Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127792 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 B


shoir  05 Oktyabr 2007, 14:59:51

Ot o‘g‘rilarimi, ishqibozlarimi, ishqilib sirtmoq tutgan abjir chavandozlar galasi shunchalar harislik bilan uni quvar, o‘rovga olar, sirtmoq tashlar edilarki, biri bo‘lmasa, biri muddaosiga yetib qoladigandek, Bahriddinning nafasi ichlariga tushib-tushib ketardi.
Ammo har gal «o‘ldi!» deya ichlari zimillab, ko‘zlarini chirt yumib olgan mahal... yana ochsaki, jiyron-qashqa Ollohning qaybir inoyati bilan «quv-quv»lardan qutilib chiqib, ketayotgan bo‘lar edi!..
Valloh-valloh! Bu ne hol, bu ne sinoat? Qachonga dovur bo‘y bermay, qochib yura oladi ekan?! Bu «quv-quv»larda ne hikmat yashirin o‘zi?..
So‘nggi damda... birov xuddi Ka’batullohdagidek tiniqdan tiniq, cho‘ziqdan cho‘ziq azon chaqirib yubordiyu... Bahriddin («Iya, asr bo‘lib ketibdimi» deya!) sapchib turib ketdi.
Keyin o‘sha ichkarida, o‘zlarining alohida tahoratxonalarida tahorat olib, yuvinib-taranib, birato‘la namozga otlanib, xoji ko‘ylaklarini kiyib chiqib keldiyu ayolining hali ham tikuv mashinasi yonidan turmay, o‘sha bir vaqtlar diyordan kiyib kelgan qarg‘ashoyi atlas ko‘ylagining etagini so‘kib-choklab o‘tirganin ko‘rib... hayratlandi:
— Ha, onasi, muncha ixtimat qo‘yib yo‘rmamasang? Qizlaringga boshqa juftini topolmay o‘tirmaylik, hali?
Marg‘ubonu eriga shirin jilmaydi:
— Ulariz o‘zlari avvaldan tanlab bo‘lishgan. Bu Fotimamizga. Zuhrangiz sariq atlas kiyadi emish.
— Unda ishim oson ekan. Men bunaqa ko‘hna atlasni yana qaerdan toparkanmiz, deb yuribman, — deb ketidan qo‘shdi. — Yana bitta egizak tuqqaningda bormi, onasi, bizdan badavlati bo‘lmasdi bu Madinai munavvarada.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:00:00

— Oling-a, — dedi ayoli yonoqlari kelin paytidagidek duv qizarib. — Shu davlatiz kammi, adasi? Xudoga shukr, hech kimdan kam emasmiz. Bahriddin badavlat nomingiz bor.
— Shukr, shukr, mingdan-ming shukr, gap kelganda aytdim-da. Qizlaring anuv yangi karavotimizga joy qila qolishsin, — deb yura boshlagan joyida ayoli shoshqich o‘rnidan turib, etaklariga ilashgan qiyqimlarni qoqishga tutingan kuyi uni to‘xtatdi.
— Shoshmang, adasi, elburutdan qayoqqa otlanib oldingiz? Asrga erta-ku hali?
— Erta?.. — deb hayratlandi Bahriddin. «Unda... azonni qaerdan eshitdim? O‘sha xovfimda ekanmi u ham?..»
— Erta-erta. Ana, soatga  ham qarang, — dedi ayoli.
Chindan ham devordagi zarhal kaftgiri to‘xtovsiz borib-kelayotgan soat millari asr vaqtiga yetishiga ancha bor, bu muddat ichida bir uxlab tursa yoki dunyoni ishini ado etib ulgursa bo‘lardi.
Bahriddin hech narsaga tushunmay kalovlandi: «Uni qara-ya... Unda bemahal yangragan azon — nimadan imdod ekan? Shaytoniy desa, haramdagidek jarangladi: bu kalimalardan shaytonning o‘zi tirqirab qochmog‘i lozim edi.  Hovfida — o‘sha ko‘rkam jiyronqashqa yugurib yurgan qir-adirlarda yangradi ekanmi? Unda xatardanmi, nimadan darak bermoqda?..
G‘alati, tushunuksiz hol edi. Bahriddin qaytarini ham, chiqaverishini ham bilmay to‘xtagan bir kezda ayoli nimanidir eslab, tokcha tomon yurdi:
— Darvoqe, adasi, Jiddadanmi, qaerdan diligram kelgan edi. Uyg‘otishga ko‘zimiz qiymay, olib kirmagan edik, ko‘ring, — deb xabarnomani olib uzatar ekan, qistadi, — birpasgina o‘tira turing, jindek tolmachoy tayyorlay, maylimi?

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:00:14

Shoshqich azon-la turg‘aziluv, undan avval mana bu telegrammaning kelishi... Qolaversa, dunyoda eng tanuqli, ko‘rkam bir otning hech kimga tutqich bermay qirdan qirga oshib yurishi... Bularning hammasi nimadandir imdod beraru Bahriddin ularni qanday ta’bir qilmoqni bilmas edi?
G‘alati, juda ham g‘alati edi. U bir chetdagi oromkursiga borib o‘tirishga sabri yetmay, turgan joyida telegrammaga ko‘z tashladi.
«Bahriddin badavlat birodarimizga: Moziydagi «Buyuk muhojir»dan zo‘rroq bir qahramon topgandekman. Yolg‘iz o‘zingga bir olam gaplarim bor. Anuv xizmatkoring — biz bilan yurtga borib qaytgan gung murobitni toptirib qo‘ysang. Osmonimizga zig‘ircha bulut oralashini ravo ko‘rmasman. Kordovadan qaytgan birodaring. Qora darvesh».
— Ana xolos, — deb yubordi Bahriddin.
Qiziq. U Sultonmurodning kimligini bilmasdi-ku? Jo‘nab ketgach qaerdan xabar topibdi? Nega, qaerdan murobit deb atamoqda? Yana topdirib qo‘y degani qiziq!.. Yolg‘iz o‘zingga bir olam gaplarim bor, degani-chi? Xavotirli bir gap o‘tmagan bo‘lsa, telegramma berib yurmay — to‘g‘ri kelaversa bo‘lardi-ku?!
Demak, o‘rtada bir gap bor! Behuda chopib kelayotgani yo‘q.
Uni rostakam vahm bosib kelib, turgan yerida «qul a’uzu»ni takrorlab, Ollohdan panoh so‘ragan bo‘ldiyu telegrammani deraza yonida qoldirib, telefon daftarchasiga yopishdi. Unda Sultonmurod xolavachchasining xos telefonlaridan tortib, barcha shaharlardagi jamiyat telefonlarigacha bo‘lishi kerak. Avval o‘ziga ulanib ko‘rishga harakat etdiyu bir vahimasiga o‘n vahima orttirib oldi. Har gal stantsiyadan bir xil javob bo‘lar edi: «janob telefon raqamlarini o‘chirib qo‘yganlar, yo chegaradan tashqarida bo‘lishlari mumkin».

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:00:26

— Qaerda bo‘lishi mumkin? — Bahriddin u bilan bir hafta oldin gaplashganini, undan keyin hech ulanmaganini esladi.
O‘shanda «Olimni ko‘rdim. To‘ramning zurriyotlarini diydorlashtirgani ola kepti. Senga, xonadon ahllaringga xeshu aqrabolarimizdan bir olam salom keltiribdi. Qaytishda albatta, kirib o‘taman. Ungacha ichikib qolma, deb sim qoqdim. Alloh ko‘rishtirguncha», deb edi. Mana endi ulanmay o‘tirsa...
Balki biron shoshqich ishi chiqib, jo‘nab ketdimi, deya Bombeydagi idorasiga ulandi.
— Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotuhu, — deb salomlashdi kotib janob.
Bahriddin alik olib, o‘zini tanishtirdiyu birodarini so‘radi:
— Mumkin bo‘lsa, ulab yuborsangiz, — dedi umidla. Ammo kotib boyagidan ham tavozu bilan:
— Janob o‘sha taraflarda safardalar. Biz sizga oson ulanish raqamini ayta olamiz. Marhamat, yozib oling, — dediyu Bahriddin biladigan raqamni qaytardi. Bu o‘sha — qo‘l telefoni edi.
Bahriddin bir ko‘ngli ulanmayotganini aytmoqchi bo‘ldi-yu, hali yo‘q narsaga ularni ham xavotirga qo‘ygisi kelmadi. Endi yolg‘iz umid — Oltinxon to‘ramdan edi. Hech kim bilmagan taqdirda ham u kishi Sultonmurod qaerdaligini bilishlari kerak. Ular safarda ko‘rishgan bo‘lishlari kerak.
Bahriddin shu umidda To‘ramning madrasadagi oliy dargohlariga sim qoqdiyu u zot safardan qayta turib, qarichilik — jindek urinib qolganlarini eshitib, o‘zlariga ulanishga jur’at etmadi.
Endi yolg‘iz yo‘l — To‘ramni ziyoratlariga o‘tish qolgan edi. Shu bahona so‘rash mumkin, undan beriga bezovta etish adab doirasiga sig‘masa ham kerak?!
Bahriddinning quvvai hofizasi ham, aqli ham o‘qdek ishlasa-da, bundan to‘g‘riroq yo‘l ko‘rmas edi. Axiyri ichkarida o‘tira olmay tashqariga chiqib ketdi. U xurmozor oralab kezinar ekan, Qora darveshni o‘ylab:
— Kelsa, kela qolmaydimi? Jiddadan chiqqan odam allaqachon Madinaga kirib kelishi kerak edi-ku, — deb tashvishlanib borar, bunaqa vaqtda zikrga berilish lozimligi yodiga kela qolmas edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:00:34

Shu asno Zuhra qizi:
— Adajon, ayajonim choyga chaqiryaptilar, — deb chiqib qoldiyu u qizlarini toshkanchasiga «oh, mo‘moch qizlarim, po‘poch qizlarim, baraka topinglar, ona qizlarim», deya erkalab kirib boraverdi, ammo ichida g‘urmishlagan narsani hech unutolmasdi, hatto karavotga qilingan bir chiroyli joylar ham, shakarob berib suv sepilgan, salqin ufurayotgan ichkari hovlining o‘zi ham uning ko‘ziga ko‘rinmayotgan edi...
Hayriyat, bir piyola choy ichar-ichmaslaridan xabar kirdi:
— Xojam, xabashistonlik birodariz huzuringizga kirishga izn so‘raydir. O‘sha boshi mushtdek, o‘zi gungursdek odam...
— Darvoqe, Qora darvesh... — deb o‘rnidan tura boshladi Bahriddin badavlat, — yolg‘iz o‘zi bo‘lsa, shu yoqqa ola qolinglar, — deb izn bergan joyida «yo‘q, ular ikki kishi» degan javobni eshitib, fikridan qaytdi. — Mayli, men chiqib boryapman. Aziz birodarimizni o‘sha mehmonsupaga chorlay qolinglar. Yo‘l bosib kelishgan, muzdek suvlar tutinglar, — deb turib, ayoliga o‘girildi, — Balki tolmachoyning mastavasini ham o‘sha yerga chiqararsizlar. Qaranglar-a, kimlarning nasibasini qo‘shgan ekan, — deb alqab qo‘ydi.
U tashqari hovliga chiqib borganida mehmonlarning chuvakrog‘i qo‘sh xurmo tagidagi mehmonsupaga cho‘kkan, Qora darvesh esa, hurmo tagida turiboq yutoqqan qoranordek suvga yopishgan, muzlatgichdan chiqqan suvni idishi bilan ko‘tarib, ichmoqda edi.
U Bahriddinni ko‘rib qolib, suv idishni-da tashlab, ikki oyoqda turgan ulkan mittibosh dinozavrdek quchog‘ini ochib lapanglab kela boshladiyu, xizmatchilar turgan joylarida ang-tang qoldilar. Bahriddin esa: «O, bizni jonajon yurtni tavof etib kelgan aziz birodarimiz-ku!» deya talpindiyu bir-birlarining bag‘rilariga singib ketdilar. To‘g‘rirog‘i, Bahriddin Qora darveshdek, «ona sutiga to‘ymay qolgan dinozavr» bag‘rida oq bo‘tadek bo‘lib qolgan edi.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:00:45

Ular shu ko‘yi bir muddat bir-birlarini iskalanib, bo‘ylariga to‘ymay turib qolishgach, Qora darveshga zabon bitdi:
— Oh, meni Xotamtoy birodarim, ehsonlari, sochganlari Abdurahmon Avfcha bor oshnaginam, ko‘rar kun bor ekan-ku, — deya chin mo‘minlardek hali u yelkasiga, hali bu yelkasiga bosh qo‘yib, ko‘risharkan, bu ham uning kuraklarini silab, alqashini qo‘ymas edi:
— Sog‘intirib qo‘ygan Ollohimga shukr, ko‘rmasa turolmaydigan etib qo‘ygan yolg‘iz Tangri subhonahu va taologa shukr, — derdi.
Nihoyat qo‘shilishib kelgan hamsoyasi bilan-da ko‘rishib, supaning uch tarafini egalladilar-da:
— Qadam yetdi, balo yetmasin, Olloh o‘zi rahmatidan benasib etmasin, —  qavlida duolar qilishib, so‘rashib-istashga tushdilar.
Bu orada olma gulli choynaklarda choy chiqib, tolmachoyning mastavasi ham kela qoldi. Ayoli baraka topsin, qizlariga bosh bo‘lib, shu qisqa vaqtda xush-xo‘rgina mastava tayyorlab ulguribdi. Yana ustiga jindek qatiq, jindek murch, quruq rayxonlar bilan chiqarishibdi. Alqab-alqab ichib olishdiyu shu taftbosdidan so‘ng ikki birodar bir-birlariga o‘zlari tushunadigan tilda nigoh tashlab qoldilar. «Nechuk, zarur ishlaringni ham tashlab, biz tomon chopib qopsan? Tinchlikmi, ishqilib», derdi Bahriddin.
«Bilasan-ku, birodarlarimga tegishli gap chiqsa, ichimga sig‘dirolmay qolaman. Ayniqsa, sizlarga! Telegrammani olgandirsan?» demoqchi bo‘lardi u.
«Oldim», dedi Bahriddin bosh silkib. Qora darvesh esa, piyoladagi choyini bir xo‘plashdayoq bo‘shatib, turaverdi. So‘ngra gap-so‘zsiz uning tarafiga o‘tib, qo‘ltig‘idan oldiyu yelkasidan quchgancha xurmozor tomon boshladi, xurmolar tagiga yetishganda qo‘yib yuborib, o‘zi fil oyog‘idan-da yo‘g‘on bir daraxt tanasiga suyandi:
— Sog‘inch o‘z yo‘liga. Lekin men atay sizlarni deb, uni deb keldim, — dedi qorasidan oqi ko‘proq mitti ko‘zlarini buning yuziga qadab: — Topoldingmi o‘zini? Shu soat, shu daqiqada ko‘rsa bo‘ladimi? — dedi battar hayratda qoldirib.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:01:03

— Yo‘q. mana bir xaftadirki, hech yerda yo‘qmish,— dedi Bahriddin rostiga ko‘chib. — Telegrammani olganimdan beri urinaman, qani izini topsam. Hech kim hech narsa bilmaydi. Bombeyga ham qaytmagan...
— Qaytmagan?!. — Kutilmaganda u Bahriddinning yelkalariga chovut solgandek qo‘l tashlab silkishga tushsa... Bahriddin demaganlarning suyaklari shiqirlab o‘zi borib-kelarmidi yo ro‘parasidagi xurmolar chayqalarmidi, ajrata olmay qolgan, qolaversa, bu Qora dinozavrning changalidan qanday qutulishni bilmas edi.
— Sen o‘zingni mening o‘rnimga qo‘yib ko‘r. Bilasanmi, men kimga aylanaman? Ollohning oldida subutsiz odamga aylanaman-ku. Tushunasanmi shuni? — dedi u avvalgisidan ham qattiqroq silkilab.
— Tushunganim bilan... iloj qancha? — dedi Bahriddin.
— Yo‘q, sen ayt. Uni shu bugunoq, shu soatdayoq topa olamizmi?
Bahriddin endi o‘zini tortib, o‘ylanib qoldi:
— Shoshma, tushunibroq ayt. Sen u haqda hech narsa bilmasding-ku? Qaerdan eshita qolding? Kim aytdi, senga uni murobit deb? — dedi dilidagini tashiga chiqarib.
Qora darveshning mitti ko‘zlari oq zoldirdek aylandi:
— Kim emas, o‘sha safardan xabar topgan idora yo‘qladi, tushunding? Ularga yetkazishgan ko‘rinadi. Men esam... — U yuz burib olib g‘udrandi, — hech vaqo bilmayman!
— Demak, Sen bizdan qattiq xafasan. Ranjigansan. Shundaymi? — dedi Bahriddin, ichi allaqanday xuvillab qolib. «Nahotki shunday odam sinib o‘tirsa?»
— Xafa? — kutilmaganda u tirilib, boyagidek ikki kiftidan silkiladi. — Men-a? — dedi xansirab. So‘ng qah-qah urib yubordi. — Voy, seni qara-yu!.. Qaytaga u gung-soqoving kimligini bilib, qay holga tushganimni so‘rasang-chi! Bilasanmi u kim?!

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:01:19

— Kim? — dedi Bahriddin ham uni jazavasidan hayratga tushib.
— Uning oldida o‘sha Andalusiyaga qochib borgan «Buyuk mujohid» kim bo‘pti?! Yonimda shunday odam turib, vatanini deb, ahli ayoli, jigarporalarini deb, zimmasidagi shar’iy burchi — omonatini deb gung-soqov bo‘lib bo‘lsa-da, qora yukchi bo‘lib bo‘lsa-da, vatanga borishga jur’at etgan mujohid turib, men kimni kino qilmoqchi bo‘lib yuribman?! U chinakamiga diyoridan, ahli-yoridan, xeshu aqrabolaridan judo bo‘lgan odam-ku! Uning diyorga safari — zulm saltanati choklari muvaqqat, o‘zi muvaqqat ekanidan dalolat-ku. Olloh xohlasa, yolg‘iz mujohidiga qanday nusratlar ato eta olishidan bir nishona-ku bu safar! Tushunmadingmi shuni?! Men o‘sha idoradayoq tushunganman. Uning kimligini eshitganimdayoq tushunganman. Men nainki erkin fikrli, har narsaga Olloh nurila nigoh tashlay oladigan bir mo‘min, bir odamman, axir, ijodkorman, axir! Shu birodaringni yoqtirdimmi, shuni olaman! Sen buni tushun-da, uni topishga yordam ber. U yog‘ini o‘zimga qo‘yib ber. Ko‘ndirish mening ishim. Sen topishga yordam bersang, bas. Men uni tanib qoldim! Kimligini bilib qoldim! Onalar bunaqa mujohidni yuz yilda bitta tug‘adilarmikan, valloh a’lam. Rostingni ayt, topamizmi uni? — dedi nechanchidir marta uni silkilab.
Rosti, Bahriddin unga nima deyarini ham, qanday tushuntirarini ham bilmay qolgan, ammo haqiga ko‘chmasa ham bo‘lmas edi. Chiqmagan ;ondan umid.
— Xo‘p desang, asrdan keyinoq Makkaga, Oltinxon to‘ramning huzurlariga jo‘naymiz. Bundan boshqa yo‘l ko‘rmayapman, — dedi axiyri.
— Yaxshi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjiddarida namozni o‘qiymizu o‘shanaqasi jo‘naymiz,— dedi Qora darvesh ham bu fikrga qo‘shilib...

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:01:43

Ular supaga qaytisharkan, o‘sha ulug‘ masjid tomondan asrga chaqirib, azon yangray ketdiyu Bahriddin beixtiyor kunduzgi tushi, qir-adirlar osha do‘pir-do‘pir chopishgan chavandozlaru jiyronqashqani eslab, behol tortdi: «Astag‘firullohil a’zim, xovfida yangragan azon shulardan bir darak ekanmi?» deb o‘yladi. Chindan ham ilgarilari ham shunday bo‘lmasmidi? Namozga turolmay qolgan kezlari... hovlida yo jom tushib, jangillab ketar, yo shoshqich birov derazani taqillatib qolar edi-ku. Hatto bir gal Sultonmurod aniq-taniq chaqirib kelgan edi. Chiqsa, hech kim yo‘q, faqat bomdodga ketayotganlarning qoralari ko‘rinadi, xolos. Demak, ovoz bergan ham o‘sha, namozga uyg‘otuvchi farishta ekanmi? Qolaversa, ilgari zamonda kishilar zulm ustidan chiqib, yordamga ojiz qolsalar, azon chaqirib bo‘lsa-da, mazlumni qutqarar ekanlar. Bu ham o‘shanga o‘xshabdi-da...
Yo‘lda tushini Qora darveshga aytib edi, u ham:
— Ana-ana, bundan ortiq yana qanday belgi bersin?! Qani edi hozir ham o‘sha tartib amalda bo‘lsa,— deb qo‘shdi.
— Yaxshi-ku, lekin u azonni kim eshitib, kim adolat qilardi? — dedi Bahriddin.
Ana shunda Qora darvesh uni yelkasidan quchib:
— Eh, badavlat, badavlat! Hech kim eshitmasa ham jilla qursa Olloh eshitadi-ku! Olloh eshitgani kammi? — dedi yuzlari yorishib.
— Darvoqe-darvoqe, chindan ham uning adolati oldida bu dunyoning adolati nima bo‘libdi?! Avvalo, o‘sha adolatdan hech kim benasib qolmasin! Shu jumladan, Sultonmurod ham... O‘zi uni panohida asrasin! — deya oldi Bahriddin birodarining samimiyatigayu so‘zlariga ta’zim qilib.

Qayd etilgan


shoir  05 Oktyabr 2007, 15:02:01

*   *   *
Ular yarim tunda Makkai mukarramadan To‘ram ziyo-ratlaridan qaytishar ekan, orqalaridan birinchi xabar yetib keldi. U zotning Turkiyadagi muridlari telefonda xabar qilishar edi:
«To‘rt kun muqaddam janob jamiyatning sho‘’basiga qaytib kelganlar. Yurtdan kelgan sayyohlar ila ko‘rishishlari lozim bo‘lgan. Shu orada ikki zanji mehmon sho‘’baga tashrif buyurib, janob ularni havokentga kuzatib chiqqanlar. Oxirgi ko‘rganimiz shudir. Janob sho‘’baga ham qaytib kelmadilar. Yurtdan kelib, kutib yotgan sayyohlar bilan uchrashuvga-da bormaganlar. Barcha izlashlarimiz besamar ketmakda. Alloh o‘zi hifzu himoyasida asragan bo‘lsin.
So‘nggi ma’lumotni qo‘shamiz: o‘sha kungi mehmonlar Nayrobiga uchganlar. Samolyotda birorta ham oq tanli bo‘lmagan...»
Bahriddin baralla ovozdagi telefonagrammadan so‘ngoq, yalt etib hamrohiga qaradi. Bu xabardan tosh haykaldek qotgan Qora darveshga nihoyat jon bitib, mitti yuzlarini burib qaradiyu, taskinga muhtoj birodariga elanib tikildi:
— Uzr, jindek kechikibmiz. Biz o‘ngarilguncha ular buyuk muhojirni o‘marib ketibdilar. Ammo qotiribdilar, tushmagurlar! — dedi tizzasiga shappalab.
— Ularing kim? — deya oldi Bahriddin.
— Bu yog‘i sir, oshna, — dedi u kutilmaganda tilini toqillatib. Ketidan esa qo‘shdi: — Agar ulardan boshqa birov bu ishga jur’at etgan bo‘lsa, bilib qo‘y, yerning tagidan bo‘lsa-da, muhojirni topdiraman, sen bexavotir bo‘l, — dediyu o‘rindiqqa tog‘ ag‘largan odamdek yastandi. Nimqorong‘i yo‘lda uning ko‘zlari oq yog‘dudek yarqirab-yarqirab ketar edi.
Bahriddin beixtiyor kunduzgi tushini eslab, nechanchidir marta hayratga tushdi. Qarangki, o‘sha jiyronqashqani quvib yurgan chavandozlar ichida bironta ham qora tanli chavandoz yo‘q edi. Ular qaydan paydo bo‘lib qoldilar? Tushuniksiz edi.

Qayd etilgan