Hazora da’vat qilgan narsalarning eng ajibi, boshqa xalqlardagi xor, zaiflarni himoya qilish o‘zining hurriyat va hurmatini himoya qilgandek vojib ekanidir... «(Ey mo‘minlar), sizlarga nima bo‘ldiki, Alloh yo‘lida va «Parvardigoro, bizni egalari zolim bo‘lgan shahardan ozod qil va bizga o‘z huzuringdan bir do‘st bergin, bizga o‘z huzuringdan bir yordamchi qilgin», deyayotgan erkaklar, ayollar hamda bolalardan iborat bo‘lgan bechoralar (ni ozod qilish) yo‘lida jang qilmayapsizlar?!» (Niso surasi, 75-oyat). Islom hazorasi urush qoidalari mana shulardir. Adolat, rahmdillik va vafo — bular harbiy axloq ko‘rinishlaridir.
Aftidan islomiy hazoraning urushdagi tinchlikparvarlik ruhini ko‘rsatishga buning o‘zi kifoya qilmaydi. Zero, qonunlarning o‘zigina millatning ulug‘ligiga, insoniyligiga dalil bo‘la olmaydi. Qancha millatlar bor: o‘zlari odamlarga eng oliy qonunlarni ko‘z-ko‘z qilishadi. Lekin eng beshafqat, chirkin, insoniylik va rahmdillikdan uzoq qonunlar bilan yashashadi. Diyorimizdagi mustamlakachilik hodisalari hech kimga sir emas. Uning fojealari, shafqatsizliklari hamon ko‘z o‘ngimizda.
Xo‘sh, Islom hazorasida ushbu oliyjanob qonunlarning amaliy tatbiqi qanday bo‘lgan? Hammasidan oldin Islom hazorasi yo‘lboshchisi, uning asosi va shariatini qo‘yuvchisi Rasulullohdan (s.a.v.) boshlaylik. U zot hazora axloqi, hadafi va risolatidan rostgo‘y ta’birdirlar. Biz anbiyo, rasul va muslihlardan birortasining o‘z da’vati yo‘lida Rasulullohdek (s.a.v.) azoblangani, quvg‘in qilingani, ozor berilganini bilmaymiz. O’n uch yil Makkada... Bu yillarning hammasi bu zot va jamoatlariga hiyla, ozor, haqorat va azob-uqubatga to‘liq bo‘lgan. Hayotlari va ashoblarining hayotiga tinimsiz suiqasdlar uyushtirilgan. O’n yil Madinada... U uzluksiz kurash va ma’rakalar muddati. Harb libosini faqat o‘limlaridan ozgina oldin Arab jazirasi butkul u zotga bo‘yin eggandagina yechganlar! Kim urushga kirsa, qilich ko‘tarsa, o‘ldirsa, o‘ldirilsa, quvg‘in va adovat nishoni bo‘lsa, qonga shavqli va intiqomga o‘ch odamga aylanadi. U holda, Rasulullohning urushlardagi xulqlari qanday bo‘lgan? Hazora sohibi o‘zlari e’lon etgan asoslarni qay tarzda tatbiq etganlar?..