Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127749 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:57:25

Qaerdan kelishi, kim qo‘yishi mumkin, aql bovar qilmasdi. Qancha bosh qotirib ham tagiga yetolmagandik. Keyin axir bir kun isi chiqib qolar-ku deb men uni hech kim topolmaydigan bir yerga — anuv parda ortidagi birov bilib, birov bilmas tokcha-tortmachamiz tagiga yashirib qo‘ya qolgan edim. Shu vaqtgacha miq etmay yurgan kennoyim hozir o‘sha osmondan tushganday paydo bo‘lib qolgan marvarid haqida og‘iz ochmoqda edilar. Uni qarang-a!..
— Xo‘sh-xo‘sh? — dedim ich-ichimdan bir hapriqish bosib kelib.
— O‘shanu ham... bu kishi qoldurgan ekanlar.
— Yo‘g‘-e... — Bu endi aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan narsa edi. —  Qanaqasiga?
— Shunaqasuga... — dedilar kennoyim turgan joylarida to‘liqa boshlab, boyaqishginaning qaroqlariga yana yosh quyilib kelib, ovozi titray boshlagan edi, — o‘sha zanjular bilan kelganlaruda...
— O‘sha qora-quralar bilan-a?! — Mening boshimdan olov chiqib ketgandek edi, ko‘ksimga havomi nimadir yetmasdi. — O‘sha gap, o‘sha mish-mishlar rost ekan deng-a?!
Shu davada men ikki qadam tashlab, ushlab qoldimmi yo u kishi qo‘llarida choynak-piyola, bo‘shashib yelkamga o‘zlarini tashladilarmi, o‘zimga kelganimda yuzlarini yelkamga bosib, aytib-aytib siqtar edilar:
— Rost ekan, Maqsudxo‘ja! Biz boyaqishlar hech narusaning farquga bormabmuz!.. Fahmuga yetmabmuz... U kishu suvratlarga tushurib ketubdilar. To‘yub-to‘yub ko‘rib ketubdilar. Biz hech narusanu bilmabmuz. Bir ishora, bir belgu berub qo‘ymabdular hatto, — derdilar.
Men esam, u mushfiqani qanday yupatib, qanday tinchlantirarimni bilmayman, ichimdan esa bir olam narsalar o‘tib bormoqda: «Belgi deysiz, mana shu marvarid-chi, u qaysi belgidan kam?!» degim kelyapti-ku tushov tushgan tilim yechila qolmaydi, o‘zimga ovoz bita qolmaydi. Ammo bu voqea rost chiqqanidan boshim osmonda: voh, mana buni akam desa bo‘ladi! Hammasini dog‘da qoldirib ketibdi, hatto sayyoh qiyofasida kelgan anuv vatanjudodan o‘tib tushibdi! Chinakam Botur deb shuni aytadilar-da, derdim. Derdimu miq etolmasdim. Negaki yaqin olib, o‘ziniki hisoblab yelkamga bosh urgancha bo‘zlayotgan kennoyim mendan o‘tib tushmoqda edilar:
— Eshityapsizmu, Maqsudxo‘ja,— derdilar kuyib-pishib, — o‘sha «mehmon» o‘zlaru ekanlar. Kelubam bildurmabdular. Biznu ayab miq etmabdular. Alloh rozu bo‘lsun, — deb bir yerga yetardilar.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:57:38

Men esam:
— «Duoyu iltijolariz Xudoga yetgani shu, kennoyijon. Hali qarab turasiz, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi! Yo‘llar ochilib, ko‘rmagandek bo‘lib ketasizlar. Shukr qiling, Alloh daraklarini chiqarganiga. Olim akam borib ko‘rib kelganiga. Mana bunday mujdalar keltirganiga, — deb taskin-tasallular bergim keladi-yu, ich-ichimdan bosib kelayotgan sevinch, xo‘rlik, sog‘inch aralash bir hislarni jilovlay olmayman: — Hademay Allohning o‘zi chegaralarni ochvorsa, bordi-keldilar mumkin bo‘lib qolsa, nima deysiz?! Akam o‘g‘rincha emas, allaqanday qora-quralar bilan emas, ro‘y-rost kirib kelsa, nima deysiz?! Axir Allohga oson ekan-ku», — deya xonamga yugurib kirgim, pardalarni ochib tashlab, o‘sha birov bilib, birov bilmas joydagi omonatni olib chiqqim keladi-yu, joyimdan jilolmayman, qo‘zg‘ololmayman. Faqat bir narsaga hayronman! U kishining o‘zi-chi, nega tanib turib ham... bilib turib ham necha miq etmabdilar, hokisorlik shunchalik bo‘larmi?
Shu davada:
— Shoshmang, men hozir, — deya bir qadam chekilib, uyimiz tomon burilmoqchi bo‘lgan joyimda u kishi bosh to‘lg‘ab o‘tinishga:
— Yo‘q-yo‘q, Maqsudxo‘ja, qo‘ying, tura tursun. Kichigoyum kelgunlaricha tursun, ovoza qilmay turayluk... — deb iltijo qilishga tusha ketdilar
— Xat-chi, zamzam-chi, ularni hammi? Endi bu narsalarni yashirib bo‘ladi ekanmi? — dedim hayronlar qolib.
— Yashirub-ku bo‘lmas, lekin ovoza qilish ham xayr¬lumikan? — dedilar u kishi.
Darvoqe, nima hayrli — o‘sha Alloh rozi bo‘ladigan narsadir. Chindan ham, hozir sabrdan yaxshiroq, xayrliroq narsa yo‘qdek edi.
Shu tob... hali joyimdan jilmay turib... eshikka yengil mashina kelib to‘xtab, ajabtovur musiqachalib, chaqira boshladi. Bunaqasi Olim akamning «Volva»sida ham yo‘q edi. Tavba, kim bo‘ldi ekan, deb chiqib borsam, qay ko‘z bilan ko‘rayki, tanish yashil «Jiguli»dan... boshida oq kepka, egnida oq hoshiyalari biram chiroyli, biram yarashgan zangori sportchilar kiyimida... Chaman akam tushib kelyapti:
— Xello, Maqsud mirzo! Haliyam sho‘ttamisan? Olim kepti-ku, ziyoratga o‘tmaymizmi, axir?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:57:51

— Assalomu alaykum. Nega o‘tmas ekanmiz! O‘tamiz. Akamni ziyorat qilib kelgan odamni ziyorat qilmaslik mumkinmi?! — dedim men quchoq ochib bora boshlab.
— Uni qara-ya! — dedi Chaman akam o‘sha-o‘sha hazilkashligi tutib, — Sultonga kimlar intiq-intizor, kimlarning ko‘zi teshilib yotibdi, Olim akang ko‘rib kepti! Dunyoning teskariligini ko‘r!
— Nasib-da, nasib! — dedim men.
— Endi borib yermiz xasip, — dedi u.
Kulishib, quchoqlasha ketdik. Orqadan chiqib kela boshlagan kennoyim qay ahvolga tushdilar, men ko‘rolmasdim.
Bir kunda shuncha xursandchilik, shuncha mujda! Bu yaxshi bir zamon, masrur kunlar kelayotganidan, anavi boyaqishlar ko‘kragiga ham oftobu shamol tegajagidan yaxshi bir darak emasmikan? Qolaversa, akamning manavi jahongashta do‘sti yana qanday xabarlar bilan keldi ekan? Bekorga qadam ranjida etmagandir?!
Shu tobda men undan bir narsani juda-juda so‘ragim, bilgim kelib ketayotir edi. Sekin qulog‘iga shivirladim:
— Ayting-chi, akajonimiz qo‘nim topgan diyorga bormoq osonmi, u yerdan kelmoqmi?..
Bu shunchalar sirli ediki, Chaman akam aftimga «Ha, quv», degandek qaradiyu u ham sekin bag‘riga tortib, qulog‘imga pichirladi:
— Xudo xohlasa, har ikkisi ham oson. Axir akang keb ketipti-ku. Endi kimning gali ekan? Navbat sizlarga-da.
— Yo‘g‘-e, rostdan-a? Behazil gapizmi? — deya aftiga tikilib qolibman. Shu temirqo‘rg‘ondan biron yoqqa chiqib bo‘larkanmi, demoqchi bo‘lardim.
U ham bir qarashda meni tushuna qoldi. Tushuna turib, dabdurustdan yelkamga qoqib, sal o‘ziga tortgancha jilmaydi:
— Akang yo‘lini topganda sen topolmaysanmi? Senga osonroq-ku? — dedi atay mening jig‘imgami-g‘ururimgami tegmoqchi bo‘lib. Rostdan ham bu gap nafsoniyatimga tegib ketgan, o‘zim to‘msaya boshlagan joyimda uning bu gapi hazil ekanini fahmlab qolib, bo‘shashdim:
— Hamma ham akam bo‘laveribdimi! Unday bo‘lolsak, jon-jon derdik-ku.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:58:04

Chaman akamga bu gap nasha qilib, bexos bag‘riga tortdiyu, quya qulog‘imga yana boyagidan ketdi:
— Eh, pakana pari, pakana pari. Gazetda ishlayverib, to‘ngib qopsan. Ko‘zingni och, sen ishongan tollar allaqachon kesilishga kepqolgan, ich-ichidan chirib yotibdi...
Yo‘g‘-e, nahotki, degandek aftiga yalt etib qarasam, har baloga aqli yetadigan Chaman akam... o‘sha-o‘sha su-yib, jilmayib turibdi.
— Bir kun ertalab turib qarasakki, u qari tollar yo‘q, ...shundaymi?
— Yo‘q, — dedi u ma’noli boqib, — ortidan esa, chiroyli bir tong otib kelyapti — boqib to‘ymaysan. Tushunding?! — dediyu shoshirishga tushdi. — Ketdik, ketdik, akangdek odamni ko‘rgan safarchi keladiyu biz oyoqni qo‘lga olib yetib bormaymizmi, uyat bo‘lar, axir. Bordir bizga ham atalganlari...
Shuncha qistasak-da, kennoyim unmadilar. Uyni yolg‘iz qoldirishga ko‘zlari qiymadi:
— Borarman keyinroq, menga boyagilar ham yetadi,— dedilar mungli jilmayib.
Chindan ham, endi nima ham akam berib yuborgan narsalardan o‘ta olardi?!
Alqissa, o‘sha Bo‘zsuv bo‘yidagi «polkovniklardan qolgan bog‘»ga yetib, tanish hovli-joyga kirar ekanmiz, peshvoz chiqqan safarchini ko‘rib, gangib qolgan edik.
Qay ko‘z bilan ko‘raylikki, qarshimizda Sulton akamizdek jussador, ko‘z qarashlariyu bo‘y-basti bilan, hatto yurishlari bilan akamga tortib ketgan bir odam — Olim akam quchoq ochib kelar edi. Valloh, valloh, Sulton akamning o‘zini ko‘rgandek quchoqlashib, yalashib-yulqashib ketdik. Xursandlikda bizga yetadigan odam yo‘q edi. Undan akamning hidi, bo‘ylarini tuyib, bir yerlarga yetar edik.
Ammo hammasidan Olim akam qo‘yin cho‘ntagidan chiqarib, menga uzatgan «mozorbosdi hadya» o‘tib tushdi.
U hov bir vaqtlar — bolaligimda tog‘am hadya qilgan narsaga juda-juda o‘xshab ketmoqda edi. Bu ham o‘shanga o‘xshab, tig‘i jimjiloqdek, o‘zi bir qarichcha keladigan — sadaf bandli pichoqcha edi. Balki o‘shaning o‘zidir, o‘sha pichoqchadir, degan xayollarga-da bormoqda edim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:58:14

Farqi — buning mo‘’jazgina qinchasi, yiltiroq qora ko‘ndan tikilgan g‘ilofchasiyu bejirimdan-bejirim shokilachasi ham bor edi. Qinmisan-qin. Yonga taqadigan belbog‘chasini aytmaysizmi, o‘shani-da unutishmagan edi. Fil suyagidanmi, nimadan qilingan oppoq sadaf bandi esa, o‘sha qindan chiqib turibdi.
Voh, nima bu? Qanday mo‘’jiza? Yo‘qolgan narsalar osmondan tushgandek paydo bo‘lib tursa? Yo akam berib yubordimikan?!
Ko‘zlarim o‘ynab ketganini ko‘rgan Olim akam        mayin jilmayib, yelkamga qoqdi:
— Sen avval ichini och, qindan chiqar. Kimdanligini bil.
Qo‘lim titranqirab qindan chiqarsam, uchiga qadar shildiroq qog‘ozga o‘ralgan jajji pichoqcha.
— Och, och, — dedi Olim akam qistab.
Qog‘ozini olsam, pichoqmisan pichoqcha. Naq, o‘sha, hov bolaligimizda tushib qolmasin deb, kitob muqovasi ortiga yashirib yuradiganimdek, sadaf bandli mitti pichoqcha. Faqat bir yuziga uch kunlik nozik hilolu bir yulduz zarb etilib, tepasidan zarhal bilan nimadir yozdirilgan edi. Unaqasiga ham, bunaqasiga ham o‘qiy olmadim.
— Ie, «Anvar mirzo», o‘zlarini ham tishlari o‘tmadimi? Unda ko‘fiy xatga ham tishi o‘tadiganlarga bering. Ana, Chaman akangizga bering, — dedi Olim akam tegishib.
Shundagina chumoli izidek bu mayda yozuv arabiy imloda, ustiga ustak, zer-zabarsiz ekanini anglab, qimtingancha qoldim.
Chaman akam o‘qidi. Qarangki, bitik arab imlosida bo‘lsa ham, o‘zi turkiy tilda edi: «Hammamiza suyukluv, hammamizdan o‘zgukluv 1 pakana pariga».

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:58:23

Tanidim! U Sulton akamdan edi! Undan bo‘lak hech kim bundoq yozmasdi ham, erkalamasdi ham!.. Tanidimu vujudimga shirin bir tuyg‘u — bir jimirlov yugurib, ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi!
Rostini aytsam, bundoq yosh, bunday hislar ko‘pdan mehmon bo‘lmagan edilar. U yana uzoqroq davom etaversa, to‘xtamasa, derdim. Sog‘inch yoshlari shunchalar shirin bo‘ladimi ekan?!.
Men pichoq yuziga termular ekanman, akam atay yozdirib yuborgan haligi ikki og‘iz so‘z tilimdan tushmas, go‘yo dilimga muhrlanib qolgandek edi: «Hammamiza suyukluv, hammamizdan o‘zgukluv...» O‘zish tugul, ukasi degan nomga munosib bo‘lolsak-chi avval!..
Shu bilan birga, yana allaqanday shirin hislar qamrab kelib, bu so‘zlardan totli bir g‘urur ham tuymoqda edimki... o‘zim bilan o‘zim bo‘lib, hamrohlarimdan ortda qolib ketibman.
Bir mahal qarasam, ular hiyla narida to‘xtab turibdilar. To‘xtaganlari mayli, turishlari g‘alati edi, qo‘rqqulik edi!..
Valloh-valloh, o‘rtalarida qanday gap o‘tibdiki, Chaman akam safarchini ikki kiftidan tutib, o‘ziga qaratgancha... yuzlaridan ko‘z uzmasdi. Hech kimga bo‘y bermaydigan, qolaversa, durkun tortib ketgan Olim akam esa, shu holiga akajonisining ming yillik oshnasi oldida bo‘yin egib, yer suzib qopti. Bir qur bo‘lsa-da, uning ko‘zlariga qarab qo‘ymaydi. To‘g‘rirog‘i, qaray olmayotir. Yuragim shig‘-g‘ etdi: «Nima ro‘y bera qoptiki, bunday turishibdi? Mendan nimani yashirishgan ekan?!.»
Menga qolsa, yugurib borib, ijikilab surishtirishdan ham toymasdim, ammo ulgurmadim. Olim akam bir nima dediyu Chaman akam bo‘shashib, tusha qolgan edi.
U nimani qistab qo‘ymagan ediyu nimadan bunday bo‘shashib tusha qoldi? Qolaversa, akamdan bo‘lak kimni ham surishtirardi?! Bu o‘ydan yuragim to‘kilgudek bir holga tushib, sekin boraverdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:58:34

Chaman akam so‘rardi:
— Xabarchilari-chi ulardan ham darak bo‘lmadimi?
— Ikki xafta kutdik,— dedi Olim akam, darak tugul, javob kelmadi...
Ana xolos! Nega unday bo‘libdi? Umrida lafzining ustidan chiqmay qolmaydigan akamga nima bo‘libdi? Bu o‘ydan kuragimda boshimga dovur bir jimirlov yugurib, peshonamdan muzdek ter chiqib ketgan edi.
Xuddi shu lahzada nima bo‘lib, Chaman akamning nigohi menga tushdiyu birdan o‘zgardi-qoldi. Kutilmaganda Olim akamni yarim quchganicha ichkari boshlayverdi. G‘alati hol edi: mezbon kimu mehmon kim, ajratolmay qolgan edim. Kamiga Chaman akam ovozini baralla qo‘tib, unga taskin berardi:
— Shunga shuncha tashvishmi? Muhimi, o‘zini ko‘ribsan, diydoriga to‘yibsan, sovg‘ayu, salomlarini ola kepsan. Ortiq nima kerak? Qayta ko‘risholmagan bo‘l-sangiz, epini qilolmagandir-da. Muxojir odamga oson tutma. Qaytaga uzulgan rishtalarni ulab kepsan, qay o‘lka, qay diyorlardan so‘rarimizni bilib kepsan! Shunga ham shukr, do‘ppini osmonga otsang-chi! — derdi shantallab. Qarang-a, bir o‘girilib kimga aylanib ulgurgan edi u.
Ammo ular mendan nimanidir yashirishayotganga ham o‘xshar edilar.
U nima ekan, suyukluv ham o‘zgunluv ukalari — men hech narsa bilmasdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:58:52

UCHINCHI KITOB BITDI

Jindek izoh: Va nihoyat, o‘n sakkiz yillik ayriliqdan so‘ng ota o‘z farzandi-arjumandi ruxsoriga yetishib, mushfiq onaizorning kelinlik sepi tariqasidagi taqinchog‘i — omonat ham o‘z egasini topgan va shariat zammata yuklamasi vazifalarni o‘tashga urinib qilingan sirli safar uddalanib, vatan sog‘inchi, yaqin jigarlar sog‘inchi jindek qondirilgan bir pallada «Judolik diyori»ning uchala kitobiga nuqta qo‘ymoq ham mumkin edi.
Ammo Oltinxon To‘ram farzandlarini ota diydoriga yetkazish asnosida jigargo‘shasi bilan ko‘rishishga muyassar bo‘lgan Sultonmurodning ketguningcha yana ko‘tarishgaymiz deb «lafzining ustidan chiqolmagani — hikoyachiga ham, kitobxonga ham qorong‘u qolayotgani bois bu tarixni aniqlashtirishga to‘g‘ri keldi.
Aziz kitobxon. Dastlabki urinishlarimizdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, judolik tarixi hali poyoniga yetmagan ko‘rinadi. Shu bois Sultonmurod taqdiriga doir hozircha muallifga ayon tarixlardan bir qismini to‘rtinchi kitobning ilk bobi sifatida taqdim etishga jur’at qildik. Alloh xayrli qilsin.
Uzr, diydor navbatdagi kitobga qoldi.

Muallif.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:59:18

S o g‘ i n ch  d i yo r i

4-KITOBDAN ILK BOB

Sadag‘ang ketay Qora darvesh yoxud bemavrid chaqirilgan azon

(Yolg‘iz muallifga ayon tarixlardan)

Kun tig‘ga kelgan, o‘sha lag‘chaga aylangan kunning o‘zi ham osmon toqiga mixlanib qolgandek edi. Uning zavolga og‘ishi, olov taftining qaytishidan bir belgi, bir sas berib, biron narsa qilt etsa-chi qani!.. Hatto vaqt to‘xtab qolgandek. Soyalar-ku kichrayib borib, dov-daraxtlarning, qo‘rg‘onlarning ortiga yashirinib olgandek, tosh-kesaklar tagiga kirib ketgandek. Go‘yo olam Mahshargohga aylanib, quyosh ham pasaya boshlagandek bir pallada bu muazzam shahar ahli barcha yumushlarini tashlab, kim soya-salqin qo‘rg‘onlariga, kim qorong‘ilatilgan ichkari uylariga kirib ketganlaru butun shahar kimsasiz Madina-kentga aylanib qolgandek edi.
Yaxshi ham Olloh qaylulani chiqargan, shahar ahli necha zamonlardan beri kunning mana shu pallasida boyagidek salqin joylariga kirib ketib, bir muddat mizg‘iy ketadilaru yana asrga yaqin «tirilib chiqib», o‘z toat-ibodatlarigayu tirikchiliklariga kirishadilar. Asr namozi ana o‘sha qaylula shukronasiga o‘xshab ketadi. Ana shundan keyingina Madina ko‘chalarida bahri dilni ochadigan shabadalar yurib qoladi...
Ungacha hali picha bor. Bizga avvalgi kitoblardan tanish, qolaversa, shu asarlarning bitilishiga ma’lum ma’noda sababchi bo‘lgan Bahriddin birodarimiz ham hozir tijorat ishlarini bir chetga surib, ichkari uyda qaylulaga berilgan, shu topda tong-saharlardagidek tiniqdan-tiniq tush ko‘rib yotar, qarangki, yana o‘sha o‘ksik bolaligiyu iqbol etagidan tutdim deganda ajrab qolgan diyorining dalayu qirlarida kezib yurar edi. Kezish nimasi, o‘sha diyor shamollariga, qushlariga qo‘shilib, shabboxun urar edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:59:29

Umrining so‘nggi kuni, so‘nggi nafasiga qadar tushlariga kiraversa kerak o‘sha diyor, o‘sha o‘ngida yetib bo‘lmas go‘sha. Balki so‘nggi nafaslari bilan birga u bu vujudni, bu quvg‘indi ko‘ngilning qa’rini tark etsa, jon qushi bilan qo‘shilib chiqib ketsa ham ehtimol... Ungacha mehmon bo‘lib kelaversa, o‘rtayversa, jon qushini o‘sha aziz go‘shalarga yetaklayverib qo‘ymasa, ne ajab? Tilimiz nega yolg‘onlab keladir, uni judolik diyori deb atab? U axir dil qa’rida yotmasa, jon qushi ila birga bo‘lmasa, nega mizg‘idi deguncha ko‘rinaveradi, o‘sha go‘sha, o‘sha diyorga yetaklayveradi?!
Balki adoqsiz sirlaridan voqif qilmak lozim bo‘lgan choqlarida u yana tushlariga oralab kirib kelaverib, uni yana nimalardandir ogoh etmoqchi bo‘laverar?.. Ishqilib u o‘shal aziz diyorning ko‘m-ko‘k bedapoyayu qir-soylarida yugurgilab yurar, goh qaybir tepalarda, goh qaybir adirlarda yuragini hovuchlab turib qolar edi.
Bu yoqda esa, bir gala ot ovlovchi chavandozlar har birlarining qo‘llarida bittadan arqon-sirtmoq, hammalari bir ko‘rkamdan-ko‘rkam, uchqur otni, hali hech minilmagan salt bir otni har tarafdan o‘rab kelishardi. Payt poylab turib, hurkak otning bo‘yniga sirt-moq otib ilintirib olishsayu keyin qo‘yib yuborishmasa. Ammo ish hali bunga yetganicha yo‘q. Yaqinlashdilar deganda u shart qayriladiyu uzun, ko‘hlikdan-ko‘hlik bo‘ynini bir yonga egib, yollarini hilpiratgancha chap berib, qochib qoladi. Keyin birontasi unga yeta olsin-chi, changida qolib ketadilar! U esa, narigi qirga o‘tib borib, sekinlaydiyu atrof-javonibni jangillatib — shunday kishnab beradiki, bu kishnovdan yuraklar simillab oqishga tushadi. Simillagan sari g‘ururmi, nimadir qanotga aylanib, ikki kurakdan o‘sib chiqa boshlaydiyu u otni yana quvsalar bormi, unga qo‘shilishib uchgisi, tutqich bermagisi kelaveradi.
Ot ham otmisan ot edi o‘zi! Qirga yetib olib, tepada turishini ko‘rsangiz! Bunaqasi ilgari ham tug‘ilganmikan hech? Go‘zalligiyu ko‘rkamligini ko‘ring. To‘rttala oyoqlari tizzasiga dovur oq-oppoq, peshonasida yulduz-qashqasi bor bunday ot har yuz yilda bitta tug‘ilsa ham, mingtadan bitta chiqsa ham ajabmas. U chindan ham mingta ot o‘rtasiga tushsa, ajralib turadigan otlardan edi, tanuqlidan tanuqli, ko‘hlikdan ko‘hlik jiyronqashqa edi.

Qayd etilgan