Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127790 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 35 B


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:15:30

— Bizning ham yolg‘iz zorimiz shu, — dedim men ham eshilib. — Shoyad, sizning bu tashrifingniz o‘sha kushoyishlarning boshlanishi bo‘lsa. — So‘ng: — Uni-buni qo‘ying qachon ko‘rishamiz, qanday ko‘rishamiz? Qaerda to‘xtagansiz, mehmon janoblari? — deb qistamoqqa tushdim.
— Shunday ro‘parangizdagi musofirxonada to‘xtamishbiz. Siza yaqin deb shu yera qo‘ndik, — dedi u.
— Uni qarang-a, qo‘l uzatsa yetgudek joyda ekansiz-ku!..
— Bo‘lmasa, hov birdagidek teatru maydoniga tushib bora berayluk. Topishub olarmiz?
— Topishganda-chi! Hoziroq uchib borgayman-ku, — dedim entikib.
— Alloh ko‘rishtirsun, — dedi mehmonim...
Ko‘rishtirsin, so‘rashtirsin, azizlarimizdan salom keltirgan kishining diydoriga o‘zi yetkazsin... Zinalardan uchib tushib boryapmanu hov birda mujda keltirgan xorijlik mehmonimizning savlatli gavdasi, yirik-yirik qosh-ko‘zlari, keng peshona, lo‘ppi yuzlari ko‘z oldimdan ketmas edi. Faqat mo‘ylabiga oq oralaganmidi, yo‘qmi, eslay olmayotirman. Ammo chiqsamoq bir ko‘rishda tanib olsam kerak...
Shovullab yotgan favvora oldiga yetib ulgurmadim. Uning shovullashidan ham burun o‘zini o‘pib, epkin-to‘zonlarini uchirib esayotgan shamoli... kishini seskantirib-junjiktirgudek edi. Hali bahor-da, daraxtlar endi kurtak yozdi, yoz kelsin, kimga ham yoqmas ekan u! Ammo favvora yoqilgan kunda tashrif buyurgan mehmon bu gal qanday xushxabarlar bilan kelibdi ekan?!

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:15:45

Xayolim o‘sha yoqdayu ko‘zim olma-kesak terar edi. Yo‘q, mehmoni tushmagur, qay tarafdan kelar ekan, bir mahal:
— Esonmisiz, Maqsudxo‘ja janoblari, — deya yelkamga qoqsa, cho‘chib tushibman.
O‘girilib turk afandilariga o‘xshab tusanib olgan o‘sha basavlat tujjorni ko‘rdim. U ham xorij nusxi urgan issiq chehrasiyu mehr to‘la ko‘zlaridan bir tanish nurlar yog‘ilib, shirindan-shirin jilmayishga tushgan edi. Beixtiyor:
— Subhanalloh, o‘zlari-ku! — deb yuboribman.
U ham quchoq ochdi-yu:
— Siz kim deb o‘ylab edingiz?! Tog‘ tog‘ birla ko‘rishmas, odam odam birla uchrashgay, deganlari shu-da. Qani, o‘shal uzoq yurtga rizqi sochilgan qarindoshlaringiz uchun-da omonlashib qo‘yaylik, — deya bag‘riga tortdi. — Ularning issiq salomlarin, sog‘inchlarin shu ko‘ksimiza joylab kelmishbiz. Alloh shu damlara yetkurganiga shukr. Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil aziym1.
— Voh, Sodiqxon afandim, o‘sha-o‘shasiz, qilcha o‘zgarmabsiz! — Men jinqarcha bo‘lmasam-da, basavlat mehmonning quchog‘ida yo‘q bo‘lib ketgan edim, biz uchun aziz kishilar oldidan kelgan elchini quchib qo‘ymasdim.
— Alhamdulillah, alhamdulillah, yana yetkazdu. Yana diydor nasib etdu. Alloh ko‘rishtiraman desa, yo‘llarni-da ochib yuborgay ekan, to‘siqlarni-da, o‘zi ko‘tarib tashlagay ekan. Mana, yana kelduk, Mahmud-xo‘ja o‘g‘illari, — deya boshiga ko‘targudek bo‘lar edi u.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:15:53

— Qadamlariga xasanot. Yo‘llarizni ochgan, mushkullarimizni oson etgan Zotga tasannolar bo‘lsin, shukrlar bo‘lsin! — dedim o‘zimni unutib, uning xorij bo‘ylariyu iforlari gurkiragan bag‘riga singib borar ekanman. Shu chog‘ ko‘klam yellarining rashki kelgandek epkin turib, favvora zarralarini boshimiz uzra sochqi eta ketdiyu «hay-hay»lab nari jilmoqqa, favvora «yomg‘iri»dan qochmoqqa tushdik. Narilar edig-u, bir-birimizning bag‘rimizdan chiqmoqni o‘ylamas edik.
Sayrga chiqqan kishilar ham bizdan ko‘zlarini uzmay, havas-la boqar edilar.
— O‘zlaridan so‘rasak, el-ovullar tinch, qovmu qarindoshlar omonmi? Toshkandlarga joylashib ketdingizmi? Marg‘ubonu kelinimiznikidagilar qalay o‘tirishibdir? Bahriddin birodarimizning xolayu tog‘ajonlari bularning daragin eshitib, qay kuylarga tushishdi?
— Duoi jonlarini qilib o‘ltirishibdi, — dedim uzoqdan kelib, — yetimlarni asrab, daragini chiqargan Xudoy o‘zi ko‘rishtirmasmi? Osmon nikohini tiklagan Zot diydorni ham qiyomatga qoldirmas, deb o‘ltirishibdi.
—Bu ham bo‘lsa, Allohning inoyati. Faqat biz bandasi shoshqaloqmiz, kalta o‘ylaguvchimiz: Allohga tavakkul qila bilmasmiz. Tavakkul qilganni Alloh niyatga yetkazmay qo‘ymagan. O‘zimizdan qiyos, Bahriddin ila bir borsak edi, keraklu kishilarni topsak edi, deb niyat qilub edik, yo‘llarimiz ochilub mana, ko‘rishib turibmiz. Inshaalloh, qolgan orzularimizni-da o‘zi ushaltirgay.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:16:05

— Shoshmang-shoshmang, Bahriddin akamizni-da ola kelganmisiz? Yolg‘iz emasmisiz?! — deb yubordim uning tirsaklaridan tutgancha.
Mehmon bosh chayqadi:
— Unisi orzu. Hali safarimiz osonlikcha ko‘chmas, deb, Bahriddin birodarimizni yo‘ldan qaytarduk. Bilasiz, o‘rtada qancha chig‘iriqlar bor. O‘zimizga-o‘zimiz mushkul sotib olmayluk, deduk. — Mehmon boyagidek issiq jilmaydi. — Elluk yilda el o‘zgarur derlar, zora munosabatlar yumshab, bordi-keldilar, haj yo‘llari ochilib ketsa, Allohimning biz vatanjudolarga atagani ham vordir, Maqsudxo‘ja janoblari?
— Shuni ayting, shuni ayting, bizdan ko‘ra sizlarga ayonroq, — dedim ichim yorishgandan-yorishib: axir dunyo ko‘rgan shular bilmasa, kim biladi, ozodlik yellari qay tarafdan esayotganini? Temir parda ichiga o‘ralib yotgan biz bechoralar «sovet sharofati»dan bo‘lak nimani ham bilamiz?
Tik turgancha so‘rashib, mulozamat qilayotganimiz birdan esimga tushib, mehmonni qistay boshladim:
— Yuring, afandim, ishxonaga kiraylik, bir piyola choy qilay, qandin-qayoqdan mozor bosib kelgansiz, axir. Keyin hovliga o‘tamiz.
— Choy qochmaydir, Maqsudxo‘ja janoblari. Lekin ishxonagamas, ishxonani pirxona, derlar. Qolaversa,— u negadir iymanib yamlandi, — idorangiza kirmaganimiz ma’qul, keyin qulog‘ingizni tinchitmaslar...

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:16:14

«Unda qayoqqa o‘tdik?» deb turib, aqlim yaraqlab yorisha keta qoldi:
— Shoshmang, qo‘l cho‘zsa yetgudek joyda bir og‘aynimiz takya ochgan. Bir soatgina o‘tiraylik. Suhbatizni olay? — dedim qistab.
— Uzoq emasmi? — dedi mehmonim.
— Shunday piyoda o‘tamiz. Besh minutlik yo‘l.
— Unday bo‘lsa, boshlasunlar, Maqsudxo‘ja janoblari. O‘tganimiz bo‘lsun, o‘tirganimiz bo‘lsun, — dedi u ham.
Aqlimdan aylanay. Hikmatxo‘ja oshnamni zab eslab qoldimmi?! O‘zi «bir kelmaysizam, hammaga hammaga topilgan bir piyola choyimiz, sizga ham tatti keb qolar» deb qachondan beri gina qilar edi. Biz esa, borsak ham «paqir kishi panada» degandek ko‘rinmay qochib qolardik. Ammo-lekin ovqatlari xo‘b mazali. Osh deysizmi, lo‘la kabob deysizmi, yaqindan ilik sho‘rvasi ham chiqibdi. Salatlar-ku anvoyi. Ayniqsa, ayvondan joy topsangizmi, yayrab o‘tirasiz. Mehmonni o‘sha yerga olib borganga nima yetsin.
Lekin bu gal Hikmat eshonga imo qilib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Hazilmi, mehmonimiz naq Payg‘ambarimiz (U zotga Allohning salomi bo‘lsin) yurtlaridan kelgan.
Eshonning o‘zi hovuz bo‘yida suv ochtirayotgan ekan, ko‘rib boshi osmonga yetib ketdi. Birpasda bahavo ayvondan joylar qildirib, mulozamatlar ila risoladagidek kuta boshladi. Men do‘stimni tanishtirgan bo‘ldim:

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:16:24

— Bu kishi ham o‘zimizning Kattabog‘dan. Tepamasjiddan o‘tganda, tegirmonko‘cha boshida turishardi. Hozir u yerlarga ko‘cha tushib ketdimikan, vallohi a’lam. — Keyin kulib qo‘shib qo‘ydim. — Siz Bahriddin akamdan Xidoy xolalari haqda eshitgan chiqarsiz. Ana o‘sha xolamizning bir o‘g‘illari sabzi to‘g‘rashda — jahon chempioni. Yaqinda Ginnesga yozib ketishibdi. Mana shu «Moviy gumbaz»da har kuni necha kilo osh damlashsa, o‘shanga lozim sabzini bir o‘zlari to‘g‘rab tashlaydilar.
— Voh, cho‘x go‘zal! Alomat hunar ekan. Arziydi, arziydi. Ginnesga shunday alomat ishlar yoziladi-da,— deb mehmon besh ketdi. Keyin to‘lqinlanib so‘radi. — O‘sha kishini bir ko‘rsatgaysiz. Balki Bahriddin birodarimizni tanirlar?
— Shuni ayting, — dedim-u, lekin ko‘rsatishga...  iymandim.
O‘zi yarimta, ustiga ustak chistonchi Rahim akamiz jindek otib olgan bo‘lsalar-chi, uyaltirib qo‘ymasmikanlar? Keyin anuv xobbilari-chi? Ishdan keyin maydonga chiqib olib, xorijlik mehmonlardan osori-atiqa sifatida chaqa-chuqa yig‘ib o‘tirishlari-chi?! U kishidek oyoqlari kalta, o‘zlari yarimta odamni ko‘rgan kim ham cho‘ntak kovlamay o‘tib keta olarkan! Shunaqqib, yarim dinor, bir dollardan bo‘lsa ham bir olamning puli yig‘ilib qoladi... Bir qozon oshning sabzisini yolg‘iz o‘zlari to‘g‘rab tashlagan Rahim akam esa, yonlarida «taftbosti»ga bir choynak choy — o‘zlari go‘yo hordiq chiqargani hovuz bo‘yiga chiqqanlar — ora-orada «Moviy gumbaz»ga tashrif buyurgan mehmonlarga ta’zim bajo aylab: «Osh bo‘lsin, kelib turinglarov», deb chorsilari bilan yelpinib, xo‘shlashib ham qo‘yadilar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:16:33

Xorijliklar u kishining gaplarini qaydan ham tushunsin, suvetni ham tilanchisi bor ekan, deb, besh-o‘n dollar tashlab ketishadi. Tashlab ketishgani mayli, ba’zilari videolariga ham olib qo‘yishadi. Oxiri o‘sha videolari chatoq bo‘ldi. Chet elliklar kelganda Rahim akamni hovuz bo‘yiga chiqarmay qo‘yishdi.
Ammo u kishida nima gunoh? U kishi tug‘ma cho‘loq emaslar. Oyim aytib o‘tiradilar: gungursdek bir chiroyli bola edi. Hamma suyib qo‘liga olar, katta bo‘lsa, zab polvon yigit bo‘ladimi, deb erkalar ekan. Qayoqda! Kimnidir ko‘zi tegib, bir kuni Qo‘ldosh tog‘am suyib, otib o‘ynatayotsalar, qo‘llaridan tushib ketib  qolibdi. Shu-shu polvon bola yarimta bo‘lib qolibdilar. Hozir u kishining bir tizzalarini ushlab, yarimta oyoqni sudrab bosishlarini ko‘rgan odam... achiniblar ketadi...
Ammo Xudo barcha kuchni qo‘llariga bergan. U kishining gap sotib turib ham sabzi to‘g‘rashlarini ko‘rgan odam yoqa ushlaydi. Odam emas, mashina, deysiz.
Mehmon shu kishini bir ko‘rishga ishtiyoqmand edi. Rosti, ko‘rsatishga orim keldi. Uyaldimmi, nojo‘ya chis-ton qilib qoladilar dedimmi, ishqilib, yolg‘onni Xudo kechirsin, Hikmatxo‘jaga imo qilib yubordim. U ham tushunib, kirib ketdi-da, qaytib chiqib, uzr aytdi:
— U kishini bir joyga olib ketishgan ekan, jindek yumush chiqib qopti. Sizlar bahuzur o‘tira turinglar, kelib qolsalar, aytaman, xo‘p?
— Esiz, esiz, Bahriddin birodarimizning xolavachchalari ekan, ko‘rishsak, birodarimiz ko‘p xursand bo‘lar edi, — deb achindi mehmon.
— Men sizni hali yangi mahallamizga, undan xolalarimu tog‘alarimnikiga olib chiqmoqchiman-ku, shu bilan qutulmaysiz! — dedim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:16:45

Mehmon ham bu manziratlardan erib, rostiga ko‘chdi:
— Qanu edi, qanu edi! Biz safar kishisi. Vaqt esa tig‘iz, — dedi yelka uchirib. — Bugun bu yerdamiz, ertaga Xudo bilsin, qay shaharning qay go‘shasindamiz. Tujjorning umri shunday — uchoqlardayu aeroportlarda o‘tgay. Bu yera yetkazganiga, sizni ko‘rib, manavinday bahavo hovuz bo‘ylarinda o‘tirganimiz shukr. Alloh o‘zi chevar-da: bizni shunday topishtirib qo‘yibdi. Shunday dasturxonlar ustida uchrashtirib qo‘yibdir. Hechbiri behudamas: mening keluvim ham, sizni topivum ham.
— Ilohim, ilohim, — dedim o‘sha niyatlarga intiqib.
Biz tushlanib bo‘lgan, endi choy ichib, shirin suhbat qurmoqda edik. U ham o‘sha intiqligimni sezib, jilmaydi:
— Chindan ham, Maqsudxo‘ja janoblari, bu gal biza ajib xizmatlar yuklanmish, — dedi betimga issiq-issiq termulib.
— Xo‘sh, xo‘sh? Bizdan nima xizmat? Tortinmang hech, — dedim qistab.
— Xizmat shuki, — dedi Sodiq afandi allaqanday guldirab ham pishqirib. U ba’zan azbaroyi to‘lqinlanib ketgan kezlari havo yetmay qolar-da, qaddini bir qadar ko‘tarib kerishar va shu topda ovozi ham allaqanday guldirab chiqa boshlar edi. Uning norg‘ulligi, ulkan odamlardek bir yerga sig‘may qolishi shunda yaqqol sezilib qolar edi. Men uning oldida o‘zimni ushoqdek his eta boshlar edim, tavba. U yutinib olib, davom etdi. — Avvalgi gal Marg‘ubonuga tegishli xabarlarizdan ko‘-o‘p mutaassir bo‘lishib edi. Endi boshqa bir kishina tegishluv yumushlar chiqmish.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:16:56

— Hech qisinmang. Xolavachchamiz so‘raydilar-u, bilib bermaylikmi? Aytavering, — dedim. O‘zim esa azbaroyi intiqib turibman, kimga tegishli ekan, deb...
Mehmon kutmaganimda men tomon engashib, ovozini pastlatgali tushdi:
— Ular bir birodarlarin ojizasin izlarlar.
— Izlarlar?.. Kimni? — dedim hayratga tushib. Chindan ham bu g‘alati xabar edi.
U ovozini undan-da, pastlatdi:
— Sarhad oshib kelmish... ekan...
— Qaerdan, qaerdan?! — Men qaerda o‘tirganimizni-da unutib, ovozimni ko‘tarib yuborgan edim.
Mehmon yelkamga qoqib, o‘ziga tortdi:
— Hay-hay, mirzo janoblari, devorning-da qulog‘i vor-a?
— Uzr-uzr, — deya o‘zimni bosib olishga urinib, rijoga tushdim. — Faqat tushuntiribroq aytsangiz: qaerdan kelmish?
— Kim, o‘shal mushfiqami? — dedi u.
Oh, qaerdan ham shuni aytdi?! Men shu bir og‘iz so‘zdanoq hamma gapni anglab yetgandek edim. Ko‘z oldimdan mushfiqa kennoyim ketmay qolgan, undan, akamdan bo‘lak narsani o‘ylamay qo‘ygan edim.
Nazarimda, elchi ham shundan bo‘lak narsa uchun kelmagandek! Lekin nega ochiq-yoriq ayta qolmayapti? Nuqul ijikilaydi? Ilinjini ro‘y-rost aytavermaydimi?..

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:17:06

Men u mushfiqaning qaerdan liginiyam, kimliginiyam bilib turibman. Bo‘ladi-ku shunday sezgi, avvaldan bildirib turadigan... Shunday ekan, undan bo‘lak kimni izlashardi?!
— Har kishini-da bu dunyoda bir orqadoshi, qiyomatluv do‘sti bo‘lsin ekan, Maqsudxo‘ja janoblari, — dedi mehmon qaddiyu ovozini rostlab.
— Xo‘sh-xo‘sh? — dedim hislarimni zo‘rg‘a jilovlab.
— Men siza aytsam, Bahriddin og‘amiz ko‘zdan-da yaqun, jigardan-da afzal bir birodarina qayushib, ul og‘asina yaxshiluklar sog‘inadur. Biz ul vatanjudoning ahli ayolin daragin bilmak istarbiz.
— Istarmisiz, izlarmisiz? — deya oldim.
— Unisi-da, munisi-da, — dedi elchi mamnun iljayib. — Og‘amiz o‘z vaqtida ul birodarindan tengsiz yaxshiliklar ko‘rmish...
Ana uni qarang!.. Qaytar dunyoni ko‘otgsh!..
Chindan ham Marg‘u kennoyimni kim unga yetkazib, kim uzilgan nikoh rishtalarini ulabdi?! O‘shaning qaytimini qaytarmoqchi bo‘ptimi?! Qiyomatga qolmasin, deptimi?! Evaziga bu yoqlarda qolib ketgan kennoyimni daraklatib, elchi yuboribdimi? Bo‘lak nima ham bo‘lardi?! Kimni ham izlardi?! Mening butun vujudimga, barmoqlarim uchidan sochlarim tagiga dovur shirin bir titroq yugurib ulgurgan, o‘zim bu xabardan osmonlarda uchib yurardim. Shunday bo‘lsa-da:
— Siz u mushfiqaning kimligiyu kimlarga tegishli ekanini... aytmadiz-ku, — dedim elchiga xush tikilgancha.

Qayd etilgan