar holda kirib keldilar. Quraysh taslim bo‘lgandi. U Rasulullohning oyoq ostlarida, yigirma bir yillik kurashdan keyin Ka’ba eshigi oldida Payg‘ambarning hukmini kutib turardi... Payg‘ambar (s.a.v.) esa bu so‘zlardan ortiq gapirmadilar: «Ey Quraysh jamoasi! Nima deb o‘ylaysizlar, men sizlarga qanday hukm qilaman?..» Ular: «Faqat yaxshilik, ey yaxshi va yaxshining o‘g‘li!» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Bugun men sizlarga birodarim Yusuf bundan oldin aytgan so‘zini aytaman: «Bu kun sizlar ayblanmaysiz. Alloh sizlarni mag‘firat qilgay. U zot rahm qilguvchilarning rahmlirog‘idir». Boraveringlar, sizlar erkinsizlar...» dedilar. Bu misollarda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom obro‘ va saltanati uchun harakat qiladigan, g‘alaba nash’asi esankiratib qo‘ygan qonxo‘r qo‘mondon emas, balki insoniyatga ezgulikni o‘rgatuvchi muallim ekanliklari yaqqol ko‘rinib turibdi.

   U zotning sahobalari, o‘zlaridan keyingi xalifalarning urush va futuhotlardagi siyratlari mana shu nurdan bir shu’la, ana shu yo‘ldan bir tariqa va ana shu asoslarning ijrosidir. Ular eng mashaqqatli paytlarda ham o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymadilar. Futuhotlardagi buyuk g‘alabalarda ham o‘z asoslarini unutmadilar.

   Lubnon aholisidan ayrimlari o‘z hokimlari Ali ibn Abdulloh ibn Abbosga qarshi isyon ko‘tarishdi. Ali ibn Abdulloh ibn Abbos ularga urush ochib g‘alaba qozondilar. Shunda ulardan bir qismini diyorlaridan boshqa joyga surgun qilishni ma’qul ish, deb bildilar. Bu narsa hozirgi kunda eng taraqqiy etgan millatlarning hokimi berishi mumkin bo‘lgan eng shafqatli jazodir. Shunga qaramay, Shomning imomi, mujtahidi va olimi bo‘lgan imom Avzo’iy Lubnon voliysiga qilgan ishlarini, lubnonliklarning ayrimlarini vatanlaridan surgun qilishi va isyonda ishtirok etganlar bilan birga ishtirok etmaganlarni ham qo‘shib jazolashini qoralab xat jo‘natdi. U zot yozgan maktub ichida quyidagi jumlalar bor edi: «Lubnon tog‘ida surgun qilingan zimmiylarning ichida isyon qilganlarga, sen bilan urushganlarga moyil bo‘lmaganlar bor. Bilishimcha, ularning ba’zilarini o‘ldirgansan, ba’zilarini maskanlariga qaytargansan. Qanday qilib, xosning gunohi uchun om mol va dunyolaridan judo qilib  jazolanadi. Vaholanki, Alloh taoloning hukmi birovning gunohini boshqaga yuklamaslik edi-ku! Bu hukm o‘ylab, ergashishga yetarli emasmi?! Yodlab, rioya etiladigan tavsiyalarning eng haqrog‘i – Rasulullohning (s.a.v.) tavsiyalari esa ushbudir: «Kim ahdlashilgan kishiga zulm qilsa yoki unga toqatidan tashqari ishni buyursa, qiyomat kuni unga dushmandirman». Bu maktubni o‘qigan Lubnon voliysi ularni hurmat-ehtirom qilgan holda uy-joylariga qaytarib keldi!
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #63 : 30 Sentyabr 2007, 12:01:34 »
   Xalifalik Umar ibn Abdulazizga o‘tgan paytda Samarqand ahlidan bir jamoa u zotga elchi bo‘lib keldi. Ular diyorlaridagi musulmon qo‘shin qo‘mondoni Qutayba shaharlariga kirgani va adolatsiz ravishda musulmonlarni u yerga joylashtirgani to‘g‘risida shikoyat qilib kelishgandi. Umar ibn Abdulaziz Samarqanddagi voliysiga maktub yozib, ularning shikoyatini ko‘rib chiqish uchun bir qozi tayin etishni, agar qozi musulmonlarni Samarqanddan chiqarishga buyursa, ularni chiqarishni amr etdi. Voliy Jami’ ibn Hozir al-Bojiy ularning shikoyatini ko‘rib chiqish uchun qozi tayinladi. Qozi esa musulmon bo‘lgani holda musulmonlarni u yerdan chiqarishga, bundan so‘ng islomiy qo‘shin qo‘mondoni ularni ogohlantirishiga va islomiy urush qoidalariga binoan ularga urush e’lon etishi lozimligiga hukm qildi! Toinki, ahli Samarqand dovdirab qolmasdan musulmonlarga qarshi urushga tayyorlansin! Ahli Samarqand bu holni ko‘rib, qo‘shinining va qo‘mondonining zarariga bo‘lsa ham, adolat ila hukm yurgizayotgan davlatning tarixda misli yo‘q, degan fikrga kelishdi! Va: «Bu millatga qarshi kurashilmaydi. Chunki uning hukmi rahmat va ne’matdir», deyishdi. Shundan so‘ng islomiy qo‘shinning qolishiga rozi bo‘lishdi va musulmonlarning oralarida yashashlarini ma’qul ko‘rishdi.

   Ko‘ryapsizmi... Qo‘shin shaharni fath qilib, unga kiryapti. Mag‘lublar esa muzaffar davlat ustidan shikoyat qilyapti. Qozisi esa g‘olib qo‘shinning zarariga hukm qilib, ularni chiqib ketishga, undan so‘ng faqat shahar ahli ruxsat bersagina kirishga buyuryapti!..

   Islom qo‘shinlari Damashq, Hims va Suriyaning boshqa shaharlarini fath etgan paytlarida yerli aholidan ularni himoyasi va mudofaasi evaziga soliq oladi. Hiraql ular bilan hal qiluvchi jangda to‘qnashish uchun katta qo‘shin to‘playotganini eshitgan qo‘mondonlar fath etilgan shaharlarni tashlab chiqib, Rumga qarshi urushish uchun bir joyda yig‘ilish kerak, degan fikrga kelishdi. Xolid Hims ahlini, Abu Ubayda Damashq ahlini, boshqa qo‘mondonlar qolgan shaharlarning aholisini yig‘ib: «Biz sizlarni himoya va mudofaa qilamiz, deb mollaringizni olgan edik. Hozirda esa sizlarni himoya qilishga qodir emasmiz. Mana sizlarning mollaringiz, olinglar», deyishdi. Ushbu shaharlarning aholisi: «Alloh sizlarga g‘alaba ato etsin. Allohga qasamki, sizlarning hukm va adolatingiz Rumning jabr va zulmidan yaxshidir. Allohga qasamki, ular sizning o‘rningizda bo‘lishganda, olgan narsalarini qaytarib berishmasdi. Balki ko‘tara olgan hamma narsani o‘zlari bilan olib ketishardi!» deyishdi. Hozirgi qo‘shinlar esa biror shahardan chekinishga majbur bo‘lganida, unda dushman foydalanishi mumkin bo‘lgan hech narsa qoldirmagan bo‘lur edi.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #64 : 30 Sentyabr 2007, 12:02:07 »
   Mo‘g‘ul-tatarlar bilan Shomda bo‘lgan urushda ularning qo‘liga musulmon, nasoro va yahudiylardan juda ko‘pchilik asirga tushib qoldi. Shunda shayxulislom Ibn Taymiya tatarlarning amiri bilan asirlar va ularni ozod qilish ishi bo‘yicha muzokara olib bordi. Amir u kishiga nasoro va yahudiy asirlarni qoldirib, faqat musulmon asirlarni ozod qilishini aytdi. Shayxulislom bundan bosh tortdilar va: «Sen qo‘lingdagi ahli zimmatdan bo‘lgan yahudiy va nasorolarning hammasini ozod qilishing lozim. Biz ahli millatdan ham, ahli zimmatdan ham biror asirni qoldirmaymiz», deb javob qildilar.

   O’rta asrlarda g‘arbliklar musulmonlarga qarshi olib borgan salb urushlarining tarixidan yaxshi xabardorsiz. Mag‘lublarga nisbatan surgun qilish, xiyonat, qon to‘kish va qasos olishlar haqida eshitgansiz?! Qon daryosida suzib, qanday zavq va lazzat olganlari haqidagi solnomalar bilan tanishsiz.

   Salbchilar ikkinchi hamlada «Ma’ratun No‘‘mon» nomli joyga yetib kelib, uni qamal qilishdi. Yerli aholi hamla rahnamolaridan jonlari, mollari va obro‘lari muhofazasi uchun ishonchli ahdnomalar olgandan keyin taslim bo‘lishdi. Ular esa shaharga kirib-kirmay, shunday vahshiyliklarni qildilarki, buni ko‘rgan bolalar qarib ketadi. Shu urushda qatnashgan ayrim farang muarrixlarining chamalashicha, erkagu ayol, yoshu qari o‘rtasida o‘ldirilganlar soni yuz mingga yetgan! So‘ng ular Baytul Muqaddas tomon yurishlarini davom ettirdilar va uning ahliga qamalni kuchaytirdilar. Shahar aholisi mag‘lub bo‘lganini bilgach, ilojsiz yurish qo‘mondoni Tankarddan jonlari va mollariga omonlik so‘radilar. Qo‘mondon ularga «Masjidul Aqso»da ko‘tarib, har narsadan omonda bo‘lish uchun o‘z bayrog‘ini berdi. Shundan so‘ng qo‘shin shaharga kirdi. Endi holatni bir tasavvur qiling. Quddus aholisi tepasida omonlik bayrog‘i o‘rnatilgan Aqso masjidiga to‘planishdi. U yerni qarilar, ayollar va bolalar to‘ldirganda, ular qo‘y bo‘g‘izlangandek bo‘g‘izlandilar. Ibodatxonada shunchalik qon oqdiki, hatto otliqlarning tizzasigacha yetib bordi. Shahar ichidagi barcha jonzot qirish bilan tozalandi. Hatto, ko‘chalar yanchilgan bosh chanoqlari, kesilgan bilak va oyoqlar, qiymalangan jasadlar bilan to‘lib-toshgandi. Tarixchilarimizning zikr qilishicha, faqat Aqso masjidining ichida o‘ldirilganlar soni yetmish mingga yetadi! Ularning ichida ayol va go‘daklardan tashqari imomlar, obid va zohidlar jamoasi ham bor edi. Bu vahshiyliklarni g‘arb tarixchilari inkor qilmaydilar.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #65 : 30 Sentyabr 2007, 12:02:32 »
   Mana shu xunrezliklardan 90 yil o‘tib, Qohira sultoni Salohiddin Ayyubiy Baytul Muqaddasni fath etdi. Xo‘sh, u nima qildi?.. O’sha paytda Quddusda yuz mingdan ortiq g‘arblik bo‘lib, Salohiddin ularning jonlari va mollariga omonlik berdi. Faqat qodir bo‘lganlariga to‘lashlari uchun arzimas mablag‘ belgilab, hammalariga shahardan chiqishga ruxsat berdi. Chiqish uchun qirq kun muhlat belgiladi. Keyin esa faqirlardan ko‘pchiligini fidyasiz qo‘yib yubordi. Fotih Salohiddinning akasi Odil podshoh faqirlardan ikki mingtasiga o‘z yonidan fidya to‘ladi. Ayollarga esa, hozirgi zamondagi eng aslzoda muzaffar podshoh ham qilolmaydigan muomalani qildi. Farang patriarxiga bo‘lsa, shahardan chiqishni xohlaganda, o‘zi bilan birga Saxra, Aqso, Qiyomat ibodatxonalarining miqdorini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydigan boyliklarini olib chiqib ketishiga ruxsat berdi. Salohiddinning ba’zi a’yonlari ana shu ulkan boylikni olib qolishni taklif qilishganda, buyuk fotih ularga: «Men unga xiyonat qilmayman», dedi-da, undan boshqa oddiy kishilardan qancha olgan bo‘lsa, shuncha fidya oldi.

   Yana Salohiddinning Quddusni fath qilishda amal qilgan insoniy ishlaridan kishini hayratga soladigani mana bu voqeadir: u Quddusdan uzoqlashgan g‘arbliklar to‘dasini homiy birodarlariga, ya’ni Suvar, Sayda kabi salbchilar o‘chog‘iga tinch-omon yetkazib qo‘yish uchun ularga odam qo‘shib jo‘natdi. Vaholanki, o‘sha paytda Salohiddin ular bilan urush holatida edi!!! Jizyani to‘lagan ayollardan ko‘pchiligi to‘planib, sulton oldiga keldi. Ular asir olingan yoki o‘ldirilgan askarlarning oziq-ovqatsiz, boshpanasiz xotinlari, onalari va qizlari ekanliklarini aytishdi. Sulton ularning yig‘layotganini ko‘rib, ta’sirlangan va rahmi kelgan holda yig‘lab yubordi. So‘ng ularning asir erkaklarini izlashga, topilganlarini xotinlariga topshirishga, ammo qarindosh-urug‘lari o‘lib ketganlarga esa, ko‘pgina mol berib yuborishga amr etdi. Ayollar qaerga borsalar, unga maqtov-minnatdorchilik, hamdu sano aytardilar. So‘ng sulton ozod qilingan odamlarga ayollari va bolalari bilan Suvar va Akodagi boshqa qochoq birodarlariga borib qo‘shilishiga ruxsat berdi. U Quddus fath bo‘lgandan keyin uni tark etgan ayrim fuqarolar Antokiyani ko‘zlab ketayotgan, Antokiyaning salbchi amiri esa, ularni qabul qilishdan bosh tortayotgan va ular qaerga bosh urishni bilmay turganlarida, musulmonlar ularga boshpana bergan paytlarida bu ishni qildi.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #66 : 30 Sentyabr 2007, 12:03:36 »
   Albatta, Salohiddinning g‘arbliklar bilan salb urushlaridagi hikoyalari afsonalarga o‘xshaydi. Agar g‘arbliklarning bu o‘lmas qahramonlarning ezguliklari, oliy axloqidan ajablanishlari, hayratga tushishlari bo‘lmaganda edi, muarrixlarimizni oshirib yuborganlikda ayblashga imkon topilardi. g‘arbliklarning o‘zlari Salohiddin haqida ushbularni zikr qilishadi: «Salb urushlari sarkardalarining eng buyuk va shijoatlisi, sheryurak Richard kasal bo‘lib qolganining xabari unga (Salohiddinga) yetib boradi. Salohiddin unga xos tabibini yuboradi. Tabib o‘zi bilan birga dori-darmon va bu salbchi sarkarda topa olishi mushkul bo‘lgan mevalardan olib boradi. Bu voqea ularning o‘rtasida urush qizigan, qo‘shinlar jang qilayotgan paytda bo‘ldi! Yana g‘arbliklar eslashlaricha, bir ayol sulton Salohiddinning chodiriga yig‘lab, qarg‘anib kirib keldi. U sultonga askarlaridan ikkitasi bolasini o‘g‘irlab ketganidan shikoyat qildi. Buni eshitgan Salohiddin yig‘lab yubordi va bolani izlash, topib onasiga topshirish uchun odam jo‘natdi. Ayolni esa, qo‘riqchi bilan jamlog‘iga eson-omon yubordi».

   Sulton Muhammad Ikkinchi Qustantiniyani fath qilgan paytda Ayo-So‘fiya kanisasiga kirdi. Unga kanisa xodimlari yashirinishgandi. Sulton ularni husni qabul qilib, o‘z himoyasiga olishini ta’kidladi. Kanisadagi qo‘rqib ketgan masihiylardan uylariga sog‘-salomat qaytishlarini so‘radi. Shundan so‘ng masihiylarning ishlarini tartibga soldi. Ularga o‘zlarining xos kanisalariga, milliy qonunlariga va shaxsiy holatlarda (oilaviy masalalarda) o‘z urf-odatlariga bo‘ysunish huquqini berdi. Poplarda o‘z patriarxlarini saylash ixtiyorini ham qoldirdi. Ular Gandiusni patriarx qilib saylashdi. Sulton esa uning saylanishini vizantiyaliklar davrida odat bo‘lgan dabdababozlik bilan bayram qilib berdi. Va unga: «Men bilan har qanday vaqt va holatda do‘st patriarx bo‘lgin va o‘zingdan oldingilarga berilgan huquq va imtiyozlarning barchasidan bemalol foydalanaver», dedi. So‘ng unga chiroyli ot hadya qildi. O’zining ikkishoriylar deb nomlangan qo‘riqchilaridan bir nechtasini uning himoyasi uchun tayin etdi. So‘ng Muhammad Fotih provaslav kanisasining qonunlarini e’tirof etib, o‘z rioyasi ostiga oldi. Shahar fath qilingan kuni tortib olingan muqaddas osori-atiqalarning hammasini yig‘ib, sotib oldi va kanisalarga topshirdi!

   Bu ishlarni Sulton Muhammad Fotih Qustantiniyani fath qilish chog‘ida o‘zi bilan masihiylar o‘rtasida tuzilib, amal qilinishi lozim bo‘lgan shartnomalarsiz amalga oshirdi. Bu himoya va rioyani o‘z ixtiyoricha qildiki, bu holat ularni bundan keyin Vizantiya davlati rioyasida bo‘lgan paytlariga qaraganda, yangi musulmon davlat rioyasida ko‘proq tinch, salomat va diniy erkin bo‘lishlariga ishontirdi. Usmonli qahramonlar yunon, bulg‘or va o‘zlari fath qilgan boshqa qo‘shni davlatlardagi masihiy raiyyatlarga ham chiroyli muomalalarida davom etdilarki, bu hol Ovro‘paning boshqa joylarida kuzatilmagan edi. Hatto, Mojariston va Transilvaniyadagi Kelfinning odamlari va masihiylarning yakkaxudochilik mazhabidagi kishilar mutaassib Xepsiburg oilasi qo‘liga tushib qolishdan ko‘ra, turklarga bo‘ysunishni afzal bilishdi!
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #67 : 30 Sentyabr 2007, 12:05:06 »
   Sisiliyadagi protestantlar esa Turkiyaga qiziqish ko‘zi bilan qarashar, diniy erkinlikni islomiy hukmga bo‘ysunish bilan sotib olishni orzu qilishardi. Musulmonlar hukmi ostidagi masihiylarga mana shunday mukarram diniy erkinlik bilan muomala qilib turgan bir paytda, Ovro‘pa mamlakatlaridagi masihiylar hokimlarining zulmidan, diniy toifalarning qon to‘kish, fitna va qo‘rquv yoyilishiga sabab bo‘ladigan bir-biriga qarshi taassubidan jabr tortardi. XVII asrda Antokiya patriarxi Makoriusning polandiyalik katoliklar provoslav birodarlariga qarshi olib borgan repressiyalari haqida aytgan so‘zlariga quloq soling: «Biz barchamiz shu qirq, ellik yil ichida anavi din dushmani bo‘lgan badbaxt zindiqlar (ya’ni, katoliklar), qo‘lida qatl etilgan minglarcha shahidlarga daryo-daryo ko‘z yoshi oqizdik. O’ldirilganlar soni yetmish ming bo‘lishi mumkin. Ey siz xoinlar! Ey iflos, razillar! Ey toshyuraklar! Rohibalar, zaifa ayollar sizlarga nima qildi? Bu o‘ldirilgan qizaloqlar va go‘daklarning gunohi ne? Polandiyaliklarni nima uchun mal’unlar, deyapman? Chunki ular o‘zlarini buzuq butparastlardan ham tuban va shafqatsiz ekanliklarini ko‘rsatib qo‘yishdi. Bu o‘zga mazhabdagilarga beshafqatliklaridan ham ko‘rinib turibdi. Ular bu bilan provoslav nomini yo‘q qilamiz, deb o‘ylaydilar. Alloh turk davlatining baqosini abadul-abad davomli qilsin. Ular o‘zlari buyurgan jizyanigina oladilar. Dinlar bilan ishlari yo‘q. Raiyatlari masihiymi, yahudiymi, somiriymi – hammasi barobar. Ammo anavi mal’un polandlar bo‘lsa, masihiy birodarlaridan soliq va ushrlarni olish bilan qanoatlanmaydilar. Vaholanki, ularning xizmatiga chin ko‘ngil bilan bel bog‘langan bo‘lsa».

   Sulton Muhammad Fotihning Ayo-So‘fiyaga, Qustantiniyadagi masihlarga ehtiromi haqida so‘z borar ekan, salbchilarning Ovro‘padan kelib, Qustantiniyani 1204 yilda istilo qilishgan paytdagi ishlarini zikr etish lozim. Papa Ensent Uchinchi ularning o‘z birodarlari provoslavlarga qilgan ishlarini tavsiflab shunday deydi: «Masihiylikning katta dushmani (ya’ni, Islom)ga qarshi qilichlarini yalang‘ochlashlari lozim bo‘lgan Masihning izdoshlari va dinining madadkorlari harom etilgan masihiy qonni to‘kdilar va uning bahrida g‘arq bo‘ldilar. Ular dinni, yoshni va jinsni hurmat qilmadilar. Kuppa-kunduzi zino qildilar. Qo‘shinning vahshiyligiga rohibalar, bokira qizlar va onalar qurbon bo‘ldi. Ular imperatorning boyliklarini tortib olish, fuqaroning bor-yo‘g‘ini talon-taroj qilish bilan kifoyalanmadilar. Balki qo‘llarini kanisa yerlariga, mol-mulkiga ham uzatdilar, kanisalar hurmatini to‘kdilar, ularning ikonalari, xochlari, osori-atiqalari va obidalarning ashyolarigacha tortib oldilar».
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #68 : 30 Sentyabr 2007, 12:06:00 »
   Muarrix Sharl Del aytgan mana bu so‘zlarga quloq tuting: «Mast askarlar Sent-So‘fiyo kanisasiga kirishdi. Muqaddas kitoblarni yo‘q qilib tashladilar. Shahidlarning suratlarini oyoq ostida tepkiladilar. Bir zinokor ayol patriarxning kursisiga chiqib olib, bor ovozi bilan qo‘shiq aytdi! Shaharning san’at namunalari yo‘q qilindi. Haykalchalar pul zarb qilish uchun eritildi». Bu alamli hodisalarga shohid bo‘lgan rohiblardan biri shunday e’tirof qiladi: «Muhammad (s.a.v.)ning izdoshlari shaharga kirganida, masihning qo‘shinlari qilgan muomalani qilmagandi».

   Musulmon fotihlarning Andalusdagi axloqlari, mag‘lublarga ko‘rsatgan go‘zal muomalalari, mehribonliklari va his-tuyg‘ularni rioya qilishlari bilan ispanlar o‘arnota (Granada – Andalusdagi oxirgi Islom mamlakati)ni istilo qilgan paytlaridagi ishlarini bir-biriga qiyoslash shart emas. Ular musulmonlarga dinlari, masjidlari, mollari va jonlarini hurmat qilishga taalluqli oltmishdan oshiq ahdnomalar berishdi. Lekin biror ahdnomaga rioya qilishmadi, zimmalaridagi biror burchga vafo qilishmadi. Qon to‘kish, odam o‘ldirish va qaroqchilik qilishdan o‘zlarini tiya olmadilar. o‘arnotaning taslim bo‘lganiga hali o‘ttiz ikki yil to‘lmay, 1542 yilda papa Ispaniyadagi barcha masjidlarni kanisalarga aylantirish to‘g‘risidagi buyrug‘ini chiqardi. Mana shu hodisaga to‘rt yil bo‘lgan vaqtda butun Ispaniyada birorta musulmon qolmagandi!

   Islomning axloqiy tamoyillari turli diniy e’tiqoddagi kishilarga tinchlik, totuvlik va osoyishtalikda yashash imkoniyatini beradi. Bu tamoyil shunisi bilan ajoyibki, jahon tarixida Islomda bo‘lmagan qavmlarning boshqa dindagilarga shafqatsiz va murosasiz munosabatda bo‘lganiga misollar ko‘p edi. Ispaniya qo‘l ostidagi Iberiya yarim orolida nasroniylar o‘z oralarida musulmonlar va yahudiylarning yashashini istamaganlar va ana shu ikki qavmni shafqatsizlarcha jazolaganlar. Ovro‘paning boshqa mamlakatlarida yahudiylarga ochiqdan-ochiq dushmanlik bilan munosabatda bo‘lindi, ular faqat yahudiy bo‘lib tug‘ilganlari uchun ham barcha huquqlaridan mahrum etildi. Ovro‘paning butun o‘rta asrlar tarixi bir-birini jini suymaydigan nasroniylarning nasroniylar bilan urushlari bayrog‘i ostida kechdi. XVI-XVII asrlarda katoliklar bilan protestantlar o‘rtasidagi bemaqsad qirg‘in Ovro‘pani qon daryolariga g‘arq qildi. 1618-1648 yillardagi 30 yillik urush katoliklar va protestantlar o‘rtasidagi diniy ziddiyat tufayli boshlanib ketdi. Ana shu urush oqibatida Ovro‘pa jang maydoniga aylandi. Urushgacha aholisining soni 15 million kishini tashkil etgan Germaniyada u uchdan bir qismga qisqarib ketdi.

   Tarix shohidki, Islom insoniyatga diniy bag‘rikenglik, adolat, rahm- shafqat va xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmatni olib kelgan yagona diniy nizom bo‘ldi. Chunki Islom bu zo‘ravonlik, ziddiyatlar, urushlar va terrorni tag-tomiri bilan yo‘qotish yo‘li va adolat, tinchlik, diniy bag‘rikenglik va farovonlik kafolatidir.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #69 : 30 Sentyabr 2007, 12:09:45 »
   Bu mavzu biz yashab turgan zamonga nisbatan g‘aroyib bo‘lmasa-da, lekin Islom hazorasi ajoyibotlari haqidagi mavzular ichidagi eng go‘zalidir. Insoniyat hatto hozir ham mehribonlik, rahm-shafqatdan biror hissani hayvonga nisbatan ravo ko‘rmaydi. Zamondosh ayrim xalqlar haligacha bayramlarida, xursandchilik va riyoziy o‘yinlarida hayvon o‘ldirish bilan ko‘ngilxushlik qilishadi. Mana shu yerda Islom hazorasi o‘zining asoslari va voqe’ligida o‘zidan oldin yoki keyin biror hazora kiymagan rahmdillik va latif insoniy shuur bilan yo‘g‘rilgan libosi bilan yuzaga chiqdi. Bu uning hayvonotga mehribonligi va rahm-shafqatliligidir. Shunday rahmdillikki, u e’tiborni o‘ziga jalb qiladi, taajjub va hayratni oshiradi.

   Hayvonga shafqat borasida Islom hazorasidagi birinchi manbada hayvonot olami o‘z xususiyatlari, tabiati va shuuriga ega inson olami kabidir, deb e’lon etildi: «Yerda sudralib yurgan har bir jonivor, osmonda qanot qoqayotgan har bir qush xuddi sizlar kabi (Bizning qo‘l ostimizdagi) jamoalardir» (An’om surasi, 38-oyat). Insonda bo‘lgani kabi uning ham shafqat va mehribonlik ko‘rish huquqi bor. «Rahmdillarga Rahmon rahm qiladi». (Ahmad, Abu Dovud, Termiziy va Hokim rivoyatlari). «Kim shafqat ko‘rgizsa, dunyo va oxirat hayotidan nasibador bo‘ladi” (Ahmad rivoyati). «Bir odam yo‘lda ketardi. Bir vaqt juda qattiq chanqadi. Shunda bir quduq topib, unga tushdi va suvidan ichdi. So‘ng quduqdan chiqdi. Bir vaqt qarasa, bir it chanqashdan harsillab, xo‘l tuproqni chaynardi. U odam o‘ziga o‘zi: «Men qanday chanqagan bo‘lsam, u ham shunday chanqaydi», dedi-da, quduqqa yana tushib ketdi. Maxsisini suv bilan to‘ldirib, og‘zidan mahkam ushladi. So‘ng yuqoriga ko‘tarilib itni sug‘ordi. It Alloh taologa shukr aytdi va u odamning gunohlari kechirildi. Shunda sahobalar: «Ey Rasululloh, bizga hayvonlar to‘g‘risida ham ajr-savob beriladimi?» deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: «Har bir suvli (tirik) jigar egasi to‘g‘risida ajr bordir», deb javob qildilar» (Buxoriy, Muslim, Molik, Ahmad va Abu Dovud rivoyatlari).

   Shuningdek, hayvonga nisbatan shafqatsizlik kishini do‘zaxga kirgizadi: «Bir ayol mushuk to‘g‘risida do‘zaxga kirdi. U mushukni bog‘lab qo‘yib, ovqat bermadi va yer hasharotlarini yeyishiga ham yo‘l qo‘ymadi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #70 : 30 Sentyabr 2007, 12:12:23 »
   Shariat hayvonga shafqatlilikni qonun tusiga kirgizishda davom etib, to‘xtab turgan ulovning ustida ko‘p turishni harom etdi. Payg‘ambar alayhissalotu vassallom aytadilar: «Ulovlaringizning orqasini kursi qilib olmang».

   Uni och qoldirishni, ozib-to‘zitishni ham harom etdi. Rasululloh alayhissalom orqasi qorniga yopishgan tuyaning oldidan o‘tib qoldilar va: «Bu tilsiz hayvonlar to‘g‘risida Allohdan qo‘rqingiz. Ularni yaxshi minib, yaxshi yediringlar», dedilar.

   Shuningdek, jonivorlarni toqatidan ortiq ishga majburlash ham ma’n etilgan. «Rasululloh (s.a.v.) ansorlardan bo‘lgan bir kishining bog‘iga kirdilar. U yerda bir tuya bor edi. U Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rganda, ovoz chiqarib, ko‘z yoshi to‘kdi. Rasululloh alayhissalom uning oldiga kelib yoshlarini artdilar va: «Bu tuyaning egasi kim?» dedilar. Bog‘ning sohibi: «Men, yo Rasululloh», deb javob qildi. Payg‘ambar alayhissalom bog‘ning egasiga shunday dedilar: «Alloh seni molik qilib qo‘ygan bu hayvon to‘g‘risida Allohdan qo‘rqmaysanmi? U och qoldirganing va qattiq ishlatib, holdan toydirayotganing to‘g‘risida menga shikoyat qildi».

   Shariat yana ovda ko‘ngilxushlik qilishni ham harom etdi. Payg‘ambar alayhissalom shunday deydilar: «Kim chumchuqni ham bekordan o‘ldiradigan bo‘lsa, u qiyomat kuni Allohga: «Ey Rabbim,  falonchi meni bir manfaat yuzasidan emas, bekordan bekorga o‘ldirdi», deydi». Shuningdek, merganlikka o‘rganishda biror jonzotni nishon qilish ham ma’n etildi. Payg‘ambar alayhissalom joni bor narsani nishon qilganni la’natladilar.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #71 : 30 Sentyabr 2007, 12:14:39 »
   Hayvonlarni bir-biriga olkishlamoq va kuydirish bilan yuzlariga belgi qo‘ymoqdan ham qaytarildi. Rasululloh (s.a.v.) yuzi kuydirilgan eshakning oldidan o‘tib qoldilar va: «Bunga belgi qo‘ygan kishiga Allohning la’nati bo‘lsin», dedilar.
 
   Agar hayvon go‘shti yeyiladigan hayvonlardan bo‘lsa, ularga shafqat ko‘rsatish so‘yayotganda pichoqni o‘tkirlash, suv bilan sug‘orish va so‘ygandan so‘ng terisini shilguncha ozgina vaqt o‘tkazish bilan bo‘ladi: «Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilikni vojib etgandir. Agar o‘ldirsangiz, chiroyli o‘ldiring. So‘ysangiz, chiroyli so‘ying. Pichog‘ingizni o‘tkirlang va qurboningizga dam bering». Pichoqni o‘tkirlamasdan turib, hayvonni yotqizishlik joiz bo‘lmagan shafqatsizlikdir. Bir kishi pichog‘ini o‘tkirlay turib, qo‘yni so‘yish uchun yotqizdi. Unga Payg‘ambar alayhissalom: «Buni ikki marta o‘ldirishni xohlaysanmi? Yotqizishdan oldin pichog‘ingni o‘tkirlasang bo‘lmaydimi!?» dedilar.
 
   Islom hazorasi ruhiga yetuk dalolat qiladigan va hayvonga rahmdillikning ajoyib timsoli bo‘lgan manavi voqeaga quloq tuting: «Abdulloh ibn Mas’ud aytadilar: «Biz Rasululloh bilan birga safarda edik. Shunda biz hammara degan chumchuqqa o‘xshash qush va uning ikkita jo‘jasini ko‘rdik. Biz bu ikki jo‘jani ushlab oldik. Hammara qanotini qoqib aylana boshladi. Shu payt Rasululloh kelib qoldilar va: «Bunga bolalari to‘g‘risida kim ozor berdi? Bolalarini qaytaringlar», dedilar. Yana biz kuydirib tashlagan chumoli uyasini ko‘rib: «Buni kim kuydirdi?» dedilar. «Biz», deb javob qildik. Shunda Payg‘ambar (s.a.v.): «O’t bilan azoblash o‘t Egasidan boshqaga loyiq emas», deya marhamat qildilar».
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #72 : 30 Sentyabr 2007, 12:16:32 »
   Mana shu ta’limotlardan ruhlanib, musulmon fuqaholar hayvonga rahmdillik borasida xayolga kelmagan hukmlarni ishlab chiqdilar. Ular hayvonga nafaqa qilish egasiga vojib ekanini, kim bundan bosh tortsa, uni sotishga yoki nafaqasini qilishga yoki yemishi va boshpanasini topib oladigan yerga qo‘yib yuborishga yohud go‘shti yeyiladigan hayvon bo‘lsa, so‘yishga majburlanishi haqida hukm qilishdi. Ular bundan ham qattiq hukmlarni ham ijtihod etishgan. Ayrimlari shunday deyishadi: «Agar ko‘zi ko‘r bir mushuk biror shaxsning uyiga kirgan bo‘lsa, yemishini topib yeyolmagani uchun o‘sha mushukning nafaqasi ushbu odamga vojib bo‘ladi».

   Bu Islom hazorasi va qonunlaridagi hayvonga mehribonlik asoslaridir. Uning voqe’likdagi tatbiqi qanday bo‘lgan?

   Payg‘ambar (s.a.v.) safarlaridan birida ansoriy ayolning o‘zi minib olgan tuyani qarg‘ayotganini eshitdilar. Rasululloh uning bu ishiga e’tiroz bildirdilar va: «Undagi narsani olib qo‘yib, o‘zini holi qo‘yinglar, chunki u mal’undir», dedilar. Tuyadan ustidagi narsalar olindi va unga hech kim tegmay, odamlar orasida yurib ketdi.

   Umar (r.a.) qo‘yini so‘yish uchun oyog‘idan sudrab ketayotgan kishining oldidan o‘tib unga: «Holingga voy, uni o‘limga chiroyli olib borgin», dedilar.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #73 : 30 Sentyabr 2007, 12:17:09 »
   Islom hazorasida hayvonga mehribonlik, davlat va ijtimoiy muassasalar tomonidan unga bo‘lgan e’tibor ko‘rinishlari mana shunday edi. Xalifalar hayvonlarga mehribonlik qilish, ularga ozor va zarar bermaslik haqidagi tavsiyalarini xalqqa e’lon qilishardi. Umar ibn Abdulaziz voliylariga yozgan xatlaridan birida odamlarni bekordan-bekorga otlarini choptirishlikdan ma’n etganlar. Yo‘l ishlari mas’uliga esa, kishilarga ulovlarini og‘ir yuganlar bilan yuganlashga yoki uchi temirli qamchi bilan haydashga ruxsat bermaslikka buyurib xat yozganlar.

   Muhtasib (ba’zi tomonlari zamonamizdagi mirshablikka o‘xshab ketadigan vazifa)ning burchlaridan biri odamlarni ulovga toqatidan ortiq narsa yuklamoqdan, yurish asnosida urish va azoblashdan ma’n etish bo‘lgan. Kim ulov egasining ushbu ishlarni qilayotganini ko‘rsa, unga odob bergan va jazolagan. «Foydasi borligi uchun muhtasib ularni shunga majburlaydi. Ulov egalari ulovlariga toqatidan ortiq narsani yuklamaydilar. Og‘ir yuk yuklagan holda tez yurishga zo‘rlamaydilar. Ularni qattiq qamchilamaydilar. Ustida yuk bo‘lgani holda ularni umumiy maydonlarda to‘xtatmaydilar. Chunki bu ishlarning baridan pok shariat qaytargandir. Hayvonning yeyish, ichishi to‘g‘risida egasi doim Alloh azza va jallaning nazorat qilib turganini his etishi lozim. Ulovning yemishi oz va sifatsiz emas, balki to‘yadigan darajada yetarli bo‘lishi kerak».

   Ijtimoiy muassasalarga kelsak, ulardan hayvonlar uchun katta foydalar bo‘lgan. Qadimiy vaqflar ro‘yxatida xasta hayvonlarni davolash, qari, ojiz hayvonlarning rioyasini qilish uchun maxsus vaqflar ajratilganini ko‘ramiz. Bu so‘zimizga misol qilib, Marajul-axzar yerini olib ko‘rishimiz mumkin. (Hozir bu yerda Damashq shahar o‘yingohi barpo qilingan.) Foydasi yo‘qligidan xo‘jayinlari boqishdan bosh tortgan kuchsiz otlar uchun bu yer vaqf qilingan. Ular bunda ajallari bilan o‘lgunlaricha boqilardi. Damashq vaqflaridan yana biri mushuklar uchun bo‘lib, ular bu vaqf yerda ovqatlanishar, parvarish ko‘rishar va uxlashardi. Hatto, ular uchun ajratilgan bir hovlida har kun to‘yib ovqatlanib, sayrdan bo‘lak harakat qilmagan yuzlarcha mushuk yashardi.
Never say "never"

AbdurRohman

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 1728
  • -oldi: 854
  • Xabarlar: 4316
  • Jins: Erkak
  • Laa ilaha illa Allah
Re: ISLOM HAZORASI. Ahmad Muhammad
« Javob #74 : 30 Sentyabr 2007, 12:18:03 »
   Bularning barchasi hayvonlarga rahmdillik borasida tengi yo‘q darajaga yetgan xalqning ruhiyatini ravshan ko‘rsatadi. Islomiy hazora soyasidagi ruhiyatni tasdiqlovchi eng yorqin misollardan biri sifatida ulug‘ sahobiy Abu Dardoning holatlariga boqing. Bu zotning tuyalari bo‘lardi. Tuyaning vafot paytida: «Ey tuya, Rabbingga mendan da’vo qilma, chunki men senga toqatingdan ortiq narsa yuklamaganman», degandi.

   Adiy ibn Hotamdek sahoba chumolilarga nonni maydalab bera turib: «Albatta, ular bizning qo‘shnilarimiz, bizning ustimizda ularning haqlari bor», derdi.
Ulug‘ imom Abu Ishoq ash-Sheroziy hamrohlari bilan yo‘lda ketayotgandilar. Shunda oldilaridan bir it chiqib qoldi. Hamrohlardan biri uni haydayotganida, shayx uni qaytarib: «Yo‘l biz bilan uning o‘rtasida mushtarak ekanini bilmaysanmi?» dedilar.

   Hazoraning bunday yorqin ko‘rinishlari va hayvonlarga nisbatan insoniy munosabatini qadim va o‘rta asrlarda hayvonlarga qanday muomala qilinganini bilmasdan turib qadrlay olmaymiz. O’sha paytlarda insonlarning hayvonot olamiga, ularning jinoyatiga va azoblashga munosabati qanday bo‘lgan?

   Odamning diqqatini birinchi jalb qiladigan narsa shuki, o‘sha paytdagi xalqlarning biron-bir ta’limotida hayvonga rahm-shafqat qilishga undaydigan biror narsa topolmaysiz. Hatto, hayvon egasining boqish va parvarishlash borasidagi burchlariga ham duch kelmaysiz.
Never say "never"

 

Ahmad Muhammad. Haq hamisha g'olib (Umar ul-Foruq)

Muallif Munira xonimBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 124
Ko'rilgan: 42763
So'nggi javob 12 Iyul 2008, 09:09:21
muallifi AbdulAziz
Ahmad Muhammad. Ota-ona rizosi

Muallif DoniyorBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 54
Ko'rilgan: 31843
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 01:07:13
muallifi AbdulAziz
Ahmad Muhammad. Rasululloh (s.a.v.) qaytarganlar

Muallif MuslimaxonBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 72
Ko'rilgan: 31397
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 02:30:54
muallifi AbdulAziz
Muhammad Sharif Juman, Ahmad Muhammad. Dinda savolim bor

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 6
Ko'rilgan: 7148
So'nggi javob 14 Iyul 2008, 01:52:07
muallifi AbdulAziz
Ahmad Muhammad Tursun. Qaynona va kelin

Muallif MuslimаBo'lim Axloq-odobga oid kitoblar

Javoblar: 38
Ko'rilgan: 45469
So'nggi javob 16 Yanvar 2012, 15:46:23
muallifi AbdulAziz