— Nega? — dedi u hayron qolib.
— Avvalo, unchalik uyalishga o‘rin yo‘q. Bu gaplardan kennoyim bexabarlar. Qolaversa...
— Nima, qolaversa? — dedi u bilagimni sindirib yuborgudek changallab.
Men uning kiftlarini silab tinchlantirishga urindim:
— Qolaversa, pochcha ulamolardan fatvo bo‘lmaguncha kim bu ishga bosh qo‘shadi, deganmishlar.
— Ola, hali shungacha borishibdimi? — dedi u yuziyu fe’li o‘zgarib.
O‘rtaga shunaqa sukunat cho‘kib, u miq etmay qoldiki, men uning bunday o‘tiruvidan qo‘rqiblar ketdim. Yo‘q, u o‘zida bir kuch topib, boshini sekin ko‘tardi. Aftimga qattiq tikilib:
— Nima deyishibdi... o‘sha shariat peshvolari?..— dedi achchiq ustida.
— Bilmasam, — dedim mening ham ko‘nglimga bir sovuq g‘ulg‘ula oralab. — O‘shandan beri u kishini ko‘rganimcha yo‘q.
— Tur, ketdik, — dedi u dabdurustdan qo‘zg‘ola boshlab. — Ketdik-ketdik, shu bugunoq bir yoqli qilib kelamiz. Kim ko‘tarsa, ko‘tarsin bu isnodni, men ko‘taraolmayman!..
U yo‘lakay oshxona xizmatchisiga haqini tutqazib, zinadan tushaverdi. Keyin katta yo‘l yoqasiga chiqib, mashina tutmoqqa boshladi. Bormay ko‘r-chi, noiloj ergashdim. O‘lganni keti shahid, deganlari shu bo‘lsa kerak! Yetib borgunimizcha ham miq etmasa-ya. Naq yuraklarim yorilayozdi. Shariatda sharm bormi, yo‘l bersa, nima bo‘ladi, deb yuragim po‘killagandan-po‘killardi.
Borsak, pochcha hovlidagi kaftdek yog‘och so‘richalarida ko‘zoynak tutib, kitob ko‘rib o‘tirgan ekanlar. Biz xolavachchalarni ko‘rib, boshlari ko‘kka yetgancha, inqillab o‘rnilaridan tura boshladilar-da, keyin qaddilarini rostlab:
— Oh-oh, Olim, o‘zginangmisan? Xudo seni yetkazganini qara! Qani, chin vallomat so‘zingni ayt! O‘ynab bersanmi, yo suyunchini kattasini olib kelasanmi? Men fatvo toptirib qo‘ydim, — desalar bormi, Olim akam demaganlar darvozaxonadan o‘tolmayoq taxta bo‘lib qoldi. U na pochchaga qarab yura olar, na bir og‘iz bir narsa deya olar edi: yuzi quv oqarib ketibdi! Ko‘rib, o‘zim ham qo‘rqib ketdim.