Ya’ni kim Allohga yaqin bo‘lsa, o‘sha yutadi. G‘ururi, ori, nomusini, demakki, dini-diyonatini qaytarib oladi. Hozircha xufyona jang ketyapti. Rosti, bunday «noma’qul» fikrlar mehmon bo‘lib kelayotganidan ba’zan qo‘rqib-qo‘rqib ketsam, ba’zan akamga o‘xshab borayotganimdan xursand bo‘lib ketaman...
Tushdik. Kirib boryapmiz ishkomlaru ko‘milgan tok zanglari oppoq qor tagida qolib, yana ham kengayib ketgan hayhotdek hovli-bog‘ning yapasqi g‘isht yotqizilgan yo‘lkasi bilan o‘sha tepadagi uzun ham boloxonali uylar tomon. Biz bu yerdan o‘zimiz uchun aziz odamlarni topganmiz bir vaqtlar. Og‘ir kunda ular shu yerda jon saqlashgan. Yodgortoyimiz esa, shu yerda tug‘ilib, dunyo yuzini ko‘rgan. Hov anavi shoxlari har tomonga salom berib egilib qolgan tollar ostidagi ko‘hna hovuz bo‘ylarida chopqillab yurib, katta bo‘lgan. Kechalari esa, (hozir derazasiga bo‘zmi — nima tutilgan) hov anavi boloxonali uyda yotib, tushlarida kimlarni ko‘rgan. Shu bois ham bu hovli, bu uylar menga azizdan-aziz. Anavi chekkadagi bir uy, bir dahlizda Yodgorning o‘rnigayam (men Yodgorman deb!) buvalarining yurtiga borib kelgan, ularga sovg‘a-salomlaru mujdalar olib kelgan Saritoyu uni asrab olgan onasi Asal opa turadi. Bunisiga bo‘lsa, kelin tushgan. Yonginasida (hov o‘sha boloxonaga chiqadigan yog‘och zina yonida) bu xonadonning nuri iymoni bo‘lib, Oyto‘ra buvi o‘tiribdilar. Hozir qaerga kiramiz ekan? Qaerga kirganimizda ham avval buvini ziyorat qilib qo‘yish qarz ham farz. Duolarini olish lozimdan-lozim. Qolaversa, yangi mehmonli bo‘lishgan. Muborakbod etib, ko‘rmanasini u kishiga bermoq lozim. Urf shunday, irimi shunday. Amaqisiga o‘xshab, mirzo yigit bo‘lsin, bizaniyam tarixlarimizni yozsin, deb duo qilsalar, boshim ko‘kka yetmaydimi?..
— Qarang, oyi, men kimni boshlab keldim. Oshnaginamning tug‘ishgandan a’lo xolavachchasi. Tanuqli mirzo... Anavi kungi mehmonlar shularnikidan kelishib edi-da. Endi bu kishining onalari bizga ham xola hisoblanadilar-da, shundaymi, oyijon?
— Voy, onayiz aylansin. Kim kelyapti desam, sizmidiz hali? Keling-keling, qadamlaringizga xasanot. Tutinganlarni tug‘ishgandan a’lo etgan Allohimdan o‘rgilay, keling, — deb bir yerga yeta ketdilar.