Ahmad Muhammad. Islom hazorasi  ( 80438 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 15 B


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:33:09

   Tarix bilimdonlari to‘rtinchi hijriy asrda Misrga hukmronlik qilgan qora qul Kofur al-Axshidiydan bexabar emaslar. Unga Mutanabbiy o‘z madh va hajvlarida barhayot umr bergan.

   Gapning qisqasi, Islom hazorasi oq bilan qora o‘rtasida unsuriy ayirmani bilmagan. Unda oqlar yashamaydigan, qoralar uchun maxsus jamiyatlar bo‘lmagan. Yana ularni oqlar tomonidan nafratlanish va tahqirlash nishoni qiladigan maxsus ta’qib mashinasi ham yo‘q. Balki Islom hazorasi insoniy bo‘lib, u odamlarning hammasiga haq va ezgulik ko‘zi bilan qaraydi. Oq va qoralarning faqatgina amallarida oq va qoralikni ko‘radi: «Bas, kim (hayoti — dunyodalik paytida) zarra misolichalik yaxshilik qilsa, (Qiyomat kunida) o‘shani ko‘rur. Kim zarra misolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur!» (Zalzala surasi, 7-8-oyatlar).   

   Hijratning yuzinchi yilida, ya’ni bundan o‘n uch asr oldin Fartuna ismli qora tanli joriya amirul mo‘minin Umar ibn Abdulazizga devori pastqam ekanini, undan bostirib kirib tovuqlarini o‘g‘irlashayotganini shikoyat qildi. Umar darhol u xotinga maktub yozib, Misr voliysiga xat jo‘natganlarini, undan devorni tuzatib, uyini qo‘rg‘onlab berishini talab qilganlarini bildirdilar. Va Misr voliysi Ayyub ibn Shurahbilga quyidagi mazmunda maktub yubordilar: «Fartuna ismli joriya menga xat yozib, devori pastqamligi va undan tovuqlari o‘g‘irlanayotganini aytib, uning qo‘rg‘onlanishini so‘rayotibdi. Senga mening bu maktubim yetib borsa, o‘zing yo‘lga otlan-da, uning uyini qo‘rg‘onlab ber!» Ayyubga bu maktub borgandan keyin Jiza tomon jo‘nadi. Fartunani qidirib, uni mahallasidan topdi. U miskin, qora ayol ekanini bilib, amirul mo‘mininning yozganlaridan xabardor etdi. Shundan so‘ng uning uyini qo‘rg‘onlab berdi.

   Buni Islom hokimi bundan o‘n uch asr oldin qilgan... Bu Islom hazorasidan bir misol,  xolos.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:35:09

   Bu — barhayot Islom hazorasidagi o‘ziga xos insoniylik xususiyatlarida yangi bir tomondir. U — e’tiqod va dinlar tarixida yangilikdir. Muayyan din yoki millat tomonidan barpo qilingan qadim hazoralar tarixida yangidir. Islom o‘z hazorasini bunyod eta turib, sobiq, o‘tgan dinlarga hech qanday tazyiq qilmadi. Turfa-tuman mazhab va mafkuralarga qarshi taassub etmadi. Balki uning shiori shunday bo‘ldi: «Bas (ey Muhammad), Mening bandalarimga — so‘zga quloq tutib, uning eng go‘zaliga ergashadigan zotlarga xushxabar bering!» (Zumar surasi, 17-18-oyatlar). Diniy bag‘rikenglik borasida Islom hazorasi quyidagi asoslarni e’lon etdi:

   1. Albatta, barcha samoviy dinlar bir manba, bir buloqdan suv ichadi: «(Ey mo‘minlar, Alloh) sizlar uchun ham dindan Nuhga yuborgan narsani va Biz sizga (ya’ni, Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani shariat — (qonun) qildi, — «Dinni barpo qilinglar va unda firqa-firqa bo‘lib bo‘linmanglar!» (Sho‘ro surasi, 13-oyat).

   2. Albatta, payg‘ambarlar birodardirlar. Risolatda ularning o‘rtasida hech qanday afzallik yo‘q. Ularning hammasiga musulmonlar imon keltirishlari lozim: «Aytingiz (ey mo‘minlar), Allohga va bizga nozil qilingan kitobga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qubga va o‘sha urug‘-avlodga nozil qilingan narsalarga, Muso va Isoga berilgan narsalarga va barcha payg‘ambarlarga Parvardigor tarafidan berilgan narsalarga ishondik. Biz ulardan birortasini ajratib qo‘ymaymiz va biz u Zotga bo‘yinsunuvchilarmiz» (Baqara surasi, 136-oyat).

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:37:34

   3. Albatta, e’tiqodga majburlash mumkin emas, balki u qanoat va rozilik bilan qabul etilishi lozim: «Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir» (Baqara surasi, 256-oyat). «Axir siz odamlarni mo‘min bo‘lishga majbur qilurmisiz?» (Yunus surasi, 99-oyat).

   4. Ilohiy diyonatlarning ibodat makonlari muhtaram joylardir, musulmonlarning masjidlari kabi ularni ham himoya va mudofaa qilish lozim: «Agar Alloh odamlarning ayrimlarini ayrimlari bilan da’f qilib turmas ekan, shubhasiz, Alloh nomi ko‘p zikr qilinadigan (rohiblarning) uzlatgohlari, (nasroniylarning) butxonalari, (yahudiylarning) ibodatxonalari va (musulmonlarning) masjidlari vayron qilingan bo‘lur edi» (Haj surasi, 40-oyat).

   5. Albatta, odamlarning dinlaridagi ixtiloflari bir-birlarini o‘ldirishlariga yoki bir-birlariga adovat qilishlariga sabab bo‘lmasligi kerak. Balki ezgu ishlarni qilishda, yovuzlikka qarshi kurashda o‘zaro hamkor bo‘lishlari lozim: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz!» (Moida surasi, 2-oyat). Ular o‘zaro ixtilof qilayotgan narsalariga hukm etishga kelsak, buni qiyomat kuni Alloh taoloning o‘zi hal qiladi: «Yahudiylar: «Nasroniylar haq emaslar», deyishdi. Nasroniylar: «Yahudiylar haq emaslar», deyishdi. Holbuki, ular (ya’ni, yahudiylar ham, nasroniylar ham) kitob (ya’ni, Tavrot, Injil) tilovat qiladilar, shuningdek, bilmaydigan kimsalar ularning gapiga o‘xshash gap aytdilar (ya’ni, Makkadagi mushriklar: «Muhammad haq emas», deyishdi). Bas, ularning o‘zaro ixtilof qilib o‘tgan narsalari haqida Alloh qiyomat kunida hukm qiladi» (Baqara surasi, 113-oyat).

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:39:28

   6. Hayotda va Allohning huzurida odamlarning afzalligi o‘ziga va odamlarga qilgan yaxshilik va ezguligi miqdorida bo‘ladi. «Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot surasi, 13-oyat).
    «Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir» (Bazzor rivoyati).

   7. Albatta, dinlardagi ixtilof yaxshilik, silai-rahm va mehmondorchilikdan to‘sa olmaydi: «Bugun sizlar uchun barcha pokiza narsalar halol qilindi. Kitob berilgan kimsalarning taomlari sizlar uchun haloldir va sizlarning taomlaringiz ular uchun haloldir... Sizlar uchun mo‘minalar orasidan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar va sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir» (Moida surasi, 5-oyat).

   8. Odamlar dinlarida ixtilof etsalar-da, bir-birlari bilan go‘zal shaklda, odob doirasida, hujjat va qanoatlantirish bilan mujodala etishlari mumkin: «(Ey mo‘minlar), sizlar ahli Kitob bilan faqat eng chiroyli yo‘sinda mujodala — munozara qilinglar» (Ankabut surasi, 46-oyat). Muxoliflarga yomon so‘zlar aytish, agar butparast bo‘lsalar ham, e’tiqodlarini so‘kish joiz emas: «Allohdan o‘zgaga sig‘inadigan kimsalarni (butlarini) so‘kmangiz! U holda ular hadlaridan oshib, johillik bilan Allohni so‘kurlar» (An’om surasi, 108-oyat).

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:40:54

   9. Agar ummatning aqidasiga tajovuz qilinsa, aqidaning himoyasi uchun, fitnaning oldini olish uchun tajovuzni daf etish lozim: «To fitna tugab, butun din Alloh uchun bo‘lgunga qadar ular bilan urushingiz!» (Baqara surasi, 193-oyat). «Alloh sizlarni faqat dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushgan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqargan hamda sizlarni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalardan — ular bilan do‘stlashishlaringizdan qaytarur» (Mumtahana surasi, 9-oyat).

   10. Agar ummat dinda unga tajovuz qilganlardan g‘olib kelsa, dinlarini tark etishga majburlash bilan ulardan intiqom olish va aqidalari to‘g‘risida ularni quvg‘in qilish mumkin emas. Ular davlatning sultoni (hukmronligini) e’tirof etishlari va «biznikidek huquqqa va biznikidek majburiyatga» ega bo‘lishlari uchun davlatga sodiq yashamoqlarining o‘zi kifoya.

   Islom hazorasiga poydevor bo‘lgan din erkinligining asoslari mana shulardir. U musulmonlarga Allohning barcha payg‘ambar va rasullariga imon keltirishni, ularni hurmat va ehtirom-la zikr qilishni, ularning izdoshlariga yomon munosabatda bo‘lmay, muloyim so‘zlash, ular bilan aloqada bo‘lish, yaxshi qo‘shnichilik bilan mehmondorchiligini qabul qilish va oilalar aralashib, qonlar qo‘shilib ketar darajada qarindosh bo‘lishdek go‘zal muomalani vojib etadi. Islom ularning ibodat makonlarini himoya etishni, e’tiqodlariga aralashmaslikni, hukmda jabr qilmaslikni, umumiy huquq va majburiyatlarda musulmonlar bilan barobar ko‘rishni va hurmatlari, hayotlari hamda kelajaklarini musulmonlarning hurmat, hayot va kelajaklari muhofaza etilganidek saqlashni musulmon davlatiga lozim qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:41:50

   Islom hazorasi mana shu asoslarga bino bo‘lgan. Mana shu bilan dunyo birinchi marta o‘zidan boshqa dinlarga qarshi taassub etmaydigan, g‘ayri muslimni ijtimoiy amal maydoni va ijtimoiy manzilat (daraja)dan quvmaydigan hazora paydo bo‘lganini ko‘rdi. Mana shu erkinlik Muhammad (s.a.v.) uning asosini qo‘yib berganlaridan boshlab, to u tanazzulga yuz tutguncha, asoslar yo‘q bo‘lib, buyruqlar unutilguncha va odamlar dinidan johil bo‘lib, bu mukarram diniy erkinlikdan uzoqlashgunlaricha  islomiy hazoraning qonuni bo‘lib keldi.

   Payg‘ambar (s.a.v.) Madinaga hijrat qilgan paytlarida u yerda anchagina yahudiylar bor edi. U zotning davlat ishlaridagi birinchi amallari ular bilan aqidalarini ehtirom qiladigan ahdnoma tuzish bo‘ldi. Unga ko‘ra, davlat yahudiylarni o‘z himoyasiga oladi va ular ham o‘z o‘rnida Madinaga yomon qasd qilgan kishilarga qarshi musulmonlar bilan bir qo‘l bo‘ladilar. Bu bilan Rasululloh (s.a.v.) islomiy hazoraning ilk urug‘larida diniy erkinlik asoslarini tatbiq qildilar.

   Payg‘ambarning (s.a.v.) ahli kitobdan qo‘shnilari bo‘lgan. Ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar. Habashiston nasroniylarining vakillari kelganlarida, Rasululloh (s.a.v.) ularni masjidga tushirib, o‘zlari ziyofatini berib, xizmat qildilar. U zot shu kuni bunday deganlar: «Bular ashobimizga ikromli edilar, men o‘zim ularni ikrom etmoqni xush ko‘raman».

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:42:23

   Bir marta Najron nasorolari kelganda, ularni ham masjidga joyladilar va unda ibodatlarini ado etmoqqa ruxsat berdilar. Ular masjidning bir tomonida ibodat qilishsa, Rasululloh va musulmonlar boshqa tomonida namoz o‘qishgan. Ular dinlarini himoya qilib, Rasululloh bilan munoqasha etmoqchi bo‘lganlarida, ularni tinglab, chiroyli shaklda mujodala qilganlar. Bularning barchasi muloyimlik, odob va go‘zal axloq bilan bo‘lgan. Muqavqisning (qibtiylar podshosi) ham hadyasini qabul qilganlar. Uning yuborgan joriyasini qabul etib, Ibrohim ismli farzand ham ko‘rganlar. Shundan musulmonlarga: «Men qibtlarga yaxshi bo‘lishingizni tavsiya etaman, chunki sizlarda ular bilan nasab va quda-andachilik bor», deb vasiyat qilganlar.

   Rasuli akramning yuksak insoniy tabiatli diniy erkinlik to‘g‘risidagi ko‘rsatmalariga u zotdan so‘ng xalifalari ham amal qilishdi. Umar ibn Xattob Baytul Maqdisga fotih sifatida kirganlarida, u yerning masihiy aholisi shaharda yahudiylar bilan birga yashamasliklarini shart qilib qo‘yishganda, bunga rozi bo‘lganliklarini yaxshi bilamiz. U zot «Quddus al-Kubro» cherkovida ekanliklarida asr namozining vaqti kirib qolganda, u yerda namoz o‘qishdan bosh tortdilarki, keyinchalik musulmonlar buni dalil qilib cherkovni masjid qilib olmasinlar, deb!

   Misr aholisidan bo‘lgan bir masihiy ayol hazrati Umarga hovlisini Amr ibn Os majburan masjidga qo‘shib olganligi haqida shikoyat qildi. U zot Amrdan bu haqda so‘raganlarida, shunday javob oldilar: musulmonlar ko‘payib, masjid ularga torlik qilib qoldi. Masjid yonida esa bu xotinning hovlisi bo‘lgan. Amr uning hovlisiga bir miqdor pul taklif qiladilar. Pul miqdorini qanchalik ko‘paytirmasinlar, xotin baribir rozi bo‘lmaydi. Bu hol Amrni hovlini buzib, masjidga qo‘shib olishga majbur etadi. Hovlining puli esa xotin qachon xohlasa, oladigan qilib, Baytul-molga qo‘yildi. Amr qilgan ishlarida uzrli bo‘lgan bu holat hozirgi qonunlarimizda ham joiz, deb bilingani holda Umar uning bu ishlaridan rozi bo‘lmaydilar va Amrga masjidning yangi binosini buzishga va xotinga hovlisi oldin qanday bo‘lsa, shunday topshirishga buyuradilar!

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:43:09

   Diniy erkinlik ko‘rinishlaridan yana biri barhayot hazora soyasida masjidlar kanisalar bilan yonma-yon bo‘lishidir. Kanisalardagi din kishilariga diniy va kanisiy ishlarining barchasida raiyatlari ustidan to‘liq hokimiyat berib qo‘yilgandi. Davlat bu ishlarda  ularga aralashmasdi, balki mazhablari o‘rtasidagi ixtilofli masalalarini hal qilib berishgagina qo‘shilar va ular o‘rtasida insof bilan hukm etardi. Rum hukmronligi davrida Malkoniylar Misr qibtlarini quvg‘in qilib, kanisalarini tortib olishardi. Musulmonlar Misrni fath etgach, qibtlarga kanisalarini qaytarib olib berishdi. Shundan so‘ng qibtlar Malkoniylarning arab fathidan oldingi qilmishlari uchun intiqom olib, o‘zlaridan keta boshlashdi. Ular buni Horun ar-Rashidga shikoyat qilishganda, u qibtlar Misrda egallab olgan kanisalarni qaytarib olishga amr etdi. Malkoniylarning patriarxi murojaat qilgandan keyin ular Malkoniylarga qaytarib berildi.

   Sulton Muhammad Fotihning butun Sharqda pravoslav patriarxiyasi qarorgohi  bo‘lgan Qustantiniyani egallab olgandagi ko‘rinishni hech kim unutmagan bo‘lsa kerak. U o‘sha kunda barchasi nasroniy bo‘lgan aholiga mollarida, jonlarida, e’tiqodlarida, cherkov va xochlarida omonda ekanliklarini e’lon etdi va ularni askarlikka olinishdan ozod qildi. Raislariga esa qonunchilik va qavmlari orasida chiqadigan turli da’volarni davlatning aralashuvisiz hal qilish huquqini berdi. Qustantiniya aholisi bunda vizantiyaliklar zamonida ko‘rgan muomala bilan Sulton Muhammad Fotih tomonidan ko‘rgan muomala o‘rtasida katta farq sezganlar. Chunki vizantiyaliklar ularning mazhabiy ixtiloflariga aralashar, kanisalarini boshqa kanisalarga tobe’ bo‘lishini afzal ko‘rishardi. Qustantiniyaliklar millatdoshlari bo‘lgan hokimlar zamonida ham ko‘rmagan bunday diniy erkinlikdan xursand bo‘ldilar. Hatto, Rum patriarxiga sulton tomonidan hukumat ichra hukumatga o‘xshash huquqlar berib qo‘yildi va uning jamoasi yaqin besh yuz yil yaxshilikda hayot ko‘rdi. Ular amalda mustaqil edilar, mustaqilliklariga na qo‘shin va na mol rahna sola olardi.

   Diniy erkinlik ko‘rinishlaridan yana biri — islomiy fathlar vaqtida ko‘pchilik kanisalarda bir paytning o‘zida musulmonlar ham, masihiylar ham ibodat qilishidir! Payg‘ambarning (s.a.v.) Najron nasorolariga musulmonlarning yonida ibodat qilishga qanday ruxsat berganlarini eslang. Holbuki, bu paytda musulmonlar ham namoz o‘qishardi. Keyinchalik Umaviy jome’siga aylangan Damashqdagi Buyuk Ioann kanisasida fath kunlari masihiylar uning yarmini musulmonlar olishiga rozi bo‘lishgan bo‘lsa, musulmonlar ham ularning ibodat qilishlariga ijozat berishgan. Bir vaqtning o‘zida ikki din vakillari yonma-yon ibodat qilayotganlarini ko‘ring. Bu tarixda nodir bo‘lgan ajoyib ko‘rinishdir. Unda islomiy hazora erishgan diniy erkinlikka dalolat qiladigan chuqur ma’no bor!

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:43:44

   Diniy erkinlik ko‘rinishlaridan yana biri — vazifalarning aqidasi va mazhabidan qat’iy nazar mustahiq, munosib kishiga berilishidir. Shu sababdan umaviy va abbosiylar zamonida masihiy tabiblar xalifalar diqqat markazida bo‘lishgan. Ular uzoq vaqt mobaynida Bag‘dod va Damashqdagi tibbiyot madrasalariga boshchilik qilishgan. Nasroniy tabib Ibn Asol Muoviyaning (r.a.) xos tabibi edi. Sarjun esa kotibi bo‘lgan. Marvon esa boshqa bir ismi Ishoq bo‘lgan Isnosiyusni Misrdagi ba’zi hukumat mansablariga tayinlagan. U keyinchalik davlat devonida raislik martabasigacha ko‘tarilgan. U juda ko‘p boylik va katta obro‘ga ega edi. To‘rt ming qul, talaygina hovli, uy-joy va bog‘lar, juda ko‘p oltinu kumushlar egasi edi. U o‘zi sohibi bo‘lgan to‘rt yuz do‘kondan tushgan mablag‘ga Rahoda kanisa qurdirgan. Shuhrati shu darajaga yetganki, Abdulmalik ibn Marvon keyinchalik Misr voliysi bo‘lgan, ukasi Abdulazizning ta’limini unga topshirgan. U mashhur Umar ibn Abdulazizning otasi edi.

   Xalifalar oldida obro‘si bor mashhur tabiblardan biri Jirjis ibn Baxtyashu’ edi. U xalifa Mansurga yaqin bo‘lib, xalifa uning rohat va xursandchiligi uchun qo‘lidan kelganini qilardi. Shunday ham bo‘lganki, Jirjisning xotini qari edi, shuning uchun  xalifa Mansur unga uchta go‘zal joriya jo‘natadi. U: «Modomiki, xotinim hayot ekan, boshqaga uylanishga dinim ruxsat bermaydi», deya joriyalarni qabul qilishdan bosh tortdi. Mansur bundan xursand bo‘ldi va uning ikromini yanada ziyoda etdi. U og‘irlashib qolganda, Mansur uni «Doruz-ziyofat»ga keltirishlarini buyurdi va holini so‘rab, oldiga o‘zi yurib bordi. Tabib ajdodlari bilan dafn etilishi uchun vataniga qaytishga izn so‘radi. Mansur unga jannatga kirishi uchun Islomga qabul qilishni taklif qildi. U: «Ajdodlarim bilan birga jannat yoki do‘zaxda bo‘lishga roziman», deya uni rad etdi. Mansur bunga kulib qo‘yaqoldi va hozirlik ko‘rishga amr etib, o‘n ming dinor bilan uni vataniga yetkazib qo‘ydi.

   Nasroniy Salmavayh ibn Banon Mo‘‘tasimning tabibi bo‘lgan. U vafot etganda Mo‘‘tasim juda qattiq qayg‘urdi va dinining urf-odatlariga binoan tutatqi va shamlar bilan dafn etishga amr qildi!

Qayd etilgan


AbdurRohman  30 Sentyabr 2007, 11:44:56

   Baxtyashu’ ibn Jabroil Mutavakkilning tabibi bo‘lib, uning oldida ehtirom sohibi edi. Hatto, u libos, husnihol, mol ko‘pligi va muruvvatda xalifaga o‘xshardi. Shuningdek, shoir va adiblar ham din va mazhablaridan qat’iy nazar xalifa hamda amirlar huzurida hurmatga sazovor edilar. Hamma Axtalning umaviylar davridagi dovrug‘ini biladi. U tumor taqilgan ipak abo kiyib olib, Abdulmalikning oldiga iznsiz kirardi. Bo‘ynida tilla zanjirga ulangan oltin xoch osilib, soqolidan esa aroq tomchilab turardi. Uzun qasidada: «Ansorlar sallasi ostidadir tubanlik», deya ansorlarni hajv qilgan ham shu edi. Ansorlar og‘ringanlar va ichlaridan kattalari, Rasulullohning (s.a.v.) sahobalari No‘‘mon ibn Bashirni yuborganlar. U kishi Abdulmalikning huzuriga kirib, sallalarini boshlaridan olganlar va unga: «Shu yerda tubanlik ko‘ryapsanmi, ey amiral mo‘minin?» deganlar. Xalifa u kishining ko‘nglini ko‘targan, lekin Axtalga yomon muomala etmagan.

   Oddiy kishilar ham xalifalardek dinlaridan qat’iy nazar, o‘zlariga yoqqan kishiga do‘stona munosabatda bo‘lardilar. Soibalar, ya’ni majusiylardan bir qavm vakili bo‘lgan Ibrohim ibn Hilol davlatning yuqori mansablarini egallaydi, shoirlarning oldi bo‘lganidan buyuk ishlarga bosh-qosh bo‘ladi. U bilan musulmon adib va olimlari o‘rtasida mustahkam do‘stlik va go‘zal aloqalar bo‘lgan. Hatto, u vafot etganda, Hoshimiy alaviylarning shayxi Sharif ar-Rizo barhayot qasidalar bilan marsiya bitgan. Ko‘p munosabatlarda Sharif uni eslab, qattiq qayg‘urardi.

   Xalifalar huzuridagi ilmiy halqalar dinlari, mazhablari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar turli olimlarni jamlagandi. Ma’munning ilmiy halqasida din va mazhablarning barchasidan olimlar yig‘ilgandi. Ma’mun ularga: «Xohlagan ilmingizdan bahs etavering. Faqat toifakashlik masalasi qo‘zg‘almasligi uchun har biringiz o‘z diniy kitobingizdan dalil-hujjat keltirmasangiz bo‘lgani», degan. Xalqning ilmiy majlislari ham shunday bo‘lgan. Xalaf ibn Musanno shunday deydi: «Basradagi bir majlisda ilm va nabohatda dunyo tan olgan o‘n kishi yig‘ilganini ko‘rdik». Ular: nahvchi olim Xalil ibn Ahmad (sunniy), shoir Humayriy (shi’iy), Solih ibn Abdulquddus (dualist zindiq), Sufyon ibn Majoshi’ (xorijiy), Bashor ibn Barad (kosmopolit), Hammod Ajrad (zindiq, kosmopolit), shoir Ibn Ra’sil-Jolut (yahudiy), Ibn Nazir al-Mutakallim (nasroniy), Umar ibn al-Mu’yyid (majusiy), shoir Ibn Sinon al-Harroniy (sobiiy)lardir. Ular to‘planib olib, she’rlar o‘qishar, xabarlar naql qilishardi. Ular shunday do‘stona muhitda suhbatlashishardiki, o‘rtalaridagi juda kuchli diniy-mazhabiy ixtiloflarni kishi sezmay qolardi!

Qayd etilgan