Muallif Mavzu: Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 89204 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)
« : 30 Sentyabr 2007, 13:57:04 »
Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)



Muallif: Murod Mansur
Hajmi: 2,32 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish
« So'nggi tahrir: 07 Oktyabr 2011, 19:07:36 muallifi AbdulAziz »

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #1 : 30 Sentyabr 2007, 13:58:13 »
MUROD MANSUR

JUDOLIK DIYoRI

Roman

Uchinchi kitob

RUSHDI HIDOYAT

Bismillahir Rohmanir Rohiym
... Sen vatan sog‘inchi nima bilmassan ham, Chaman! Vatan sog‘inchini vatandan hijrat etganlardan so‘ra! U sog‘inch o‘rtab kelganda hamma narsa bir tomon, vatan ham bir tomon bo‘lib qoluvini, uning havolaridan bir bora nafas olmoq, suvidan bir qultumgina ichmoq jahondagi jamiki narsalardan azizroq bo‘lib ko‘rinuvini sen qaydan bilarding, do‘stim?!
Mayli, elim meni quvg‘indi deb atasin, xalqim sig‘indi deb bilsin, men o‘zimni ular bilan etu tirnoqdek deb bilarman!

SULTONMUROD
(«Sarhad oshgan maktublari»dan)[/i]

Muqaddima
«IBROHIM MAQOMI»DAGI VATANJUDO...


Siz darsxonamda hech bo‘lmagansiz. O‘zim ham u yerga hammadan qizg‘onib, yomon ko‘z, yomon nazarlardan berkitib bir narsalar bitadigan paytlarim kiraman xolos. O‘zi tordan-tor, bitta karavotu ustol zo‘rg‘a sig‘adi. Ammo dunyoda undan osuda, undan keng joyning o‘zi yo‘q menga.
Yolg‘iz deraza tagiga o‘tirvolsam hech kim, hech narsa chalg‘ita olmaydi meni. Qolaversa, hammayoqqa parda tutib tashlaganman. Hatto qibla tarafdagi mehrobsimon deraza o‘rnidan tortib, bu yoqdagi tokchaga dovur oq-oppoq parda tortig‘liq. O‘sha «mehrob» tarafdagisini har zamonda bir sog‘inib, ko‘rgim kelib ochmasam, ro‘paradagisiga ko‘pdan qo‘l urganim yo‘q. U yerda kishibilmas tokchamiz bo‘lib, unda nima saqlanishini hatto Saida bilmaydi. Kennoyimga shipshib qo‘ymasin deb... aytmaganman. Qibla tarafdagi parda ortida esa, uzoq sharif diyordan keltirilgan boshqa narsa bor. O‘ziyam qiblaga yarashadigan. To‘g‘rirog‘i, dunyodagi eng muborak shahar — Makkada olinib, Turkiyadami — qaerda quloch yetmas shildiroq qog‘ozga bosilgan bir suvrat... Tabarrukki, qo‘yaverasiz. Ranglari ham tiniqdan tiniq, nurlidan nurli, o‘zi shunday nozik-ado qilib olinganki, soatlab termulib to‘ymaslik mumkin.
Ana o‘sha suvratdan bir qarashdayoq kishini rom etib qo‘yadigan, osmonlarga aloqador bir ilohiy nur, fayzi futuh yog‘iladiki, bu adoqsiz nur qaydan kelyapti, darhol ajratish maholdan mahol.
Har qanday ko‘hlik narsa ham bir ko‘rishli. Nari borsa, ikki-uch ko‘zni quvnatib, so‘ng ohori to‘kiladi- qoladi. Ayniqsa, u suvrat bo‘lsa. Ammo bu qancha vaqt kechmasin, necha qaytalab ko‘rmang — hech-hech eskirmaydi. Qaytaga har gal yangarib-jilolanib, nimasi bilandir sizni rom etaveradi, etaveradi. Sir-asrori ham shunda. Balki oyim qiblai muazzama deganlaricha bordir?..
Bunday narsalarning Hijoz tomonlardan kela boshlashi, avvalo, Xudoning inoyati. Bo‘lmasa, ularga yetishish qayda ediyu, uylarimiz to‘riga ilish qayda edi!.. Biz shu yoshga kirib, Ka’baning tasviri tushirilgan joynamoz-gilamchalarni ham ko‘rmagan edik. Sharif diyorning ta’rifi onalarimiz og‘izlaridan og‘izga o‘tib kelardi, xolos. Mana endi o‘sha qo‘l yetmas diyor tasvirlari...
« So'nggi tahrir: 07 Oktyabr 2011, 19:05:51 muallifi AbdulAziz »

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #2 : 30 Sentyabr 2007, 13:58:32 »
Darvoqe, men o‘sha yodgor narsani qanday qo‘lga kiritganim haqda aytmoqchi edim, uzr.
Jumalardan birida «Qozirabot» jomesiga borsam, kitob rastasi yonida bir to‘p odam pastak o‘t-devor ustiga yoyib qo‘yilgan rangin suvratlardan ko‘z uzisha olmay turibdi.
Ular shunday tiniq ham nozik-ado ediki, bir qarashda suvratmi, mo‘yqalamda ishlab, so‘ng chop etilganmi — ajratib bo‘lmasdi. So‘rab bildik, sharif shaharning suvratlari ekan. U tomonlarda suvrat olishu chop etish shu qadar rivojlanib, farangilardan-da o‘zib ketishibdi.
Chindan-da, piyoz po‘stidek nozik shildiroq qog‘ozlardagi suvratlar g‘aroyib darajada tiniq edi. Nuri ham bir bo‘lakcha, qaragan saring dil yumshab, bir sir bosib kelaverardi. Balki hamma gap o‘sha sir-dadir. Uning tagiga yetging keladiyu, yetolmaysan. Ko‘ngil uzib ham ketolmaysan. Shunaqa ohanrabosi bor...
Meni nima sir bosdi, desam, yonimdagi qariyalar ham allaqanday halim tortib, mutaassirlanib qolibdilar. Qaybirlari ko‘zlarida yosh, yelkalariga tashlagan belbog‘larining uchini kishibilmas mijjalariga bosib-bosib, olmoqdalar. Qaybirlari esa, u muborak tasvirlarni silab-siypab, yuz-ko‘zlariga surtmoqqa tushgan edilar. Shunchalik tabarruk...
Avvaliga ilg‘amabman, shunaqa suvratlardan yana bittasi... ro‘paradagi temir panjaraga ilib qo‘yilgan ekan.
Ana bunisi — hammasidan zo‘r edi! Qaragandayoq kishi chippa yopishadigan edi. Ayniqsa, o‘rtadagi «Qora uy», uning ortida osmonlarga dovur tutashgan qo‘sh minora, pastda — tavof maydoniga endi kira boshlagan oq ehromli kishilar — shunaqa jonli, tabiiy edilarki, bir qarashdayoq mixlanib qolmoq mumkin edi. Beixtiyor yaqinroq bordimu tagidan jilolmay qoldim. Ajoyib! Shu ekanmi, Allohning uyi — Ka’batulloh deganlari?!. Men o‘zimni uning tagida turgandek his etar, jindek harakat etsam — o‘sha oq ehromli umrachilarga qo‘shilib ketadigandek edim, tavba.
Ustiga ajoyib ka’bapo‘sh yopilgan «Qora uy» shunaqa bir nuqtadan suvratga olingan ediki, (balki men o‘sha nuqtaga yaqin yerda turgandirman!) o‘zimni tavof maydoniga tushib qolgandek his etar edim. Go‘yo chaqirsam ovozim oq ehromli kishilarga yetadigandek edi. Qolaversa, Ka’batulloh osmonidan ustimga bir rahmat nurimi, nima yog‘ilib, allaqanday sir bosib kelmoqda... Men shuncha gazetada ishlab, jahonni necha aylangan mashhur suvratlarni ko‘rib ham hech bu holga tushmagan edim. Jonu jahonimni bunchalik qamramagan edi hech biri!

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #3 : 30 Sentyabr 2007, 13:58:58 »
Bu esa rom etgandi-qo‘ygandi! Nainki rom etgandi, men o‘zimni uning bir bo‘lagidek his etmoqdaydim. Hatto anavi Allohning mehmonlaridan biriga aylanib qolgim kelmoqdaydi...
Chindan ajoyib edi «Qora uy» deganlari. O‘zi oddiy qora toshdan-u, ammo shunday serviqor, osmonlarga aloqadorki... Hatto tepasidan aylanib suzib o‘tayotib, to‘xtab qolgandek anavi oq-oppoq pag‘a bulutlar ham bu uy, bu maydonga aloqasi bordek edilar. Har tarafdan rohatbaxsh bir nurlar yog‘ilayotgandek. Ayniqsa, farishtalardek oq-oppoq ehromli kishilar— Alloh mehmonlarining tavof maydoniga kirib kelishlarini ko‘rgandayoq odam bir orziqib tushar, o‘shalarning safida bo‘lib qolgisi kelaverardi. Nega shunday, siri-asrori nimada — hech tushunib bo‘lmasdi.
Suvratchisi tushmagur shuncha narsani bir yo‘la qanday qamrab olibdi, bu mutanosiblikni qanday topibdi — aql bovar qilmasdi. Balki qay nuqtadan olmasin, bundan kam chiqmas, fayzi-futuhi shunday bo‘laverar? Axir uni Ka’batulloh deb qo‘yibdilar?! U yagona-ku bu jahon ayvonida!
Ana endi topgandek edim sir-asrorini: meni rom etgan narsa — o‘sha fayzi-futuh edi!
Hozir — shu turishimda ham qaerdaligimni unutib, tavof maydoniga tushib borgudek bir holatda, Ka’batullohu uning osmonidan yog‘ilayotgan fayzi-futuhning asiri bo‘lib turar edim.
Kalitini topsang, qolgani o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘lib boraveradi ekan, hozir men suvratchining sirini ham bilib qolgandek edim. Ana u — qaerdan olibdi ekan! Tavof chizig‘iga yaqin bir yerda oq ehromli qora qul (uni qora oyoqlaridan zanjiligini bilmoq mumkin edi!) sajdaga bosh urib yotar, Ka’batulloh esa, xud-di o‘sha yerga yaqin joydan — sajdadan bosh ko‘tara turib (!) olingandek edi! (Balki suvratchisi tushmagur uni shu ko‘k chiziqqa tiz bukib turib olgandir?! Anavi sajdadagi qora qulning ortidan — uning ko‘z nigohi ila olgandir?)
Nima bo‘lganda ham unda mo‘min nigohi, Allohga topinadigan kishining nazari bor edi. O‘sha nazar bilan Ka’batullohga qaragan kishi uni bor bo‘y-basti ila ko‘rmog‘i, osmonlarga aloqadorligini tuymog‘i va bir umrga ko‘z qorachuqlariga jolab olmog‘i mumkin edi. Uning butun jozibasi ham, sir-asrori ham shunda edi!
Ana, nimaga tavofchilarga qo‘shilib ketgim kelayotgan ekan!
Ana, nimaga «Qora uy»ning sim-siyox yopinchig‘iyu uning peshtoqqa o‘xshatib tilla suvi berilgan arabiy yozuvlari — Kalomulloh oyatlaridan ko‘z uzolmayotgan ekanman!

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #4 : 30 Sentyabr 2007, 13:59:16 »
Qolaversa, Ka’baning «Ibrohim maqomi»ga qaragan tilla eshigiyu uning ortidagi haramning oq minoralariga qo‘shilib, osmon o‘zi bir olamga aylangan edi. Hay-hay, qarang, o‘sha moviy olamdan suzib kelib, ulkan alifdek osmon toqiga ko‘tarilgan qo‘sh minora o‘rtasida to‘xtagan pag‘a bulutlar minoralar bilan qo‘shilib, ramziy yozuv shakliga kirgan edilar-da, bir santi ham jilmay turib qolgan edilar. Bu ham kamdek, o‘sha oq jujun bulutlardan rohatbaxsh bir nur yog‘ilar, o‘sha narsa menga-da ta’sir etayotgandek edi.
Suvratchi tushmagurlar ana shunday narsani suvratga muhrlab, keyin Turkiyadami, qaerda piyoz po‘stidan-da yupqa shildiroq qog‘ozlarga bosib, bizning diyorlarga jo‘natibdilarmi? Valloh-valloh, mo‘’jizadan qaeri kam?!.
Shu holda qancha turdim, bilmayman. Bir mahal ko‘zimni o‘sha jujun bulutlardan uzib, pastda — «Ibrohim maqomi»da to‘xtab, namozga qo‘l bog‘lagan yolg‘iz hojiga qaradimu... undan-da g‘aroyib holga tushdim. Hojining yuz bichimimi, qomatimi (ishqilib alla-qaeri!) juda tanish ko‘rinib ketib, boshim gir aylanishga boshladi. Bilmayman, nazarimdami yo aslida ham aylanarmidi... yaxshi ham temir panjara bor ekan, ushlab qoldim. «Bu qanday sinoat yo tasodif?» derdim o‘zimga o‘zim. Balki azbaroyi sog‘inganimdan har bitta odam u bo‘lib ko‘rinmoqdadir?
Bir qadam tisarilib, yana ham yaxshiroq tikil-  sam — ayni o‘zi, akam! Yo qodir Alloh! Shunaqasi ham bo‘ladi ekanmi?!
«Ibrohim maqomi»ga kelganda Ka’baga yuzlanib, qo‘l bog‘lagancha tek qotgan (nega tek qotadi, namozmi, Qur’onmi o‘qiyotgan!) oq ehromli kishi shunchalar ko‘zga yaqin ham tanish ediki, beixtiyor:
— Voh, uning o‘zi-ku! — deb yuboribman.
Chindan ham bu qandayin marhamat? Sarhad osholmay, qay diyorlarda sargardon kezgan bir vatanjudoni Alloh o‘z uyiga mehmon etib chaqirib olsa? Yorlaqasa! Otalari yetolmagan bir yerga yetib tursa? Buni qanday tushunmoq kerak?.. Balki u ham emas, boshqa vatanjudodir?.. Alloh chaqirig‘iga «labbayka va sa’dayka» aytib borgan oddiy hojidir?..
Lekin u kim bo‘lganda ham bir topib, so‘ng yo‘qotgan jigargo‘shamizga ikki tomchi suvdek o‘xshab ketmoqda, unga aloqador ko‘p tarixlarni yodga tushirib, boshim o‘zimga xush yoqadurgan tarzda aylanib-aylanib bormoqda edi.
Shundan keyin ham bu suvratni sotib olmayinmi?! Azizlab uyimizning to‘ri — qiblasiga ilib qo‘y-      mayinmi?!
Yaqinroq keling, hijrat tarixining bir go‘zal — ham alamli, ham farahli qissasini Sizga ilindim. Sizga Allohdan sabr va muhabbat, o‘zimga rostgo‘ylik tilab,

Maqsud Mirzo.
«Judolik diyori»ning avvalgi
kitoblaridan tanish qissago‘y ukangiz.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #5 : 30 Sentyabr 2007, 14:02:12 »
Darvoqe, xonamda yolg‘iz shu suvratgina emas, bu tarixga aloqador yana bir talay narsalar ham bor. Shulardan biri — akamning «diyordagilarga xatlari»dir.
Uni Chaman akam Tangritog‘ tomonlardanmi, qaydan topib, bir osori-atiqashunos tanishi orqali berib yuboribdi. Necha vaqtdan beri elektr hisobgich ortidagi kishibilmas tokcha-tortmachamizda turibdi, ustidan parda tortig‘liq.
Hali egalariga ko‘rsatmaganman. Kennoyimga shipshib qo‘yishlaridan qochib, shunday asrab kelyapman. U mushfiqaning esa, dardi o‘ziga yetarli. Qolaversa, o‘sha xatlarning orqasida yana bir narsa — egasi chiqmagan bir shoda marvarid ham bor. Bu narsalarning o‘ziga yarasha tarixi borki, uni bir kun kelib ochmay ilojim yo‘q. Hamonki, bu tarixni sizga ilingan ekanman, keling, yaxshisi, uni o‘sha «diyordagilarga atalgan xatlar»dan boshlay qolay.
Usiz bu judolik tarixi Sizga ham, kelgusi avlodlarga ham qorong‘i bo‘lib qolmasin. Uni miridan siriga qadar nozik ilg‘ab bormog‘ingizni va davomini ilhaqlik ila kutmog‘ingizni tabiatning nozik joylaridan so‘rab qolaman.
Alloh uni barchamizga chiroyli etsin. Omin.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #6 : 30 Sentyabr 2007, 14:04:15 »
B i r i n ch i  b o‘ l i m

SARHAD OSHGAN MAKTUBLAR

1.   Qiyomatli birodarim Chamanga


«Oh, Chaman, Chaman!
Biz qandayin ham shoshqaloq yaratilgan ekanmiz?! Hatto Yaratgan egam — Allohga tavakkul qilmoqni ham o‘rniga qo‘ya olmaymiz1.
Hamma sabablarini joy-joyiga qo‘ygandek edik go‘yo... «Hoziq to‘ram» ham lashkar oldiga chiqib, Xayit-gohga yig‘ilgan yetti yashardan yetmish yashargacha xaloyiqqa To‘ramdan kam va’z aytmagan edilar! Odamlar necha bor qalqib, takbir aytishga tushgan, va’z oxirida esa, «O‘lsak — shahid, yutsak — g‘oziymiz!» deya o‘sha yerdanoq jangga otlangan edilar! Bunaqa yakdillik, bunaqa jonfidolikni dunyo dunyo bo‘lib ko‘rmagandir, Chaman.
Ammo biz pistapo‘choqdan kema yasamoqchi bo‘lgan ekanmiz!
Chindan ham qachon yolg‘on rostning o‘rnini bosibdi?! Puch to‘qning o‘rniga o‘tibdi?! Riyo Allohga xush yoqibdi?!
Biz To‘ram qaytdilar deb, shuncha lashkar, shuncha xalqning ko‘zini bog‘lab, u kishining soyai chehradoshlarini o‘rtaga chiqarib qo‘yib, g‘alabaga erishmoqchi bo‘libmiz! Xalq ishonganda ham... Alloh ko‘rib turib edi-ku! Nahot shuni nazardan qochirdik?! Rost imdod bilan Allohdan nusrat tilash o‘rniga biz kimni avramoqchi bo‘ldik? Yog‘iynimi? Ammo avvalo Allohni aldayotganimizni nega o‘ylamadik? Hammadan burun shundan qo‘rqmoq lozim emasmidi?!
Ana shunaqa, Chaman! Dunyo rostlik ustiga qurilganini ko‘p hollarda unutib qo‘yamiz-da, armonu pushaymonlar yog‘iga qovrulib yotaveramiz keyin. Qachon odam bo‘lamiz, bosiq-vazmin tortamiz ekan, Alloh shariatini mahkam tutadigan qavmga aylanamiz ekan?! Shariatda esa, har narsa o‘z nomi ila atab qo‘yilgan: Yolg‘on — hech qachon rostning o‘rnini bosmagan. Riyo bilan kishi ko‘karmagan. Hamma narsa rostlik asosiga qurilgan va to‘g‘rilik eng birinchi fazilat sanalgan kishilik jamiyatida yolg‘onning bog‘i hech qachon ko‘karmagan! Uning mevasi hamisha mag‘lubiyat bo‘lgan, zahar-zaqqum bo‘lgan. Bu mana shu dunyodagisi. Oxiratdagisini-ku qo‘yaver.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #7 : 30 Sentyabr 2007, 14:04:33 »
Ana shunaqa, kishi shoshqaloq bo‘lmasa, chin sarkarda qolib, soyasiga ergashadimi?! Biz ham To‘ram qolib, u kishining soyai chehradoshlariga ergashib, dorilomon bir diyor qurmoqchi bo‘libmiz. Yog‘iylarimizni surib tashlab, yetim qolgan saltanatni tiklamoqchi bo‘libmiz.
Niyat ulug‘ bo‘lsa-da, bunday soxtakorlik ketidan nusrat kelmasligini anglab yetmabmiz. Urush hiyladir, degan gaplarga uchibmiz-u, yog‘iy qolib, o‘zimizni aldab qo‘yibmiz! Balki To‘ram rozi bo‘lmasalar, bizning qaerimiz kam u kishidan, deb o‘ylagandirmiz? O‘zimizga bino qo‘yib yuborgandirmiz?..
Allohga suyangulik iymonimiz qanday — o‘ylab ko‘rmabmiz ham, Chaman. Ana endi mag‘lubiyat alamini totib, mushkul bir ahvolda jang maydonidan to‘zib-chekinib, qo‘l yetmas tog‘larga bosh olib ketarkanmiz, yonimizda sen kamlik qilib turibsan, Chaman. Sening yo‘qliging — xabar berib ham chaqirtirib ololmasligimiz — shunday bilinyaptiki...
Uzr, oshna, sendan bemaslahat shunday ishlar bo‘lib ketdi. Bu ishni sendan sir tutishni maslahat berganlar endi betimga qaray olmayotirlar. Men ularni ham ayblay olmayman. Bu balki taqdir yozug‘i — peshonamizda boridirki, mag‘lubiyat alamini totib, boshni asramoq uchun ham bu dovon yo‘liga tushgandirmiz. Qiyomatli oshnam, sendan gina yo‘q. Jindek xabar topsang, yolini kuydirsang dunyoning narigi chekkasidan yetib kelguvchi Asror devdek, yetib kelarding-a, o‘sha xabarsiz qolgansan. Xabar bermagan — biz o‘zimiz aybdor. Bir xato — shunchalar qimmatga tushdi. Lashkar to‘zigandan to‘zib, kim yitdi, kim qoldi — bilmasmiz. Omon qolganlar bir-birimizni qora tortib, yolg‘izoyoq so‘qmoqlardan Muztoqqa panoh tortib bormoqdamiz. Taqdirning hazilimi, nima bu, bir vaqt omon qolganlarga nazar solsak, hov o‘sha sarhad oshgan sakkiz birodar — kim sog‘, kim — bir-birini ortmoqlab, janggohdan tirik chiqibmiz. Oh, Chaman, bundan — bu qaro ko‘rgilikdan, jang maydonida so‘nggi qatra qonimiz qolguncha savashib, loshimiz o‘sha harb maydonida qolgani avlo edi! Jilla qursa, shahidlar qatorida ketardik!
Endi-chi, kimmiz?
Toza niyatlarni boy bergan, lashkarni halokatga yetaklagan kaltabinlar biz emasmi?
Uzr, qo‘lim muz qotib, xatlarim xunuk, so‘zlarim qovushimsiz chiqayotgan bo‘lsa. Orqadagilarning yetib olishlarini kuta turib, tizzamda bitayotirman uni. Bu yer shunchalar sovuq, izg‘irinki, qog‘oz namlab, uni yozib ulgirish mahol. Siyohqalam yetguncha qog‘oz yuzidagi nam yaxlab ulguryapti, yuqorida nima qilarkanmiz bu sovuqda? Xudo to‘zim bersin ishqilib...

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #8 : 30 Sentyabr 2007, 14:04:53 »
Men haligacha bir narsaga tushuna olmayotirman: fe’limizga qarab nusrat yuz o‘girsa-o‘girgandir, Chaman. Ammo Tangri nimamizga bizga shafqat-marhamat qildi, janggohdan bundayin tirik chiqardi? Zimmamizga yana qandayin yumush-imtihonlarini yuklaganki, bir-birimizni ortmoqlagan holda ko‘rib turibmiz o‘zimizni? Qaysi amalimiz evaziga yog‘iy o‘qidan panoh berdi?
Balki bu bizga atalmish jazodir? Yoxud gunohimizni yuvmoqqa bir imkon — bir muhlatmiki, bundan o‘sha maydonda qolganimiz yaxshiroq edi. Nega kelib-kelib biz — o‘sha To‘ramni qaytarib olib kelmoqqa otlanib, sarhad oshgan sakkiz birodar bu qirg‘inbarotdan omon chiqib turibmiz? Buning sir-asrori nimada? Alloh biz qusurli bandalariga qusrimizning kasrini bildirib qo‘ymoq uchungina shunday qildimi, tirik qoldirdimi? To‘g‘ri, kim yarador, kim qanchalar holdan toygan, dunyo ko‘ziga qorong‘i bir tarzda to‘planib turibmiz. Kalta o‘ylagan bir ishimizning achchiq mevasini tatib turibmiz. Lekin baribir omon qolganimiz g‘alati — u yo bir mo‘’jiza, yo Allohning karami. Balki Alloh ibrat uchun bizni diydor ko‘rsatib qo‘ygandir? Rostdan ham bir-birimizning yuzlarimizga qaray olmasdik. Go‘yo mana, yolg‘onning umri qaergacha yetdi, demoqchi bo‘lardigu, aytolmasdik.
Bu dunyoda kimdan nimani sir tutmoqni ham bilmoq kerak ekan, Chaman. Azmu qarorimizni hammadan sir tutsak ham... sendan yashirmasligimiz kerak edi. Sen mening bu dunyoda eng ishonimli do‘stim eding, orqadoshim eding. Senga bir uchini chiqarganimda ham... qaytargan bo‘larding bu falokatdan. Soya — soya-da: bo‘y-bast, yuz-chehra, ovoz o‘xshagani bilan qalb-chi, shijoat, iymon-chi, degan bo‘lar eding. Hamma To‘ram bo‘laveribdimi! Xaloyiqni oyoqqa turg‘azib, yog‘iyni yengaveribdimi?! Amallari Allohga xush kelaveribdimi, degan bo‘lar eding. Sen haqsan. Qani edi hammamiz ham u kishidek Allohga tavakkul qila bilsak, Payg‘ambar yo‘llarini ushlay bilsak.
Ushlay olmaymiz, ojizligimiz shunda. Sen bo‘lsang, bizni bu soxta shijoatlardan qaytargan bo‘larding. Yokim dovqur deb atalishga uchdikmi? Shunday nomlar ko‘zimizni ko‘r, qulog‘imizni kar qilib qo‘yganmidi yo? Shularni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib-tortib ketadi, simillablar ketadi, Chaman. Axir tong-la Mahsharda Allohning huzuriga qay yuz bilan borardik unda? Tag‘inam Alloh oxirat sharmisorligidan asrabdi, Chaman. Niyatga qarabdi. Niyat esa, dorilomon bir diyor qurmoq edi...

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #9 : 30 Sentyabr 2007, 14:05:08 »
Ilk qo‘nalg‘adayoq (qo‘nalg‘aki, ulkan qoya tagidagi supradek supachada — xatni ham shu yerda davom ettiryapman!) nafas rostlar ekanmiz, Elchin boturning ustozi Qori akaning nasihatlari boshqalarga bilmadim-u, menga qanday yoqib tushganini bir eshitsang edi.
— Tag‘inam Allohning karami keng. Qaysi bir amallarimizga u bizni qon va otash daryosidan omon chiqaribdi. Bu yog‘iga sinovi oson kechmas. Endi mahkam bo‘linglar, o‘ziga tavakkul qilinglar, — dedilar u kishi.
Qori aka bizni xushyor bo‘lishga chaqiryaptilar desam, orqasidan so‘rab qoldilar:
— Bilasizmi, qiyomat kuni birinchi bo‘lib, Allohning huzuriga kimlar chaqirilgay?
— Savol-javobgami? — dedik hayratga tushib.
— Shunday, hammaning Alloh huzuriga borishi bor. Lekin birinchi chaqirilib, birinchi so‘raladiganlar...
— Bilmasak...
— Birinchi bo‘lib shahid chaqiriladi ekan. U olib kelinib, Alloh bergan ne’matlar tanitilgach: «Bular ila nima qilding?» deb so‘raladi, ekan...
— Yo‘g‘-e, deb yuboribman men..
— Ha, ha, «Sening yo‘lingda jang qildim va shahid bo‘ldim», — deydi ekan u.
— «Yolg‘on aytding, sen shijoatli deb atalish uchun jang qilding. Shundoq deyildi ham», — deydi ekan ul Zot. So‘ng farishtalarga amr etilib, u yuztuban sudratilgancha jahannamga itqitilar ekan...
Yurak orqaga tortib, «voh» deb yuboribmiz. Axir biz ham shu holga tushuvimizga bir bahya qolgan ekan-ku, Chaman!
Xudo ko‘rsatmasin, agar shu jangda shahid ketganimizda nima bo‘lar ekan?! Alloh O‘zi asrabdi!
— Ana, nimaga uchib, nimaga duchor bo‘lay degan ekanmiz?!
Dumini gajak qilib olgancha yugurgilab borayotgan chayonni ko‘rganda kishi qay ahvolga tushadi?! Hozir etlarim orasiga ana o‘shandek bir jimirlov yugurgan edi, Chaman. O‘zim esa, yaxshiyam yog‘iy o‘qiga uchib-netmabmiz, der edim, Allohga shukrlar aytardim. Bu yog‘i jon foydaga qolgan, endiyam oxiratni o‘ylamaslik mumkin emasdi.
Chaman, birodarim, Alloh menga ikkita do‘st ato etgan bo‘lsa, o‘shaning bittasi sensan. U agar bitta bo‘lsa, o‘sha ham o‘zingsan!

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #10 : 30 Sentyabr 2007, 14:05:24 »
Bu diyorlarda men bir rivoyat eshitdim: Alloh qiyomat kuni odam bolasidan mehrni ko‘tarib, o‘ziga qaytarib olib qo‘yadi ekan. Ana o‘sha qiyomatda har kim o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi ekan. Ota bolaga, bola otaga qaramas, qiz onani, ona qizini «tanimas» ekan. Shafqat yo‘qoladi ekan. Rahm-marhamat degan narsalar o‘rtadan ko‘tariladi ekan. Ana shu damda bir qorindan talashib tushgan Hasan-Husanlar, Fotima-Zuhralar bir-birlaridan qochadilar ekan, savobimdan so‘rab qolmasin deb. Bir paysa savob anqoning urug‘iga aylanib, uni tilanib yurib ham topib bo‘lmay qoladi ekan.
Ana shunday kunda bir paysagina savobi yetmay qolgan bir banda zir yugurib heshu aqrabolarini izlab yursa, hech kim qayrilib qaramasmish. Jigariga borsa, jigari yuz burib ketarmish. Bir umrli yor-birodarlariga borsa, ular o‘zlari kimdan so‘rashlarini bilmay turadilar ekan. Nihoyati bir paysa savob topilmasa-ya! Jannatdan qanday umid uzsin? U yana tanish izlab yugurgilab ketibdi. Axiyri xomushdan-xomush turib qolgan bir birodarini uchratibdi.
— Ey aziz birodar, u dunyodagi yaqinligimiz haqqi, yordam qil. Bir paysagina savob yetmay do‘zaxga tushadigan bo‘lib turibman. Hech kim rahm qilmayotir,— deya o‘tina ketibdi.
Shunda haligi tanishi kutilmaganda:
— Sen bir paysani topolmayotgan bo‘lsang, o‘-ho‘, menga yo‘l bo‘lsin ekan, — debdi vallomatligi tutib: — Meni bor-yo‘g‘i bir paysagina savobim bor ekan, ol, shu bilan ishing bitsa, — deb yuboribdi...
Ana shu tob buni ko‘rib turgan Alloh subhanahu va taolo:
— Ey yolg‘iz bir paysa savobini birodariga ilingan bandam, qayt, — deb chaqiradi ekan va: — birodaring qo‘lidan tut-da, ikkingiz jannatga kiringiz, — deb marhamat qiladi ekan...
Sen mening ana shunday birodarimsan, Chaman. Orqadoshimsan. Hech kimda rahm-shafqat qolmagan kezda ham senga ishonmoq mumkin! Men qachonlardir qilgan bir yaxshiligim evaziga — xo‘v o‘sha Zokir-govni chiroqpoya qilib ketganimizda o‘tqazib qo‘yishgani, pochcha qutqarib olgani borganlarida aytgan so‘zim, sensiz chiqmaganim uchun — shuncha yaxshiliklar qilding. Allaqachon qamalib ketadigan mendek odamni qay diyorlarga chiqarib-qutqarib yuribsan. Kafil turmagil — kafansiz ketasan, desalar-da, o‘z bilganingdan qolmay kelasan. Jahon vallomatlari do‘stga sadoqatni sendan o‘rgansinlar.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #11 : 30 Sentyabr 2007, 14:05:48 »
Agar sen bo‘lmasang, kafil turmasang, qadamim bu diyorlarga tegishi, bu jihodlarda yurishim dargumon edi. Yurgizib qo‘yishmasdi: allaqachon quyosh betini ko‘rmaydigan joylarga tiqib tashlashar edi, vallohi a’lam. Sen bo‘lmasang bizni bu haloskorlar safiga qo‘shib qo‘yarmidilar! Tangritog‘ga yo‘latarmi edilar! Niyatimizni bilishsayoq, peshonamizdan otardilar.
Sen chindan qiyomatli do‘stsanki, bu yoqda bizni asrading, u yoqda ahli ayolimni qanoting ostiga olib o‘tiribsan. Bu yaxshiliklaringni qiyomatga dovur qaytara olamanmi ekan? Qaytara olmasam rozi bo‘lib qo‘yasan, oshna. Yolg‘iz Allohdan o‘tinchim shuki, bu silai rahmlaring ajrini O‘zi ming barobar qilib qaytarsin. Bu dunyoda yuz ko‘rishtirmasa... yo‘q-yo‘q, farishtalar omin demay turib, Allohdan bir o‘tinchim bor: u bizni jilla qursa, bir bor ko‘rishtirsin, diydoringni shunchalar sog‘inganman! Qolaversa, dunyo kezib sendayin bir sadoqatli do‘st topmadim...
Chaman, taqdir yozug‘ida nimalar bor, bilmasmiz. Agar qayta ko‘risholmasak deb ushbu maktublarni senga atab qo‘noq bo‘lgan manzillarimizda qoldirishni niyat qildim. Do‘stim, uni o‘zing bilgan uslub-    da — hov o‘sha ulug‘ jihodchi Zakiy Validiyning tan soqchisi Xoris rahmatli o‘ylab topganidek qilib, shishaga solib, qo‘noq bo‘lgan joylarimizning qibla tarafiga ko‘mish va xaritaga tushirish niyatidaman. Ularni biz namoz o‘qigan joylarning mehrobi chetidan topgaysan. Xaritani senga yetkazgaylar.
Duolarida eslaguvchilarimizni Alloh O‘z hifzu himoyasida asrasin. Yaratganning O‘zi dastimizni uzun, niyatlarimizni pok qilsin.

Birodaring Sultonmurod.
Ulkan qoya tagidagi
ilk qo‘nalg‘a».

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #12 : 30 Sentyabr 2007, 14:06:13 »
*   *   *
O‘sha shisha topildiqdan chiqqan boshqa naycha-xatchada shunday bitiklar bor edi: (Uni ham o‘z holicha yuqoridagi xatga ilova qilamiz).

«...Subhanallohi! Ne kunlarga qola boshladik? Oldinda yana ne ko‘rgiliklar bor ekan?
Tik oyoqda tura oladiganlar Qori akaga iqtido qilib, shomning farzini o‘qib olgunimizcha shunday voqea sodir bo‘lsa-ya!..
O‘sha marshal To‘ramning soyai chehradoshlari (ha-ha, o‘sha xos tabiblari), bo‘y-bast, suvrat, shakl-shamoyilda bir tuki kam bo‘lmagan, va’z aytganda u kishidek ilhomlanib-jo‘shib ketguvchi va o‘zini to‘ram deb ko‘rsata bilguvchi kishi — Qo‘shshoq to‘ram birpasda aynib qolsa-ya. U yotgan yerida har bittamizning otimizni atab chaqirar, boshlarini to‘lg‘ab alahlar edi.
— Botur, To‘ramning roziliklarini olmabmi edik? U kishi nega indamaydilar?.. Nega jimdan-jim turibdilar? Qaytingiz huzurlariga. Rozi-rizolik tilangiz. Bizdan rozi bo‘lsunlar, — deb to‘lg‘onadi. Peshonasini marjon-marjon ter qoplagan, o‘zi har birimizga bir ilinj-la termuladi. Ammo biz qani turolsak, namozni buzolmaymiz, unga ham yordam berolmaymiz.
Alahlayapti desam, jon xalpida vasiyat qilayotgan ekan.
— Alloh o‘zi kechirsin, — derdi Qo‘shshoq to‘ram yutaqa-yutaqa, — men sizlarni qay yo‘lga boshlab qo‘ydim? Nega birovning o‘rniga o‘tdim? Ayting, Qori aka, mening holim... tongla Mahsharda ne kechgay?
Qori aka ikki yonga salom bera, uning yoniga oshiqqan edilar. Qo‘shshoq to‘ramning boshlarini tizzalariga olib, yuzlarini silab, peshonalaridan o‘pdilar:
— Nega kechirmasin, Qo‘shshoq to‘ram. Axir niyat qanday edi! Alloh rizoligini istab o‘rtaga chiqqan edingiz-ku. Niyat — jihod edimi, axir?
— Darvoqe, niyat shu edi, pok edi-ku... O‘zingga shukr, laa ilaha illallohu...

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #13 : 30 Sentyabr 2007, 14:06:27 »
Uning mijjlaridan ikki tomchi yosh yumalab borib, Qori akaning to‘ni barigami, qaerga singib yo‘qoldi ham, u engah tashlab, boshi bir yonga burildi-qoldi ham. Qo‘shshoq to‘ram jon taslim qila olmay turgan ekan, ko‘z o‘ngimizda shom asnosida uzuldi-qo‘ydi. Ko‘p qon yo‘qotgan edi, boyaqish, u yog‘iga torta olmadi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin, u kishi Hoziq To‘ramning soyai chehradoshlari bo‘libgina qolmay, xos tabiblari ham edi, mayyitni mash’ala yorug‘ida shahid qavmida engil-boshi ila tuproqqa berdik. Ro‘zi Mahsharda shu qoni ila Alloh huzuriga tirilib borsin, ilohim.
Birodarlar, Muztoqqa ko‘tarilaverishda uchraguvchi birinchi qoya tagidagi qabrni — mujohid qabri deb bilgaysizlar. Alloh qabrdagi savol-javoblarini oson qilgan bo‘lsin, ilohim. Ertaga navbat kimniki, hech kim bilmas. Qay birimiz ko‘kka dahanini tirab turgan u dovonga yeta olamiz, qay birimiz yeta olmasmiz — yolg‘iz Alloh bilgay.
Dovon osholsak — g‘olib deb, osholmasak — shahid deb bilgaysizlar.
— Umid doram, deng. Shoyad Tangrim baroyad yo rab desa, — dedilar Qori aka.
U kishi endi bizning yo‘lboshchi-imomimiz bo‘lib qolgan edilar».
Xatning so‘nggida: «Shunaqa gaplar, Chaman. Oyto‘ra onamizga salom ayt. Duolarida eslaguvchilarimga ham duoi salomlarimni yetkaz. Xayrli kech» degan jumlalar bor edi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Judolik diyori (uchinchi kitob). Murod Mansur
« Javob #14 : 30 Sentyabr 2007, 14:06:45 »
2. Umidim navdasi, jon ukam, pakana pari

«Bugun so‘nggi diyordoshim, o‘zimizning o‘sha Qang‘lidan birga chiqib, shu kunga qadar yonimdan jilmagan qurdoshimdan judo bo‘lib turibman, Maqsud. Toyir akangdan ayrilib qoldik. Navbat uniki ekan. Alloh uni-da huzuriga chorlab oldi!
Men unga bergan va’dalarimning o‘ndan birini ham ado etolmay qoldim, Maqsud!
U bu dunyodan manguga ketayotib (qara-ya, bir jarohat tog‘dek yigitni qulatsa-ya!), men bilan rozi-rizolik tilashar ekan, Alloh o‘zi kechirsin, bu osmon, bu tog‘lar ustimga qo‘shilishib qulasalar rozi edim. Dunyo ko‘zimga tordan-tor, hunukdan-hunuk, olchiqdan-olchoq ko‘rinib ketmoqda edi.
— Barzanimni bir ko‘rsam edi, xuttalon otiga bir bor minsam edi, — deya o‘tinar ekan, jon qushim bo‘g‘zimga kelgan edi, Maqsud.
Sengina bilasan, u ot jinnisi edi. Barzanga ishqi tushib, ne ko‘chalarga kirmab edi. Men senga bundan yuz karra zo‘r otlar topib bergayman. Biz uchar otlar diyoriga ketyapmiz. Xohlasang, toshloqda ohudan ham o‘zadigan, charchoq nimaligini bilmaydigan, boshqa otlar qirq chaqirim yo‘l bosganda, yuz chaqirimni ko‘rdim demaydigan xuttal otlaridan olib beraman, deb bu diyorga boshlagan edim. To‘ylaringda o‘zim kuyov-navkaring bo‘lay, deb va’dalar qilgandim. Hech biriga ulgurmadim. U esa, rozi-rizolik tilardi, Maqsud. Endi men bu jahonga qanday sig‘ay, Maqsud?!
Ilgari beklar bunaqa kezda: «tik turib erdim— qaddim bukildi! O‘ltirib erdim — boshim xam bo‘ldi. Yerga uzala tushib erdim — bovurim ezildi! Allohim, O‘zing sabr ber — chiroyli sabr ber», deb bo‘zlar ekanlar. Men nima ham deya olardim?!
Men uni ot bahonasida Alloh rozi bo‘ladigan yo‘llarga boshlab edim-ku. O‘n gulidan bir guli ochilmay, go‘shangalarga kuyov bo‘lmay turib, qayga chaqirib olmoqda Allohim uni?! Birodarim Toyir akang uchqur otlarga ishqi tushgan bir bo‘zbola edi, ammo suyansa suyangulik chin birodar edi. Bundaylar bilan tog‘ni urib, talqon etmoq mumkin edi. Ular bilan dorilomon bir diyor qurmoq mumkin edi, Maqsud. Menga muhabbati, men ishongan narsalarga e’tiqodi bo‘lakcha edi! Men uchun desa, o‘tga kirardi, tegirmonga tushib-da butun chiqardi, Maqsud! Top-chi, endi bundayin birodarni! Rahmatlini eslasam, Qori aka aytgan bir rivoyat yodimga tushib ketaveradi.

 

Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 518
Ko'rilgan: 138780
So'nggi javob 07 Oktyabr 2011, 19:11:10
muallifi AbdulAziz
Murod Mansur. Judolik diyori (1-kitob)

Muallif AbdulAzizBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 3
Ko'rilgan: 28155
So'nggi javob 11 Sentyabr 2011, 21:15:21
muallifi Ziyolee
Hikoyalar http://kitob.land.ru da

Muallif muxbirBo'lim Boshqa kitoblar

Javoblar: 2
Ko'rilgan: 7498
So'nggi javob 31 Yanvar 2007, 07:08:33
muallifi AbdulAziz
Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 607
Ko'rilgan: 785023
So'nggi javob 07 Iyun 2009, 02:24:55
muallifi AbdulAziz
Donolar kitob haqida

Muallif shoirBo'lim Ma'rifat

Javoblar: 32
Ko'rilgan: 53367
So'nggi javob 18 Dekabr 2011, 11:03:49
muallifi Muhammad Sanjar