Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127760 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:15:46

Bu vaqt chimzorning pastigacha tushib borgan Yodgor suv qo‘ltiq bo‘lib kirgan joy tepasida turvolib, zo‘r berib imlab chaqirar, ovozini chiqarsayoq, mitti baliqchalar suv tagiga urib ketadigandek, qo‘l silkilagandan-silkilar edi.
— Ha, toy bola, nima ko‘rding? Savatmi? — dedim joyimdan jilgim kelmay.
— Yo‘q-yo‘q, baliqlar galasu. Qarang, qochub, yana qaytub chiqoptular, — dedi u hovliqib.
— Toza suvni kim xohlamaydi?! Ular ham o‘ynab chiqishgan-da, — dedim sekin. Keyin o‘zim ham u mitti baliqlarning goh xurkib qochishlariyu yana sekin qaytib chiqishlarini tasavvur etib, jim qoldim.
Shu mitti baliqlar ham o‘zlari tug‘ilgan toza diyorlarni tark etgilari, hech narsaga alishgilari kelmaydi, qaytib-qaytib kelaveradilar. Odamlar-chi, nega qaytolmaskanlar? Hatto Sulton akamdek boturlar ham o‘z diyorlariga o‘tolmasalar? Bu qanday adolat bo‘ldi? Yo bu dunyo boshqacha qurilganmi? Beshikdan qabrgacha eng aziz narsalaringdan ayrilib-ajrab boraverasanmi? Hamma yo‘qotganlaring topganingga arzisa, xo‘p-xo‘p-a, arzimasa-chi? U qanday adolat bo‘ldi?..
Shu tob yonginamdagi chakalak ichida — maymunjonlar o‘rab ketgan shohdevor ortidami, qizil tog‘olchalaru ko‘ksultonlar orasidami — ishqilib soya bolalab yotgan bir yerda bulbul chah-chahlab yuborib, sokindan-sokin oqib yotgan katta suv ustilab, uning jarangi tarala ketdiyu bunga narigi qirg‘oqdan aks-sadosi qo‘shilib, ariq bo‘yiga sekin o‘tira qoldim. Subhanalloh! Biz o‘zi jannatlarda ham topilmaydigan qanday bir joyga kelib qolganmiz? Olim akam taglaridan anhor-anhor suvlar oqib, bulbullar chah-chahlab yotgan bu joyni qanday topdiyu, nega bir juft qilib, oq uy-oq koshonalar qurdi? Faqat o‘zi va manavi Yodgortoyu kennoyimlar uchun desam, hovli-joy nega ikkita? Ikkinchi koshona kimga atalgan?
Men bu narsalarning behuda emasligini anglab yetgandek, yetayotgandek bo‘lardim-u, uning sidqidilligiga hech ishona olmasdim. Sidqidil bo‘lsa, tog‘am haligi gapni nega ochdilar? O‘zidan bir imdod bo‘lganki, u kishi og‘iz solyaptilar...
Bulbul esa, tinim bilmay chah-chahlar, u jonivor bo‘zlayaptimi, kuylayaptimi, ajratish mushkuldan-mulkul edi. Qolaversa, qani narigi qirg‘oqdan boshqa birontasi unga jo‘r bo‘la qolsa... — qo‘shilmasdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:16:07

9. Osmon nikohini kim ham buza olgay?

Men o‘sha bir og‘iz so‘zdan butun tinchimni yo‘qotgan edim, boyagi hayratu halovatdan asar ham qolmagan edi. Endi o‘sha bir-biriga qaratib, (go‘yo biri boshqasining oyinadagi aksidek!..) qurilgan ikki      qasr — ikki koshona — koshonaligini yo‘qotib, dasti uzun bir kimsaning bachkana urinishlariga o‘xshab qolgan edi. Undan olxo‘rirang «Volva»ning o‘zi chetan eshik oldida ovro‘poning yilt-yangi o‘yinchog‘imisol turgani avloroq emasmidi! (Bu esa, uni loylab, qaysibir polkovnikdan qolgan shu joyni olib, manavi «chiranma g‘oz, hunaring oz» imoratlariga chaplabdi!)
Qanday bog‘laridan ayrilib, to‘rt sotixgina joyga tiqilib o‘tirgan tog‘alarimu xolalarim uchun bu balki «taglaridan anhor-anhor suvlar oqib o‘tguvchi jannat bog‘lari»dan hech yeri kam emasdir. Lekin menga endi qilcha ta’sir etmayotgan edi. «...Hammasi o‘sha niyatda olingan, shu niyatda solingan ekanmi? Aka ukadan kutgani... — shumidi hali?! Endi bu eshiklardan Sultonmurod akam emas, yelkasiga to‘nini tashlab u chiqadimi?! Kennoyim... uningmas, buning xizmatlarini qilib, bolalarini oq yuvib-oq taraydimi? O‘ hayot, bunchalar achchiqsan, tahirdan tahirsan! Imm!..»
Ikki yoni soyga yetgunga qadar cho‘zilgan ishkomlar yoqalab, tashlama ariq bo‘yi bilan bog‘ adog‘iga tushib bordik ham, Yodgorning uchib-qo‘nishiga, oldimga tushib olib, pastda ko‘rganlaridan bu qadar hayratlanishiga ham hech tushuna olmasdim. Tavba, katta suvni endi ko‘rishimi?! Umri bino bo‘lib ko‘rmagan narsalarini endi ko‘rayotgandek bir yerga yetadi. Ta’rifini keltirolmay hali o‘t bosgan ariq ichlariga, hali suvlarga tushib ketadi, yana sakrab-hakachoqlab yo‘lga chiqib oladi-yu, davom etadi...

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:16:18

Ammo men qani endi uni tushunadigan bir ahvolda bo‘lsam! Qayda! Ichimga chiroq yoqsa, yorimaydi.Shu topda o‘zini tutishi, ijiklashlaridan bir g‘ashim kelyaptiki: nimasiga xursand bo‘ladi bu bola?! Yetim boshini silayotganlaridanmi?.. Ertaga padari o‘rniga bir «padar»lik... bo‘layotganidanmi? Bu ehson, bu hovli to‘yi bahona orqavorotdan nima ishlar bo‘layotganini biladimi o‘zi? Bo‘yi bo‘yimizga teng bo‘lib qolganda uning orzu-havasini o‘ylash o‘rniga «boshini silaguvchi bir qo‘l» izlab qolishibdimi unga? Shunday topiladigan savob, o‘lsin agar savob deb atalsa! Birovni bu dunyoda ko‘rgan sitamlari, alamlari kam bo‘lsa, yana shu dunyoning do‘zaxiga otib, o‘zlariga jannat bog‘chalaridan bir joy hozirlamoqchilarmi? Xudo ham anoyi ekan-da! Ko‘rib turgandir?!
Qolaversa, osmon nikohini buzish oson ekanmi? Shuncha quv-quv, taloto‘plarda uzulmagan nikoh rishtalari endi uzuladimi? Uzuldi deganimiz Marg‘u kennoyimnikimidi? Oxiri nima bo‘lib chiqdi? Buning ham Xudo bir belgilagani bordir, oshiqishmasa?..
Ishkomlar jarlik yoqasida tugab, o‘rtadagi soylikka tushib bora boshladik. Pastdan hov bir vaqtlar Bo‘zsuvdan savat qaragani tushib yurgan kezimizdagidek, suv o‘tlari bilan baliq hidlariga yalpiz bo‘ylari qo‘shilib, omuxta bo‘lib ketgan «katta suv hidi» kelib turar, o‘sha, shu yerga kelganda burilaturib oqmay to‘xtab qolgandek katta suv betida esabaland osmonu tik o‘pirilgan jarlar... bir ajoyib akslanib, ko‘rinar edilar. Bunga sari qirg‘oqlardagi tollar bir pakana tortib ketganlarki, ularning tagiga tushibgina bular ham rosmana tarvaqaylagan qari tollar ekanini, tagidan soya arimay, jimlik degani shu yerlarda bolalashini ko‘rmoq mumkin. Biz soyga tushib borganimiz sari qo‘ltiq-qirg‘oqdagi qamishlar ham bo‘y cho‘zib, rosmana qamishzorga aylanib borardilar.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:16:30

— Vuy, uni qarang, amaqu, qamishlar nima chiqarub, tug‘ bog‘labdular?! — Yodgor ovozi do‘rillab, rasta bo‘la boshlagan bo‘lsa-da, bolaligi qolmay, o‘sha yoqqa chopdi.
Chindan ham u po‘panaklar — tepasiga tug‘ bog‘lagan nayzalarga o‘xshab, bodrib ketgan edilar.
— Uzaman deb yaqin borib yurma, ehtiyot bo‘l, — deb tergagan bo‘ldim. Lekin qani u qaytsa.
— Bitta olay? Teppaga otamiz, rosa uchadu, — dedi u yalinib.
— Mayli, ol. Lekin ehtiyot bo‘l, ilonlari bo‘ladi qamishzorning.
— Qirg‘oqda turib olaman, ehtiyot bo‘laman.
U ketdi, men esam, tol tagidagi chimzorga tushib, (jonivor, mol tegmaganidan ko‘rpa bo‘lib ketibdi!) asta yonboshladim. Chindan sukunat bolalaydigan joylar edi. Hatto shunday katta suv ham shu yerga kelganda — qayrilish bo‘lgani uchunmi, to‘xtab qolgandek, qilt etmas edi.
Ammo hov narigi tik o‘pirilgan qirg‘oqda in qurgan ko‘k kaptarlaru yana allaqanday qushlar g‘ur-g‘urlabmi, o‘z tillarida chuldirab yotishibdi. Pastidan esa g‘a-g‘oqlagan, parillaganu patillagan tovushlar eshitilib qoladi. Suv o‘rtasida baliq sakrab, baliqchi qush chiv-chivlaganicha uchib o‘tdi. Keyin o‘sha qirg‘oq tomon boshini tik ko‘targancha ilonmi, bolachasimi      suzib keta boshlab, teppadagi qaysi bir chakalakda bulbul sayrab yubordi. Chindan ham taglaridan katta suvlar aylanib o‘tguvchi jannat bog‘chalaridan qaeri kam?

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:16:43

Ammo bu joylar qachon kimga buyuribdi? Ilgari shu yurt uchun, uning mustaqilligi uchun bosh tikib chiqqan yigitlarni qirgan, vatandan quvib chiqargan allaqanday generallaru polkovniklar huzurini ko‘rib, davru davron surgani joy qilmab edilarmi, endi Olim akamga buyuradi ekanmi? U ham shular uchun yurtma-yurt kezmaganida, allaqancha xizmatlar qilib, xorij moshinlarini minib qaytmaganida bu joyni qo‘lga kirita olarmidi? Qolaversa, osongina berib qo‘yisharmidi? Xizmati borki, indasha olmagan, tillarini tishlab qolavurishgan. Ana endi bu esa, saruq-suruq xotiniyu bolalaridan qutulib olib, kim bilan davron surmoqchi?! Uyalmagani buning?! Yana kishibilmas hovli to‘ylari o‘tkazib yuribdi. Butun xolalaru tog‘alarimni bosh-oyoq sarupo-surupolar bilan siylab, og‘zilarini moylab, qaysi niyatiga erishmoqchi? Kishi ko‘ziga so‘qqabosh yetim, xokisorgina bir insondir. Lekin asli kim?.. Hech kimga el bo‘lmas o‘sha sho‘rtumshuq bugun kim bo‘lganini, qo‘li qaergacha yetishini ko‘rsatmoqchimi?! Mayli, ko‘rsatsin, lekin bunday emas-da! Nomardlik hisobigamas-da!
Belingda kuching, qo‘lingda quvvating borida qay yurtlarni kezib yurib eding?! Endi sochingga oq oralab, belingdan mador ketganida qavming kerak bo‘lib qoldimi? Ularga oqibat ko‘rsatib, ehsonlar qilib, duolarini olging kelib qoldimi?.. Men uni yurt sog‘inchida kelgan, otasining vasiyatlariga ko‘ra bir boshpana, bir vatan tikib, chiroqlarini yoqib o‘tirgani kelibdi, deb yuribman. Har xil begona yurt, begona ko‘chalarda tentiray-tentiray axiyri ko‘zi ochilibdi, o‘zinikilarni, o‘z urf-odati, dini-diyonatini sog‘inib, fitrati ochilib qaytibdi, deb yuribman. Bu esa, mana, nima niyatda ekan! Sultonmurod akam— o‘z akasi umrbod bu diyorlarga qadam bosolmasligini, bossa nima bo‘lishini biladi-da! Qolaversa, qaytib ko‘rsaki, oyday juvon yolg‘iz yodgori bilan toq o‘tyapti. Mashinani sotiboq shu joylarga harakat qilgan ekan-da?!

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:16:55

Menga alam qilardi: men bilan shuncha yurib, Sutchi amakinikiga qatnab, miq etmagan inson, shu o‘y-rejalarni tuzib yurgan ekanmi?! Quvligini, tilyog‘lama ekanini bilardim. Lekin bunchalik ichdan pishgan quv ekanini bilmas ekanman! Bilib turib og‘iz ochmagan. Ochsa, chaqib olishim mumkin edi-da. Aytardim ham! Siz Sultonmurod akamga ilgaritdan xasad qilib kelgansiz. Hozirgi achinishlaringiz bir pul! Shunchaki til uchida, xolos. Aslida uningdek bo‘lolmaganingizdan haligacha ich-ichingizdan kuyasiz! Kuyganingizdan ichlaringizgacha qorayib ketgan. Qo‘yib bersa, uni otgani o‘qingiz yo‘q! Siz bu ahvolingizda otangizning vasiyatlarini ham ikki dunyoda ado etolmaysiz. Negaki ertaga Sultonmurod akam qaytib kelsa, qaerga qochishni ham bilmay qo-lasiz!
Axir inson, bir qorindan talashib tushgan kishi o‘z birodariga shundoq xiyonat etuvi, uning nikohidagi ayolni o‘z xasmiga aylantirmog‘i mumkinmi? Uyat, andesha qaerda qoldiki, osmon nikohini kimlarning qo‘li bilan buzmoqchisiz? Ko‘rib qo‘ying, mana, siz — kimsiz!..
Narigi qirg‘oqdan birov chaqirardi:
— Hoy, falonchi... chiqa qolunglaruv...
Ammo ovoz kelayotgan qirg‘oqda hech zog‘ ko‘rinmas, tik jardagi ko‘kkaptarlar esa, inlari yonida uchib-qo‘nib, bozor qilishar edi.
Beixtiyor tepamga qarab, soylik boshidagi ishkom adog‘ida kennoyimni ko‘rib, hozirgi xayollarimdan o‘zim uyalib ketdim. U qarg‘ashoyi atlas ko‘ylagining barlari hilpiragancha, bir qo‘li ila boshidagi ro‘molini tutib, bizni chaqirib turar, bel nimchasiyu ro‘moliyu ko‘ylagiga qadar (nega shunaqa o‘xshatdim, o‘zim bi-lolmayman!) azador juvonlarnikidek qora ko‘rinar edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:17:08

Qamishnayza po‘panaklar ham qolib ketdi. Yodgor aytganidek, osmonga ham otib ko‘rmadik, narigi qirg‘oqqa kim osharga ham uloqtirmadik. Tort-tort, yur-yur bilan bir-birimizni qistab tepaga chiqib borsak, haqiqatan ham qorindoshlar ketish harakatiga tushib qolishibdi.
Men Olim akam bilan o‘lganimni kunidan, tishimni oqini ko‘rsatib xayrlashar ekanman, u mening nega bunchalik tund ekanimni payqay qolmas, zo‘r berib, vaqt topib yetib kelganimdan xursandligini aytib charchamas edi.
— Shunaqa kelib tur. Uzulishib ketmayluk. Ijod uyidan qaeri kam?!. Bir chekkasi sizlarni deb olganman. Ilgarigi joylarimizni qo‘msab qolsangiz kelasizlar deganman. Kelasan-a, uzoqib ketmaysan-a? — derdi.
Nima bu, tilyog‘lamalikmi? Yo men bahona kenno-yimga mulozamatlarimi, tushuna olmasdim.
— Xolamlarni esa, olib qolyapman. Bir kechadan yotib ketishsin, arvoh xotira. Faqat, xafa bo‘lmaysan...
«Shunaqami, oyi? Siz ham shu to‘qigan to‘rga ilinib bo‘ldingizmi?» degandek qaradim.
Oyim meni bir qarashdayoq tushunar edilar. Hozir ham tushundilaru bir chetga chaqirdilar. Ovozlarini pastlatib:
— Ha, namuncha? — dedilar, — Halitdan to‘mta-yib opsan?! O‘zingni bos, kattalar bir nima deganda ji-im turiladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:17:21

— O‘sha kattalar nima qilishyapti? O‘zlari jannat-jannat deyishadiyu, birovni qaerga otishmoq-         chi? — deb yubordim. — Bir kun akam eshigimizdan kirib kelsa, nima degan odam bo‘lasizlar?
— Kelsin, ilohim, — dedilar oyim mening o‘timga suv sepib, — qo‘shgani bilan o‘zi qo‘sha qarisin. Lekin sen gapning oxirini eshitmay nega qizishasan? Hali Nusrat pochcha diniy idoraga borsinlar, ulamolardan fatvo so‘rab ko‘rsinlar... Xudo roziligisiz bu ishga kim bosh qo‘sharkan?!
— Har qanday fatvo ham Xudo roziligi bo‘laveribdimi? — dedim to‘rsayib.
Oyim menga yomon qaradilar.
— Bolam, — dedilar lablari uchib ham allaqanday gezarib. — Sen shariatga til tekkizma. Yoshlik qilasan hali. Biz o‘sha bilan tirikmiz, o‘sha bilan Xudoning oldiga bormoqchimiz.
Men inday olmay bosh egdim.
Qolaversa, hamma-hamma bilan, kennoyim rozi bo‘larmidi shu ishga?..

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:17:38

10. Fatvo yoxud kimki najot halqasini tutibdi

Yozarlar xonasida edim.
Tirsagimni silagancha ichimdan quyilib kelayotganlarni Gulsum opoyga peshma-pesh aytib-yozdirayotgan edim. Opoy ham «avtomat!» Mashinkaga qarabam qo‘ymay shatillatib yozib yotar, o‘ntala bormog‘i-la kerakli tugmachalarni qanday topyapti, aql bovar qilmas edi. Ana mahoratu ana ko‘zning pishib ketishi. Qolaversa, ilhom kelsa, shu ekan. Men ham tilim burro tortib, u kishidan o‘zsam-o‘zardimki, orqada qolmasdim.
Kimdir kirdi:
— Hov, tezotar mirzo! Insof ham kerak-da odamga! Bir inson qanchadan beri kutyapti-ya!
— Kim? — dedim yoqinqiramay.
— Kim bo‘lardi, kelgan odam-da.
O‘ldi maqola ham! Ilhom-ku uchib ketgan, kallada hech vaqo qolmagan edi!
— Kutmay ketsin, shunaqa paytda keladimi?! — dedim to‘ng‘illab va istamaygina yig‘ishtirina boshladim.
— Ibi sizni! Kutsa — kutsin idi. Zur chiqayatuvdi. Esiz, — dedi opoy achinib. — Ulashni ayting indi.
— Bularga nima! Bularga navbat kerak, — dedim o‘sha-o‘sha to‘ng‘illab.
— Navbat nimasi, qarang avval, kutaverib eziliblar ketdi-ku, — dedi hamxonam o‘zini oqlab.
Chiqsam, chindan ham kutyapti ekan. Yana kim deng, Olim akam! Toqati toq bo‘lib ketganidan zinaga chiqvolib bosib-bosib chekyaptikan, ko‘rib qo‘lidagini itqita, men tomon yurdi.
— Ol-a, o‘shaqdamiding, mirzo. Seni ham tutar kun borakan-ku! Shunaqa qistalang yerda ishlaysanmi? Bunday xotirjamroq joy quriganmi?

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:17:52

— Gazetachilik, aka! Mirzolarga qachon oson bo‘lgan?! — deb men ham tegishdim. (Uni qanchadan beri yanib yurishimni ham, o‘shandan beri ko‘rarga ko‘zim, otarga o‘qim yo‘qligini ham unutgan edim. Birov seni izlab keladiyu gina-kuduratlaring qoladimi!) Borib qo‘lini olmoqchi edim, u quchog‘ini ochib, bag‘riga bosgancha (qaerdaligini ham unutib!) «piypalay» ketdi: ming yil ko‘rishmagan odamdek hali bag‘riga tortib, belimdan ko‘tarib-ko‘tarib qo‘yadi, hali o‘pib, yalab-yulqaydi!
Halitdan qay go‘rda jindek otib ola qolibdi, hidi gurkirab kelib turibdi. Nima voqea bo‘la qolibdiki, yana bunaqa narsalarni og‘izga olibdi? «Yetar, shuncha gunohga botganlarim. Endi halqumimdan faqat halol narsa o‘tadi!» deb katta ketgan edi-ku. Nechuk!»
Xonaga boshlasam — ichgan, noqulay, boshlamasam, mehmon degan nomi bor. Hardamxayollanib:
— Keling, qay shamollar uchirib?.. Hari sindirib yuborsa kam-ku, — dedim.
— Qo‘y, ketdik-ketdik. Ilojini qilsang, biron soatga javob ol. Gadoytopmas biron yerga borib, bir otamlashmasam, yorilib ketaman, Xudo haqqi. Bo‘ptimi? Men pastda turaman, xo‘p?
Maqola-maqolada qoldi, ish ishda. Mudirimdan javob so‘rab chiqib edim, Olim akam bitta mashina to‘xtatib turibdi.
— Qayoqqa? — dedim hayron qolib.
— Qayoqqa bo‘lardi, aytdim-ku, biron bahavoroq joy topmasang yorilib ketay depman. Xo‘sh, qayoqqa boramiz? Keyin o‘zim opkelib qo‘yaman, qo‘rqma. Chin so‘zim.
Ola, toza odamiga uchrabman-ku. Dardi bir olam-ku buning. Og‘zidan so‘z emas, dud chiqyapti. Yana nima voqea ro‘y bera qolibdi?

Qayd etilgan