Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 65040 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 B


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:21:39

   Millatning taraqqiy etgani, yashovchanligiga dalolat qilishda o‘z kishilariga oliyjanoblik qilishdan ko‘ra yaxshi narsa yo‘qdir. Bu oliyjanoblik nafaqat jamiyatning barcha tabaqalarini, balki yer yuzidagi insonu hayvondan iborat jonzotni yaxshilik, ezgulik va rahmat bilan fayzli qiladi. Millatlar hazorasi mana shu miqyoslar bois tarixda qoladi, shu yo‘ldagi izlari bilan hazoralar o‘rtasida taqdirlanadi.

   Musulmon millati bu to‘g‘rida biror xalq mutlaqo yetolmagan cho‘qqini zabt etgan. Undan keyin ham hozirgacha biror millat bu darajaga erisholmadi. O’tgan asrlarda millat va hazoralar yaxshilik maydonida ibodatxona va madrasalardan iborat tor nuqtadan boshqa biror narsani bilmadilar. Hozirgi zamonda esa, g‘arb millatlari garchi ijtimoiy ehtiyojlarni ijtimoiy va umumiy muassasalar orqali qondirayotgan bo‘lsalar-da, lekin Alloh azza va jalla uchun xolis bo‘lgan insoniy oliyjanoblik cho‘qqisiga yeta olmadilar. Albatta, g‘arbliklarni umuminsoniy ezgulik tomon chorlashda obro‘, shuhrat, ovoza bo‘lish va tarixda qolish istagining ta’siri katta bo‘lgan.

   Holbuki, Islom millatini yaxshi amallarga birinchi navbatda undagan narsa Buyuk zot Alloh roziligini istash bo‘lgan. Bunda odamlarning bilish-bilmasliklari ahamiyatli bo‘lmagan. Bunga dalil sifatida ushbu misol kifoya qiladi: Salohiddin Ayyubiy bor boyligini yaxshi ishlarga sarflagan. Shom, Misr mamlakatlarini masjid, madrasa, karvonsaroy va boshqa xayriya muassasalari bilan to‘ldirib yuborgan. Lekin ularning birortasiga o‘z ismini emas, balki qo‘mondonlari, vazirlari, yordamchilari va do‘stlarining nomlarini yozdirgan. Bu — ezgu amallarda nafsning nasibasidan poklanishning eng yorqin ko‘rinishidir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:23:13

   Yana bir narsa: g‘arbliklar o‘z ijtimoiy muassasalarida ko‘pincha yurtdoshlari manfaatlari bilan cheklanib qolishgan bo‘lsa, islomiy ijtimoiy muassasalar jinsi, tili, vatani va mazhabidan qat’iy nazar, har bir inson uchun o‘z eshiklarini ochib qo‘ygan. Uchinchi farq: ijtimoiy muassasalar, hatto, bugungi g‘arbliklar ham ko‘rmagan ezgulik va ijtimoiy kafolat yuzasidan barpo qilinganki, bu ajablanish va hayrat boisi bo‘lib kelmoqda, Islom millatini boshqa millatlarnikidan farqli o‘laroq shomil, sof va keng ufqli insoniy xususiyatlarga ega ekanligiga dalolat qilmoqda.

   Islom ezgulikka chaqirish bilan shunday nido qiladiki, uning oldida insoniyat ruhiyatidagi baxillik boislari, shaytonning faqirlikdan qo‘rqitib qilgan vasvasalari mag‘lub bo‘ladi. Qur’on infoq-ehsonga targ‘ib qilgandan so‘ng shunday deydi: «Shayton sizlarni (agar infoq-ehson qilsangiz) kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqitadi va fahsh ishlarga buyuradi. Alloh sizlarga o‘z tarafidan mag‘firat va fazlu karam (boylik) va’da qiladi. Alloh (fazlu karami) keng va bilguvchidir» (Baqara surasi, 267-oyat).

   U ezgulikka da’vatni har bir qodir kishiga, balki xoh kambag‘al, xoh boy bo‘lgan har bir insonga umumiy qildi. Boy ezgulikni moli va obro‘si bilan qilsa, kambag‘al yaxshilikni qo‘li, qalbi, tili va amali bilan qiladi. Islom yaxshilik va ezgulik maydonida harakat eta olmaydigan insonni bilmaydi. Kambag‘al kishilar Payg‘ambarga (s.a.v.) boylar yaxshi ishlarni qilishda ulardan o‘tib ketayotganlaridan, zero, ular mollarini sadaqa qilayotganlari, faqirlar esa ehson qilishga narsalari yo‘qligidan shikoyat qilib kelishganda, Rasululloh (a.s.) ularga yaxshilik qilishning vositasi faqatgina mol bo‘lmay, balki odamlarga foydasi tegish ham ezgu amal ekanini bayon qilib shunday dedilar: «Albatta, har bir tasbeh siz uchun sadaqadir, amru ma’ruf sadaqadir, nahiy munkar sadaqadir, yo‘ldan kishilarga ozor beradigan narsani olib tashlash sadaqadir, ikki kishining o‘rtasini isloh qilish sadaqadir, kishini uloviga minishiga yordamlashish ham sadaqadir».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:27:47

   Shunday qilib, Islom yaxshilik eshiklarini odamlarning barchasiga ochib qo‘ydi. Uni hatto ishchi ham, tojir ham, dehqon ham, shogird, ustoz, ayol, ojiz, keksa, mayib, qo‘yingki, iqtisodiy holati jamiyatdagi yaxshilik va ezgulik ishlariga hissa qo‘shishga imkon bermaydigan har bir kishi qila oladi. Dinlari, tillari, vatanlari va jinslari qanday bo‘lmasin, Islom yaxshilikni Allohning barcha bandalariga imkonli qilgan paytda nafslarni komil insoniy xususiyatlarning eng oliy ufqiga ko‘tardi: «Xalqning (maxluq) barchasi Allohning ahli, bas, Unga mahbubrog‘i ahllariga nafliroqlaridir». So‘ng Islom insoniy nafsga yaxshilik va ezgulikni shaxsiy manfaat yuzasidan mahbub ko‘rsatib, qanday xitob qilganiga qarang. U har bir inson ezgu ishining foydasi hammadan oldin o‘ziga qaytishini e’lon qiladi. Ya’ni, u ezgu ishi sababidan savob, muhabbat, maqtov va abadiy Alloh azza va jalla huzurida bo‘lishga sazovor bo‘ladi: «Qanday yaxshilik (mol) infoq-ehson qilsangizlar, bas, o‘zingiz uchundir» (Baqara surasi, 272-oyat). «Kim biron yaxshi amal qilsa, o‘zi uchundir» (Fussilat surasi, 46-oyat).

  Mudom inson hamma narsadan oldin o‘zini sevadigan anoniyat sohibi ekan, bu uslubning insoniyat ruhiyatiga ta’siri shubhasizdir. Shundan baxil saxiylik qiladi, xasis himmat ko‘rsatadi, farzandlari, qarindoshlaridan qizg‘angan boyligini odamlarga ulashadi.

  Alloh taboraka va taoloning: «Allohga qarzi hasana (ixtiyoriy qarz) beradigan kim borki, (Alloh) unga bir necha barobar qilib qaytarsa...» degan oyati (Baqara surasi, 245-oyat) nozil bo‘lganda, Abu Dahdoh ismli bir sahobiy: «Alloh ham bandalaridan qarz so‘raydimi, ey Rasululloh?» deb so‘radi. Rasululloh: «Ha», deganlarida, u: «Qo‘lingizni uzating, yo Rasululloh», dedi. Va o‘zidan boshqaning haqqi bo‘lmagan bog‘ini sadaqa qilganiga Rasulullohni guvoh qildi. U bog‘da yetti yuzta mevaga kirgan xurmo daraxti bor edi. Keyin u xotinining oldiga qaytdi. Xotini va farzandlari  ushbu bog‘da yashashardi. Xotiniga qilgan ishining xabarini berdi. Xotin farzandlarini olib, bog‘dan chiqib keta turib: «Bay’ingda foyda qilding, ey Abu Dahdoh», dedi

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:29:25

Alloh taboraka va taoloning: «Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha, hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz» qavli (Oli Imron surasi, 92-oyat) nozil bo‘lganda, Abu Talha al-Ansoriy: «Ey Rasululloh, o‘zimga eng mahbub molim — Bayrho (suvi shirin bir quduq)dir. U Alloh uchun sadaqadir. Uning yaxshiligini, ko‘lamini Alloh taboraka va taolo huzurida umid qilaman. Ey Rasululloh, uni Alloh sizga ko‘rsatgan shaklda tasarruf eting», dedilar. Shunda Payg‘ambar (a.s.): «Balli, barakalla! Bu serdaromad mol ekan, foydali mol ekan. Aslini olib qolib, foydasini ehson qil», dedilar.

   Mana shu sadaqa Islomdagi ilk vaqf edi. Shundan vaqf paydo bo‘ldi. Barcha ijtimoiy muassasalar o‘zining go‘zal insoniy risolatini ado etishda yordam beradigan moliyaviy manbalarini ana shu vaqflar hisobiga to‘ldirardilar. Islom hazorasi tarixida barpo bo‘lgan barcha xayriya muassasalarining asosini tashkil qilgan ham vaqf edi. Bu to‘g‘rida ummatiga ilk namuna ko‘rsatgan ham Rasululloh (s.a.v.) edilar. U zot ayrim jangchilar vafot etar chog‘larida tasarrufini Rasulullohning ixtiyorlarida bo‘lishini vasiyat qilgan yettita bo‘stonni vaqf qilib qo‘ydilar. Ularni Rasululloh faqir, miskinlarga, hojatmandlarga atab vaqf qildilar. So‘ng bundan keyin Umar ibn Xattob (r.a.) Haybardagi yerlarini vaqf qildilar. U kishiga sahobalar ergashdilar. Va Abu Bakr, Usmon, Ali, Zubayr, Muoz va boshqalar ham vaqf qildilar. Hatto, molining ma’lum bir qismini vaqf qilmagan sahobiy qolmadi. Bu insoniy ish Umarning xalifalik davrlarida yana bir bor yangilandi. U zot xalifa ekanliklarida Alloh yo‘liga bir yerni vaqf qildilar va muhojir hamda ansorlardan bir nechasini chorlab, ularni bu ishlariga guvoh qildilar. Jobir ibn Abdulloh aytadilar: «Muhojir va ansorlardan Rasulullohning (s.a.v.) qodir bo‘lgan har bir ashoblari molidan bir qismini sotib olinmaydigan, meros qilinmaydigan va hadya etilmaydigan qilib vaqf etib qo‘ydi».

   So‘ng musulmonlar bu ishni avloddan-avlodga davom ettirdilar. Yerlar, bog‘-rog‘lar, hovlilar va hosillarni vaqf etib qo‘ydilarki, bundan islomiy jamiyat sanab, adog‘iga yetish qiyin bo‘lgan darajada muassasalarga to‘lib-toshdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:30:49

   Bu muassasalar ikkiga bo‘lindi. Ularning bir qismini davlat tashkil qilib, uning uchun ulkan vaqflarni ajratib qo‘ygan. Boshqa bir qismini esa amir, sarkarda, boy va erkag-u ayol, yakka shaxslar tashkil etgan. Bu o‘rinda barcha xayriya muassasalarining turlarini sanashga imkon yo‘q. Lekin ularning muhim va asosiylarga  ko‘z tashlab o‘tish lozim.

   Xayriya muassasalarining birinchilari masjidlar bo‘lib, odamlar Allohning roziligini istab, ularni qurishda musobaqalashardilar. Podshohlar ham o‘zlari asos solgan masjidlarning katta va ulug‘vorligi borasida kim o‘zarga bahslashishardi. Bu o‘rinda Valid ibn Abdumalikning Umaviy jomesini qurishga sarflagan ulkan mablag‘ini zikr qilish kifoyadir. Bu jomeni qurishga sarflangan molning, ishlatilgan odamlarning ko‘pligiga aql bovar qilmaydi.

   Xayriya muassasalarining muhimlaridan yana biri madrasa va shifoxonalar bo‘lib, ularga alohida to‘xtalamiz, inshaalloh.

   Xayriya muassasalari orasida musofir hamda boshqa muhtoj kishilarga qo‘nalg‘a va mehmonxonalar ham mavjud bo‘lgan. Yana Allohning ibodatida odamlardan uzlat etish uchun takya va ibodatxonalar bo‘lgan. Shuningdek, uy sotib yoki ijara olishga kuchi yetmagan kishilarga maxsus uylar qurilgan, umumning yo‘liga suvlar oqizib qo‘yiladigan ariqlar barpo qilingan. Non, go‘sht, sho‘rva va halvo kabi yeguliklar ulashiladigan oshxonalar bo‘lgan. Yaqin vaqtlargacha Sulton Salim takyasi, Damashqdagi shayx Muhiddin takyasi kabi xayriya muassasalari mavjud edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:31:26

   Yana shunday muassasalardan biri Makkada hojilar qo‘nim topadigan uylar bo‘lganki, bunday uylar juda ham ko‘payib, Makkaning hamma yerini qamrab olgan. Ayrim fuqaholar Makka uylarini ijaraga berish botilligiga fatvo qilishgan. Chunki ularning barchasi vaqf qilib qo‘yilgan edi. Yana cho‘l-sahrolarda quduqlar qazib qo‘yilgandiki, ulardan hayvonlar, ekinlar va musofirlar suv ichishardi. Bunday quduqlar Bag‘dod bilan Makka o‘rtasida, Damashq bilan Madina o‘rtasida va boshqa katta musulmon shaharlari o‘rtasida juda ko‘p edi. O’sha paytda biror musofir tashnalik xatariga yo‘liqmasdi.

   Shuningdek, mamlakatga tashqi hujum xavfini bartaraf etish uchun chegaralarda posbonlar uchun xos makonlar qurilgandi. U yerlarda Alloh uchun qo‘riqchilik qiladiganlarga maxsus muassasalar bor ediki, posbonlar bu yerda qurol-yarog‘, zaxira, yemish va ichimliklar kabi o‘zlariga kerakli barcha narsani topishardi. Abbosiylar davrida Rumning hujumlarini to‘sishda, salb urushlaridagi g‘arbliklarning Shom va Misr mamlakatlariga yurishlarini qaytarishda bunday muassasalarning ta’siri katta bo‘lgan. Bundan tashqari otlar, qilichlar, kamonlar va Alloh azza va jalla yo‘lida urushadigan jangchiga kerakli qurol-yarog‘lar barchasi vaqf qilib qo‘yilgandi. Bu vaqflar esa Islom mamlakatlarida harbiy sanoat rivojlanishida va ulkan sanoat korxonalari qurilishida chuqur iz qoldirgan. Hatto, g‘arbliklar salb urushlaridagi vaqtinchalik sulh kunlarida qurol-yarog‘ sotib olish uchun shu diyorlarga kelishardi. Holat qanchalik o‘zgarganiga qarang. Hozir musulmonlar qurol-yarog‘ masalasida g‘arbliklarga qaram bo‘lib qolgan. Ular esa qurol-yarog‘ni hurmat va istiqlolga barham beradigan shartlar bilan sotishadi.

   Yana xususiy vaqflar ham bo‘lganki, ulardan bo‘lgan kirimlar davlat ojiz bo‘lib qolganda muhorib qo‘shinga sarf qilinardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:31:49

   Ijtimoiy muassasalardan biri — yo‘llar, to‘g‘onlar va ko‘priklarni isloh etish uchun tuzilgan vaqflardir. Vaqflardan yana shundayi bor ediki, kishi kattagina yerini hammani ko‘mish mumkin bo‘lgan umum qabristoni uchun atab qo‘yardi. Yana vafot etgan kambag‘allarni kafanlash, ko‘mishga hozirlash va dafn etish uchun ham alohida vaqflar bor edi.

   Ijtimoiy birdamlikni yuzaga keltirish uchun tuzilgan xayriya muassasalari eng hayratlanarli muassasalardan edi. Bu yo‘nalishda tashlandiq bolalarni, yetimlarni xatna va tarbiya qilish uchun kafil muassasalardan tortib, nogiron, ko‘r va mayiblar rioyasi uchun tashkil etilgan g‘aribxonalargacha topish mumkin edi. Bu muassasalarda ularga kerakli bo‘lgan hamma narsa, hurmat-e’tibordan tortib oziq-ovqat, kiyim-kechak, ta’limgacha mavjud bo‘lgan.

   Yana mahbuslarning ahvolini yaxshilash, yashash sharoitlarini o‘nglash va salomatliklarini saqlash, kerakli yeguliklar bilan ta’minlash uchun ham muassasalar mavjud bo‘lgan. Ko‘r va nogironlarni yetaklab, xizmatini qiladiganlarga madad ko‘rsatish uchun alohida muassasalar bor edi.

   O’zining yoki valiylarining qo‘li kaltalik qilib, uylanish va mahr berish xarajatlarini ko‘tarolmaydigan bo‘ydoq yigit va qizlarning sarfiyotini bo‘yniga olib, nikoh marosimlarini o‘tkazib beradigan alohida muassasalar ham bo‘lgan. Bu — mehribonlik va rahm-shafqatning go‘zal ko‘rinishlaridan bo‘lib, bunday munosabatga bugun yanada muhtojmiz!

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:32:29

   Shuningdek, onalarga sut va shakar bilan yordam beradigan muassasalar bo‘lganki, ular hozirda mavjud sut berish nuqtalaridan xolis Alloh azza va jalla yo‘lida yaxshilik qilishi bilan ajrab turgan. Salohiddinning qilgan ezgu ishlaridan biri — Damashqdagi qal’a eshiklaridan birida (bu eshiklar hozir ham bor!) sut oqadigan nov qilib qo‘ygan. Boshqa bir tarnovda esa shakarli suv oqqan. Onalar bu yerga haftada ikki bor kelib, go‘daklariga kerakli sut va shakarli suvni olib ketganlar...

   Xayriya muassasalarining eng g‘aroyibi uylariga olib ketayotgan qatiqlarini qo‘llaridan tushirib, idishini sindirib qo‘ygan bolalar uchun ochilgan qatiq vaqflaridir. Bolalar ushbu muassasaga kelishardi-da sindirib qo‘ygan qatiq idishlari o‘rniga qatiq to‘la yangi idishni olib, hech narsa bo‘lmagandek uyga kirib borishardi.

   Shunday muassasalardan oxiri zikr qiladiganimiz, bu — kasal hayvonlarning muolajasi, ovqatlanishi, ojiz paytida rioyasini qilishga mas’ul bo‘lgan muassasalardir. Hozirda Damashqdagi shahar o‘yingohi qurilgan Marjal-Axzar (yashil o‘tloq) bunga misol bo‘ladi.

   Islom hazorasi soyasida barpo etilgan xayriya muassasalarining ushbu o‘ttiz turi oldin o‘tgan millatlardan birortasida bo‘lganmi? Ulardan ko‘pini hozirda mavjud hazoralar soyasida uchrata olamizmi? Shubhasiz, bu — butun dunyo g‘aflat, jaholat, qoloqlik va zulm ostida bo‘lgan kunda musulmonlarga nasib etgan barhayotlik yo‘lidir. Shubhasiz, bu — qiynalgan insoniyatdan dard va alamini ketkazgan barhayotlik yo‘lidir...

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:34:44

   Madrasalar to‘g‘risida so‘zlanadigan bo‘lsa, ular qo‘mondon, ulamo, tujjor, podshoh va amirlar tomonidan hadya qilingan juda ko‘p vaqflar evaziga bunyodga kelgandi. Ularning soni haddan ortiq ko‘p edi. Islom olamining bo‘yi-yu enidan kezib, o‘nlab muallim va mudarris ta’lim berayotgan bir necha madrasadan holi biror shahar yoki qishloqni uchratmas edingiz.

   Masjidlar Islom hazorasidagi madrasalarning ilk urug‘i bo‘lgan. Ular faqatgina ibodat o‘rni bo‘lmay, balki masjidlardan madrasa o‘rnida ham foydalanilgan. Ularda musulmonlar o‘qish, yozish, Qur’on, shar’iy ilmlar, til va boshqa turli fanlarni o‘rganganlar. Keyinchalik masjidning yonida maktablar tashkil etilib, ular o‘qish, yozish, Qur’on va arabiy, riyoziy ilmlardan ta’lim olishga ixtisoslashtirildi. Bu maktablar hozirgi davrimizdagi ibtidoiy madrasalarga o‘xshab ketardi. Ular juda ko‘p bo‘lib, hatto Ibn Havqal Saqamiyya bir shaharda ana shunday maktablardan uch yuztasini sanab bergan. Ular ba’zan katta bo‘lib, ming tolibni o‘ziga sig‘dirgan. Abul Qosim al-Balxiyning tarixida zikr qilinishicha, uning maktabida uch ming shogirdi tahsil olgan. Maktab shu darajada katta bo‘lganki, tolibi ilmlarni nazorat qilish, kuzatib turish uchun eshak minib yurishga majbur bo‘lardi.

   Keyinchalik maktab va masjidlar yonida madrasalar qad ko‘tara boshladi. Bu madrasalardagi darslar hozirgi zamondagi o‘rta va oliy o‘quv dargohlaridagi mashg‘ulotlarga o‘xshab ketardi. Ta’lim olish esa, barcha tabaqa uchun bepul bo‘lgan. Ta’lim olish huquqi millat farzandlarining hammasi uchun barobar edi. Bunda kambag‘alning o‘g‘li boyning o‘g‘li yonida o‘tirar, tojirning farzandi esa hunarmand va dehqon farzandi qatorida dars tinglardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 12:35:34

   Ta’lim olish ikki xil edi: 1. Moddiy ahvoli otalari nafaqasi hisobiga yashashga imkon bermaydigan g‘arib talabalar uchun doxiliy (ichki) ta’lim. 2. Kechqurun ahli bayti va tanishlarinikiga qaytishni xohlaganlar uchun xorijiy (tashqi) ta’lim. Ta’limning doxiliy turi ham bepul bo‘lib, tolib uchun oziq-ovqat, tunashga, mutolaaga va ibodatga shart-sharoit muhayyo etilgandi. Shu sababdan hamma madrasalar ichida masjid, o‘qish zallari, talabalarning yotoqxonalari, kutubxona, oshxona va hammomlar bo‘lgandi. Ba’zi madrasalar bulardan tashqari badantarbiya mashqlari uchun ochiq havoda o‘yingohlarga ham ega edi.

   Islom olami to‘lib-toshgan bunday madrasalarning namunalari hozir ham mavjud. Damashqda buyuk qahramon Nuriddin ash-Shahid asos solgan «Nuriya» madrasasi hali ham bor. Madrasa hozir «Hayyotiyn» bozorida bo‘lib, hanuzgacha islomiy hazora zamonidagi madrasalar me’morchiligiga tirik namuna vazifasini bajarmoqda. Sayyoh ibn Jubayr hijriy yettinchi asr boshlarida uni ziyorat qilgan va hayratlanib quyidagilarni yozgan: «Nuriddin rahimahullohning madrasasi dunyo madrasalarining eng go‘zallaridandir. Ajib qasrlardan bir qasrdir. Unda suv ulkan daryo qa’ridan oqib kelib, hovli o‘rtasidagi katta hovuzga kelguncha uzun ariqcha uzra marvariddek tovlanadi. Bu go‘zallikdan ko‘zlar hayron qoladi». Zamonlar o‘tishi bilan ushbu madrasadan hozir faqat ayvon qolgan. Unda muhozaralar xonasi, masjid, mudarrislar uchun, yana ularning dam olishlari uchun xona bo‘lib, hozirdagi jomea kulliyalaridagi ustozlar xonasi vazifasini o‘tagan. Bunda yana bosh mudarris oilasi bilan yashaydigan uy, talabalar va madrasa xizmatchilari uchun yotoqxonalar bo‘lgan.

   Bunga o‘xshash holni Halabdagi «Sha’boniyya», «Usmoniyya» va «Xusraviyya» madrasalarida ham ko‘rish mumkin. Ularda ham talabalar uchun yotoqlar, dars o‘tish zallari bo‘lgan. Oldiniga talabalar madrasada ovqatlanardilar. Keyinroq madrasaga mansub talabalar uchun har oy oxirida ma’lum miqdorda haq (stipendiya) beriladigan bo‘ldi.

Qayd etilgan