Chaman, tushun! Sen uchun hamisha vazifalar o‘z yo‘liga, bir bahona bo‘lgan xolos. Seni menga ming ishonchluv soqchi etib tayinlashmasin, ming hisobu hisobotlar talab etib kelishmasin, sen hamisha meni balo-qazolardan asraguvchi soqchi farishta bo‘lib kelgansan. Shuni oliy vazifa, niyat, maqsad deb bilgansan. Shu bilan Alloh roziligini topmoqni istagansan. Bo‘lmasa, allaqachon meni mahv etib yuborar edilar. Yoxud yer osti muzxonalarigami, qamoqxonalarigami tiqib tashlagan bo‘lardilar. Sen esa, meni ularga kim ko‘rsatib, qay sarhadlardan oshirib, qay janggohlarga olib chiqib yuribsan! Va biz «topshiriq ila ot mingan» mujohidlar safiga qo‘shilib turibmiz! Sen niyati yolg‘iz Allohgagina ayon bo‘lgan ulug‘ o‘yinchisan! Sen Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam urush — o‘ziga xos firib berishdir, deb marhamat qilganlaridek, ustomonlik bilan bizni qutqargan, mujohidlar safiga qo‘shgan kishisan. Alloh rozi bo‘lsin, yaxshiliklaring uchun! Faqat men sening bu yaxshiliklaringga arzirli yaxshilik qilib ulgurmadim. Qaytaga seni og‘ir ahvolga solib, Tangritog‘dan chiqib ketdim. Izimni yo‘qotib ketdim. Senga jabr qilib ketganimni, Chaman, endi anglab turibman. Lekin endi kech, orqaga qaytishga imkon ham, yo‘l ham yo‘q. Uzr, oshna, Allohning xohlashi balki shunday bo‘lgandir. Men barcha-barchasini hozir tarozuga solib, kim haq-nohaqligini aniqlashga ojizman. Faqat Buyuk Kamonchi — Allohning panohiga qochib to‘g‘ri qilganimni bilaman, xolos. Qori akam aytdilar: Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam Hazrati Aliga: «Ey Ali, agar butun olam senga dushman bo‘lsa ham hech andisha qilmagil rost so‘zlashdan, omonatni asrashdan, juvonmardlikdan» deb vasiyat qilmishlar. Shu bois men ham senga rost so‘zni aytdim, toki meni qasamga hiyonat etdi, deb o‘ylamagaysan va bundan keyingi qadamlaringni bilib bosib, o‘zingni kasu nokaslardan asragaysan.
Oh, Chaman, Chaman, bilasanmi, bizning fojiamiz nimada? Sarhad oshmaganimizda, dunyo ko‘rmaganimizda. Kindik qonimiz to‘kilgan joynigina vatan hisoblab yurishimizda. Undan ajrasak, o‘zimizni eng baxtsiz kishi sanashimizda. Vaholanki, Alloh bizga butun yer yuzini namozgoh qilib berib qo‘ymish. Va unga bizni vaqtincha nigohbon etib tayinlamish. Ana shu imtihon diyoridaki, biz barcha mo‘minlarning dardi bilan yashay bilmas ekanmiz, qandoq ham butun yer yuzini sajdagoh vatan tuta olgaymiz. Mangu vatanimiz jannatga erisholgaymiz?! Busiz Alloh roziligini topib bo‘lgaymi?! (Yana biz o‘zimizni mujohid sanab yuribmiz!)