Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 80436 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 15 B


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:12:23

   Shariat hayvonga shafqatlilikni qonun tusiga kirgizishda davom etib, to‘xtab turgan ulovning ustida ko‘p turishni harom etdi. Payg‘ambar alayhissalotu vassallom aytadilar: «Ulovlaringizning orqasini kursi qilib olmang».

   Uni och qoldirishni, ozib-to‘zitishni ham harom etdi. Rasululloh alayhissalom orqasi qorniga yopishgan tuyaning oldidan o‘tib qoldilar va: «Bu tilsiz hayvonlar to‘g‘risida Allohdan qo‘rqingiz. Ularni yaxshi minib, yaxshi yediringlar», dedilar.

   Shuningdek, jonivorlarni toqatidan ortiq ishga majburlash ham ma’n etilgan. «Rasululloh (s.a.v.) ansorlardan bo‘lgan bir kishining bog‘iga kirdilar. U yerda bir tuya bor edi. U Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rganda, ovoz chiqarib, ko‘z yoshi to‘kdi. Rasululloh alayhissalom uning oldiga kelib yoshlarini artdilar va: «Bu tuyaning egasi kim?» dedilar. Bog‘ning sohibi: «Men, yo Rasululloh», deb javob qildi. Payg‘ambar alayhissalom bog‘ning egasiga shunday dedilar: «Alloh seni molik qilib qo‘ygan bu hayvon to‘g‘risida Allohdan qo‘rqmaysanmi? U och qoldirganing va qattiq ishlatib, holdan toydirayotganing to‘g‘risida menga shikoyat qildi».

   Shariat yana ovda ko‘ngilxushlik qilishni ham harom etdi. Payg‘ambar alayhissalom shunday deydilar: «Kim chumchuqni ham bekordan o‘ldiradigan bo‘lsa, u qiyomat kuni Allohga: «Ey Rabbim,  falonchi meni bir manfaat yuzasidan emas, bekordan bekorga o‘ldirdi», deydi». Shuningdek, merganlikka o‘rganishda biror jonzotni nishon qilish ham ma’n etildi. Payg‘ambar alayhissalom joni bor narsani nishon qilganni la’natladilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:14:39

   Hayvonlarni bir-biriga olkishlamoq va kuydirish bilan yuzlariga belgi qo‘ymoqdan ham qaytarildi. Rasululloh (s.a.v.) yuzi kuydirilgan eshakning oldidan o‘tib qoldilar va: «Bunga belgi qo‘ygan kishiga Allohning la’nati bo‘lsin», dedilar.
 
   Agar hayvon go‘shti yeyiladigan hayvonlardan bo‘lsa, ularga shafqat ko‘rsatish so‘yayotganda pichoqni o‘tkirlash, suv bilan sug‘orish va so‘ygandan so‘ng terisini shilguncha ozgina vaqt o‘tkazish bilan bo‘ladi: «Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilikni vojib etgandir. Agar o‘ldirsangiz, chiroyli o‘ldiring. So‘ysangiz, chiroyli so‘ying. Pichog‘ingizni o‘tkirlang va qurboningizga dam bering». Pichoqni o‘tkirlamasdan turib, hayvonni yotqizishlik joiz bo‘lmagan shafqatsizlikdir. Bir kishi pichog‘ini o‘tkirlay turib, qo‘yni so‘yish uchun yotqizdi. Unga Payg‘ambar alayhissalom: «Buni ikki marta o‘ldirishni xohlaysanmi? Yotqizishdan oldin pichog‘ingni o‘tkirlasang bo‘lmaydimi!?» dedilar.
 
   Islom hazorasi ruhiga yetuk dalolat qiladigan va hayvonga rahmdillikning ajoyib timsoli bo‘lgan manavi voqeaga quloq tuting: «Abdulloh ibn Mas’ud aytadilar: «Biz Rasululloh bilan birga safarda edik. Shunda biz hammara degan chumchuqqa o‘xshash qush va uning ikkita jo‘jasini ko‘rdik. Biz bu ikki jo‘jani ushlab oldik. Hammara qanotini qoqib aylana boshladi. Shu payt Rasululloh kelib qoldilar va: «Bunga bolalari to‘g‘risida kim ozor berdi? Bolalarini qaytaringlar», dedilar. Yana biz kuydirib tashlagan chumoli uyasini ko‘rib: «Buni kim kuydirdi?» dedilar. «Biz», deb javob qildik. Shunda Payg‘ambar (s.a.v.): «O’t bilan azoblash o‘t Egasidan boshqaga loyiq emas», deya marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:16:32

   Mana shu ta’limotlardan ruhlanib, musulmon fuqaholar hayvonga rahmdillik borasida xayolga kelmagan hukmlarni ishlab chiqdilar. Ular hayvonga nafaqa qilish egasiga vojib ekanini, kim bundan bosh tortsa, uni sotishga yoki nafaqasini qilishga yoki yemishi va boshpanasini topib oladigan yerga qo‘yib yuborishga yohud go‘shti yeyiladigan hayvon bo‘lsa, so‘yishga majburlanishi haqida hukm qilishdi. Ular bundan ham qattiq hukmlarni ham ijtihod etishgan. Ayrimlari shunday deyishadi: «Agar ko‘zi ko‘r bir mushuk biror shaxsning uyiga kirgan bo‘lsa, yemishini topib yeyolmagani uchun o‘sha mushukning nafaqasi ushbu odamga vojib bo‘ladi».

   Bu Islom hazorasi va qonunlaridagi hayvonga mehribonlik asoslaridir. Uning voqe’likdagi tatbiqi qanday bo‘lgan?

   Payg‘ambar (s.a.v.) safarlaridan birida ansoriy ayolning o‘zi minib olgan tuyani qarg‘ayotganini eshitdilar. Rasululloh uning bu ishiga e’tiroz bildirdilar va: «Undagi narsani olib qo‘yib, o‘zini holi qo‘yinglar, chunki u mal’undir», dedilar. Tuyadan ustidagi narsalar olindi va unga hech kim tegmay, odamlar orasida yurib ketdi.

   Umar (r.a.) qo‘yini so‘yish uchun oyog‘idan sudrab ketayotgan kishining oldidan o‘tib unga: «Holingga voy, uni o‘limga chiroyli olib borgin», dedilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:17:09

   Islom hazorasida hayvonga mehribonlik, davlat va ijtimoiy muassasalar tomonidan unga bo‘lgan e’tibor ko‘rinishlari mana shunday edi. Xalifalar hayvonlarga mehribonlik qilish, ularga ozor va zarar bermaslik haqidagi tavsiyalarini xalqqa e’lon qilishardi. Umar ibn Abdulaziz voliylariga yozgan xatlaridan birida odamlarni bekordan-bekorga otlarini choptirishlikdan ma’n etganlar. Yo‘l ishlari mas’uliga esa, kishilarga ulovlarini og‘ir yuganlar bilan yuganlashga yoki uchi temirli qamchi bilan haydashga ruxsat bermaslikka buyurib xat yozganlar.

   Muhtasib (ba’zi tomonlari zamonamizdagi mirshablikka o‘xshab ketadigan vazifa)ning burchlaridan biri odamlarni ulovga toqatidan ortiq narsa yuklamoqdan, yurish asnosida urish va azoblashdan ma’n etish bo‘lgan. Kim ulov egasining ushbu ishlarni qilayotganini ko‘rsa, unga odob bergan va jazolagan. «Foydasi borligi uchun muhtasib ularni shunga majburlaydi. Ulov egalari ulovlariga toqatidan ortiq narsani yuklamaydilar. Og‘ir yuk yuklagan holda tez yurishga zo‘rlamaydilar. Ularni qattiq qamchilamaydilar. Ustida yuk bo‘lgani holda ularni umumiy maydonlarda to‘xtatmaydilar. Chunki bu ishlarning baridan pok shariat qaytargandir. Hayvonning yeyish, ichishi to‘g‘risida egasi doim Alloh azza va jallaning nazorat qilib turganini his etishi lozim. Ulovning yemishi oz va sifatsiz emas, balki to‘yadigan darajada yetarli bo‘lishi kerak».

   Ijtimoiy muassasalarga kelsak, ulardan hayvonlar uchun katta foydalar bo‘lgan. Qadimiy vaqflar ro‘yxatida xasta hayvonlarni davolash, qari, ojiz hayvonlarning rioyasini qilish uchun maxsus vaqflar ajratilganini ko‘ramiz. Bu so‘zimizga misol qilib, Marajul-axzar yerini olib ko‘rishimiz mumkin. (Hozir bu yerda Damashq shahar o‘yingohi barpo qilingan.) Foydasi yo‘qligidan xo‘jayinlari boqishdan bosh tortgan kuchsiz otlar uchun bu yer vaqf qilingan. Ular bunda ajallari bilan o‘lgunlaricha boqilardi. Damashq vaqflaridan yana biri mushuklar uchun bo‘lib, ular bu vaqf yerda ovqatlanishar, parvarish ko‘rishar va uxlashardi. Hatto, ular uchun ajratilgan bir hovlida har kun to‘yib ovqatlanib, sayrdan bo‘lak harakat qilmagan yuzlarcha mushuk yashardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:18:03

   Bularning barchasi hayvonlarga rahmdillik borasida tengi yo‘q darajaga yetgan xalqning ruhiyatini ravshan ko‘rsatadi. Islomiy hazora soyasidagi ruhiyatni tasdiqlovchi eng yorqin misollardan biri sifatida ulug‘ sahobiy Abu Dardoning holatlariga boqing. Bu zotning tuyalari bo‘lardi. Tuyaning vafot paytida: «Ey tuya, Rabbingga mendan da’vo qilma, chunki men senga toqatingdan ortiq narsa yuklamaganman», degandi.

   Adiy ibn Hotamdek sahoba chumolilarga nonni maydalab bera turib: «Albatta, ular bizning qo‘shnilarimiz, bizning ustimizda ularning haqlari bor», derdi.
Ulug‘ imom Abu Ishoq ash-Sheroziy hamrohlari bilan yo‘lda ketayotgandilar. Shunda oldilaridan bir it chiqib qoldi. Hamrohlardan biri uni haydayotganida, shayx uni qaytarib: «Yo‘l biz bilan uning o‘rtasida mushtarak ekanini bilmaysanmi?» dedilar.

   Hazoraning bunday yorqin ko‘rinishlari va hayvonlarga nisbatan insoniy munosabatini qadim va o‘rta asrlarda hayvonlarga qanday muomala qilinganini bilmasdan turib qadrlay olmaymiz. O’sha paytlarda insonlarning hayvonot olamiga, ularning jinoyatiga va azoblashga munosabati qanday bo‘lgan?

   Odamning diqqatini birinchi jalb qiladigan narsa shuki, o‘sha paytdagi xalqlarning biron-bir ta’limotida hayvonga rahm-shafqat qilishga undaydigan biror narsa topolmaysiz. Hatto, hayvon egasining boqish va parvarishlash borasidagi burchlariga ham duch kelmaysiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:19:00

   Bundan keyin hayvonni jinoyati uchun, xo‘jayinining jinoyati uchun jazolanishi va mas’uliyatda unga oqil, o‘ylovchi inson kabi muomala qilingani nazaringizni o‘ziga tortadi! Qadim va o‘rta asrlardan to o‘n to‘qqizinchi asrgacha bo‘lgan davrdagi eng g‘aroyib holatlardan biri mana shu. Bu vaqt mobaynida hayvon inson kabi muhokama qilingan. Jinoyatchi inson kabi uni ham qamoqqa, surgunga, o‘limga hukm etishgan!

   Yahudiylar shariatida shunday deyilgan: «Agar ho‘kiz biror erkak yoki ayolni suzsa va bu jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, ho‘kiz toshbo‘ron qilib o‘ldiriladi. Bunda ho‘kizning go‘shtini yeyish harom bo‘ladi, u suzishga odatlanmagan bo‘lsa, egasi javobgarlikka tortilmaydi. Agar u suzong‘ich bo‘lsa va egasini odamlar ogohlantirgan bo‘lsalar, ularning ogohlantirishiga parvo qilmay, ho‘kizning nazoratiga e’tiborsiz bo‘lsa va bu holat erkak yoki ayolning o‘limiga sabab bo‘lsa ho‘kiz toshbo‘ron qilinadi, egasining jazosi ham o‘limdir».
 
   Qadimgi yunonlar shariatida  esa bunday: ularning inson halokatiga sabab bo‘lgan hayvon va jonsiz narsalarni muhokama qiladigan maxsus mahkamalari bo‘lgan. Bu mahkama sud majlislari o‘tkaziladigan joy nomiga nisbatan Baritoniylar, mahkamasi deyilardi. Aflotun o‘zining «Qonunlar» kitobida zikr qilishicha, agar hayvon bir insonning o‘limiga sabab bo‘lsa, marhumning oilasi hayvonga qarshi mahkamaga da’vo ko‘tarib chiqishi mumkin. Qon da’vogarlari qozini fermerlar orasidan o‘zlari tanlashardi. Hayvonga qilingan da’vo o‘z isbotini topsa, uni qasos uchun o‘ldirish, tanasini shahar tashqarisiga chiqarib tashlash vojib bo‘lardi. Bunda umumiy o‘yingohlar sahnida inson va hayvon o‘rtasida olishuv bois bo‘lgan qatl istisno qilinadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:19:33

   Ularda hayvonning mas’ulligi faqat o‘lim holatlari bilangina chegaralanmay, balki u o‘limdan yengil jinoyatlarda ham javobgarlikka tortiladi. Agar bir kishini it tishlab olsa, itning egasi uni qo‘l-oyog‘i bog‘langan holda jabrlanuvchiga topshirishi lozim edi. Jabrlanuvchining o‘zi azoblab yoki o‘ldirib yoki bulardan boshqa jazo choralarini qo‘llab, undan o‘chini olardi. Shuningdek, ba’zi holatlarda hayvonlar xo‘jayinining yoki oilasining jinoyati uchun ham jazolanardi. Masalan, din yoki davlatga qarshi jinoyatlari uchun o‘limga hukm qilingan kishining o‘zi, oila a’zolari, hayvonlari va barcha mulklari hukmga qarab yondirilar, yakson qilinar, musodara etilardi.

   Qadimiy rumliklar qonunlari quyidagi moddani ichiga olgandi: «Agar ho‘kiz ekish mavsumida ekin ekilgan maydon bilan qo‘shni maydonni ajratib turadigan  chegarani siljitib yuborsa, o‘zi va egasi o‘limga hukm qilinadi». Tishlagan itni jabrlanuvchiga topshirish lozimligi belgilangan modda hukmiga ko‘ra, jabrlanuvchi kishi itni xohlagan ko‘yga solishi mumkin. Shuningdek, egasining mulki bo‘lmagan yaylovda o‘tlagan hayvonning hukmi ham mana shunday bo‘lgan. Hayvonlarni jazolashdagi qadimgi mormonlar holi ham rum va yunonlar kabi edi.

   Ammo forslarda esa ish bundan ham ajablanarli, g‘aroyib bo‘lgan. Quturgan it qo‘yni tishlab o‘ldirib qo‘ysa yoki odamga jarohat yetkazsa, o‘ng qulog‘i kesib olingan. Agar bu ishini takrorlasa, chap qulog‘i uzib olingan. Uchinchi martasida o‘ng oyog‘i kesilsa, to‘rtinchi bor chap oyog‘idan mahrum bo‘lgan. Beshinchi marta tishlagan it dumidan ajragan!..

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:20:02

   Fransa Ovro‘pa davlatlari ichida birinchi bo‘lib, o‘n uchinchi asrda  hayvonlarning mas’uliyati to‘g‘risida qonun qabul qildi. Unga ko‘ra, hayvonlar gunohiga qarab, xuddi inson muhokama qilingani kabi qonuniy yo‘llar bilan mahkama oldida javobgar bo‘lgan. Keyin o‘n to‘rtinchi asrning oxirida Sardiniya, XV asrning oxirlarida esa Belgiya ham shunday yo‘l tutdi. O’n oltinchi asrning o‘rtalarida orqama-keyin Xollandiya, Olmoniya, Italiya va Shvetsiya ham hayvonlarni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qonunlar ishlab chiqishgan. Mana shu holat ba’zi slavyan xalqlarda o‘n to‘qqizinchi asrgacha davom etib keldi.

   Ovro‘paliklarda hayvonga nisbatan jinoiy ish jabrlanuvchi yoki prokuratura da’vosiga binoan ochiladi. Mahkama hayvonni ehtiyot yuzasidan hukm qilinguncha qamab ham qo‘yardi. Shundan keyin hukm o‘qilar va insonlarda bo‘lganidek ko‘pchilikning oldida ijro qilinardi. Hukm hayvonni toshbo‘ron qilish yoki boshini kesish yoxud yondirish bilan bo‘lardi. Ba’zan o‘ldirishdan oldin ayrim a’zolarini kesib ham, hukm ijro qilinardi. Hech kim bu muhokamani o‘ziga tasalli berish uchun qilingan hazil ish, deb o‘ylamas, balki butunlay jiddiyat bilan qarardi. Bunga dalil sifatida shuni aytish mumkinki, hayvonlarni javobgarlikka tortishga bois bo‘lgan sabablarni shunday bayon qilishardi: «Adolatni qaror toptirish uchun hayvon o‘limga hukm qilinadi» yoki  «Vahshiy va qabih jinoyatni amalga oshirgani uchun osib o‘ldirilsin!»

   Bu o‘rinda zikr qilinayotganlarning eng g‘aroyibi — ovro‘paliklarning hayvonga nisbatan mahkama ishini qo‘zg‘ashlariga sabab bo‘ladigan holatlardan biri uning tabiat qonunlariga tajovuz qilganligidir. Masalan, hayvon ham sehrgarlikda ayblanardi. U shunday jinoyat ediki, buni qilganga olov bilan yondirish jazosi belgilangandi. Ovro‘paliklar hayvonga nisbatan hukm ijro qilinishi munosabati bilan katta tantana uyushtirishardi. Jallodlar o‘tin bo‘laklarini olib kelishar va maydonlardan birining o‘rtasiga qo‘yishardi. U maydonga mahkum mushuklar olib kelinardi. Har bir mushuk temirdan yasalgan alohida qafasga qamalardi. Jazoni amalga oshirish payti kelganda ayrim hokimlar hamrohligida poplar paydo bo‘lardi. Ulardan biri oldinga chiqar, qo‘lida o‘tinni yondirish uchun olov bo‘lardi. So‘ng hokimlardan biri mushuklarni o‘tda tutib turishga amr etardi. Ular sehr bilan shug‘ullanganliklari uchun yonib, kulga aylanardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:20:31

   O’rta asrlarda ovro‘paliklarning hayvonlarga nisbatan olib borgan mashhur mahkamalaridan ba’zilarini zikr qilish kerak. Bunday  ishlarning eng g‘aroyib va mashhuri o‘n beshinchi asrda Fransaning Oton shahrida sichqonlar mahkamasi bo‘lgan. Bu shaharchada sichqonlar osoyishtalikka putur yetkazadigan qo‘rqinchli shakllarda ko‘chalarda to‘planganlikda ayblanishgan. Ularning himoyasini frantsuz advokati Shosoniya o‘z qo‘liga olgan va sichqonlar mahkamada hozir bo‘la olmaganliklari uchun uni kechiktirib turishlarini so‘ragan. Zero, ularning ichida emizikli, xasta va keksalari bor. Agar kechiktirilgan fursat keladigan bo‘lsa, mahkama oldida javob berishga ular o‘zlarida kuch topadilar. Mahkama muhokamani muayyan bir vaqtgacha kechiktirib turishga rozi bo‘lgan. Lekin sichqonlar yana kelmaydi. Himoyachi advokat mahkamaga yana shunday bahona qildi: «Sichqonlar, albatta, sizning viqorli amrlaringizga itoat qiladi va huzuringizga kelishni xohlaydilar. Lekin, ey qozi hazratlari, ular bu yerga keladigan bo‘lsalar, mushuklar tomonidan yetadigan ozordan qo‘rqyaptilar». Bunga mahkama raisi: «Ularning hayotlarini muttahamlardan himoya qilish bizning burchimiz», deya javob qaytardi. Shundan keyin advokat sichqonlar karvoni ko‘chalardan o‘tishidan oldin, hayotlari ta’min etilganiga ishonch hosil qilishlari uchun mahkamadan shahar mushuklarining hammasini qamab turishga amr etishini so‘radi. Mahkama bu talabga ham adolat yuzasidan rozi bo‘ldi va sichqonlarning mahkama zaliga kelish asnosida xotirjamligini ta’min etish uchun it va mushuklarning ko‘chada yurishini ma’n etadigan farmoyish chiqardi. Lekin shaharcha aholisi bu farmoyishni bajarishdan bosh tortdi. Shundan keyin mahkama sichqonlarni oqlab hukm chiqarishga majbur bo‘ldi. Negaki, sichqonlar qonuniy himoya vositalaridan mahrum bo‘lgandi-da!.. Bu ish sababidan advokatning shuhrati atrofga taraldi. U sichqonlardan o‘ziga muxlis, izdosh orttirdimi-yo‘qmi, bilmaymiz. Balki  tobe’lari bo‘lmish sichqonlar uning kitob va qog‘ozlarini kemirmaslikka va’da qilishgandir...

   O’rta asrda hayvonlarga nisbatan olib borilgan mahkama ishlarining g‘aroyiblaridan yana biri tuxum qilgan xo‘roz mahkamasi bo‘lgan. 1474 yil Shveytsariyaning Bali shahrida bir xo‘rozga qarshi tuxum qilganlik ayblovi  mahkamaga oshirildi. Bu ish o‘sha paytda ovro‘paliklar urfida juda qabih jinoyat sanalardi. Chunki ularga ma’lum bo‘lishicha, sehrgarlar o‘zlarining shaytoniy maqsadlarida ishlatish uchun xo‘roz tuxumini izlab yurishardi. Shunday qilib, xo‘roz mahkamaga topshirildi. Advokat uni: «Uning bu ishga aloqasi bo‘lmagan, qanday qilib, xo‘roz voqeaga mas’ul bo‘lsin?» deya himoya qildi. Lekin mahkama advokatning himoyadagi fikrini inobatga olmadi. Balki xo‘rozni o‘limga xukm qildi va o‘z hukmini: «Bundan boshqa xo‘rozlarga ham ibrat bo‘lsin!» deya izohladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:20:56

   1495 yili Fransada boshqa masala ham ko‘rib chiqildi. Bu ham eng g‘aroyib hayvonlar muhokamasi sirasiga kiradi. San-Goleon viloyati polizlarining egalari qurtlar ekinlariga talofat yetkazayotgani, daraxtlari, sanoatlari va tijoratlariga zarar berayotgani haqida da’vo ko‘tarib chiqishdi. Bu qurtlarning himoyasini qonun kishilaridan ikki kishi olib bordi. Jarayon qirq yil davom etib, poliz egalari charchashdi va qurtlar xohlaganlaricha ekin va mevalarni yeyishlari uchun o‘zlariga alohida bir bo‘lak yer ajratib berishga kelishishdi!

   Mana shu g‘alati solishtiruvdan keyin Islom hazorasi bilan boshqa millatlarning hayvonlarga munosabati o‘rtasidagi farq ma’lum bo‘ladi. Demak, Islomiy hazora qadim millatlar va hozirgi ayrim elatlardan misli yo‘q ikki ish bilan ajralib turadi: Birinchisi — hayvonni parvarishlash, davolash va kuchsizlik, xastalik va keksalikda maishatini ta’min etish uchun ijtimoiy muassasalar barpo qilish. Ikkinchisi — hayvonlarning muhokamasidan xoli bo‘lish. Chunki u yangi hazoradan o‘n uch asr oldin hayvonlardan jinoiy mas’uliyatni soqit qilishga chaqirgan. Shuningdek, islomiy hazora hayvonlar o‘rtasidagi shafqatsizlik va urushish uchun olkishlash ko‘rinishlaridan ham xoli. Bu ko‘rinishlar Yunon va Rumda rasman e’tirof etilgandi. Ispaniyada ho‘kizlar olishuvi uchun katta tantanalar uyushtirilib, bu janglar haligacha tan olinib kelinmoqda. Bu shubhasiz, qadim va o‘rta asrlardagi g‘arbliklar vahshiyligining qoldiqlaridandir. Islom hazorasi bu qabohatdan o‘zini uzoq tutgan.

Qayd etilgan