Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127789 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:49:13

Akmal o‘risning bunday holga tushib yuruvi-chi? Bu ham bejiz emasdir? O‘sha qo‘ydek bo‘g‘izlangan qorilarning qoni tutmasa, kishi bu holga tushmasa kerak edi?!
Yo shu atrofda bir vaqtlar o‘sha ishga undagan bir mahkama bo‘lganmiki, u o‘shani izlab sargardon tentiragan devonaga ham o‘xshar edi. Balki men  yanglishayotgandirman, boshqa bir gazet jinnisini Akmal o‘risga o‘xshatib yuborgandirman. Lekin maymundek xunuk, tas¬qara basharasi hech ko‘z o‘ngimdan ketmasdi.
Alloh har bandani shu kuyga tushmoqdan O‘zi asrasin! Oxiratda ko‘radiganlarining uchqunini bu dunyodayoq ko‘rsatib qo‘yganga o‘xshar edi, tavba.
Shom tushib kelar, shahar o‘rtasida qaydandir achchiq kuyindi hidi anqib-anqib kelar edi. Diyorga bunday bo‘ylarni ravo ko‘rmagan bir quli — men alamimni ichimga qult-qult yutib o‘ltirar edim.
Alloh hammamizga O‘zi to‘zim bersin, qori aka. Nazarimda, diyorga qaytmoq fasliga hali erta shekilli. Balki men adashayotgandirman. Ilohim, adashgan bo‘lay.

Addoyi Sultonmurodingiz
Jidda».

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:49:28

6. Astrobod etilmish ulug‘lardan biri

Qurt dahaga kirgandek hammamiz o‘z stolimizga muk tushib, ishga kirishib ketgan ekanmiz, qitir-qitir bilan yozuvimizni yozib yotsak, qo‘ng‘iroq jiringlab qoldi.
Mudirimiz telefon qulog‘ini istar-istamas olib, jindek firoq, jindek zarda ila:
— Lab-bay? — dedi.
Keyin eshitib turib-turib:
— Bor, bor, — dediyu go‘shakni o‘zidan chetga olib,— ko‘zi uchib turibdi o‘ziyam,— deganicha menga qaradi,— Akayiz...
Boshimga dovur jimirlov yugurib, taxta bo‘lib qolayozdim! Qanaqasiga akam bo‘lsin?! Yana keptimi?! Xayolim Sultonmurod akamga ketibdi! Dovdirab turganimni ko‘rib, mudirim yumshadi:
— Olim akayizmush. Shunaqa akangiz ham bormi?
— Shunday demaysizmi! Esimni chiqarib yubordingiz-ku, — dedim o‘rnimdan tura boshlab.
— Ha-a, xayoliz anuv akayizga... ketibdimi? — dedi u menga achininqirab.
Hamma gapni bularga aytib bo‘larmidi! Ayniqsa, anuv «feleton voqeasi»dan keyin. Tushungan unday deydi, tushunmagan bunday. Ustiga-ustak akamga o‘xshab chetda qolib ketganlarga qayishib-ku, o‘zim badarg‘a bo‘lib ketishimga bir bahya qoldi. Kimlar o‘rtaga tushib, kimlar kafil turib, joyimda zo‘rg‘a ilinib qoldim. Yana xayolim qochganini qarang. Bunaqada bir kunmas bir kun pand yeb qolishim tayin. Olim akam ham qiziq, shu yoqqa qo‘ng‘iroq qilib yurmay, uyga o‘ta qolsa bo‘ladi-ku! Nima gapi borakan?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:49:46

Hayiqibgina telefon qulog‘ini qo‘limga oldim:
— Labbay?
— E, Maqsud,  bormisan?  Suyunchini  chiqaraver, biz ketyapmiz, — dedi Olim akam tomdan tarasha tushgandek qilib. O‘lay agar, biron nima tushungan bo‘lsam!
— Qayoqqa-qayoqqa?
U sharaqlab kulib yubordi:
— E, pakana pari, pakana pari — xayolimdan ketmaydi nari! Unutdingmi, anuv kungi gaplarni? Ijozat tegdi. O‘zim olib ketyapman To‘ramning o‘g‘illarini...
— Shoshmang, shoshmang, Yodgor-chi, kennoyim-chi?— dedim nafasim ichimga tushib.
Hozirgina vahimasi olamni buzay deb turgan Olim akam yamlanib qolgandi:
— Aytuvdim-ku... O‘sha aytganimdek bo‘ldi. Ruxsat tegmadi. Lekin men boshqa yo‘lini topdim. Akamning boshi bir ko‘kka yetsin! Asli shunga qo‘ng‘iroq qilyapman. Yordaming kerak, — dedi boyagi-boyagi hovliqib.
— Men-a? Meni qo‘limdan nima keladi ekan? — dedim niyatiga tushunolmay.
Olim akam endi o‘zini bosib, dona-dona tushuntira ketdi:
— Sizlarda Penson, Glauberzon degan suvratchilar bor-a?
— Bor. Unisi o‘tib ketgan bo‘lsa ham, bunisi bor. Juda yaxshi taniyman.
— O‘shani opkela olasanmi?
— Qayoqqa? Siznikigami?
— Nega, o‘zinglarnikiga. Taklif qilsang kelar?
— Kelardi, lekin nimaga? — dedim o‘sha-o‘sha hayron qolib.
— Bir donagina, zo‘r suvratlari kerak. Qotirib olib bersin.
— Kimni... olib beradi?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:50:01

— Ey g‘alcha, — dedi kulib Olim akam, — nega tushunmaysan! O‘zlarini olib ketolmaganim-ketolmagan, jilla qursa, suvratlarini olib ketay! Axir oldiga shuncha joydan sho‘ppayib bormayman-ku! Jilla qursa, ruxsoriga to‘ysin, xotirjam tortsin!.. Qalay?!.
Men bo‘shashib tushgan edim:
— Yaxshi, men so‘rab ko‘ray...
— Sen yaxshilab iltimos qil. Xorijga ketayotgan odam bor, olib ketishi kerak de. Diydor qiyomatga qolib ketmasligi uchun ham kerak de. Ular tushunadi.
Men ado bo‘lgan edim: akam shunchalar omadsiz ekanmi? O‘g‘rincha bir kelib... (o‘zining yo‘lini o‘zi to‘sgani kamdek!..) jigarlarini xorijga chiqishdan ham mosuvo etib ketibdimi? Bu qanaqa jamiyat ekanki, otani boladan, ahli ayolidan ayirib tashlasalar, topishishga qo‘ymasalar? O‘zini kechirmaganlari kechirmagan, bularni uni ko‘rmoqdan ham mahrum etganmilar?! Shu bilan osmon uzilib tushadi ekanmi? Muftiy domlaning ham so‘zi kesmabdi-da?
— Bo‘ldimi, bugun-erta opkelasanmi? Ishondim-a o‘zingga? — deb telefonda shang‘illashini qo‘ymasdi akam.
— Yaxshi, ketguningizcha bir amallarmiz, — dedimu telefon qulog‘ini sekin joyiga qo‘ya qoldim.
— Tinchlikmi? — dedi mudirim ruhim tushib ketganini ko‘rib.
Men tinchlik-tinchlik, dedimu joyimga borib cho‘k¬dim. Ammo biron satr yozolmay, o‘tirib-o‘tirib, axiyri xonadan sirg‘alib chiqdim.
Glauberzonning xonasi «Kamchatka»da, kutubxona ro‘parasida edi. Iltimos qilsam, yo‘q demasligini bilaman. U shunaqa kichikko‘ngil, yumshoqzabon odam. Qolaversa, o‘ziga yaqin olib, suvratlariga ikki-uch og‘iz so‘z yozdirib yuradi. Sening tiling shirin, keyin suvrat ruhiga kira olasan, deb qo‘yadi. O‘zi keksa odamu negadir biz yoshlarni yaxshi ko‘radi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:50:17

O‘sha «Kamchatka»ga boryapsam, apparatini yelkasiga ilib, taqir boshiga yumshoq bir kungrador narsani ilgancha o‘zi kelyapti.
— Salom, uzoqqa boradirgan kichkina yozuvchi. Yo‘l bo‘lsin? — dedi.
Men to‘g‘risiga ko‘chib qo‘ya qoldim:
— Hizrni yo‘qlasam bo‘larkan, Sizga edi.
— Nechuk, — dedi u to‘xtab, — Qaytamizmi?
— Shart emas, o‘zizni ko‘rdim-ku, — dedim.
— Unda nima qilishimiz kerak?
O‘zimga kelganda birovdan bir narsa so‘rolmasdim. Shu odatimni tashlolmadim-tashlolmadim. Hozir ham chaynalibgina dedim:
— Bir odamga bir suvrat kerak ekan. Xorijga ola ketishiga. Shuni olib bera olasizmi?..
— Qachon, qaerda? — dedi u.
— Bugun bo‘lsa, bugun, bo‘lmasa, ertaga.
— Yaxshi, — dedi u yelkamga qoqib, — hozir vaqting qanaqa? Bo‘sh bo‘lsang, yarim soatga menga keraksan. Rosti, zo‘r bir yangilik bor. Kimga ilinarimni bilmay turuvdim. Yaxshi uchrading. Boramizmi?
— Siz yur deysizu bormaymi? Nima ekan? — dedim.
U yelkamdan quchib, qulog‘imga shipshidi.
— Kaydalovni bilasan-a?
— Zo‘r rassom, — dedim men, — qotirib chizadi, o‘shami?
— O‘sha, — dedi ovozini ko‘tarmay, — ming yillarga qoladigan bir rasm ishlab qo‘yganmish. Bir odamdan nusxa ko‘chirib. Bilding?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:50:28

— Yo‘g‘-e, qaerda? — dedim yutaqib.
— Yuraver, ko‘rasan. Mir Alisherdan bir tuki kam emasmish.
— Shunaqasi ham bo‘ladi ekanmi? — dedim azbaroyi hayratlanib.
— Bo‘ladi ekan-da, — dedi u ko‘z qisib.
— Kim ekan, aytaqoling, — dedim ichim quriy boshlab. Mening muxbirligim tutib ketgan, endi meni hech narsa undan uzolmas edi.
— O‘ziyam yuz yilda bir chiqadigan ulug‘lardan emish,— deb shipshidi u, ko‘zi esa, alang-jalang, yo‘lakda birov yo‘qmi, deb, alanglar edi. — Qolaversa, Astrobod etilmishlardan emish. Volodyaning gapi-da.
— Qaysi Volodya? — dedim tushuna olmay.
— Qaysi bo‘lardi, o‘sha Kaydalov-da.
— Ha-a, u bir narsani bilmasa aytmaydi, — dedim men ham. — Ketdikmi?
— Ketdik, bo‘limingga tayinlab qo‘y, izlab yurishmasin, — dedi u.
— Yaxshi, — deya yo‘lak bo‘ylab ilgariladim.
Qayoqqa ketayotganimizni aytib, pastga tushib borganimda Isoq aka oshnasining almisoqdan qolgan «Pobeda»siga joylashib, ikkovlashib meni kutishar edi.
Jildik. Mening savol xaltam ochilib ketgan, yol-g‘iz o‘zim orqa o‘rindiq o‘rtasiga o‘tirvolib, ijikilashga tushgan edim.
— Volodyaning o‘zi qaerda? Hozir ustaxonasiga boramizmi? — dedim ichim qurib.
— Umi, bir haftadan beri o‘sha kishinikida yotvolib ishlayapti-ku, — deb javob qildi Isoq akaning o‘rniga ham sherigi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:50:36

Juda-juda tushunarsiz edi:
— Yotvolib?.. Hech sog‘ yurmaydigan odam-a? Qanday bog‘lanib qopti?
Isoq aka boshini burib, kulimsirab qarab qo‘ydi:
— Ishonasanmi, shu rasmni deb, ichishniyam tashlabdi.
— Tashlabdi?.. — Osmon uzilib tushibdi desa, ishonardim, lekin Volodyaning tashlashiga ishonib bo‘lmasdi, — Yo‘g‘-e, — dedim baralla.
— Sasha, ayt, o‘zini gapi-a? — dedi Isoq aka sherigiga.
— Bir qultum ham olmayapti, o‘shaqqa boradigan kuni.
— Chidayapti ekanmi?
— «Ranjib qolsa, rasm chiqmaydi. O‘zining hurmatidan, dinining hurmatidan shunday qilyapman. Shunda bir sir ko‘rdim», deydi.
— Tavba, — dedim hayratga tushib, — O‘sha Volodya shunaqa narsalarni biladikanmi?
— Uni kim deb o‘ylayapsan, — dedi Glauberzon ko‘rsatkich barmog‘ini nuqib. — Hali borgin, ko‘rasan. Hech kim Navoiyni bundoq chizolmagan!
Bu orada Eski Juvadan o‘tib, Sebzorga qarab keta boshladik.
— O‘zi qayoqqa ketyapmiz? O‘sha aytgan odamiz shu tarafda turadikanmi? — dedim men.
Isoq aka bosh irg‘ab qo‘ydi:
— Borsak, ko‘rasan. Hayratlarga botib yurasan, shunaqa davlatmand odam bilan bir zamonda yashayapganimizga.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:50:47

Sirotkin mashinasini g‘ij-g‘ij odam chiqqan trolleybus ortidan solib edi, kutilmaganda uning shohi chiqib ketib, taqqa to‘xtadiyu mashinamiz borib urilishiga bir bahya qoldi. Siltanib to‘xtarkanmiz, Isoq akaning sherigi:
— Ana, ko‘ravur, qay zamonda yashayapmiz, — deb kuldi.
Keyin Taxtapulga yetmay o‘ngga burilib, tanish mahalla ichiga kirib borarkanmiz, ichim g‘urmishlab, sekin Isoq akaning yelkasiga qoqdim:
— Menga qarang, anuv mashhur tabib — To‘ram taqsirnikiga ketyapgan bo‘lmaylik tag‘in?
— Qaysi, Tibet tabiblari ham oldiga tusholmaydigan kishimi? — dedi u.
— Ha-da, qancha yil uy qamog‘ida o‘tirib, endi-endi eshigiga odam kelyapti-da.
— E, balli, Volodya qatta ekan, o‘shatta-da...
Chorak soatlardan keyin biz tanish darvoza oldida to‘xtab, uning bolachasidan engashib o‘tib, ichkari kirib borarkanmiz, oftobshuvoqdagi yog‘och karavotda qo‘sha-qo‘sha lo‘la bolishlar orasida, oldida davot-qalam, qo‘lida eskicha nastaliqda bitilgan g‘azalmi, maktubotmi, ushlagan sersavlat qariyani ko‘rib, dong qotib qopmiz. Qarshimizda rostdan ham asrlar qa’ridan labbay, deya chiqib kelgan munavvar zotlardek bir mo‘ysafid o‘ltirar, uning nainki oppoq sallasiyu o‘ziga yarashgan qizil chakmonidan, balki bodom qaboqlaridan ham nur yog‘ilar, rassom uni shundoqqina chizib olmog‘i mumkin edi...
U kishi men bilgan To‘ram taqsir edilar.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:50:58

7. Qamchingizga sallamno, qozi janoblari

«Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Avvalo, azimushshon Tangri taologa bu dunyoda yurgizib, turgizib, o‘ziga itoatda qilib qo‘ygan bandalari adadi qadar hamdu sanolar bo‘lsin.
Mahbub Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbatimiz sababiyu u kishining xulqlari bilan xulqlanishga intilishlarimiz qadar U zotga salovatu durudlar bo‘lsin.
Shundan so‘ng, qozi pochcha janoblari, bizga ko‘rsatgan karamingiz vajidan o‘zlariga sallamno aytarimizga ijozat bersangiz.
Avvalo, o‘zimni tanitay: men o‘sha sizga bo‘y egib, ta’zim etmakdan bosh tortgan, buni o‘ziga or bilib, g‘ururi qo‘ymagan muhojirdirman. Qancha yaxshilar o‘rtaga tushganda ham uzringizni qabul etmab edim.
Yelkaga tushmish bir qamchi tufayli u diyorlarni tark etgan edik.
Eslagandirsiz?
O‘sha achchiq qamchi bejiz va ham behikmat emas ekan.
Bugun men o‘sha ta’zir qamchisi tufayli erishgan sharofatlarni aytaversam, ishonmassiz ham. Lekin nima chin — shu chindir. O‘sha ta’zir bizga ulug‘ sharofatlar keltirganini bilsangiz edi!..
Shuni sizga kamoli ehtirom bilan ma’lum qilmoqqa ruxsat etgaysiz, qozi pochcha janoblari.
O‘sha qamchi bo‘lmasa, (yashirmoq nega?!) biz Xudo xohlagancha u diyorda qolmoq, fozillar jamiyati ishini yurgizib, adolat urug‘larini sepmoq niyatini dilga jo etgan edik. Har qancha mashaqqatlar cheksak-da, bu ishdan qaytish niyatimiz yo‘q edi. Diyordan quvilgan kishilar — vatandoshlarimizni o‘z himoyamizga olmoq, imkoniyat yuz ochdi deguncha diyorga qaytarmoq rejalarini tuzmoqda edik.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:51:06

Qamchi busiz ham o‘ksik qalbimizni yomon yaralab, niyatlarimizni puchga chiqargandek edi, biz u diyorni tashlab chiqmoqqa majbur bo‘lgandik.
Uzr, qozi pochcha. Muhojirlarni ansorlar kabi bag‘riga olgan bir yurt nechuk ta’zir qamchisiga muhtoj bo‘lib qolibdi, deb xafalanibmiz-u, otdan tushib uzr aytmoqqa hozirlangan siz janoblarini tushunmabmiz. Jahl kelganda aql qochibdi. Ammo keyin bilsak, bizning aytganimizmas, Allohning xohlashi ustun kelmoqda ekan. Men buni Makkaga yetib, tavof maydoniga tushganimda, Allohning uyini ikki aylanib kelib, tavof chizig‘iga yetgan joyimda, ko‘k chiziq ustida to‘xtab, Hajarul asvad tomon duoga qo‘l ochgan kezimda anglab qoldim. Uyatlu va shirin bir his qamrab kelib deng, jonu jahonimni o‘rtamoqqa boshlagan edi...
O‘sha achchiq qamchi bo‘lmasa, bu xat qayda ediyu biz qaerda edik?! Shu yerlarga yeta bilarmidik hech zamonda? Alloh subhanahu va taologa sallamnolar bo‘lsinki, bir qamchi ila iqbol eshigini ochib, bizni bu yoqlarga yo‘llab qo‘yibdi.
Umrbod O‘ziga taqvo qilib o‘tayotgan zotlar qolib, biz Alloh uyiga yetib kelib tursak, minnatdorchiligimizni qay til ila izhor etaylik sizga, qozi pochcha janoblari? Negaki, o‘sha kuni o‘sha soat, o‘sha holatda sizga ro‘baro‘ kelmasak, bu haj qayoqda ediyu, bu tavof qayoqda edi!
Ich-ichimdan bir yig‘i, bir o‘ksik bosib kelib, o‘zimni tutolmay qolgan edim o‘sha pallada... Qaysi xizmatlarimiz Allohga xush kelibdiyu U O‘z uyi — Ka’batullohga chorlab chaqiribdi.
Sizsiz bu sharafga yetishmoq dushvor edi, qozi pochcha.
Ta’zir qamchingizga sallamnolar bo‘lsin! Tasannolar bo‘lsin! Usiz hidoyat yo‘li qayda ediyu, iqbol eshigi qayda edi?!

Qayd etilgan