Umaviylar davriga kelib, xalifalarning majlisi adab, hikmat va she’r majlislariga aylandi. Abdulloh ibn Hishom bir kuni Muoviyaning majlisida hozir bo‘ldilar. Muoviya: «Saxovat, jasorat va muruvvat haqida menga kim xabar beradi?» dedi. Abdulloh aytdilar: «Saxovat — so‘ramasdan burun mol va hadyani berish, jasorat oldinda bo‘lishga jur’at va qadam toyganda sabr, muruvvat esa — dinning salohi, holining islohi va qo‘shnining himoyasidir".
Bir kun amir Abdulmalik majlis ahliga qarata: «Kim badanidagi a’zolarini alifbo harflari tartibi bilan keltira olsa, o‘ylagan narsasini beraman», dedi. Shunda Suvayd ibn o‘afla: «Men keltira olaman, yo amirul mo‘minin», deganda, «Boshla», javobini oldi. U alifbo harflari bo‘yicha a’zolarini sanay boshladi: «Anf (burun), batn (qorin), tarquva (o‘mrov), sag‘r (og‘iz), jumjuma (bosh, bosh suyagi), xalq (tomoq), xad (yuz), dimog‘ (dimog‘)... Shunda boshqa birov turib: «A’zolarni ikkitadan qilib aytib beraman», dedi. Buni ko‘rgan Suvayd: «Men uchtadan qilib ayta olaman: anf (burun), asnon (tishlar), uzun (quloq)..." deya davom etdi. Abdulmalik uning topqir va hozirjavobligidan hayratga tushdi va mukofotladi.
Abbosiylar davriga kelib, xalifalar majlisi yanada rivojlandi. Keng, yaxshi jihozlangan yerlarda ko‘pgina olim va adiblar bilan ajib majlislar qurilar, undagi baxs va munozaralar turlicha bo‘lardi. Bundan tashqari o‘yin-kulgu majlislari ham bo‘lardiki, unda adabiy muhit hukmron bo‘lib, she’r va shoirlar to‘g‘risida so‘z borar va mug‘anniylar kuylagan qo‘shiqlarning kalimalari izohlanardi. Bani Abbos xalifalarining ichida majlisi dabdaba va ajoyibotda eng mashhurlari Rashid va Ma’mun edi. Rashid o‘z majlisiga har bir fan va ilmning taniqli olimlarini yig‘ardi. Bu o‘rinda majlislarining oldi bo‘lmish shoirlar: Abu Nuvos, Abul Atohiyya, Da’bal, Muslim ibn Valid, Abbos ibn Ahnaflar, faqihlar: Abu Yusuf, Shofe’iy, Muhammad ibn Hasanlar, tilshunoslar: Abu Ubayda, Asma’iy, Kisoiylar, muarrix Voqidiy, mug‘anniylar Ibrohim Musimiy va o‘g‘li Ishoqlarni eslash yetarli.