Islom hazorasi qonunchiligidagi insoniy o‘ziga xoslikni shariat boblarining har birida aniq sezasiz. Namozda odamlarning barchasi Allohning oldida barobar turadi. Unda podshoh, yo ulug‘, yo olim uchun maxsus makon ajratilmaydi. Ro‘zada odamlar bir xil darajada ochlikni boshdan kechiradilar. Ularning oralaridan amir, yo boy, yo sharif istisno qilinmaydi. Hajda odamlar bir xil kiyim kiyishadi. Bir xil joyda turishadi. Bir xil ibodatni ado etishadi. Bu borada hamma barobar, kuchli va zaif, ashrof va ommaning farqi yo‘q. Bundan fuqarolik kodeksi qonunlariga o‘tadigan bo‘lsangiz, odamlar o‘rtasidagi aloqalarda ustivor qonuniyat — haqiqat ekanini, qonunchilikdan ko‘zlangan g‘araz — adolat ekanini, har qanday ezilgan va mazlum uchun qonun qo‘lidagi bayroq — zulmni daf etish ekanini ko‘rasiz. Undan jinoyat kodeksiga o‘tsangiz, jinoyat qilgan har qanday kishiga jazo bir xil ekanini ko‘rasiz. Kim o‘ldirsa, o‘ldiriladi. Kim o‘g‘irlasa, jazolanadi. Kim haddan oshsa, adabi beriladi. Qotil olim yo johil bo‘lishining, maqtul amir yo dehqon bo‘lishining farqi yo‘q. Yoki tajovuzkor mo‘minlarning amiri yo to‘quvchi ekanining, tajovuz qurboni ajam, yo arab, sharqlik, yo g‘arblik ekanining e’tibori yo‘q. Hammasi qonun nazarida barobardir. «(Ey mo‘minlar) sizlarga o‘ldirilgan kishilar uchun ozod kishi muqobiliga ozod kishidan, qul uchun quldan, ayol kishi uchun ayoldan qasos olish farz qilinadi» (Baqara surasi, 178-oyat).
Odamlarning barchasiga dinlari, irqlari, ranglaridan qat’iy nazar insoniy mukarramlikni isbot etgan paytda shariat bundan ham yuksaklikka ko‘tarildi. «Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz va mukarram qildik» (Al-Isro surasi, 70-oyat). Odamlarning hayoti, e’tiqodi, ilm olishi va umr kechirishdagi barcha huquqlariga kafil bo‘lgan bu hurmat ularning barchasi uchun barobar edi. Odamlarning hammasiga istisnosiz bir xil darajada kafil bo‘lish davlatning majburiyati edi. Insonlarni mukofotlash va jazolash asoslari ularning zohir amallariga qarab emas, balki niyatlariga qarab bo‘lishini e’lon qilgan paytda shariat insoniy yuksaklikning bundan ham yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. «Albatta, Alloh sizlarning suratlaringizga emas, balki qalblaringizga qaraydi». Demak, jazolash va mukofotlash boisi niyat ekan. «Albatta, amallar niyatlar bilandir. Va har bir kishi nimani niyat qilgan bo‘lsa, shu bo‘ladi». Allohning huzurida maqbul niyat bu — yaxshilik, odamlarga manfaat yetkazish va hech qanday moddiy g‘araz yoki tijoriy foydani ko‘zlamay, Allohning roziligini tilab qilingan niyatdir. «Parvardigoringizga ibodat qilib, yaxshilik qilingiz — shoyadki, najot topsangizlar» (Haj surasi, 77-oyat).