Qolaversa, Chaman, men ham shu temirqo‘rg‘onning qanchalar mahkamligini bir sinab ko‘rgim keldi. Yo‘q, niyatim sizlarni dog‘da qoldirishgina emasdi. U dargohlarning ko‘ziga cho‘p solib bo‘lsa-da, azizlarimni ko‘rib kelish edi, qiyomat qarzdan qutulish edi. Hatto meni ola ketgan o‘sha zanji kinochilarning o‘zi-da mening kimligimni bilmasdilar. Plastik operatsiyadan keyin o‘zimni o‘zim tanimay qolganimni bilsang edi! Chaman, bilaman, sen bu ishimni oqlamasliging tayin. Shakkoklik deb atashing, ko‘ra-bila turib, dor tagiga borish, qilich damida yurib, sirot ko‘prigidan o‘tmoq deb baholashing mumkin. Lekin bu o‘lgisi kelgan mushukning arslon bilan o‘ynashuvi emasdi, yo‘q. Men o‘sha arslonning ko‘zini shamg‘alat qilgim keldi va Allohga tavakkal qilib edim, qodir Alloh mendek yolg‘iz jangchisiga nusrat berdi va men Allohning bir «qora quli» niyatimga yetdim.
Chaman, sen bu safarimni, yovuz arslon changalidan omon o‘tib, azizlarim panoh topgan bir yergacha borib, ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib keluvimni, judo bo‘lgan diyorimizning tanish suvratlarini esdalikka tasmaga tushirib qaytuvimni sen shakkoklik deb sanama. Bu Xudoning marhamatidir. Bil, agar butun olam seni dushman sanab tursa ham yolg‘iz Alloh sen taraf bo‘lsa, butun olamning dushmanligi hechdir. Yolg‘iz Alloh o‘zi asragaydir. Men bilan ham shunday bo‘ldi, bir tukimni ham to‘kdirmay manzilimga qaytardi u.
Shu boisdan ham sen mendan xafa bo‘lishing o‘rinsizdir, Chaman. Qolaversa, ona shahrimizga borib, bir og‘iz o‘zimni bildirmaganimni, ko‘rgilarim kelsa-da, ko‘rishga harakat etmaganimni o‘zing tushunib yetarsan deb o‘ylayman. Bo‘lmasa, Kalkovuz bo‘yidagi u aziz go‘shaga bosh suqmoq, seni, Oyto‘ra xolamlarni ko‘rib, ziyorat etmoq, duolarini olmoq farz edi menga — seni, o‘zimni ayab (ayamasam bo‘lmasdi, hamma-hamma bilan senga dog‘ tushirolmasdim!) borolmadim. Ichlarim g‘urmishlab, ko‘rgim kelib yotsa-da, nafsimni bosdim, sindiroldim uning istaklarini!