Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127772 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:44:56

Menga juda noqulay tuyilib ketdi: chiqay desam, chiqib ketolmayman, qolay desam, qololmayman. Derazadan tushib gum bo‘lish ham mahol. Qamalib qolgan o‘g‘ridek qisinib oldim.
— Keyingi haftalarga, — dedi Osiyo opa uning qarshisiga cho‘kib, — yana o‘ziz bilan maslahatlashib kunini aniq qilarbiz.
— Bu boshqa gap. Siznikidan ham va nihoyat is chiqadigan bo‘pti, Osiyoxon. Tabriklaymiz-tabriklaymiz, tortinmay aytavering, nima yordam kerak, — dedi Xolbek aka eshilib.
— Borsangizlar bo‘ldi, — dedi Osiyo opa, — boshim ko‘kka yetadi.
— Yo‘q, undaymas. Qutlug‘ dargoh degan nomimiz bor. Tortinmay aytavering, nima kamchiligiz bor: gilammi, televizormi? Bizdanam biron esdalik kirsin o‘sha kulbaga.
— Ey Xolbek aka, qo‘ying unday narsalarni, — dedi kutilmaganda qo‘l silkib Osiyo opa. — Sizdan ko‘p yaxshiliklar ko‘rganmiz. Ortig‘i ortiq. Faqat...
— Nima faqat? — dedi Xolbek aka qaddini sal ko‘tarib. U men tomonga qarasayoq bu yerda kim o‘tirganini ko‘rar-u, lekin qaramas, butun fikri-zikri kutubxonachida edi.
— Bizga qiladigan yaxshiligizni bir odamga qilsangiz xo‘b savobga qolar edingiz, — dedi Osiyo opa o‘tininqirab.
— Kimga ekan, men taniymanmi, o‘zi? — dedi Xolbek aka bu dabdurust gapdan hayron qolib.
— Taniysiz, — dedi Osiyo opa.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:45:05

— O‘zi-chi, til-zaboni yo‘qmi o‘zining? Sizni o‘rtaga qo‘ymasa? — dedi Xolbek aka negadir qiqirlab kulib. (Birov yordam so‘rab kirsa, u kishining shunaqa eshilib ketadigan odati bor edi.)
Hozir ham oromkursida taltayinqirab o‘tirganicha oyoqlarini cho‘zib, ikki qo‘lini ikki yonga tashlab yuborgan edi.
— Birov o‘rtaga tush degan joyi yo‘q, Xolbek aka. O‘zimcha so‘rayapman, — dedi Osiyo opa stol ustini kafti ila sidiribmi, artibmi.
— O‘zimcha? Iy, g‘alati-ku, o‘ziz qolib, birovga so‘rab yursangiz, — Xolbek aka ko‘zlarini yumib, boshlarini sarak-sarak qilgancha ta’sirlanib-ta’sirlanib kula boshladi. — Anoyimisiz, nima balo?!
— Eshiting-da, Xolbek aka, — dedi kutilmaganda opa zardaliroq qilib. — Sizday odam bor joyda nohaqlik bo‘lsa, yaxshimas-da. To‘g‘rimi?
— Iy, qiziq-ku. Qanaqa nohaqlik? Qolaversa, men kim bo‘pman? — dedi Xolbek aka qizishibroq. U gap o‘zani bu yoqqa burilishini kutmagan shekilli  «Voy, Osiyo xonim-ey. Shunaqa deng-a? Men kim bo‘pman?» deb qo‘yar edi.
— Sizmi, Yusufbekxojining chevarasisiz. Xojining esa kimligini yaxshi bilasiz, — dedi kutilmaganda opa.
Birdan Xolbek aka ang-tang qolgancha, qotib qoldi. Ko‘rib turibman, uning yuzi qorayib, qo‘ng‘irtob tusga kirgancha qolgan, o‘zi Osiyo opani endi ko‘rayotgandek tikilgancha tosh qotgan edi. Bu tarixni eshitayotgan o‘zim-chi, undan kam lol emasdim: Qarang-a, kimlarning zurriyotiyu avlodi bilan ishlayotgan ekanmiz, derdim.1 Ammo u:
— Siz nima deyayotganingizni bilasizmi o‘zi? — dedi anchadan keyin ovoz bitib. O‘zi esa turib ketarini ham, qolarini ham bilib bo‘lmasdi. Men Xolbek akani bu holatda birinchi marta ko‘rib turishim edi, qarshisida Osiyo opadan bo‘lak odam bo‘lsa, nima deyarini o‘zi biladigandek edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:45:47

— Nega bilmayin, Xolbek aka. Siz o‘shalarga tortib borayotganingiz bilan biz faxrlanib yuramiz-ku,— dedi u. — Shundan haddim sig‘ib, shu gapni sizga aytayapman-da. Yetimlarga siz muruvvat qilmasangiz, kim qiladi, Xolbek aka?
— Xo‘-o‘v, Osiyoxon-Osiyoxon. Sen meni jon-joyimdan olding-ku, jon-joyimdan, — dedi Xolbek aka kutilmaganda uni sensirab va bosh chayqab-chayqab. — Hamma menga oson tutsayam, sen tutma, Osiyo. Menga qolsa, bilasanmi, Osiyo, nima qilardim: hech kimning ko‘zyoshini oqizishga qo‘ymasdim. Qo‘ydirmasdim! Na ilojki, ixtiyor mendamas. Qolaversa, biz sen aytgan, nomlarini tilga olgan buvalarimizning tirnog‘iga arzimaymiz! Nima qilibmizki, Xolbek nomini ko‘tarib yuribmiz?! Yodgor o‘g‘li nomida yuribmiz?! Sen mening xasrat qutimni, shon qutimni, hammadan sir tutgan asror qutimni ertalabdan ochib yubording, Osiyo. Men istamaymanmi, qutidoru Yusufbekxojidek buva-kalonalarimizga o‘xshab muruvvatpesha bo‘lib yashashni? Ammo unga qani imkon, qani sharoit? Na qilaylikki, Osiyo, toleimiz shunday past yaralmish?! Balki men adashayotgandirman, izdan chiqib ketgandirman. Lekin ilojim qancha, qahri qattiq, xo‘mraygan bir zot, o‘zini kulib yenggan, nafs bandasi qilib ko‘rsatgan qiyofada yashashga majburman, Osiyo. Hamma tushunmasa ham sen tushunarsan, deb o‘ylayman... Ha, darvoqe, kimga muruvvat qilmoq kerakligini aytmoqchi eding? Ko‘nglim mumdek erigan chog‘da aytib qol. Keyin kech bo‘lmasin.
— O‘sha qalami o‘tkur mirzoni, sizning yurtingizga borib ishlab kelgan yigitni aytaman, — dedi opa kutilmaganda mening nomimni tilga olib, o‘ng‘aysizlikdan turib ketarimni ham, qayoqqa qocharimni ham bilmasdim men.
— Ha, ungami, ichidagi alamini sezdirib qo‘ygan anuv mirzogami? — dedi Xolbek aka eslab. — Uning aybi bitta — bizga o‘xshamaydi, — dediyu u tura boshladi.
— Nima qilsin, kirsinmi? — dedi Osiyo opa ham qo‘zg‘olib.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:46:08

U kishi yarim yo‘lga borib o‘girildi:
— Mayli, — dedi bo‘g‘iq bir tovushda, — ammo aytib qo‘y, qadamini bilib bossin. Bunaqada qalamini sindirib qo‘yadi. Qalam esa, har kimga ham berilvermaydi.
— Xo‘p, Xolbek akajon, aytaman, tayinlab-tayinlab aytaman. Ilohim, dunyo turguncha turing, — deb azza-bazza ortidan duo qila boshladi opa.
 U kishi eshikka yetganda yana to‘xtadi:
— Shu gap shu yerda qoldi. Qolaversa, boyagi gaplaram 1? — dedi o‘tingandek.
— Bo‘lmasa-chi, Xolbek aka. Siz meni endi ko‘rayotganingiz yo‘q-ku, — dedi opa.
— Devorni ham qulog‘i bor deyman-da, — deb u kishi chiqdi.
Men — devorning qulog‘i esa, chiqar tugul, qimirlashga madorim yetmay turganimcha turar edim. Ammo yuzlarimdan oqib tushayotgan shashqator yoshlarni na to‘xtata olardim, na adog‘i ko‘rinardi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:46:58

5. Allohdan chevarroq kim bor, qori aka?!

«Bismillahir Rohmanir Rohiym. Vas solatu vassalamu ala rasulillah. Ammo ba’d.
Xatingizni oldim, qori aka. Diyorga safarni hatto safardoshlardan sir tutmoq lozim bo‘ldi. Ko‘z tegmasin, Bahriddin yetilibdi. U hatto yollab jo‘natgan kishilariga-da mening kimligimni aytmabdi. Shu gung qulimizni ola keting, biz uchun aziz diyorni suvratga tushirib kelsin. Mana bu, xarita, biz yashagan joy-manzillar, mumkin bo‘lsa, izlab ko‘rarsiz, debdi.
Shu sababga  ko‘ra, Sizga-da ma’lum etolmadik. Ma’zur tutgaysiz.
Diyorga boraringizni bilsam, yolg‘iz tomirimga duo-lar yo‘llagay edim, debsiz. O‘zimning ham Andijon tomonlarga o‘tish niyatim bor edi, afsus, yo‘l tushmadi. Sizning yolg‘iz Yodgoringiz bo‘y-bastini ko‘rmoq, sizni xursand qilarlik bir xabarlar keltirmoq ilojini topmadim, uzr. Qolaversa, men birovning qora quli, Allohning bir «gung-soqov» bandasi qiyofasida edim. Izn-ixtiyorim o‘zimda bo‘lganida, balki qaytmasmi edim, umrbodga qolarmi edim vatanda! Ammo diyorda qolib bo‘lmadi! Jondan aziz yaqinlarimga jabr qilib qo‘ymog‘im mumkin edi.
Taqdirning turfa o‘yinlarini ko‘ringki, qori aka, Vatan jamoliga yetishdim deganda unga sig‘may turardim, begonadek his qilardim o‘zimni. Qandoq qurilgan ekan bu dunyo?! Allohning ko‘rsatganiga shukr etib, jim-jim qaytmoqdan o‘zga iloj yo‘q edi.
Hayratlanarli biron narsa ko‘rdingmu, deb so‘rabsiz.
Oh, qay birini aytay?! Vatanning har qarichi— misoli bir jannat edi! Uni bir bora ko‘rmoq uchun jon nisor etsa arzigay edi! Umrbod sarson-sargardon yurganlaring, begona yurtlarda darbadar kezganlaringga rozi ketmoq mumkin edi! Diyorda qori aka, har qadamda jannat islarini tuymoq mumkin edi. Har soniyada bir yig‘lab, bo‘shanmoq mumkin edi. Bu yig‘iga, u ko‘zyoshlariga hech narsani tenglashtirib bo‘lmasdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:47:07

Faqat bir afsus, bir armon yurakni o‘rtaydi: farzand bo‘lib tug‘ilib, bu diyorga nima qilib beroldik? Ro‘shnolik chirog‘ini yoqmoqchi edik — yoqoldikmi, Alloh rozi bo‘ladirgan bir ishlar qilmoqchi edik — qiloldikmi, mana shular tinchlik bermasdi, o‘rtab qo‘ymasdi. Yaxshiyam «gung-soqov» bo‘lib ketganim, damim ichimda, alamimni ko‘zyoshlarimdan olardim, xolos.
Yana bir gap.
Biz ham o‘zimizni mujohid sanab yuribmiz ekan, qori aka. Bilasizmi, borganimdan kelgunimcha bolalikda ko‘rganim bir voqea hech ko‘z o‘ngimdan ketma¬-sa-ya!..
O‘sha bolaligimizda qishloqning eng chekkasida yolg‘iz bir xonadon bo‘lguchi edi: atrofi uch paxsa devor bilan o‘ralgani kamdek, o‘ngib ketgan darvozasi hamisha berk — qulflog‘liq turar edi. Uning qulfi zang-lab, qorayib ketgan, qachon ochilganini ham hech kim eslay olmasdi. Kaliti soyga tashlab yuborilgan deyishardi kattalar. Nega, biz hech tushunib yetmasdik. O‘sha tuproqtomli, pastak uyga odam zoti kirib-chiqmas, bizni ham yaqin yo‘latishmas edi.
«Borako‘rma, o‘lasan! U yerda yakkamoxovlar yashashadi! Nima, senam yakkamoxov bo‘lib qolmoqchimisan?» deb so‘kib haydashgani-haydashgan edi.
Lekin bizga qiziq edi. Bu yoqdan haydashsa, u yoqdan aylanib borib, tomosha qilardik. O‘sha yassi tomiga orqa tomondan chiqib yotib olardik-da, yakkamoxov — er-xotinning uydan chiqishlarini kutardik.
Bir mahal yuz-ko‘zlarigacha o‘ranib olgan ajinadek bir ayol chiqardiyu bizni ko‘ra derazalariga latta-lutta tutib tashlangan uyiga urib ketardi yana! Keyin soch-soqoli o‘sib, patak bog‘lab ketgan barzangi eri chiqib, qo‘liga ilingan narsani tomga otganicha, bizni bo‘ralab so‘kib haydashga tushar edi. Qochmay ko‘r-chi!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:47:37

Biz qay birimiz tomdan tashlab, qay birimiz qorinlarimiz tilinib, bo‘g‘otga osilib qolar edik.
— Yo‘qollaring, otib tashlayman! Joningda umiding  bormi,  ahmoqlar! — deb  baqirardi  ortimiz-dan u.
Qayda, sal nari borib, biqinib turib, uni o‘chishi ila yana qayta tomga tirmashardik. Qiziq-da: ekmasa, tikmasa, soyga suvga chiqmasa. Birovlar nahraga qo‘yib ketgan nonmi, sut bilan kun ko‘rsa. Yashab bo‘ladi ekanmi shunday?!
Eri tog‘dan tushib kelgan, soppa-sog‘ edi. «Bosmachi»lar orasida yurib-yurib kelsaki, xotini bunday dardga yo‘liqib, hech kimga aralasholmay qopti. U shu qolgancha qolib ketdi, irganmay ham yashayapti edi. Qarang-a, moxov bilan ham yashash mumkin ekan! Qirqma miltig‘ini yelkasiga osib ketvorsa — tog‘dagi sheriklariga qo‘shilib ketsa, kim nima derdi?! Ketmadi! Shu ketmagani qiziq edi bizga! Yassi tomga yotvolib, uning hovlida xotiniga, o‘ziga dori tayyorlashiga termulganimiz-termulgan edi. U esa, hovlidagi yolg‘iz sariq anjir soyasida o‘tirvolib, tabibchiligini boshlardi. Ya’ni biz avvalgi kunlari eski devorlar tag-kavaklaridan terib kelgan bosh barmoqdek-bosh barmoqdek chayonlarni shisha bonkadan bittalab tushirib, qo‘liga olardi-da, (qo‘rqmagani uning! Chaqib oladiyam demasdi!) boshini boshmaldog‘i bilan o‘rta barmog‘i orasiga olib, eza boshlardi.
Shunda deng, chayon dumini gajak qilib, nishini urarga joy izlab qolardi. U esa, chapdastlik bilan sutli kosaning chetini tutardi. Shunda chayon kosa chetiga nishini urib, zaharini to‘kar, keyin o‘sha sutni avval xotini, so‘ng o‘zi simirib icha boshlar edilar! Voh, qanday dahshat! Chayon zahrini ichsalar-a! Biz yotgan yerimizdan tura qocha boshlardik.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:48:15

Ana o‘sha moxov xotinidan kechib ketolmagan qora soqolli odam, uning sutga zahar solib dori tayyorlashlari butun safar davomida ko‘z oldimdan ketmasa-ya, qori aka! Bolalikda uncha anglab yetmagan ekanmiz. Shuncha yillar kechib, endi uning kimligi menga ma’lum bo‘lib borayotgandek edi!
O‘zingiz ayting, qori aka, ahli ayolining boshiga o‘shandek qora kun tushgan chog‘da ham uni tashlab ketmagan, undan irganmagan, oxirigacha bir tom ostida yashashga ko‘ngan kishi oldida biz kimmiz, kim bo‘bmiz?! Ana uni mujohid desa bo‘lar! Balki shuning uchun butun safar davomida ko‘z o‘ngimdan ketmagandir. Nima bo‘lganda ham Allohning hikmatiga tushunib yetmoq dushvor edi, qori aka.
Qolaversa, bu xatni yozmog‘imdan murod — o‘sha safar chog‘ida yana bir odam uchradiki, uni sizga aytmasam bo‘lmas. Chunki uni siz bizdan yaxshiroq bilasiz. Ha-ha, o‘sha sizning haloskoringiz, Miyonko‘ldagi qatli omda shuncha qori ichidan sizni qutqarib qolgan nobakor shogirdingiz edi u. Kelib-kelib nega u menga yo‘liqdi, o‘zim hayronman. Yo bu ham Allohning chevarligi, xos hikmatlarini bir-bir ma’lum qilmog‘i edimi? Bilasizmi, men uni qaerda uchratdim? Toshkentning qoq markazida, o‘sha Piyonbozor o‘rnida qurilmish mashhur mehmonxona oldida uchratdim, qori aka.
Oqshom edi. Ko‘chaning u betidagi teatr maydonida odamlar sollanib kezishar, favvora shovvasi tinim bilmay tepaga otilib yotar, faraxli bir pallada o‘sha aziz manzaralardan ko‘z uzolmay o‘tirarkanman, eski gazetalar taxlamini orqalagan bir bedavo ko‘chani kesib o‘ta boshladi. Uning egnida rangi unniqib ketgan bir ko‘k movut kitel-shim, belida qo‘sha-qo‘sha yag‘iri chiqqan belbog‘lar, peshonasini ham o‘shanday bir latta bilan tang‘igan, oyog‘iga esa kimlardan qolgan ko‘n etikni kiyib olgancha kelmoqda edi. Kuni bilan biz tomonga hech kimni yo‘latmagan melisa yigitlar ham charchashgan shekilli, unga orqa o‘girib, o‘zlarini ko‘rmaganga solib turishar, bedavo esa to‘g‘ri biz tomonga kelmoqda edi. Yelkasidagi kamdek, katta bir gazeta bog‘lamini bilagiga ilgancha (u har qadamda tizzasiga urilib chir aylansa ham parvo qilmas), o‘zi bir narsadan quruq qoladigandek shu tomonga yer suzib kelar edi. U shu atrofning sang‘i — devonasi shekilli, birov qayrilib boqmas edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:48:47

Mening esa, (tanimabman avvaliga!) ichim achib boryapti. Shu atrofda gazet chiqaradigan gazetxonalar bor, shu dargohlarning tuzini yalab o‘tgan mirzo ekanmi, qariganida xor bo‘pti-ku, deyman. Ammo kitel-shimidan bo‘lak toifaga o‘xshaydi. Kim bo‘lsa ekan, boyaqish? Bu orada u men o‘tirgan joyga yetib kelib qoldi. Orada nechtadir zina bor, shu kelishida yukini yerga qo‘ymasa, men o‘tirgan o‘rindiq oldiga kelib to‘xtashi, yukini qo‘yib, nafas rostlashi tayin edi. O‘zi ham qora terga tushib ketipti. Nima zaril ekan, shuncha taxlam narsani ko‘tarib yurish?!
Yo‘q, devona birinchi zinadayoq yukiga qoqilib, cho‘kkalab qoldi. Orqasidagi yuki esa, boshidan oshib tushib, chizimchasimi, nimasi cho‘rt uzilib ketdiyu o‘zi sochilib, yer bilan bitta bo‘ldi! Ana shunda u ortidan it quvgan devonadek hovliqib matohlarini tera ketdiyu men uni yaqindan ko‘rib, hang-mang qoldim. U o‘zimizning baqiroq Akmal o‘risimiz, otdan tushsayam, egardan tushmaydigan chulchutimiz edi, qori aka.
Boya bir tomonga siltanib yurib, sal oqsab kelayotgandi, shundan ham tanimabman. Hozir qarib, yana ham xarob tortgan, men uni maymundan battar xunuk yuzidan tanib qolgan edim.
«Ha, Akmal aka? Bu yerlarda nima qilib yuribsiz?» deb yuborishimga bir bahya qolgan edi.
So‘nggi damda tilimni tishlab, damim ichimda jim qola qoldim. Men kinochilarga yollanib kelgan kimning qora quli (zanjidan battar odam) uni tanishim mumkin emasdi! Buning ustiga «gung»man! Borib-kelib uni uchratgan yerimni qarang!
Yaxshiyam u esi kirarli-chiqarli bir odam, meni tanimadi. Tanib qolgandami, ko‘rardingiz tomoshani! Yalab-yulqab o‘pa ketsami, quchoqlab olsami — badnom qilardi odamni. Shuncha toat-ibodatlarimni bir pul qilardi! Yo‘q, Xudoga ming qatla shukrki, tanimadi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:48:59

Matohlarini hovliqa-hovliqa terib-bog‘larkan, irgangandek bir qarab qo‘ydiyu, yana uni yelkasiga ortmoqlab, so‘kinib-netgancha bosmaxona tomonga keta boshladi.
Men hayron edim: u bu yerlarda nima qilib, tentirab yuribdi? Nima izlaydi? Yo qachondir shu atrofdagi biron idoraga bog‘langanu endi uni izlab topolmaydimi? Yelkasidagi gazetlari nimasi? Nega uni hech kimga ishonmay ortmoqlab yuribdi?
Shunda Siz sarhaddan narida aytib bergan tarix yalt etib yodimga tushsa-ya! Miyonko‘l fojiasi, qancha qoriyu qurrolarni, Qur’onni yod olib, ko‘ksiga joylagan kishilarni o‘zimizni chulchutlar so‘ygani yodimga tushib ketsa-ya! Bu axir o‘sha shogirdiz edi, qorilarning bo‘yniga tig‘ tortib, dudama bilan ularni shahidlik maqomiga yetkazgan kishi!..
Sopi o‘zidan chiqarilgan bir jallod o‘shanday kunda Sizni tanib qolib:
— Ie, ustoz, Siz bu yerda ma’qib yuribsiz? Yo‘q, bu kishi bulardan emas! Men kafilman, kafillikka o‘taman, — deb Sizni chiqarib yuborishi, naqd o‘limdan olib qoluvini qanday tushunmoq kerak, qori aka?
Yo bu ham Allohning xos hikmatlaridan birimi? Bandasi anglab yetolmaydigan?.. Balki. Axir aytadilar-ku qirq yil qirg‘in bo‘lsa, ajali yetgan o‘ladi deb.

Qayd etilgan