Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127692 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:10:12

Mana shu tarix. Endi bu yog‘ini o‘zing tushunib olaver, Olim. Agar otam tushimga kirmasalar edi, seni ko‘rib yuzlarini o‘girib olavermasalar edi, men bu tarixni senga yozib, yo‘llab o‘tirmasdim ham balki.
Tanangga o‘ylab ko‘r, kim eding, qaysi ko‘chalarda yuribsan? Kimlarning zurriyoti ekaningni nahot unutib qo‘yding? Otamiz — ul zot, xuddi Payg‘ambar alayhissalomdek sendan yuz o‘giryaptilar. Turqingni ko‘rishni istamayaptilar, uka. Bu qanday isnodligini bilasanmi o‘zing? Kimlarning gapiga uchib u ko‘chalarda yuribsan? Va axiyri kim bo‘lmoqchisan? Hozir-ku, mayli, bu foniy dunyo ham o‘tar, erta birisi kun — tongla Mahsharda qay yuz bilan otamizga ko‘rinasan? Qurumu is bosgan qora yuz bilan Parvardigorga ro‘baru bo‘lmoqchimisan?
Hali-da kech emas. Bekorga otam xafahol o‘tirganlari yo‘q. Tirik  bo‘lsalarki, top-da, oyoqlarini o‘p, uzr so‘ra, desam.
Ota rozi — Xudo rozi, degan gap bor. Ota roziligini topish iloji yo‘q ekan, nega endi tavba eshigini qoqmasliging kerak?! Nega yolg‘iz Uning O‘ziga tavba-tazzarular bilan hidoyat so‘ramasliging, sajdaga bosh urmasliging kerak? Qachongacha g‘o‘ddayib o‘tmoqchisan? Egil, ukam. Azbaroyi jonim achiganidagn yozmoqdaman bu gaplarni, Hali bu xat qo‘lingga tegadimi-yo‘qmi, qalbingni larzaga soladimi-yo‘qmi, u shayton ko‘chasidan qaytasanmi-yo‘qmi, bilmasman, Olim. Ammo tanangga o‘yla, o‘sha Vahshiylar tavba eshigini qoqib, hidoyat topganida, sen — otamizning pokiza palagidan bo‘lgan bir zurriyot nechuk insofga kelolmasang?
Ilohim, men adashayotgan bo‘lay.
Ilohim, ichimdagi hadiklar bari yolg‘on bo‘lib chiqsin.
Ilohim, o‘ylarim behuda, tushlarim shaytoniy bo‘lib chiqa qolsin.
Ilohim, sen siroti mustaqim yo‘lini topib olgan bo‘lginu men bexabar qolgan bo‘lay.
Alloh barchamizin O‘z panohida asrasin. Omin.

Akang Sultonmuroddan
deb bilgaysan.
Kalkutta».

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:10:26

17. Umidim ertasi, bir bo‘lsa, ushalmagan murod-maqsudlarga yetguvchi ukam Maqsudga

«Mehribon va rahmli Alloh nomi ila boshladim.
Biz tirikmiz, Maqsud. Yog‘iy bizni to‘zitib, Muztog‘ga quvib solgan bo‘lsa-da, Allohning madadi ila biz omon qoldik. Yog‘iyning o‘zi esa, lak-lak lashkari bilan Tangri yuborgan balo qorining ostida qoldi. Qaraki, nusrat lak-lak qo‘shinga emas, uch birdek mujohidga nasib etdi.
Shundan keyin ham Allohga hamd aytmaylikmi! O‘zi ko‘rsatgan yo‘ldan ketmaylikmi?!
Shundan keyin ham yolg‘iz O‘ziga tavakkul qilmaylikmi?! O‘zining panohiga qochmaylikmi?!
Maqsud, biz tashlab chiqqan ona diyor ohanrabodek o‘ziga qanchalar chorlamasin, u yoqda siz aziz tug‘ishganlarimiz ko‘zlaringiz to‘rt bo‘lib, yo‘llarimizga qancha ko‘z tutmanglar, hijratni ixtiyor etdik. Bir yax-shi kunda qaytmoq uchun ham hozircha Alloh panohiga qochdik. Chunki sarhad ortidagi mojarolar ichiga olovga urilgan parvonalardek urilolmasdik biz. Tushunib turib, ko‘rib turib, o‘zimizni o‘tga tashlolmasdik biz.
U majoralarga musulmon nigohi bilan ham qaramoq lozim ekan. Alloh ham ko‘r-ko‘rona qurbonni emas, hijratni xush ko‘rgaykan. Hijrat etguvchilarga o‘z diyorlaridan chandon yaxshiroq diyorlar, rizqlar, islomiy hayot ato etgaykan.
Shunday, ukam. Biz benomu nishon ketganimiz ham yo‘q, begona elu elatlar ichra sarson-sargardon qolganimiz ham yo‘q. Biz diyoriga sig‘magan, uning ertasini kutib, Allohga duo-iltijoda yurgan minglarning birimiz. Kecha shunday edi, bugun esa, o‘sha minglarning himoyachisi bo‘lish zimmamizga tushib turibdi, Maqsud. Har ish niyatga bog‘liq ekan. Maqsud. Bo‘lmasa, kim o‘ylabdi, bu yurtlarga kelib, xov o‘sha Kattabog‘dagidek bir ish qilamiz, adolatsizlikka uchraganlarni himoya etib, adolatni o‘rniga qo‘yamiz deb!

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:10:38

Hammadan ham bu yerda lozim ekan bunday jamiyat, vatanjudolarni himoyaga oladigan, muruvvat ko‘rsatadigan bir qo‘l. Niyatimiz vatandan uzoqda mushkul kunga tushib qolgan, singan, himoyachisini yo‘qotgan, qul bo‘lishga kelgan darbadar g‘ariblarning boshini silaydigan, himoya etadigan jamiyat tuzish edi, shunga muvaffaq bo‘ldik.
Bu yerda ham o‘zini tutib olgan, hamiyatini yo‘qotmagan boylarimiz, tijoratchilarimiz anchagina. Vatan desa, muhojir desa, moli tugul jonini berib yuboradiganlar bor. Vatan dog‘ida kuyganlar ayniqsa tez topishar, tez birlashar ekanlar. Ularning muhabbatlari tuganmas bo‘ladi ekan. Jamiyatimiz ana shunday qo‘li ochiq, bag‘ri ochiq, ehsonli kishilar, sidqidil Alloh deganlar, savob qidirganlar hisobiga shuhrat topdi. G‘ariblarning, vatanjudolarning chin himoyachisiga aylandi, Maqsud. Sen hatto tasavvur eta olmaysan, Maqsud, biz atigi ikki-uch yilda topgan jamg‘armamizni, Bir yoqdan sarflab boraveramiz, bir yoqdan ehsonlar oqib kelaveradi. Joyiga tushirib ulgursak, bas. Muruvvat qilib ulgursak, bas.
Qolaversa, bandargohda Alloh yetkazgani juda-juda asqotyapti.
Ehson bilan mol kamaymaganini, qaytaga dunyoga baraka kirib ketganini shu yerda ko‘rdim, Maqsud. Bu hammasi halollik tufayli edi, bu mablag‘larni Allohga xush keladigan o‘rinlarga sarflayotganimizdan edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:10:51

Men senga bir voqeani aytay. Namanganning ko‘p tabarruk yeri — Kosonsoydan hijrat qilib kelib qolgan bir yigit (ko‘rsang o‘zbek demaysan, o‘zi ozg‘in, naynovdan-naynov, buning ustiga yuzi sap-sariq, ko‘zlari ko‘kish odam) jamiyatimizga yordam so‘rab keldi. Qipchoq bo‘lib qipchoq emas, Qo‘qonni Buvaydasi tomonlardagi «ong-keng»lovchi ko‘kko‘zu qotma sariq o‘zbeklarga o‘xshab ketadi. Shu odam keyin bilsam, g‘irt yetim ekan. O‘sha o‘ttizinchi yillarning «qoch-qoch»ida otasiga ergashib Amudaryoni kechib o‘tib qolganlardan ekan. U paytda oq-qorani tanib ulgurmagan bola hech qancha o‘tmay imom otasidan ajrab, yetim qopti. Kimlarning eshigida bitlab-sirkalab xizmatini qilib, bo‘y yetibdi. Mehnatkashligi qo‘l kelib, o‘lmay qolibdi. Esini tanibdiki, arava minib, yuk tashirkan. Shuni orqasida ichkuyov bo‘pti, bola-chaqa qilibdi. Lekin falokat oyoq ostida emasmi, bir kun kelib, yomon kuniga yarab turgan ot-arava boshiga baloyu musibat keltiribdi. Katta yo‘lda mashinadan xurkib qochgan ot-arava yo‘l chetida borayotgan hindu qizini urib, surib ketibdi.
Ana falokatu mana falokat. O‘zi istamagan, kutmagan tarzda bir odamning qotiliga aylanib qolibdi. Ot-arava ketgani mayli, o‘zi xun haqini to‘lamasa, qamalish arafasida emish. Bu yoqda yana jo‘jabirday oilasi chirqirab qolayotgani-chi! O‘z vatani-diyorida bo‘lsa-ku, qavm-qarindoshi yoniga kirar, mahalla-ko‘y o‘rtaga tushardi. Bu begona yurt, begona elda kim o‘rtaga tushadi.
Qori aka bilan musibat tushgan xonadonga ko‘ngil so‘rab bordik. Qur’on tilovat qilib, lutf ko‘rgazdik.
Inson — inson-da. Ko‘ngli jindek eridi. O‘ziga o‘xshash bir zahmatkashni kechirsa-da, xun haqidan kecholmadi. Qolaversa, shariatda kechsa afzal degani bilan xun haqini so‘raganning aybi yo‘q. Bilmay odam o‘ldirib qo‘ygan kishining o‘zi kafforotiga oltmish kun ro‘za tutishi joiz bo‘lsa-da, so‘ralgan xun haqini uning qavmi uch yil badalida yig‘ib berishi lozim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:11:04

Hijrat tufayli bu yurtga kelib qolgan yigitni biz o‘z qavmimiz hisoblab, xun haqini to‘lab qo‘ymoqni zimmamizga oldik va birinchi galda uchdan birini yetkazib berdik. U katta pul edi — yuzta tuyaning haqi. Avvaliga qolganini ham bersak, g‘aznamiz qurib qoladigandek ko‘rinib edi, lekin keyin jamiyatga kelib, maslahatlashib ko‘rib, xun haqining ikkinchi bo‘lagini ham yetkazib berishni lozim topdik. Boshqa din kishilarining ko‘z o‘ngida shariatimizning sharmiyu sharafini saqlagimiz keldi. Mablag‘ni olib bordik ham. Ana shunda ko‘rsang, Maqsud, biz hech kutmagan voqea sodir bo‘ldi.
Oila boshlig‘i musibatzada ota xun haqini ola turib ho‘ngrab yig‘lab yubordi. U umri bino bo‘lib buncha boylikni ko‘rmagan-da deb o‘ylagan edik. Yo‘q, u kulbasiga kirib ketib, qaytib chiqdi-da, bizning etagimizni o‘pa ketdi. Zo‘rg‘a turg‘izib qo‘ydik.
— Bu qanday din ekanki, adolati shunchalar to‘kis bo‘lsa?! Bir g‘aribga shunchalar muruvvat ko‘rsatilsa! U axir ikki dunyoda buncha mablag‘ topolmasdi-ku, sizlar bo‘lmasangiz! Sizlarning shu jamiyatingiz, shu diningiz bo‘lmasa! Marhamat qilib, menga diningiz kalimasini o‘rgating. Shahodat keltiray. Men u dinga kirmoqchiman. Barcha dinlardan afzal ko‘rdim diningizni! — deb turibdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:11:22

Ana shunday, Maqsud! Shariatimiz bag‘rikengligi tufayli kim ozodlikka, kim hidoyatga erishib turibdi!
Shundan keyin ham bu yo‘lga jonlar nisor bo‘lmasinmi?!
Shundan keyin ham bu jamiyatning ishini olg‘a bostirmaylikmi?!
Qaerda bo‘lsa-da, ajrni Alloh to‘la beravergay-  ku!
Maqsud, o‘rni keldi, so‘ray. Bizni qarorgohlarga nima bo‘lgan, tushlarimdan ketmay qoldi? U tepalar surilib, jarlar to‘lib, Bo‘zsuv sakrab o‘tsa bo‘lgudek bir anhorga aylanib qolganmish. Ishkomlar esa, qayda qoldi, ko‘rinmaydi?
Hadeb ko‘zimga boshi xumdek, o‘zi chillashir bir g‘aroyib odam ko‘rinadi. Parpi omonmi haliga dovur? Marg‘ubaning akasi qaytgan degan gaplarning bir uchi bizga-da yetib keldi, o‘zi qaerda hozir? Kattabog‘da belida belbog‘i bor yigitlar bormi o‘zi? Biznikilarni xo‘rlatib qo‘yishmas, axir? Qolaversa, Alloh hafiz, O‘zi asragay! Buni shunchaki so‘radim. Axir sen borsan-ku. Hamma qolib, sen men uchun aziz kishilarni yolg‘izlatib qo‘yarmiding! Sendan umidim katta. Ot bosmagan joylarni toy bosadi, axir. Omon bo‘l!

Uzoqdagi duoguy akang Sultonmurod yozdi. Bombey».

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:11:48

18. To‘ram chorlovlari

«Maqsud, ul Madinai munavvara taraflardan bizga xushxabar yetdi. Kim-kim, o‘shal Oltinxon to‘ramdan, hijratdagi sargardon yurtdoshlarimiz so‘rovi bilan Qur’oni azimushshonni turkiy tilimizga o‘girgan buyuk zotdan mujdayu salomlar yetib keldi.
Ul zot:
Ey muhojir, yotma g‘ofil, sa’y qil, bedor bo‘l,
Uz ko‘ngil dunyodin emdi, tolibi diydor bo‘l, debdurlar va kamiga:
Hamjihatlik, binobarin, birlashishlik bizlarga farz,
Jonlantiring birlikni siz, sirlashishlik bizlarga farz,
deb yozibdurlar.
Bu kishining ko‘p tabarruk dastxatlarini biz qo‘l-ma-qo‘l, ko‘zga to‘tiyo qilib surtib, o‘qib chiqdik.
Qur’oni Karimni suv qilib ichgan kishining nasihatlari ota vasiyatidek aziz va tabarruk edi. O‘qib to‘ymas edik, ko‘zdagi nam va yoshlarni artib ado qila olmasdik, Maqsud.
U kishi jamiyatimiz ishini tabriklab, «jahon aro tariqdek sochilmish vatanjudolar boshini birlashtirishning debochasi bo‘libdir bu sa’y-harakatingiz. Alloh ajrini to‘liq qilib bersun, ilohim. Iltijo shulkim, keling, birodarlar, uni quvvatlantirayluk, jamiyat shahobchalarini afg‘onu turkiya tomonlarda-da tuzayluk, toki u g‘ariblar ko‘ksiga iksiru1 malham bo‘lsin» debdilar.
Maqsud, men bu xursandchilikni ko‘ksimga sig‘dirolmayin u xatti-nasihatning bir chimdimini senga-da ilindim. O‘zing o‘qi, u nainki nasihat, durri gavhardur. Butun millatga tegishli vasiyatdur.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:11:58

«Birodarlar, bu besh kunlik dunyo, insof qilayluk, o‘ylab ko‘rayluk, shoh ham o‘tadi, gado ham o‘tadi. Quvg‘inda yurgan ham o‘tadi, davron surgan ham o‘tadi. Silai rahm zarur, yetimni, musofirni, muhojirning boshini silamak, mushkul kunga qolganning mushkulini oson qilmoqdan ulug‘ savob yo‘qdur. Bu vatanjudolar ichida, musulmonlar orasida zohiran boyimiz ham bor, kambag‘alimiz ham bor. Ammo niyatimiz bitta, iymonimizni saqlash uchun bu diyorlarga hijrat etganmiz. Nega qo‘llamayluk, nega bir jon-bir tan bo‘lmayluk?! Rasululloh marhamat qildilarki: «Hargiz musulmonni kambag‘al demanglar. Shu Islom davlati yetib oshib qoladi. Ikki dunyoda shu ne’mat yetadi», dedilar. Haqiqat shundoq. O‘lgandan keyin qayta tirilish bor-u, keyin o‘lish yo‘q. Jannatga kirsangiz ham mana buncha million yil, mana buncha milliard yil turasiz, xolos, degan gap yo‘q. «Xolidina fiha abado» deb aytadi Alloh taolo Qur’onda. Bu «abado» (abadiy)! Hech buni falon yil degan yeri yo‘q. Xudo saqlasin, jahannamning yillari ham shunday. Ammo janobi Rasululloh Allohga arz qiladilar: «Mening ummatimning bittasi jahannamda qolsa ham jannatga kirmayman» deb!
Bu Islom ne’matiga shukr qilish har bitta mo‘min, mo‘minaga farz. Deylik, dasturxonda o‘ltirib palovlarni yeymiz, har turli meva-chevalarni yeymiz. Xudoning bergan ne’matlarining hammasiga alohida shukr aytish lozim. Ammo u ne’matni Alloh taolo rahmonlik sifati bilan kofirga ham bergan, mo‘minga ham bergan. Rahmonlik sifati dunyoda tamomi mahluqlarga mehribonchilik qilib, rizqini farovon qilishini bildiradi.
Rahmlik sifati-chi, rahmlik ismining barokati-chi, qaysi? Bu Allohning eng katta lutf-ehsoniki, uni qiyomatga qoldirgan. Nega? Bu dunyoda oz yesak ham o‘tib ketamiz, ko‘p yesak ham o‘tib ketamiz. Mardikor ishlasak ham o‘tib ketamiz, chorakor ishlasak ham o‘tib ketamiz. Masalan, har kuni bitta qo‘y yesak ham o‘tib ketamiz.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:12:12

Buning etibori yo‘q. U yerga borganda — qiyomatda najot topadigan yer yo‘q. Ota bolaga qaramaydi, bola otaga. Alloh taolo rahmni ana shu yerda xos mo‘minlargagina qiladi. Buni Alloh qiyomatga boqiy qilgan, bizning nasibamiz.
Silai rahm degan gap bor. Ya’ni katta-kichikka, bola-chaqaga, hatto hayvonlarga rahm qilish. Ana shu rahmni Alloh o‘z rahmlik ismidan olib, yuzga taqsim qilgan. To‘qson to‘qqizini o‘ziga olib qolib, bir qismini tamomiy xalqiga va mahluqiga taqsim qilgan. Birodarlar, Alloh taolo qiyomat kuni ana shu rahmni bu mahluqlaridan olib, o‘zinikini yana yuzta qilib qo‘yadi ekan. Bizda bir-birimizga marhamat qilish, shafqat qilish, rahm qilish yo‘q bo‘lib qoladi ekan. Ota bolaga, bola otaga boqmas ekan. Bunda qiyomatning shiddatiyu Alloh taoloning qahhorlik sifati bor. Shu holatda bizning Payg‘ambarimizdan boshqa tamomiy payg‘ambarlar «voh nafsi, voh nafsi», deb qolar ekanlar qiyomat shiddatining og‘irligidan. «Voh nafsi», ya’ni o‘z jonimni qutqarsam, bas, degani. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa, «Voh ummato, voh ummato» der ekanlar.
Shu rahmatan lil olamin Payg‘ambarimizga ummat qilgan Parvardigorga millionlar, milliardlar shukr. Alhamdulillahi lakal hamd. Alhamdulillahi lakal shukr. Alhamdulillahi a’lo dini islom. Al-hamdullillahi a’lo ne’mati islom. Boshlarini sajdaga qo‘yib, dillariga kelganicha Allohdan so‘rar ekanlar. U kishi dunyodan dod deb o‘tdilar, yana qiyomatda bizlarning najotimizni Xudodan so‘rab, dod der ekanlar. Alloh: «Yo Habib, boshingni ko‘tar, nima desang, tilagingni berdim», demaguncha boshlarini sajdadan ko‘tarmas ekanlar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:12:25

Alloh bizni ana shundoq Payg‘ambarga ummat qilgan. Qani bizda himmat bo‘lsaki, shu Payg‘ambarimizga har kuni ming bor salovat aytsak, aqallisi yuz bor salovat aytsak! Esimizga keladimi? Insof qilayluk, birodarlar. Ana shunda duolarimiz ham dargohida qabul bo‘lardi, amallarimiz ham Alloh azza va jallaga xush kelardi.
Ana bu jamiyatingiz, vatanjudolar holidan xabar olib, ularning dardiga malham qo‘yayotganingiz— chindan Alloh rozi bo‘ladirgan ishlardan bo‘libdi. Biz ham qo‘shilduk bu sa’y-ko‘shishga.
Yuragida o‘ti, Allohga iymoni bor, ko‘ksida vatan muhabbati so‘nmagan barcha muhojirlarga yetkazgaymiz. Vatanjudolarga silai rahm etayluk, diyorlaridan judo bo‘lganlarning ko‘ngillarini ovlab, boshlarini qovushtirayluk. Toki bir jon-bir tan bo‘lib, vatandan yaxshiroq vatan, rizqlaridan kengroq rizqlar bergan Alloh taologa bandachilikni o‘rniga qo‘yayluk. Judo bo‘lgan diyorimizda qolgan xeshlarimizu ahli ayollarimizga, farzandlarimizga omonligu erk so‘rayluk. Duolarimizni o‘zi ijobat etsun.
Alloh taolo barchamizga tavfiq, hidoyat ato etsun».
Sizlarni bilmadim, Maqsud, biz bu xatni o‘qib, to‘yib-to‘yib yig‘ladik. Sizlarning ertangizni so‘rab, xayrli duolar qilduk. Ilohim, diydorni qiyomatga qoldirmasin.

Sultonmurod. Bombey».

Qayd etilgan