Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127677 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:11:08

— Yo‘q, taqsirlar. Behuda ovora bo‘lgaysiz, — dedim bosh tebrab. — To‘n yelkaga tishlanib bo‘ldi! Qamchining haqqi esa, qiyomatga qoldi, qozi buva. Xayr.
Ana shunday bo‘lib qoldi, Chaman. Bir qamchiga shuncha achchiq, shuncha jahlmi, demaysan, oshna. O‘rtada g‘ururmi, nimadir yotardi. Balki Xudoning xohlashi shunday bo‘lgandir. Qori aka ham qarorimni ma’qul topdilar. O‘rnimizga (jamiyat tarqaganicha yo‘q, Chaman. U hali ko‘p yashaydi!) ishonchluv yigitlarni qoldirib, o‘sha Muztog‘dan oshgandagi safardoshlarim ila yana bo‘lak diyorga bosh olib ketadigan bo‘ldik. Buni hijrat deb ataysanmi, safar deb sanaysanmi, o‘zing bilasan, Chaman.
Sening izningsiz shunday ishlar qilib qo‘ydik, osh-na. Qiyin-qiyin — senga qiyin bo‘ldi. Jabr-jabr— senga jabr bo‘ldi. Sen endi bizni qidirib topmog‘ing, biz uchun javob bermog‘ing kerak. Sen bizga shuncha yaxshiliklar qilganda, ajdaho komidan qutqa-rib, qilcha yomonlik sog‘inmaganingda biz bundayin ishlar qilib qo‘ydik. Uzr, oshna, ketmasak bo‘lmasdi u diyordan. Keyin o‘zingga qiyin bo‘lardi, sen ham qutqara olmasding u qora ajdar domidan. Senga umr-bod tashvish orttirib yuraman shekilli, Chaman. Chekingga shunday o‘rtoq tushgan ekan, injimaysan, og‘ayni. Yolg‘iz qolganingda Tangri azza va jallaga o‘tinib duo qilgilki, ko‘rishmoqni qiyomatga qoldirmasin.
Omon bo‘l. Sen ishongan tog‘lardan ham bir kun kiyiklar sollanib-sollanib chiqqaylar, inshaalloh. Xayr. Sultonmuroding.

(U diyordan topilgan oxirgi xat edi bu, qolganlari boshqa diyorlardan yig‘ib kelingan edi 1.)

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:11:33

7. Kim kimga ilhaq bu jahon ayvonida?

Menga shunday biqinimizdagi dalaning eng baland joyidan bir parchagina yer tekkan. Dam olish kunlari o‘sha yerda kuymanib yotaman. Kuymanishki, dunyo tashvishlaridan jindek bo‘lsa-da, chalg‘ib, bosh og‘riqlarni unutib, odamga o‘xshab qaytaman. Ayniqsa, rosa jaziramalarda oftobdan qochib, pastak chaylacham tagiga chiqib olsam bormi, uning soyasiyu g‘ir-g‘ir shabadasini hech narsaga alishmaydigan bir holga tushaman. Chindanam insonga ortiq nima kerak, bu jahon ayvonida? Poyingdagi butun atrof-javonib oftob seliga ko‘milib, jivirlagandan jivirlab yotsa-da, sen o‘zingga loyiq soya topib, quruq yerga sekin cho‘zilsang-da, kaftga bosh qo‘yib, oyoq chalishtirgancha, olamni unutsang. O‘zing ayt, bolalikda qolib ketgan bir farog‘atni topgandek shu chalqancha yotishingni yana biron narsaga alishib bo‘ladimikan?!
Kamiga chayla ustiga chirmashgan janduqlaru pechak gullar anvoyi gullab, urug‘ bog‘lashga kirishgan, chayla ustini ko‘k yopinchig‘i ila o‘rayotgan bo‘lsalar. Saraton jiviriga to‘lgan osmon uning ortidan ko‘rinib-ko‘rinmasa.
Kamiga tepangdagi yolg‘iz terak barglari shabadada kumush kapalaklardek shovullab, tagidan bir ariq suv shaloplab oqib yotsa.
Yana kamiga dala boshidanmi, qaerdan gurkiragan rayhon hidlarini «o‘g‘irlab» bir mayin shaboda chayla tagidan g‘ir-g‘ir o‘taversa, tinmasa... O‘sha yellar olib qochgan rayhon hidlarining sochilib-to‘kilgani ham senga yetaversa... Uning gashtiga nima yetsin, bu jahon ayvonida?
Ana shunda hamma narsani unutasan-da, faqat o‘zing ilhaq narsalargina qoladi...
Chaylaning quruq shoxiga chiqib olgan boshmaldoqdek ko‘k beshiktervatdan (u ham chayla soyasida orom olyapti!) ko‘z uzmay yotarkanman, pastdanmi — qaerdan mashinaning «bibip»lab chaqirgan ovozimi, nima eshitilgandek bo‘laverardi. Yana bir bolakay: «Amaqu-u, Maqsud amaqu»lab chaqirar, ovozi elas-elas kelar edi. Erinibgina bosh ko‘tarsam, dalaning hov pastida maysarang bir «Jiguli» turibdi. Kim bo‘lsa ekan? Egasi hali tushmagan, ammo chaqirayotgan bolakay esa, egat o‘rtasidagi yo‘ldan chopib kelar, qo‘liga olvolgan do‘pisini silkilab charchamas edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:11:44

— Amaqu-u, Siznu chaqirishoptu... Amaqu-u, qaerdasiz?
«Kim? Yodgortoymi?! Nima bo‘pti?!» deb dik etib turib opman!
Haligina: «Qani edi, shu tobda aziz kishilaringdan birortasi qidirib kelsayu, manavi soyada bir to‘yib otamlashsak...» deb ko‘nglim ketmab edimi, tavba. Nima bu? Niyatga yarasha deganlari shumikan?
Egat o‘rtasidagi yo‘lga qarab yurmasimdan o‘sha maysarang mashinadan juda ham tanish odam tushib, yuragim xapriqib ketdi! Ie, jahongashta akaginamning o‘zlarimi?! Bunday oq kepkani undan bo‘lak kim ham kiyarkan?! O‘sha jahongashta kiysin-da! Bir ketgancha badar ketadigan o‘sha izquvar kiysin-da! Akajonimning daydi oshnasi-ku! Qanday xabarlar bilan qaytibdi ekan u Sherlok Xolms? Jahondagi gadoytopmas barcha ob-havo istansalarining tentiroq kezuvchisi, tinib-tinchimas Chaman akamiz-ku!
— E-e, Xizrni yo‘qlasam bo‘lmas ekanmi?! Tushimmi, o‘ngimmi?! — deya qanot chiqarib pastga yugurgan joyimda u ham bir to‘lg‘onib qad rostladiyu quchoq ochgancha o‘shayoqdanoq emranib kela boshladi. Ammo koshki eshitsam, qanday erkalab, nima nomlar bilan atayotganini! Og‘zidan qanday so‘z, mujdalar uchayotganini! Faqat u ham mendan battar sog‘inib yugurib kelar, uzoq ko‘rishmagan kishilargina shunday talpinmoqlari, bir-birlarini sog‘inmoqlari mumkin edi.
Qolaversa, u jondan aziz akajonimni izlab ketgan edi, uni izlay-izlay bir yerlarga yetgan edi! Qanday daraklar bilan keldi ekan endi?..
Dalaning o‘rtasida bir-birimizga yetib bordik. Yetib bordigu chirmashgancha qoldik. Oftob seliga to‘lgan dalaning qoq o‘rtasida turib qolganimizga ham, tashlama ariq bo‘yida tizza bo‘yi o‘sib urug‘ bog‘lashga tushgan o‘tlarni bosib-yanchayotganimizni ham unutib, gir aylanardik. Quchog‘imizdan qo‘yib yubormasdik. Qo‘yib yubormasdigu quchib ham, yalab-yulqashib ham to‘ymasdik.
— Bor ekansiz-ku, shunchalar ham bedarak ketadimi odam?.. — derdim men.
— Keldim-keldim. Uzoqib ketgan bo‘lsam, uzr, sog‘intirib qo‘ygan bo‘lsam, kechirasan, pakana pari. Shunaqa bo‘lib qoldi, cho‘zilib ketdi safarlarimiz. Faqat aybga buyurmaysan, so‘kmaysan, pakana pari, — deb o‘tinardi u.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:11:54

— Nega, Chaman akajon, sog‘inganimizdan, kutaverib ko‘zlarimiz teshilganidan aytaman-da, — derdim men.
— Eshitdim barini, eshitdim. Mingdan-ming rahmat senga, pakana pari. Yo‘qligimni bilintirmabsan. Hammasiga o‘zing girgitton, o‘zing balogardon bo‘libsan! Tog‘dek himoyachilari bo‘lib o‘tiribsan! Tabiblarga borib em-dorilarini topdiribsan! Kasalxonalardan olib chiqibsan! Yolg‘iz qoldirmabsan. Chin ukalik qilibsan, Maqsud! — deya, alqab bir yerlarga yetardi.
Kuraklarimni silab, bag‘ridan bo‘shatmasdi. Men ham bu so‘zlardan erigandan-erib borardim. Hamma qiynalganlarim — barcha yugur-yugurlarning, o‘lib-tirilganlarimning qiynog‘i, alami tarqab borardi. Go‘yo birov emas, Chaman akamning o‘zi uni ko‘ksimdan sidirib olib tashlamoqda edi, qushday yengil tortib bormoqdaydim.
Keyin o‘zi quchog‘ida dast ko‘tarib, yerga qo‘yarkan, yelkamga qoqib:
— Obbo, pakana pari-ey, shunaqa hech kim topmas joylarga chiqib olib, g‘ir-g‘ir shabadalar bilan tillashib yotibman degin? Dalamiz bor, bu dunyo g‘urbatlaridan yozilib ketadigan joyimiz bor, degin? Yur, yur, o‘sha chaylangga chiqayluk. Birpasgina bo‘lsa ham dunyo tashvishlaridan uzilib, ariq bo‘ylarida o‘tirayluk. G‘uborlardan tozalanayluk, — deb qistay ketdi. — Bunday joylar ham g‘animat.
Yodgor esa, bu gapni eshitgandanoq otlanib qolgan, o‘rta yo‘lga tushib olib, hali u oyog‘ida, hali bunisida o‘ynoqlab borar, yo‘lakay g‘umaylarningu boshoq tortgan bedana o‘tlarning boshini yulib-otar edi. Hali ariqqa yetsin, baliq bo‘lib suvdan chiqmay qoladi shekilli! U o‘zi bilan o‘zi andarmon ekan, biz esa so‘rashib-istashib, chayla tagiga chiqib bordik. Chaylaki, bir necha tol xodalarini egib-bog‘lab, tol istaklariyu cho‘plari bilan ishkomdek yopib, kamiga ikki yonidan jandig‘u chirmoviq gullarni chiqarib yuborgan edim. Ariqdagi suvning ayqirib oqishiyu uning bo‘yidagi yolg‘iz yosh terakning biydek dalaning qoq o‘rtasida kumush ukpardek «shildirashi»ni demasangiz, aytarlik joyi yo‘qdek. Ammo Chaman akam hali ariqdagi suvda yuzlarini pishib-pishib chayib, hali egat boshidagi qarqirab o‘sgan jambilu rayhonlar oralab, hidlarini gurkiratib tinchiy qolmasdi:
— Oh-oh, jannatning bir bo‘lagi-ku! Har tarafdan orom yog‘ilib yotibdi-ku, — derdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:12:08

Chaylaning tagiga kirib esa:
— Ana shabadayu mana shabada! Bunaqa joyni yana qaerdan topasan?! — deb turib qoldi. — Voy, sen— pakana pari, shunaqa g‘ir-g‘ir shabadalarning yo‘lini topib chayla qurganmisan? Faqat avrama, zo‘r dehqonlar ham bunday joyni topolmaydilar-ku, — derdi u.
— Nega avrayin, menga o‘zi shunday baland — ko‘kcha yer tushib qopti, — dedim iymanib. O‘zim esam uni o‘tkazgani joy topolmay, quruq sholcha ustiga nima yozarimni bilmas edim: Chaman akamdek bir odam ozib-yozib bir kelib qolganida... tagiga solishga bitta ko‘rpacham bo‘lmasa-ya!..
— Buyam bo‘lsa, sening baxting. O‘zi omadi chopgan yigitsan-da, pakana pari. Hamma ham sendek bo‘la olsin-chi, sidqidil bo‘la olsin-chi...
— Qani, qaerga ham o‘tqazdim? Yoki manavi bir quchoq pechakni tushab bera qolay, — deb urinardim men.
U ko‘nmadi.
— Qo‘y, tegma, qo‘zichoqlarning rizqiga. Odam o‘tirsa yemay qo‘yaqoladilar. Undan ko‘ra, mana bu yerga cho‘kib, oyoqlarni uzatib yuboramiz-da, dalaning erka shamollariga yuz tutamiz. Qara, yerdan ham oyoqlarga xush yoqib, muz chiqyapti! Ko‘pdan odamga o‘xshab, bunaqa joylarda yonboshlamaganmiz. Yerning taptini tuymaganmiz. Qo‘y, pakana pari, odamni bu baxtdan benasib et-           ma, — deb turib, kutilmaganda u qo‘lini duoga och-      di, — Qani, omin, seni ham kishti-koringga Alloh baraka bersin. Yana ko‘p yillar shu yerlar, shu yellarning fayzidan bebahra etmasin.
Dalaga kelib, yalangoyoq tuproq kechib, ariqlarda cho‘milib, daraxtlarga osilib yurgan Yodgortoyning bo‘yi ancha tik tortib qolgan, hozir ham o‘yinqaroqligiga borib, ariqning u betidan bu betiga sakrar, ninachimi — nimadir tutishga andarmon edi. (Hali ariqqa to‘g‘on bo‘lib, o‘zidan oshib o‘tgan suvlar sharsharasiga besh ketishga tushsin, oftobga chiqib yotib, yana o‘zini suvga otishga tushsin, to‘xtatib bo‘psiz! Bu yerdan ketgisi ham kelmay qolishi aniq).

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:12:20

Biz esa, bundan foydalanib, bir-birimizdan hol-ahvol so‘rab, ko‘ngil ovlashga tushib ketganmiz. Mulozamatlarimiz cho‘zilgani sari dil hapriqadi. Niyatga ko‘cha olmay halakman. Bir chekkasi o‘zi sog‘-omon qaytganidan boshim osmonda, ko‘nglim xotirjam tortib borayotgan bo‘lsa-da, muddaoga ko‘chishga bir intiq-bir intiqmanki, qani mavridi kela qolsa. O‘zi ham odamni qiynamay murodga ko‘cha qolsa bo‘lardi.
Bunga sari ichimga «nima, shuncha yurib, izini topolmabdimi, nega jim, gapni aylantiradi» degan shubhayu gumonlar oralaydi. O‘zimni esa tilim aylanmayapti, irim qilib, og‘iz ocholmayapman. Nihoyat, u qay bir yurtlarning jazirama oftobida kuyib qoraygan yuzlarini ishqab, boshidan (o‘sha ayvonchasi silliq yelimu o‘zi lattadan tikilgan) oq kepkasini olib, chayla bag‘aziga ilarkan:
— Aytmoqchi, anuv osori-atiqashunos uchradimi? Men yo‘ldan senga bir narsalar berib yuborib edim?— dedi negadir betimga qaramay.
Yuragim taka-puka bo‘lib kelib, shuv etdi! Sezdimki, undan ortiq bir narsa topmabdi. Topsa, aytardi-ku! Aytib, suyunchi olardi!.. Nahot akam?..
Yo‘q, tishni tishga bosmoq kerak! Halitdan yomon fol olishga nima hojat? Akam bo‘ladiyu beiz-bedarak ketadimi?! U yolg‘iz o‘z boshini o‘ylaganlardan bo‘lsa ekanki, qo‘rqsam?!.
— Berdi-berdi, keltirib berdi, u omonat xatlarni asrab qo‘yibman, hech kimga ko‘rsatmay.
— Barakalla, yaxshi qipsan, hali mavridimas, — deb u menga minnatdor qarab qo‘ydi.
— Hali yaralar bitmagan, ko‘tara olmaydi, deysiz-da? — dedim ichim achishib.
— Har narsaning davosi vaqt, tura tursin, — dedi u uzatib yuborgan oyoqlarini negadir tinimsiz silab-siypagancha.
Bu gapdan ichim uzulib, o‘zimni behol sezdim: boyaqish, kennoyim, yana qancha kutadi ekan? Sabri yetadimikan? Shu xayollarim o‘zimga o‘tirishmay ich-ichimdan bir norozilik uyg‘onib kelmoqda, o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketmoqda edim: Aytsa ayta qolmaydimi, nima bo‘lganini? Odamni buncha xat qilmay!
U suyub tikildi:
— Senga ming rahmat. O‘z jigaringdan ham a’lo ko‘rib, xizmatlar qilibsan. Jujug‘iniyu o‘zini ko‘z qorachug‘ingdek asrab o‘tiribsan. U dunyo-bu dunyo unutmaydigan bir ish qilibsan.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:12:34

— Kimga? — dedim bir xijolatlarga botib.
— Ularga-da, kimga bo‘lardi. Akang uchun, men uchun.
— Qilsam kimga qipman, begonami? — dedim o‘pkam to‘lib kela boshlab.
— Alloh rozi bo‘ladigan ishni aytib qo‘ygan yaxshi-da, — dedi u.
— Bir mening qo‘limdan nimayam kelardi?! Siz shu rahmatlaringizni boshqa bir kishiga aytsangiz yarashardi, — dedim chiniga ko‘chib.
Chaman akam ilkis qaradi. Bu nigoh ichimning tub-tublariga qadar singib borgudek edi.
— Chin gap ham shu. Agar To‘ram taqsir yordam bermasalar, panohlariga olmasalar, bir mening qo‘limdan nima ham kelardi...
— Chindan o‘sha kishi-ya? Tangritog‘da davlat qurib, keyin biz... biznikilar o‘g‘irlab kelgan, uy qamog‘ida o‘tirgan zot-a? — dedi hayratlanib.
Yashiradigan hech narsa qolmagan edi:
— Ha, o‘sha — akamni biladigan, uning nomini tildan qo‘ymaydigan kishi.
— Bilaman, — dedi u yana tizzalarini silay boshlab. — Akang ham u kishiga ko‘p e’tiqod qo‘ygan, ishongan edi. Buyursayoq, osmondagi yulduzni uzub oladiganlardan edi. Yo‘llari ayri tushdiyu niyatlariga yetolmadilar.
— Nima, akam?.. — deb yubordim yuragim xunuk bir qalqib.
— Ha, u diyordan chiqib ketgancha, hech yerda qo‘nim topolmayotir. Tarix o‘z niyatidan qaytmagan bunaqa darbadarni ko‘rmagandir...

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:12:45

Chayla tagida shabada bir damgina to‘xtab, olam tandirga aylangandek, qiziblar ketdim. Bu xabardan yo nafasim ichimga tushib ketgan, yo bir bo‘lsa, yuragim urmay qolgan edi! Betoqatlanib, chuqur bir tin olib edim, shuni kutib turgandek Alloh ham ushlab turgan yellarini qo‘yib yubordiyu ko‘ksimga avvalgidek bir yengillik kirib, odam holiga qaytdim. O‘ziga shukr. Bu g‘ir-g‘ir shabadalarini birpasgina qo‘yib yubormay tursa, nima qilardim, holim nima kechardi?! Yaxshiyam qo‘yib yubordi, marhamatini darig‘ tutmadi. Akamga ham shunday marhamatini darig‘ tutmasa, nima qiladi ekan? Sarhadlarni ochib yuborsa, nima qiladi ekan? Yo biron boshqa atagani bormi unga?
— Shuning uchun ham hiyla kechikdim. U ko‘chib o‘tgan diyordan topganlarim esa, yolg‘iz shu bitiklar bo‘ldi. U yog‘i qaerga ketib, qaerda qo‘nim topgani ma’lum emas, — deyar edi Chaman akam. Men esam, buni anglab turgandekman-u, qo‘lidagi o‘rog‘liq narsa yana xatlarminima ekanini fahmlab yetolmayotirman...
U yoqda esa ikkala qo‘lchasi ila to‘g‘on qozig‘igami, nimagadir yopishib olgan Yodgortoy zo‘r berib suvni shaloplatar, olamga sig‘may yayrar edi. Bu yoqda esa, biz o‘z g‘amimiz o‘zimizga yetib, bir-birimizga tikilishib o‘ltiribmiz. G‘ir-g‘ir esgan shabadalar ham o‘sha g‘amlarimizni ko‘tarib ketolmayotgandek. Shu holda yana qancha o‘tiramiz — o‘zimiz bilmasdik.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:13:03

8. Chirog‘boniga zor go‘sha yoxud bulbullar chah-chahlagan bir chorbog‘

Bekobodning Shirin shahriga ikki kunlik safar bilan ketgan edik. Safar ham shoshilinchroq edi. Ertasiga tushlarga yaqin qaytib kelsam, meni kimdir so‘roqlabdi. Kamiga kelishi ila qo‘ng‘iroq qilsin, deb telefon numerini qoldiribdi.
Raqamidan tanimadim-u, lekin ichim hapriqishi qolmasdi. Xuddi biron qarindoshimiz to‘satdan olamdan o‘tganu men janozasiga yeta olmay qoladigandek edim. Axiyri sabrim chidamadi. Berilgan numerni tersam... Olim akam!
— E, mening mirzo xolavachcham, qaerlarda yuribsan? Buncha safaring ko‘p ekan, yurishlaring ko‘p ekan sening?! Nasiba qo‘shgan ekan, tezda yetib kel. Hamma xolalarimizu tog‘alar yig‘ilishib o‘tirishibdi. Bitta sen yo‘qsan.
— Tinchlikmi, o‘zi? Qaerga yetib boraman, qanday yig‘in? — dedim, bu go‘sha qaerda ekanini hech aqlimga sig‘dirolmay.
— Qaerga bo‘lardi, pakana pari. Bizning yangi hovliga-da... — Keyin «darvoqe sen bilmaysan-a», deb tushuntira ketdi. — Bir taksiga o‘tir, ketsa mirzodan ketibdi. Ammo bu yig‘indan qolma. Keyin afsus qilasan. Qarindoshlarni bitta qoldirmay yig‘ib kelganman. Kutaman-a?!
Shuni aytadilar-da, nasib qilsa kelar Shomu Iroqdan deb. O‘zim ham Kattabog‘u Yakkabog‘lar buzilib, har yerga to‘zib ketgan qarindoshlarimni sog‘ingan edim. Qolaversa, ishli odam — boshqa paytda borib ko‘rgani vaqt topolmaysan, vaqting bo‘lsa, boshqa tashvishlardan ortib yetolmaysan. Shunaqa yig‘inlarda diydorlariga to‘ymasang, qachon to‘yasan! Xolalaru tog‘alar ham qarib qolishdi, hammalari g‘animat. Duolarini olib qolganga, xizmatlarini qilganga nima yetsin! Undan tashqari bu akam tushmagur miq etmay yurib, isini ham chiqarmay qaerdan hovli-joy qilibdi ekan? Nega qavatimizga boravermay, soylik-tepalik demay Bo‘zsuv bo‘yidan joy qilibdi ekan? Niyati nima? So‘qqabosh odam— issig‘i bor, sovug‘i bor, hovli-joy qilmoqchi ekan, bir og‘iz aytmaydimi, qavatimizga yaqin joydan topmaymizmi?

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:13:16

— O‘zing bilasan, Bog‘obodning tagi bilan o‘tgan yo‘l bor-ku, hozir avtobus qatnayotgan? Omon qolgan lagerlarning pastida polkovniklarning bog‘larini ko‘rganmisan? O‘shatta tushasan. Naq Bo‘zsuv bo‘yida. Qaynamaga yetmasdan, — deb tushuntirdi akam.
U yerda qanday bo‘sh joy bor ekan, imorat solsa bo‘ladigan, hech aqlim bovar qilmas edi. Shuncha o‘tib, ko‘rmagan  ekanman-da?! Men Bo‘zsuv yoqasidan joy qilgan polkovniklarning mevali-mevasiz daraxtlar o‘rab, chakalak bo‘lib ketgan bog‘larini bilar edim-u, lekin kechalari lagerlarga kino ko‘rgani shuncha devor oshib borganimiz bilan, u bog‘larga yurak yutib kirgan emasdik. U giloszor, nokzorli chakalaklarda kecha-kunduz bulbullar chah-chahlab yotsa-da, birontamiz ikki qavat shoh-devorlarni oshib o‘tmaganmiz. Simga bog‘liq zanjirlarini sudrab, akillab beradigan itlariga yurak yutib yaqinlashib bo‘ladi ekanmi?! Shohdan kirgan bola tugul quyonu mushuklarni g‘ajib tashlaydigan u itlar hali ham bor bo‘lsa kerak. Olim akam kelib-kelib, o‘shalarning qavatidan joy qilibdimi? Hukumatga xizmatlari evaziga berishibdimikan yo sotib oldimi-     kan?
Men shu xayollar bilan asrga yaqin aytilgan joyga yetib borar ekanman, uning qavatimizdan chiqib, boshqa yerda joy qilganiga hech tushuna olmasdim. Keyingi paytlarda uning kamnamo-kamgap, xuddi ichimdagini top qabilidagi odamlar sirasidan bo‘lib qolgani shundan ekanmi yo?..
Bog‘obodning pasti bilan tushgan o‘sha aylanma yo‘lni demasa, u atrofda yangi hovli-joyu qurilish otining o‘zi ko‘rinmas, Olim akam qaysi joyni tushuntiribdi ekan, tusmollay-tusmollay, yo‘l yoqalab borar ekanman, o‘sha mashhur polkovniklarning bog‘-hovlilariga yetib qolgan joyimda yangi qo‘sh darvoza bilan yakka tavaqa eshik ko‘rindi. U yog‘i ham, bu yog‘i ham g‘ishtin devor edi. Shunaqa rasamadi bilan terilib o‘ralganki, qanaqa idora ekan, deysiz.

Qayd etilgan