Ko‘z ochganimda ul zot bolga botirilgan o‘rta barmoqlarini angishvonadekkina og‘izlariga olib bormoqda edilar. Xonani esa, bol hidi tutib ketgan edi.
— Oh! Bol, degancha borsan o‘zing. Dunyoning yana qay bir chekkasinda bundayin asal? Yolg‘iz jannatda topilsa mumkin, — dedilar ul zot. Keyin asaldonni hamsoyalariga tutdilar, — Oling sizlar ham, Vatandan bol kelibdir. Bolga qo‘shib,— ul zot yana menga o‘girildilar, — yana nimalar keltirmishsiz?
— Ruxsat eting, ola kirsam, — dedim men o‘rnimdan dik turib.
— Shoshmangiz, — deb imo berdilar ul zot, — Siz bir boshdan ayting, ular opkirgaylar.
Men valakisalang, bul zotga manzur bo‘larli, yana bir narsadan boshlashni istardimu qaysinisidan boshlashni bilmasdim.
— Aytovuring, bizga u diyorning azizmas narsasining o‘zi yo‘qdir?
— Eng aziz narsalardan... ya’nikim, Marg‘ilon behisi, — dedim hamon o‘zimga kelolmay.
Olib kirdilar, sarig‘ oltindek sarg‘argan, piyoladek-piyoladek behilar shodasini.
Ul zot o‘tirgan joylarida nurga botib jilmaydilar:
— Sallamno bo‘lsin, Allohgakim, faqat bizning diyorlarda o‘stirib-bitdirib qo‘ymish bunday ne’matlarini. Yana, — dedilar u kishi, — bundanam bo‘ydorroq, xushbo‘yroq nima keltirmishsiz?
— Diyorning mashhurizamon «churukchopon»i...
Olib kirdilar sariq-ko‘kish olovdek tovlantirib, o‘tdan to‘qilgan jildbog‘ida osiltirib.
— Sallamno, sallamno. Nomiga-da, kishtikoriga-da, yetishtirgan egalariga-da. Qabul-qabul, — deb turib, yana boyagidek intiqlik-la so‘radilar. — Yana-chi, yana?! Yana bizning boshimizni qanday ko‘kka yetkurmakchisiz?
Shunda Maqsud, vujudimga uyat olovi yugurib, yuzlariga zo‘rg‘a boqdimu:
— Ma’zur tutgaysiz, biz faromushxotirlar- ni, — dedim o‘zimda jur’at topib, — Boldan totluv, har narsadan aziz dilbandingiz turib, biz nimalarni kiritib o‘ltiribmiz?! Ul taqsirlar siz uchun bu olamda har nedan aziz oilangiz, ahli ayolingiz, tomirlaringiz daragini topib, dilbandingizni yubormishlar.