O’rta asrlarda ovro‘paliklarning hayvonlarga nisbatan olib borgan mashhur mahkamalaridan ba’zilarini zikr qilish kerak. Bunday ishlarning eng g‘aroyib va mashhuri o‘n beshinchi asrda Fransaning Oton shahrida sichqonlar mahkamasi bo‘lgan. Bu shaharchada sichqonlar osoyishtalikka putur yetkazadigan qo‘rqinchli shakllarda ko‘chalarda to‘planganlikda ayblanishgan. Ularning himoyasini frantsuz advokati Shosoniya o‘z qo‘liga olgan va sichqonlar mahkamada hozir bo‘la olmaganliklari uchun uni kechiktirib turishlarini so‘ragan. Zero, ularning ichida emizikli, xasta va keksalari bor. Agar kechiktirilgan fursat keladigan bo‘lsa, mahkama oldida javob berishga ular o‘zlarida kuch topadilar. Mahkama muhokamani muayyan bir vaqtgacha kechiktirib turishga rozi bo‘lgan. Lekin sichqonlar yana kelmaydi. Himoyachi advokat mahkamaga yana shunday bahona qildi: «Sichqonlar, albatta, sizning viqorli amrlaringizga itoat qiladi va huzuringizga kelishni xohlaydilar. Lekin, ey qozi hazratlari, ular bu yerga keladigan bo‘lsalar, mushuklar tomonidan yetadigan ozordan qo‘rqyaptilar». Bunga mahkama raisi: «Ularning hayotlarini muttahamlardan himoya qilish bizning burchimiz», deya javob qaytardi. Shundan keyin advokat sichqonlar karvoni ko‘chalardan o‘tishidan oldin, hayotlari ta’min etilganiga ishonch hosil qilishlari uchun mahkamadan shahar mushuklarining hammasini qamab turishga amr etishini so‘radi. Mahkama bu talabga ham adolat yuzasidan rozi bo‘ldi va sichqonlarning mahkama zaliga kelish asnosida xotirjamligini ta’min etish uchun it va mushuklarning ko‘chada yurishini ma’n etadigan farmoyish chiqardi. Lekin shaharcha aholisi bu farmoyishni bajarishdan bosh tortdi. Shundan keyin mahkama sichqonlarni oqlab hukm chiqarishga majbur bo‘ldi. Negaki, sichqonlar qonuniy himoya vositalaridan mahrum bo‘lgandi-da!.. Bu ish sababidan advokatning shuhrati atrofga taraldi. U sichqonlardan o‘ziga muxlis, izdosh orttirdimi-yo‘qmi, bilmaymiz. Balki tobe’lari bo‘lmish sichqonlar uning kitob va qog‘ozlarini kemirmaslikka va’da qilishgandir...
O’rta asrda hayvonlarga nisbatan olib borilgan mahkama ishlarining g‘aroyiblaridan yana biri tuxum qilgan xo‘roz mahkamasi bo‘lgan. 1474 yil Shveytsariyaning Bali shahrida bir xo‘rozga qarshi tuxum qilganlik ayblovi mahkamaga oshirildi. Bu ish o‘sha paytda ovro‘paliklar urfida juda qabih jinoyat sanalardi. Chunki ularga ma’lum bo‘lishicha, sehrgarlar o‘zlarining shaytoniy maqsadlarida ishlatish uchun xo‘roz tuxumini izlab yurishardi. Shunday qilib, xo‘roz mahkamaga topshirildi. Advokat uni: «Uning bu ishga aloqasi bo‘lmagan, qanday qilib, xo‘roz voqeaga mas’ul bo‘lsin?» deya himoya qildi. Lekin mahkama advokatning himoyadagi fikrini inobatga olmadi. Balki xo‘rozni o‘limga xukm qildi va o‘z hukmini: «Bundan boshqa xo‘rozlarga ham ibrat bo‘lsin!» deya izohladi.