Shifoxonalarning turi ko‘p bo‘lgan. Masalan, qo‘shin uchun alohida shifoxonalar bo‘lib, ularda maxsus tabiblar xizmat qilishardi. Yana mahbuslarning ham xos shifoxonalari bo‘lgan. Ularni har kuni tabiblar aylanib chiqishar va kasallarini lozim dori-darmonlar bilan muolaja etishardi. Vazir Ali ibn Iso ibn Jarroh Sinon ibn Sobitga yozgan xatida quyidagi jumlalar bor: «Mahbuslar haqida ham o‘ylab ko‘rdim. Adadlari ko‘p bo‘lgani va joylarining yomonligi uchun oralarida kasallari yo‘q emas. Shuning uchun ularning huzurlariga har kuni kiradigan, dori va ichimliklar beradigan tabiblar tayinlash kerak. Bu tabiblar hamma qamoqxonalarni aylanib, bemorlarni davolashlari lozim».
Shuningdek, «Tez yordam» nuqtalari bo‘lib, ular jomelar va omma to‘planadigan joylarda bino qilingandi. Al-Maqriziyning aytishicha, Ibn Tulun o‘zining mashhur jomeasini qurganda, uning oxiriga dorixona ham qurgan. U yerda hamma ichimlik va dorilar topilar, xizmatkorlar shay edi. Yana juma kunlari tabib kelib, namozxonlardan xastalikka chalinganlarini muolaja qilardi.
Yana umumiy shifoxonalar ham bo‘lib, ular eshigini hamma uchun ochib qo‘ygandi. Faqat bir-biridan alohida ikki qism: erkaklar va ayollar bo‘limiga ajratilgandi. Har bo‘limda bir necha zal bo‘lib, har birida kasallikning alohida turi ko‘rilardi. Masalan, ichki kasalliklarga alohida, ko‘zga, jarohatga, singan-chiqqanga, aqliy kasalliklarga alohida xonalar ajratilgandi. Yana ichki kasalliklar bo‘limi ham bir necha xonalarga bo‘lingandi. Masalan, isitma-bezgakka bir xona, ichburug‘ga bir xona va hokazo. Har bir qismning tabiblari va boshlig‘i bo‘lardi. Masalan, ichki kasalliklar boshlig‘i, jarrohlar boshlig‘i, ko‘z kasalliklari boshlig‘i kabi. Hamma bo‘limning «so’ur» deb nomlangan umumiy boshlig‘i bo‘lardi. Bu shifoxona tabiblari raisining laqabidir.