1600 yillarda Ispaniya inkvizitsiyasi musulmonlarni ommaviy qirg‘in qilgani tarixdan ma’lum. g‘arb tadqiqotchilarining kundaliklarida yozilishicha, johil hukmdorlar musulmon ispanlarni tozaligiga, qo‘ltiq osti mo‘ylarining olinganiga qarab, nasroniylardan ajratib qatl qilgan ekan.
Musulmonlar nafaqat tozalikda, kiyinish, ovqatlanish madaniyati sohasida ham ovro‘paliklarga o‘rnak bo‘lishgan. Birgina ovqatlanish xususida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘nlab hadislar vorid bo‘lgan. U zoti bobarakot ummatni ko‘p taom yeyishdan qaytarganlar. Buning zararlari va oqibatlarini bugungi kunda hozirgi tibbiyot fani ham, odamlar ham yaxshi tushunib qolishdi.
Payg‘ambar alayhissalom kechqurun yotishdan oldin suv va taom solingan idishlar ustini yopishni, siniq, darz, labi uchgan idishlarni ishlatmaslikni buyurganlar. O’sha joylarda turli zararli narsalar (mikroblar) bo‘lishini hali zarrabin (mikroskop) kashf etilmasdan o‘n to‘rt asr avvaldan ko‘ra bilganlar. U zot ovqat oldidan va keyin qo‘l yuvish, ovqatga puflamaslik, xotirjam, o‘tirib ovqatlanish, taomni issig‘icha iste’mol qilmaslikka ham targ‘ib qilganlarki, bularning hammasida ham hikmat bor.
Vaholanki, g‘arbda ovqatlanish sohasidagi madaniyat juda orqada edi. Birgina misol keltirib o‘tish kifoya: o‘rta asrlarda Brandenburg shahzodasi aslzodalarni o‘z saroyidagi ziyofatga chorlar ekan, taklifnomaga: "œGo‘sht yegandan keyin suyakni orqaga otish yo‘q, yog‘li og‘izni yeng bilan artish yo‘q, tovoqni ko‘tarib, ostiga tupurish yo‘q", deb izoh yozishga majbur bo‘lgan ekan. Hatto, hozirda g‘arbdagi ko‘pgina o‘lkalarda bo‘lganimizda, ovro‘paliklarning jamoat joylarida, hatto, dasturxon ustida bemalol ro‘molchaga burun qoqayotganlarini, hammaning ko‘z o‘ngida tish kavlayotganlarini, ovoz chiqarib, betartib ovqatlanishlarini ko‘rib, hayratimiz oshgandi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ana shularning o‘ziyoq, Islom hazorasi g‘arb hazorasidan ancha ilg‘or bo‘lib kelganini isbotlab turibdi.