Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127763 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:12:40

19. Hidoyat yo‘li kimga nasib etgay, bilarmisan, Maqsud?!
(Tangritog‘dan o‘zga diyorda topilgan maktublarning hozircha so‘nggisi)



«Jondan aziz ul ma’vo — tushlarimdan arimas diyor — Toshkandi azimning Kattabog‘u Yakkabog‘larida xeshu aqrobolarimiz bag‘rida Ulug‘xo‘jaboylar avlodining erka ham umidli navdasi bo‘lib, mirzosi bo‘lib yurgan ukajonim, Maqsud!
Men — bir darbadar akang, senga yorilmay — kimga yorilay?! Bizni kimlar qochqin deb atar, buvalarining aziz xilxonasi turib, xeshu aqrobolari umrguzaronlik qilayotgan diyor turib, hatto osmon nikohi o‘qilmish jufti halolini qoldirib, qaylarga ketmish der. Orqamizdan g‘iybatlar etishar. Kimlar esa, endi u oyoq yetguncha ketdi, qaytar yo‘llari berk, o‘ziga o‘zi qildi. Sig‘masmidi shu Kattabog‘ga— jimgina yursa? Nima izlaydir — dorilomon bir yurtmi, yo saltanat, deb o‘ylarlar.
Dorilomon yurt qaydayu saltanat qayda?! Biz bor-yo‘g‘i iymonni asramoq g‘amida hijratni ixtiyor etganmiz. Dunyo mojarolaridan qo‘l siltab, Kamonchining panohiga qochganmiz. Buni ular qaydan ham tushunsin, Maqsud! Tushunsang bir sen, bir Chaman tushunishlaring, yana Nusrat pochchayu To‘ramgina anglamoqlari mumkin. Qolganlar bilmoqlari dushvor.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:12:53

Maqsud, mening ortimdan g‘iybatu malomat toshlarini otayotganlarga parvo qilma. Jondan aziz xolajonlarimu tog‘ajonlarimga ham, kennoyingga ham aytib qo‘y. Men u diyordan etak silkib chiqib ketgan kishi emasman. Men zabun bir kimsadek yashashni istamadim, xolos. Shu bois u diyorlarga sig‘madim. Yo‘q-yo‘q, o‘zim sig‘sam ham dardlarim, armonlarim sig‘madi. Dorilomon kunlarni yaqinlashtirishga yolg‘izlik qildik biz. Qolaversa, Alloh rizqu nasibamizni bu yoqlarga sochgan ekan — shu yoqlarga yo‘lladi, keldik. Panohiga olganidan sizlar quvonmog‘ingiz, men esa, toabad shukronalar aytmog‘im lozim. O‘zi chaqirganki, taqdir etganki, bu yerlarda sog‘-omon yuribmiz. O‘ziga hazor-ming hamdu sanolar bo‘lsinki, bu musofir diyorda ham qo‘limizni baland, so‘zimizni ustun qilib qo‘yibdi. Jamiyat ishini olg‘a bostirib, biz vatanjudolarni azizu mukarram etib qo‘yibdi. Alloh roziligi yo‘lida hijrat etganlarga vatanlaridan yaxshiroq bir vatan, rizqlaridan kengroq bir rizq beraman, degan va’dasining ustidan chiqib turibdi!
Undan tashqari, Maqsud, sen yaxshi xabarlarni eshit. Oltinxon to‘ram haj mavsumiga yaqin bizni u munavvar va mukarram zamin — Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam1 o‘tgan diyorga chorlamoqdalar. Turk diyorida jamiyatingizni sho‘’basini ochib, bir yo‘la haj qilib ketasiz, debdilar. Allohga shukrlarki, uning roziligini topish yo‘lidagi jindek sa’y-harakatimiz shunday taqdirlanyapti.
Sen bilsang edi, tasavvur etsang edi, men bu maktubni bitib, bu xushxabarni senga ilinmoqdamanu ko‘zim jiqqa yoshga to‘lib, xat qatorini-da ko‘rmay qolmoqdaman. Agar unga biron tomchi yosh tegib, xatlarim chaplashgan esa, ma’zur tutgaysan.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:13:04

Lekin qalbimda oftob charaqlab yotipti! Nurafshon bo‘lib yotipti! Hech yerga sig‘magudek! Bizni muborakbod et, Maqsud, hidoyat yo‘liga chiqayotganimiz, muborak haj safari arafasida turganimiz bilan. Bunga kimlar yetdiyu, kimlar yetmadi. Kelib-kelib biz vatanjudolarga nasib etibdi u. Biz yig‘lamay, kim yig‘lasin, Maqsud!
Shu onda qaraki, nimalar xayoldan ketmayapti!
Bu ham bo‘lsa, «Ey odam bolasi, sen men tomon bir qadam tashlagil, men yugurib boray2», degan Allohning marhamatidir, karamidir. Hammani ham u O‘z uyi — Ka’batullohiga chorlasin-chi!
Shu topda Maqsud, jannatdek bir go‘zal vodiyda uch qatla taxtga o‘tirib ham, necha o‘n yillar davri-davron surib ham chin saodatni topolmagan bir inson — mardumi Farg‘ona taqdiri xayolimga kelsa degin! Uni so‘kib qancha kitoblar bitilmadi. Ayshu ishratdan bo‘lak nimani ham bildi, nimani ko‘rdi, qaydan ham xalq dodiga yetsin edi, deb yozmagan kim qoldi?
Ammo Alloh kelib-kelib shu insonga hidoyat bersa! O‘rinburgdek Xudo qarg‘agan bir yerda uy qamog‘iga mahkum etilgan sobiq xon toat-ibodatlari kam ko‘rinib, tunlari taxajjud o‘qishga boshlasayu nogoh bir kecha ulug‘ niyatni dilga tugib, tong ottirsa! Va cho‘lga ovga chiqqan kishi qavlida Ustyurtdek ulug‘ bir  taqirni otda kesib o‘tib, Qizilqumu Qoraqumdek cho‘llarni orqada qoldirib, afg‘on diyoriga, undan esa Peshovarga yetib kelsa, Amudan o‘tarda qaroqchilarga uchrab, bor bud-shudidan ajrasayu niyatidan kechmasa! Allohga tavakkul qilib yo‘lida davom etaversa... Unday kishini kim deb atamoq kerak?! Botur debmi, mujohid debmi? Yoxud hidoyat topgan oddiy bir inson — mo‘min debmi?

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:13:19

Harqalay, bu dunyo hoyu havaslaridan etak silkiy olgan, yolg‘iz to‘g‘ri yo‘l — Allohga qullik qilmoq, undan boshqa barchasi o‘tkinchi, sarob, oxiri voy ekanini anglab yetgan kishigina shunday jasoratga bel bog‘lay olmog‘i mumkin. Shohona uy qamog‘idan ko‘ra jondan kechib, loshi cho‘llarda qolib ketmog‘idan-da qo‘rqmay, Ka’ba yo‘liga chiqmog‘i mumkin.
Taqdirni qaraki, Maqsud, biz ham endi o‘sha kishi o‘tgan yo‘llar bilan haj safariga otlanmoqda edik. Tangritog‘dan chiqib, afg‘on diyori bilan Peshovarga kelib, undan Bombeyga yetgan edik. Endi shunaqasi dengiz bilan kemada ketib, Jiddaga yetmoqchimiz.
Qaraki, taxtiyu baxti tortib olingan, ahli ayoliyu xesh-aqrobolaridan, diyoridan ayirib, uy qamog‘iga tiqilgan xonning iymonini tortib ololmagan ekanlar. Xo‘rliklarga sabr, bilib-bilmay qilgan gunohlarga tavbayu istig‘forlar, tinimsiz zikru shukr, qaraki, hidoyat eshigini ochmish. Tavba eshigidan hidoyat yo‘liga chiqiladi, degani shudir balki?!

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:13:33

Men Xudoyorxonning ana shu so‘nggi jasoratiga hamisha besh ketar edim. Qaraki, yuz yildan so‘ng u o‘tgan yo‘llar bilan haj azimatiga otlanmoqdaman. Allohdan yolg‘iz tilagim, o‘sha vatanjudo insonlardek Alloh roziligini topolsam edi!
Faqat yolg‘iz o‘tinchim, diyorimni, yo‘llarimga ko‘zi to‘rt bo‘lib kutganlarim — sizlarni bir ko‘rsam... bir ko‘rsatsa, armonim qolmasdi.
Usiz ko‘zim ochiq ketmasa deb qo‘rqaman, Maqsud!
Ayt, xolalarimga, kennoyingga duolaridan qo‘ymasinlar. Shoyad, Alloh o‘zi qo‘llasa, qaytar yo‘llarimizni ochib bersa!. Yodgorimni o‘pib qo‘y. Otang tirik, Xudo xohlasa, Alloh yuz ko‘rishtirgay degin.

Sog‘ingan Sultonmurodingiz.
Bombey».

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:14:07

I k k i n ch i  b o‘ l i m

ELCHIGA O‘LIM YO‘Q, MUJOHIDGA TARAF

1. Uzoqib ketgan elchi

Ertalabdan ko‘zim uchar, barmoqlarimni o‘pib, qaboqlarimga surtib ham to‘xtata olmasdim.
Mana, nimaga ekan!
Ishxonamga kirib o‘tirganimdan telefon jiringlay ketdi. Olmay bo‘ladimi, oldim:
— Labbay?
Simning narigi yog‘idan birov shirin o‘zbakiy takallumda so‘rashar edi:
— Alyo, assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotuh.1
Lahjasidan bu tarafning odamiga o‘xshamasdi:
Men boyaqish daf’atan qanday alik olarimni bilmay qisindim.
— Va alaykum...
Simdagi kishi jindek uzr, jindek istihola aralash so‘radi:
— Meni ma’zur tutgaysiz, mirzaxonami bu?
Savoli salomidan-da xush takallum edi, chindan bu tarafning odami emas shekilli.
— Yo‘q, gazetxona bu, — dedim men ham halim tortib.
— Darvoqe, gazet yozib, chop etarlar, adashmasam.
Qarangki, talaffuzi ham turk afandilarinikiga o‘xshab ketmoqda edi.
— Adashmadingiz, gazet chiqaramiz... — dedim.
Rostini aytsam, uning muomalasi menga yoqib tushmoqda edi. Ovozi ham allaqanday tanish...
— Allohimga shukr, adashtirmaganiga shukr, — dedi. So‘ng yana boyagidek, jindek uzr, jindek istihola aralash, (istiholasi o‘ziga yarashib tushmoqda edi!) iltimos eta ketdi. — Ma’zur tutgaysiz, birodar, xizmat bo‘lmasa, biza ko‘p qadrluv tanishimiz Maqsudxo‘ja janoblarini chorlatib versangiz.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:14:29

Ana xolos, kim ekan, deb o‘tiribman! Ilgari ham yo‘qlab kelgan elchimiz emasmi? Har ehtimolga qarshi qaytarib so‘radim:
— Shoshmang, kim dedingiz?..
— Kim emas, ko‘p aziz tanishimiz, Maqsud mirzo Mahmudxo‘ja o‘g‘illari. Bormu, shunday cho‘h go‘zal inson? Tanigaysizmu?
— Taniganda qandoq! — dedim bir yerga yetib. U meni hali tanib ulgurmagan bo‘lsa-da, men uni so‘zlari, ovozi, bir go‘zal o‘zbekona takallumidan tanib turar edim. Qiyofasi ham ko‘z oldimga kela boshlagan, adashmasam, o‘sha — hov birda kelgan xorijlik mehmonimizga o‘xshab-o‘xshab ketmoqda edi. — Qidirgan odamizni topdim deyavering, taqsir. Kamina o‘zimman, — dedim uning hurmati uchun ham o‘rnimdan tura boshlab. (Mehmon otangdan ulug‘. Ko‘rmasa ham izzati-da, turib gaplashganga nima yetsin!..)
— Ana xolos, o‘zlari edilarmi? Uyatluv ish bo‘pti-ku?! — dedi u hijolatlarga botib.
— Hijolati nimasi, taqsir, Allohim uchrashtirganini ayting, — dedim mulozamatga tushib.
— Boy bo‘lasiz ekan, Maqsudxo‘ja janoblari, tanumabman, — deb yaxshilikka yo‘ydi mehmon ham.
— Ammo men ovozizdanoq tanib turib edim, tusmollab turib edim. Bo‘ladi-ku shunaqa tuyg‘u — bir og‘iz so‘zdanoq tanib olish... — dedim chiniga ko‘chib.
Mehmon taqdirning yozug‘idan shodlandi:
— Allohimga shukr, bir qo‘ng‘iroqdayoq ro‘baro‘ et-sa-ya! Xizrni yo‘qlamayman-mi! Valloh-valloh, o‘zimmen, deng-a?!.
— O‘zimman o‘zimman, — deb qo‘shilishib tasdiqladim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:14:39

Mehmon bunga sari boshi osmonga yetib, qaytarar edi:
— Muhandislikdan yozarlikni avlo ko‘rgan o‘sha bitikchi tanishimiz-da? Salompamning yolg‘izlari, Bahriddin birodarimizning xolavachchasi?! Uni qarang-a...
— O‘sha o‘zlari bilgan gap o‘g‘risi, tili goh shirin, goh achchiq mirzo, — deb hazillashdim.
— Qo‘ying, achchiqdan Xudovandi Karimning o‘zi asrasin. Diydor kunida Allohga xush keladurgon so‘zlardan so‘zlashayluk, — dedi mehmon.
— Unda xush kelibsiz, mehmon janoblari. Ko‘rishaylik, — dedim yanada yaqin olib.
— Allohimning o‘zi ko‘rishtirsun. Kamina ertalabdan bezovta etub, qo‘llarini tutmadimmi? Yumushlaridan qo‘ymadimmi? — deb mulozimatlandi u.
— Hech-da, hech-da. Sizdek mozor bosib kelgan mehmonimizga vaqtlar tasadduq bo‘lsin, — dedim iyib ketganimni yashirib o‘tirmay. — Siz axir, adashmasam, hov birda tashrif buyurgan birodarimiz — elchi janoblari bo‘lasiz. Azizdan aziz Marg‘u kennoyimizdan, Bahriddin akamizdan salomlar yetkazgan, topdimmi?
— Ax, uni qarang-a! Tanidingiz-a, Maqsudxo‘ja janoblari. Farosatiza balli, xotiralari butun ekan, mirzo janoblari, — deb to‘lib-toshib alqashga tusha ketdi u.
«Xotiradan ham burun kalla butun, mag‘izlari to‘q. Axir bekorga sigir boqib katta bo‘libmizmi! Qancha qaymoqning tusini o‘chirib yuborganmiz! O‘sha qaymoqlar bo‘lmasa, bizdan mirzo chiqarmidi, bitikchi chiqarmidi!» deb tegishgim keldi-yu tushunadimi-yo‘qmi, deb tilimni tiydim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:14:52

O‘rniga «qaerda to‘xtadingiz, qanday ko‘rishamiz»ga tushmoqchi edim, mehmon so‘zni ilib ketdi.
— O‘zlariga alangali salomlar bo‘lsin!
— O‘zlarigayam, o‘zlarigayam... Qiynalmayin, urinmayin yetib keldingizmi? Xabar berib ham qo‘ymabsiz, kutib olardik, — deb iltifot eta ketdim. Keyingina ichim qurib, intiqib, bu salomlar kimdanligini so‘rashga jur’at etdim. — Yana o‘sha diyorlardan so‘raymizmi? O‘shal azizlarimiz oldidan kelishingizmi? Qalay yurishibdi, tani-jonlari sog‘, aziz boshlari omonmi? — deb qulfi-dilim ochilib surishtira ketdim.
— Esonchilik-esonchilik. Aziz xolavachchangiz-da, Bonu kennoyingiz-da, ko‘pdan-ko‘p duoi salomlar yo‘l-lab qolmishlar. Hamma tanugan, bilgan, so‘raganlarga Allohumdan kushoyishlar tilamishlar.
— Eslaganlariga rahmat, shu dunyoning bir chekkasida biz ham borligimizni unutmaganlariga rahmat,— deb turib, mehmonning o‘zidan ham ko‘ngil so‘ray ketdim. — Darvoqe, o‘zlari buncha uzoqib ketdilar? Elchilikni bo‘yinga olgan kishi ham odamni shunchalar sog‘intiradimi? Biz-ku misoli tushovlab qo‘yib yuborilgan otlardan farqimiz yo‘q. O‘z dalamizdan nari ketolmaymiz. Sarhad oshib uchib yurgan Siz erkin qushlarga nima bo‘ldi, daragingiz yo‘q?!.
Mehmon bu so‘zlardan iyib, ko‘ksi o‘sib kuldi.
— Erkin-erkin qushlar deng-a?! Oh, Siz mirzo janoblari, oh, siz so‘z zargarlari, gapni ham ho‘b topasizlar-da! Qani edi, o‘shandoq bo‘lsa! Istagan tarafingga ucholsang, uchib yetolsang.
— Harqalay, bizdan ko‘ra istagan uchog‘ingizga mina olasiz-ku.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:15:16

— Bu fikringizda-da, jon vor. Jilla qursa bizda tushovlar yo‘q, rasmiyatchilik yo‘q. Lekin bu taraflara yo‘l topmoq mushkul. Har kima viza beravermaslar. Ammo Alloh o‘zi bilguvchi, qachon bu sarhadlarni ochvorarin O‘zi bilgay. Ul zot «Kun» desayoq bas: barcha mushkulotlar barham topgay. Axir erta-yu kech Xudodan so‘rab yotganlar qancha! Darbadarlar, vatanjudolar qancha! Ularning nolasi Allohga yetmasmi? Yetadi, axir, Maqsudxo‘ja janoblari.
— Ilohim yetsin. O‘shalarning zori yetmasa, kimniki yetadi? — dedim to‘liqa boshlab.
— Avvalo, o‘shalardan salom, bu kunni intizor intizor kutganlardan salom. Bahriddin akangizning iltijosi, omonati bu, — dedi mehmon gap o‘zanini shu yoqqa burib.
— Salom yetkazgan o‘zlariga sallamno! — dedim elchi janoblarini alqab.— Biz ham o‘sha kunlarni ku-tib yotibmiz-da, intiqdan-intiq, ko‘zlarimiz teshilib. Har kuni u ko‘zlar necha qayta yoshlanadi ekan, — dedim avvalo kennoyijonimni nazarda tutib. Ammo buni bu odamga aytib bo‘ladimi?! Elchi Bahriddin akamizni tanigani bilan Sulton akamni bilarmidi, bu tarixlarni tushuntirib bo‘larmidi?!
— Umid doram, deydilar. Shunaqa, bandasining ishi kutmoq, iltijo etmoq, yozmishiga ko‘nmoq. Har ikki dunyo «iyyaka na’budu va iyyaka nasta’yin1» ustiga qurilmish, Maqsudxo‘ja janoblari, undan beriga kushoyish yo‘q, — dedi mehmon tasalli berib.

Qayd etilgan