4. Bu xususiyatlarning to‘rtinchisi — ilmning chin manbai va aqidaning sof asosiga tayanishdir. U aql va qalbga barobar xitob qildi. Bir vaqtning o‘zida ham fikr, ham tuyg‘uni qo‘zg‘adi. Tarix mobaynida biror hazora unga tenglasholmaydigan tafovut mana shudir. Islom hazorasining mana shu farqiga taajjublanishlarning siri shundaki, u davlat uchun haqiqat va adolat asoslariga qurilgan nizomni tuzishga qodir bo‘la oldi. Buni tuzishda u din va aqidaga tayandi. Din davlat taraqqiyoti va hazora yuksalishida to‘siq bo‘lib qolmadi. Balki bularning taraqqiyotiga asosiy omillardan bo‘ldi. Bag‘dod, Damashq, Qohira, Samarqand, Buxoro, Qurtuba (Kordova), o‘arnota (Granada) masjidlaridan taralgan ilm ziyosi butun dunyoga yoyildi.
Bu hazora qonunchiligida har sohaning o‘z mutaxassis ulamolari bo‘lar va barchalari qonun oldida barobar edilar. Ustunlik taqvoda-yu, ommaga xizmat qilishda bo‘lardi: «Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o‘g‘irlik qilganda ham Muhammad uning qo‘lini albatta kesardi». «Xalqning barchasi Alloh ahllaridir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahllariga manfaatlirog‘idir». Islom hazorasi, uning ustida qurilgan din mana shudir. Unda boshliqqa ham, din kishisiga ham, obro‘likka ham, boyga ham imtiyoz yo‘qdir.«... (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Hech shak-shubha yo‘qki, men ham sizlar kabi odamdirman» (Kahf surasi, 110-oyat).
5. Zikr qilinayotgan hazora xususiyatlaridan o‘ziga xos oxirgisi — ajoyib diniy erkinlik bo‘lib, din ustiga qurilgan biron-bir hazora bunday erkinlikni bilmaydi. Biror dinga ishonmagan va ilohga iymon keltirmagan kishi, agar barcha dinlarga barobar nazar bilan qarasa va har qanday din ahllariga bir xil to‘g‘ri muomala etsa, bu hol albatta ajib tuyulmaydi. Lekin dinining haq ekaniga ishongan, aqidasining eng to‘g‘ri va eng sog‘lom aqidalardan ekaniga shubhalanmagan, so‘ngra unga qilich ko‘tarib, mamlakatlarni fath etish va hukmron bo‘lish imkoniyati berilgan, lekin diniga bo‘lgan imoni, aqidasiga bo‘lgan e’tiqodi, hukmda jabr qilmaslikka, adolat yo‘llaridan og‘maslikka yoki odamlarni diniga majburlamaslikka undagan din egasining tarixda bo‘lgani nihoyatda ajablanarlidir.