Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 80426 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 15 B


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:16:18

Ahmad Muhammad
Mubashshir Ahmad

ISLOM HAZORASI

«Movarounnahr» nashriyoti
Toshkent – 2004

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsati bilan chop etildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:21:03

Bismillahir rohmanir rohiym

  Insoniyat yangi ming yillikka qadam qo‘ydi. O’tgan yigirmanchi asr ilm-fan, texnika yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan, yer yuzidagi olti milyarddan ziyod kishining farovon va baxtli turmush kechirishi uchun cheksiz imkoniyatlar, qulayliklar yaratilgan yuz yillik bo‘lib tarixga kirdi.
 
  Ammo g‘arb olimlari orzu qilgan hazora (tsivilizatsiya)larning mahsuli bo‘lmish bu to‘kinchilik, turli sohalardagi ilmiy kashfiyotlar insoniyatga baxt-saodat olib kelmadi. Ularning "œjannatiy ma’murlik va osoyishta hayot" haqidagi orzu-umidlari chippakka chiqdi. Ular barpo etgan "œmadaniy turmush" sarobdan boshqa narsa emasligi ma’lum bo‘lib qoldi.

  Ming yilliklar chorrahasidagi moddiy taraqqiyot va ulug‘ ilmiy kashfiyotlar nega insoniyatga baxt-saodat olib kelmadi? "œMukammal" jamiyat qurganlik va "œyuksak" hazoraga erishganlik da’vosini qilayotgan g‘arb olamini nima uchun xavf-xatar, qalb bezovtaligi, ertangi kundan umidsizlik kabi kayfiyatlar chulg‘ab olgan? Bu savollarga olimlar va mutafakkirlar ham javob topolmay boshlari qotgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:23:19

  Mulohaza qilib ko‘riladigan bo‘lsa, insonning farovonligi ziyodalashgani sari ruhiy iztirob va qalb bezovtaligi ortib boryapti. Na boy o‘lkalaru go‘zal shaharlar, so‘lim bog‘laru shinam uylar, na mol va yemish to‘la do‘konlaru uchqur mashinalar, chiroyli kiyimlaru bir-biridan lazzatli taomlar insonga baxt va shodmon hayot olib kelolmadi. Aksincha, qoloq davlatlarga qaraganda yashash darajasi yuqori bo‘lgan, yuksak taraqqiyotga erishgan mamlakatlarning jamiyatlari hozir ruhiy xastalik azobini ko‘proq chekyapti.

  G‘arbliklarda bu bezovtalik ketma-ket ikkita jahon urushini boshdan kechirib, endi uchinchisi boshlanib qolmasmikin, degan xavotirdan kelib chiqayotgani yo‘q. Bu bezovtalik kuchsizlarni xo‘rlash, azoblashga asoslangan mustamlakachilik siyosatidan ham paydo bo‘layotgani yo‘q. Chunki o‘zi mustamlakachi sifatida boshqa millatlarga zo‘ravonlik qilayotgan, bundan naf ko‘rayotgan davlatlarda bu bezovtalik kuchliroq.
 
  Hozirgi paytda jahonda 450 million kishi ruhan azoblanmoqda. Yiliga 20 million kishi o‘z joniga qasd qilishga urinadi, shundan bir millioni suiqasd tufayli halok bo‘ladi. Eng ajablanarlisi, o‘z joniga qasd qilishlarning aksariyati Skandinaviya o‘lkalari, Xollandiya, Mojoriston, Litva kabi g‘arb mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Bundan ham g‘aroyibi, u yerlarda odamlar o‘zlari yashayotgan to‘kin hayotdan bezib, yashashning qizig‘i qolmayotganidan to‘yib, o‘zlarini o‘ldirayotganlaridir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:25:14

  Masalaning asl mohiyatini o‘rganadigan bo‘lsak, ana shu iztirob va bezovtaliklarning ildizlari g‘arbning jilvagar hazorasiga, hozirgi paytda ota-onalarni qo‘rquv va xavotirga solayotgan axloqsizlikka, u yerlarda amal qilayotgan zararli falsafiy g‘oya va maslaklarga bog‘liq ekanligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Oqibatda, iqboliga ko‘ra mutaassib bo‘lgan, o‘z eshiklarini ruhiy olamga (metafizikaga) yopib tashlagan, haqiqatni faqat jism fani, moddiy hayotga bog‘lab qo‘ygan hazoraning siri fosh bo‘lib, misi chiqib qolyapti. Chunki bu hazora yaratilishni tasodif, tabiat, vosita va darvinchilik nazariyasi yordamida dalillab keldi. g‘arbliklar uchun moddadan o‘tadigan kuch yo‘q. Hayot tarzlarini tartibga soluvchi gunoh tarozilariga o‘rin qoldirilmagan. Hammaning fikri-yodi yashash uchun kurashda, pul topishda, o‘zidan kuchsizni ezib-yanchib, uning manfaatiga tajovuz qilishda.
 
  G‘arb hazorasi qandaydir bo‘shliqda paydo bo‘lgan emas. U g‘arbning Andalusiya va boshqa islomiy o‘lkalar orqali Islom hazorasi bilan bog‘lanuvidan paydo bo‘lgan. Yunon falsafasi avvaldan Islom mutafakkirlari va faylasuflariga yaxshi ma’lum edi. Cherkovning qattiq ta’qiblariga qaramay, g‘arbning ilm toliblari arablardan yunon falsafasini naql qilib, yozib olib o‘rganishga kirishdilar. Keyinroq ularning fikri rivojlanib, cherkov da’vat etgan ilm va ma’rifatga xilof haqiqatlarni anglab yeta boshladi.

  Oyoqqa turib olgan yangi g‘arb uyg‘onishi (Renessansi) ikki xil yo‘nalishda: yunon falsafasining moddiy-butparast yo‘nalishi hamda din va uning kishilariga bo‘lgan dushmanlik kayfiyati orqali rivoj topdi. Moddiy asoslarga suyangan g‘arb hazorasi dinni jamiyat hayotidan batamom siqib chiqarib, uning o‘rniga mutloq hokimiyatini o‘rnatishga kirishdi. Din g‘arbliklar ustidan o‘z ta’sirini yo‘qota boshladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:25:58

  Ammo bu bilan ham insoniyat o‘z baxtini topa olmadi. Aksincha, o‘zining juda tuban ketganini, dinni mag‘lub etib, qattiq tanazzulga yuz tutganini sezib qoldi. Jamiyatda chuqur, shomil bezovtalik paydo bo‘ldi. Hozirga kelib, g‘arbning ilg‘or fikrli kishilari odamlarning hayoti, tashvish va mashaqqatlarini yengillatish, ularda ruhiy va hissiy xotirjamlikni ta’minlash uchun albatta ilohiy bir nizom, samoviy din nihoyatda zarurligini anglab yetishdi.

  Umuman, hozir mutloq ko‘pchilik yo‘qotgan, mosuvo bo‘lgan diniy ruhoniyatini topishni istaydi. Ammo kufr va moddiyunchilik daraxtlari chuqur ildiz otib, mevaga kirgan paytda bu ruhoniyatni topish oson bo‘larmikin?

  Bugungi kunda g‘arb mamlakatlari o‘z hazoralari yetkazgan zararni yengilatish uchun dindan istifoda etish haqida o‘ylab qolishdi. Bu yo‘lda cherkovlar qavmni yana o‘z bag‘riga chorlash uchun hamma imkoniyatlarni ishga solyapti. Minglab missionerlar huvillab qolgan ibodatxonalarni to‘ldirish maqsadida dunyoning hamma burchida izg‘ib yurishibdi. Millionlab nusxada kitoblar, gazet-jurnallar tarqatilyapti. Ammo jilov din va axloq kishilari qo‘lidan allaqachon chiqib ketgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:27:40

  Kommunizm g‘oyasi ham insoniyatni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib, boshiga cheksiz kulfatlar soldi. Uning kasofatidan inson va uning ruhiy-psixologik barqarorligi o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib ketdi. Bu g‘oya insondan Allohga va oxirat kuniga bo‘lgan aqidasini tortib oldi, uni ming yillar mobaynida tan olib kelingan umumbashariy axloqiy qadriyatlardan mosuvo qildi. Kommunizm kishilarga farovon va to‘kin hayot va’da qilgan bo‘lsa-da, uning ham fuqarolardagi turli ijtimoiy-ruhiy xavf va bezovtaliklarni bartaraf etishga kuchi yetmadi. Oqibatda, g‘arbliklar o‘z hazoralarining ruhiy va axloqiy nochor ekaniga bugun har qadamda duch kelmoqdalar.
 
  G‘arb hazorasi insoniyat erishgan moddiy hayotning eng yuqori cho‘qqisi hisoblansa-da, uning o‘zi kishilarni to‘la-to‘kis baxtli qilolmadi. Odamlarning yashash sharoiti yaxshilanib, turmushi farovonlashganiga qaramay, ularning ruhiy olami qashshoqlashib ketdi, qalblardan e’tiqod halovati yo‘qoldi, axloq butunlay izdan chiqdi. Buni Islom hazorasidan yaxshi xabardor bo‘lgan g‘arb mutafakkirlari ham tan olib yozishyapti.

  London Milliy kutubxonasi Sharq bo‘limi mudiri, taniqli ingliz sharqshunosi ustoz Abu Bakr Islomni qabul qilishi sabablarini izohlab shunday degandi: «Shubhasiz, g‘arb hazorasi insonni sharaf va chiroydan mahrum etadi!» Unga shunday e’tiroz bildirishgan: «Sharafdan mahrum etishiga-ku rozi bo‘lamiz, ammo chiroyni yo‘q qilishi qanday bo‘ldi? Odamlar uni chiroyga e’tibor qilgan eng ajoyib hazoraligi, deb bilishadi. Tabiat go‘zalligi, uy, shaharlar go‘zalligi, ayol chiroyi!» Alloma shunday javob berdi: «Lekin u ruh chiroyiga, fitriy zavq va hulq go‘zalligiga barham beradi».

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:29:07

Tibbiyot mutaxassisi, asli shveytsariyalik bir qiz Parijdagi hayoti haqida shunday degan: «Bu «tojir», ayni paytda «fojir» shaharda ehtiyojlarimni qondirish uchun ota-onamning menga yuborgan ozgina mablag‘i kamlik qilardi. Negaki, bu shahar insonni ochko‘z hayvonga o‘xshatib qo‘yadi. Shuning uchun biron oilaga xizmatkorlikka yollanib, ta’minotimni yaxshilamoqchi bo‘ldim. Insoniy mukarramligimni saqlab qolish uchun ruhiy muhit hukmron bo‘lgan Sharq xonadonini qidira boshladim. Va bir hind oilasi bilan kuniga bir necha soat xizmatga kelishdim. Ammo, afsuslar bo‘lsinki, ularda ham yo‘qotgan narsamni topmadim. Ular nochor ruhiyat egalari edilar».

  Bu misollar g‘arbliklarning hazoralari hayotlarida alam, hayrat va iztirob buloqlarini ochib yuborganidan so‘ng taskin va orom izlab, ruhiy hayotga talpina boshlaganliklarini ko‘rsatadi. Va ularning ko‘pchiligi qalb tasallisini yagona tavhid va vahiyga asoslangan Islom hazorasidan, jismoniy va ruhiy hayot haqiqatning ikki yuzi kabi teng qiymatga ega bo‘lgan nodir hazoradan topyapti. Chunki bu shundayin ijobiy, ijodiy va ilohiy ruhoniyat hazorasiki, u askarga urushda, ishchiga korxonasida, olimga darsida, faylasufga ilmiy ishida, qoziga mahkamada, xizmatchiga idorasida, boshliqqa boshqaruvida baravar hamdam bo‘ladi. U har bir insonga yaxshi va yomon kunlarida, harakat va sukutida, kechayu-kunduzida, osonlik va mashaqqatida, sog‘lomlik va betobligida hamroh bo‘ladi. Hech bir holatda unga to‘sqinlik qilmaydi, balki kamolotdan kamolotga yetkazadi. Unga Xoliqi — Allohni, ustida yurgani — yerni, birgalikda yashagani — odamlarni, ulug‘ yaxlitlikdan bir bo‘lagi bo‘lgan olamni va olamlar Parvardigori - Allohga banda ekanini eslatib turadi. Uning g‘arb hazorasidan farqli o‘laroq, odamlarga marhamatli, axloqda ustun, hukmda adolatli, ruhni munavvar etuvchi va turli davrlardagi insoniy ideallarga yaqin bo‘lgani allaqachon kashf etilgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:30:34

Ushbu kitobning asosini Islom hazorasining boshqalaridan farqini, ahamiyatini, ustun jihatlarini go‘zal, jonli misollar orqali ochib bergan suriyalik taniqli alloma Mustafo Husniy as-Siba’iyning Bayrutda 1987 yili beshinchi marta nashr etilgan "œHazoramiz ajoyibotlaridan" degan mo‘‘tabar asari tashkil etadi. Qo‘lingizdagi kitob Islom hazorasiga bemisl hissa qo‘shgan Movarounnahr allomalarining, hukmdorlarining, ilm-fan va san’at namoyandalarining ulug‘ xizmatlari haqidagi ma’lumotlar, tarixiy voqealar bilan to‘ldirildi. Unda muallifning Islom hazorasining ajoyibotlarini keltirish orqali uning insoniyat tarixida ziyo tarqatgan, hayotni qayta jonlantirgan, katta bir Uyg‘onish davrini boshlab bergan ulkan madaniyat ekanini ko‘rsatish g‘oyasi saqlab qolindi.
Kitob musanniflarining niyati - Islom va g‘arb hazoralarini solishtirib, birining ikkinchisidan ustun yoki afzal ekanini ko‘rsatish emas, balki Islom hazorasidagi mangu insoniy va umumbashariy jihatlarning kuchli va go‘zal ekanini tarixiy misollar orqali o‘quvchiga bildirib qo‘yish, xolos. Islom dinini qoloq, zamon talablariga javob berolmaydigan, rivojlanishga, ilm-fan taraqqiyotiga to‘g‘anoq din, deb ko‘rsatishga urinib kelgan va kelayotgan ayrim g‘arblik tarixchilarning, noxolis muxoliflarning da’volari asossiz va puch ekanini ko‘rsatish, hozirgi fan-texnika asrida musulmonlar g‘arbliklardan orqada qolib ketyapti, deb o‘ksinib yurgan zamondoshlarni tushkun kayfiyatlardan xalos etish, ulug‘ ajdodlarning buyuk ishlaridan faxrlanish tuyg‘ularini jo‘sh urdirib, ulardan o‘rnak olish va shonli yo‘llarini munosib davom ettirishlari umidida ushbu kitob yuzaga keldi.
Maqsad ortida Allohdir, U muvaffaqiyat valiysidir!

                                                                                                          Musanniflar

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:32:50

  Hazorani ba’zi bilimdonlar quyidagicha ta’riflaydilar: «U — insonning madaniy mahsulini ko‘paytirishga ko‘maklashadigan ijtimoiy nizom». Hazora to‘rt asosiy unsurdan tashkil topadi: 1. Iqtisodiy boylik. 2. Siyosiy nizom. 3. Xalqning urf-odati. 4. Ilm-fanga e’tibor.

  Uning ko‘tarilishi va yuksalishiga jo‘g‘rofiy, iqtisodiy hamda din, til va tarbiya kabi ruhiy omillar sabab bo‘ladi. Tanazzuliga esa, yuzaga kelib, uning rivojlanishiga turtki bo‘lgan omillarning aksi sabab qilib ko‘rsatiladi. Axloqiy va fikriy buzilish, qonun va nizomlarning ishlamasligi, faqirlik va zulmning ko‘payishi, kelajakka ishonchsizlik va loqaydlik, kuchli yo‘lboshchining yo‘qligi tanazzulning muhim omillaridan hisoblanadi.

  Hazora qissasi inson paydo bo‘lishi bilan boshlangan. U rivojlangan millatning o‘zidan keyingi millatga topshiradigan estafeta tayoqchasi bo‘lib, hudud va irq tanlamaydi. Faqat yuqorida zikr qilingan omillar tufayli paydo bo‘ladi. Hazora tarixida o‘z sahifasiga ega bo‘lmagan millatni topish qiyin. Lekin bir hazoraning ikkinchisidan afzal bo‘lishiga sababchi narsalar ham bor. Bular — hazoraning mustahkam asosga, kuchli ta’sirga egaligi yoki paydo bo‘lishidan umuminsoniyatga ko‘proq manfaati tegishi. U o‘z risolatida qanchalik keng qamrovli, kelib chiqishida insoniy, yo‘nalishida xalqchil va asoslarida voqeiy bo‘lsa, tarixda shunchalik uzoq muddat boqiy qoladi va hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  29 Sentyabr 2007, 22:33:50

  Islom hazorasi ham insoniy hazora zanjiridan bir xalqadir. Undan oldin ham hazoralar o‘tgan, keyin ham bo‘ladi. Uning paydo bo‘lish omillari va tanazzuli sabablari ham bor. Faqatgina bu hazora durdonalari haqida gapirishdan oldin uning insoniy taraqqiyot tarixiga qo‘shgan muhim sahifalariga to‘xtalmoqchimiz. Bu sahifalarni u aqida, ilm, xulq, hukm, fan va adabiyot sohalarida insoniyatga taqdim qilgan.
 
  Islom hazorasi quyidagi xususiyatlari bilan boshqalaridan farqlanib, kishining diqqatini o‘ziga jalb qiladi:
  1. U aqidada mutloq vahdoniyat asosiga barpo bo‘lgan,  hukmda-yu, mulkda sheriksiz yagona Ilohga da’vat qilgan birinchi hazoradir. Ilohning o‘zigagina ibodat qilinadi va «Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz» kalimasidan ko‘zda tutilgan zot ham Uning o‘zidir. Osmonu yerdagi borliq Uning qudrati ostidadir. Berguvchi ham, olguvchi ham O’zi, aziz va xor qilguvchi ham Uning o‘zidir, degan g‘oyani ilgari suradi.

  Vahdoniyatni tushunishdagi bu ulug‘vorlikning insoniyat qadr-qimmatini ko‘tarishda, uni podshohlaru ashroflar, kuchlilar va ruhoniylar tug‘yonidan ozod qilishda, hokim bilan mahkumlar o‘rtasidagi aloqani yaxshilashda, nazarni faqat olamlarning Parvardigori, maxluqlarning Xoliqi bo‘lmish yagona Allohga qaratishda ta’siri katta bo‘ldi. Bu hazorada ushbu aqidaning izi chuqur bo‘lib, bu bilan u o‘tmish va kelajak hazoralaridan farq qildi. Bunday aqida e’tiqod, hukm, fan, she’r va adabiyotda butparastlik adabiyoti, falsafasi va uning barcha ko‘rinishlaridan xoli bo‘lishlikni taqozo etadi. Uning «Iliada» va shunga o‘xshash butparast yunon adabiyoti durdonalarini tarjima qilmaganligining siri mana shudir. Naqqoshlik, xattotlik va binolarni bezash san’atini rivojlantirish bilan birga haykaltaroshlik, suratkashlik  san’atiga e’tiborsizligining sababi ham mana shudir.

Qayd etilgan