Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127668 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:25:21

Alhamdulillahillazi, ko‘ngli o‘ksik, qaddi bukik kelgindilar edik, O‘zi qo‘llab, dasti uzun, bag‘ri keng muruvvatpeshalarga aylantirdi. Ishqilib O‘zi adashtirmasin, sirotim mustaqim yo‘llaridan toydirmasin, o‘sha ulug‘ niyatimizni o‘zimizga hamroh etsin. Hijrat diyorida mushkul kunga tushib qolgan kishilarni daraklab topuvimizda, qo‘llab oyoqqa turg‘izib qo‘yuvimizda O‘zi madadkor bo‘lsin.
Chaman, o‘ylama, biz bu ishni shuhrat uchun yo biron norasmiy hukumat yoxud saltanat ilinjidamas, Alloh roziligi uchun boshladik. Madadimiz beg‘arazdir. Hijrat diyorida yolg‘iz Allohga suyanib yashamoq, umrguzaronlik qilmoq uchundir. Unga tirnoqcha ham riyo aralashishini istamasmiz.
Albatta, hijrat diyorining ham o‘ziga yarasha aziyatlari, achchiq-chuchuklari, imtihonlari bor. Ammo unga sabr qilmoq — Alloh roziligini topmoq bilan barobarligi bizga katta saodatdir. Qolaversa, hijratdagilarning birodarligiga asos solmoq xuddi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlaridagi muhojirlar bilan ansorlar birodarligiga o‘xshab-o‘xshab ketmoqda. Qani edi bu ham xuddi o‘shandek Allohga xush kelguvchi amallar sirasiga kirsa...
Bizni tanigan azizlarimizga salomimizni yetkazgaysan. Duoda bo‘lsinlar. Vallohi a’lam bissavob.

Bombeyi azimdan Peshovarga qaytgan
Sultonmuroddan deb bilgaysan, do‘stim.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:25:42

15. Tushlarimga kirguvchi ul azizam — Mahfuzaga

«Mahfuzam, negadir keyingi paytlarda tushlarimdan arimay qoldinglar. Yana bir vaqtda — kechaning uchdan biri qolgan kezda, Qori aka ayni tungi namozga turib, kulbamizning bir chetida ibodatga tushgan chog‘larida kirasizlar. Nima bo‘ldi ekan sizlarga? Shu uyqum o‘chganicha — Qori aka namozu duoyu iltijolarini tugatib, bomdodga azon chaqirgunlariga qadar ko‘zim ilinmas. Azondan esa, yengil tortib turgayman. Ungacha Qori akani xijolat etmay deb qilt etolmasman.
Bugun ham o‘sha tanish hovlida — Salomxon xolamgilarning hovlilarida ko‘rdim. Anhordan suv olib kelib, lipa urgancha hovliga shakarob berib, bir chiroyli suv sepib yuribsizlar. Bir shirintoy bolakay esa o‘sha uyning tanish zinasida oyog‘ini osiltirib o‘ynab o‘tiribdi. Sepilgan suv sachrab-sachramay, yelkasini qisib bir chiroyli nari suriladi va qiqir-qirqir kulishda davom etadi. Hazillashgisi kelmagan sizlarni-da, hazillashishga undaydi. Tagida qolgan jindek suvni sepmoqchidek bo‘lib bir harakat etgan edingiz, paqir yuqori ko‘tarilib ketib, tagidagi suv har ikkalangiz ustingizdan yomg‘ir-yog‘aloq bo‘lib sochilib ketdiyu bo‘ldi tomosha!.. Har ikkingiz ham bundan shod, yayrab-yashnab kulardingiz.
Men esam, o‘sha qari qora tol tagidagi supa chetida iyib turganmishman...
Tavba, bu nimasi? Nimadan imdod bermoqdasizlar? Sizlarni sog‘inganimdanmi yo ko‘nglimga xotirjamlik indirish uchun kirmoqdasizlarmi tushlarimga? Suv, albatta, yorug‘lik, sizlar Alloh rahmati ostida yurganingizga bir ishora. Lekin uzoqning ishi qiyin ekan, bilay desam, bilolmasman, ko‘ray desam— ko‘rolmasman. Ishqilib, O‘zi panohida asrayotgan bo‘lsin.
Mahfuza, harna qilsa, ota diyordasiz, shukr qi-linglar. U diyorga yetolmaganlar qancha. O‘rtamizga tushgan ayriliq ham behikmat emasdir. Men sarhaddan o‘tib, sizlar o‘ta olmay qolganingizda, nima bo‘lardi? Xudo ko‘rsatmasin, qaytib ko‘risha olarmidik-yo‘qmi? Bu holda jilla qursa, bir kecha mehmon etti-ku, Allohim. Bu yog‘ini ham o‘zi oson etar, axir. Shunday qoldirmas!

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:31:31

Azizam, bu ayriliqning hikmati shundaki, u Sizni biznikilarga yetkazmoqchi ekan, yetkazibdi, shu yo‘l bilan Alloh azza va jalla o‘z hifzi-himoyasiga olmoqchi ekan, olibdi deb, tushunmoq kerak. Bu yog‘ini ham O‘zi chiroyli etsin. Axir ojizlarning himoyachisi U bo‘lmay, kim bo‘lgan!
Mahfuzam, o‘zing oqilasan. Ko‘p narsalarni bir og‘iz so‘zdan anglay olgaysan. O‘yla, bu dunyoda bizdan ham battar ayrilig‘u judoliklarda qolganlar qancha. O‘shalardan etsa, bundan og‘irroq, mushkulroq sinovlarini ravo ko‘rsa, nima qilardik? Shunisiga ham shukr, bularning hammasini Allohning yozmishi deb, imtihoni deb qabul qilmoq kerak. Nolisak Allohga xush kelmas. Shu ma’noda bizdan bir qancha ko‘p ko‘ylak yirtgan ustozimiz Qori akaning boshlariga tushgan ko‘rgiliklar oldida bu xolvadir.
U kishi yaqinlaridan ayrilib, bu tomonlarga ikkinchi hijrat etishlari ekan. Men buni Elchin boturdan eshitib, lol qoldim. Ular diyorlaridan quvilib, Tangritog‘ni qora tortib kelayotib bir tog‘ qishlog‘iga kirishsa, o‘sha yerning o‘ziga to‘q, or-nomusli bir kishisini notanish ellarga badarg‘a etishayotgan ekan. Ayollar piq-piq yig‘lashar, bolalar kecha o‘zlari o‘ynab-kulgan uylaridan umid uzolmay mo‘ltirab turishar ekan. Shu kez soqollariga oq oralagan pokiza kiyimli bir qariya ulardan ajrab chiqib:
— Hoy, yaxshilar, ko‘kragida yoli bor kishi bormi orangizda, bir dam to‘xtang. Jilla qursa, sizlar rahm eting, — deb kela boshlabdi. —  Biz u yot ellarga borarmiz ham, yot qavmlar ichida qolarmiz ham. Chidarmiz Allohning bu sinov ko‘rgiliklariga. Lekin manavi bo‘y yetgan qizimizga rahmingiz kelsin. U axir birovning xasmi, sizga o‘xshagan bir musulmonning xasmi. Men uni o‘zim bilan ola ketib, ertaga nima qilaman? Kimga berib, kimga uzataman? U qay begona tuproqda tup qo‘yib, palak yozadi? Ko‘ra bila turib, bir ma’sumani do‘zax o‘tiga otamanmi? O‘tinaman sizlardan, olib qoling. Bir mo‘minning uyini gullatsin. Birovlarga xasm bo‘lganidan, iymonidan ayrilganidan ko‘ra, olib qoling, o‘zidan ko‘paysin, ilohim. Jilla qursa, orqamizdan duo yuborib turguvchi bir zurriyotimiz qolsin bu diyorlarda ham...

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:32:04

Qarashsa, bo‘yi yetib-etmagan, oy desa degudek, kun desa kundan ravshan yuzlik bir mohichehra. Qori aka yuraklari jiz etib, otdan tushibdilar va qizni yigitdek kiyintirib, otga mingashtirgancha hijrat yo‘lida davom etibdilar. Tangritog‘ga yetishgach, bir kosa shirin suv ila nikoh o‘qitib, bir muruvvatpesha odamning kulbasida yashay boshlabdilar. Ammo Alloh qizni husnda benazir etgani bilan umrdan qisgan ekan. Farzand ko‘raturib, bu olamdan ko‘z yumibdi. Qori aka yolg‘iz yodgor chaqaloq bilan qolibdilar. So‘ng yana bo‘yinga o‘limni olib, sarhad oshib o‘tib, zurriyotlarini ishonchluv kishilarga qoldirib qaytibdilar. Shu-shu biz bilan ekanlar. O‘shandan beri u tirnoqlaridan na xabar bor, na xat. Tirik bo‘lsa, falon yoshga yetdi, maktabga qatnayotgandir, deb qo‘yadilar-u, ammo mahzun tortib yig‘laganlarini bilmaymiz. Faqat kechalari joynamoz ustida soatlab o‘tirishlari bor, Allohga tavallo qilishlari bor. O‘sha yolg‘iz zurriyotlari kamolini so‘rab, duo-iltijodan charchamaslar.
Qori akaning o‘rnida boshqa odam allaqachon tob tashlab, yiqilib qolardi. Lekin u kishi Allohga tavakkul qilib, yolg‘iz tirnoqlarini uning panohiga topshirib qo‘yiptilar. Ana sabotu ana matonat! Ana Allohga tavakkul! Shu bois ham biz yolg‘izmasbiz, Mahfuz. Jilla kursa, mening Yodgorim yonida sen borsan, senga suyanadi u tirnog‘imiz, bizning davomchimiz! Shunga-da shukr qilmoq kerak, yaxshi kunlarga umid tutmoq kerak. Shoyad o‘sha mitti zurriyotimiz bizning o‘rtamizda uzilmas bir rishta bo‘lib qolsa. Shoyad u biz xijronzodalarni, diyoridan judo bo‘lgan, ayriliq ichra qolib, aziyat olamida tentiraganlarni bir kun kelib topishtirishga sabab bo‘lsa.
Inshaalloh, degilki, qolgan barchasini Alloh o‘zi o‘nglagay. Shu bois, senga taloq so‘zini yo‘llashga tilim bormas! Seni barcha mushkulu mushkulotlardan shu bir og‘iz so‘z ila qutultirish, yo‘lingni ochib qo‘yish mendan lozim bo‘lsa-da, men u so‘zni hech qachon tilga olmasman. Olgan kunim mening o‘lganimdir, Sulton nomimdan tonganimdir! Dunyoda sizlar bor ekansiz, men ro‘shnolik uchun, sizlarga yetishmoq uchun kurashavergayman. Allohdan o‘tinib-o‘tinib so‘rayvergayman. Albatta, Uning O‘zi istasa, taqdirimizni ham o‘nglagay. Iloho, O‘zi bu o‘tkinchi dunyoda hech kimni O‘zidan o‘zgaga muhtoj etmasin.
Ko‘zlaringda billuriy yosh ko‘rmoqdaman. Iloho, u Allohimga ham xush kelsin.

Sultonmuroding. (Peshovar)».

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:08:59

16. Jigarbardim, so‘ngsiz dardim Olimga
«Ukaginam, Olim!
Men seni endi qaylardan so‘roqlarman, kimlardan daraklatarman?! Oramizda qancha tog‘-dovonlar, qancha toshqin soy-daryolar yotibdi. Necha qavat sarhadlar tushmush o‘rtaga. Esiz, hech kim o‘ylamagan ishlar bo‘lib ketdi. Alloh rizqimizni shu yoqlarga sochgan ekan, u diyorlarni endi tushda ko‘rmoq ham dushvor.
Esiz, nega avvalda parvo qilmadim, tergamadim, surishtirmadim, ketga tashladim? Ayadimmi, adash yo‘llarga kirib qolganingga ishonmadimmi? Bizning zot, bizning palakdan unday odamlar chiqmasligiga ishonib, yakkama-yakka gaplashmoqni ortga tashladimmi, ishqilib biz kutmagan ishlar bo‘lib ketdi. Diyordan bosh olib ketmoq lozim bo‘lib qoldi. Seni topish, topib Alloh rozi bo‘ladirgan yo‘llarga boshlash lozim bo‘lganida... hammasi kech edi. Qolaversa, izingni topolmadim.
Ayb menda. Men aka edim, bitta bo‘lsa ham ko‘proq ko‘ylak yirtgan edim, seni qayirish, qaytarish mendan lozim edi. Shaytanat yo‘liga kirib qolganingga ishonmay, dog‘da qoldim. Dardim ichimda. Endi hech kimga aytolmasman, naryog‘i yo‘q. Sen yo‘qolgan diyorga yetib-etolmasman, topib-topolmasman.
Daragingni bilib berguvchi bir kishi bor edi, undan ham ayro tushdi yo‘limiz. Faqat umid Allohdan. O‘zi senga hidoyat bersin. Yuziqaroliklardan O‘zi asrasin.
Olim, bu xatni senga qay tarzda yetkazishni ham hali bilmasman. Lekin ichimdagilarni senga ochiq-yoriq aytmasam bo‘lmas. Axir men yolg‘iz tug‘ishqoningman. Bir qorindan talashib tushganmiz. Men qayg‘urmasam, kim qayg‘urgay? O‘zim qay diyorlardaman-u, kechagida tushlarimga kirib yuribsan. Yolg‘iz o‘zingmas, yoningda kamar taqib, nagan osgan yana kimlardir ham bor. Padaribuzrukvorimiz oldilariga kelmishsizlar. Bilasanmi, sen salom bersang ham u zot o‘girilib qaramayotganmishlar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:09:10

Axiyri sheriklaring seni yolg‘iz tashlab ketishdi hamki, rahmatli otam — padaribuzrukvorimiz yuzing-ga qaramay tasbeh o‘girishda davom etaverdilar. Sen qarshilariga tiz bukib, qo‘l qovushtirgan eding, u kishi o‘girilib oldilar. Sen yana o‘sha tomonga o‘tib eding, u kishi yana bu tomonga yuz burib oldilar, tavba. Keyin sen nima qilaringni bilmay tek turib qoldingu... men ham uyg‘onib ketdim. Tursam, qora terga tushib ketibman. Yuragim ham shunday bejoki...
Nega bu taxlit tushlarimga kirib yuribsan, boshingga ne mushkulu mushkulotlar tushdi, otam nega norozilar — bilolmay garangman.
Otam betingga ham qaramayotganlarini tushunish mumkindir — go‘rlarida ham tinch emaslar. Lekin sen-chi, sen nobakor nega oyoqlari tagiga yotib bo‘lsa ham uzr so‘ramayapsan, salomimga alik olmayaptilar deb to‘rsayib turibsan?! Hech zamonda o‘g‘il otadan achchiqlanadimi, gina-kuduratlarga boradimi? Uzring-ni aytib, duolarini olmaysanmi, yo‘ling ochilib ketmaydimi?!.
Va bexos shu tush menga nimani eslatib yubordi degin. Qori aka uzun sargardon yo‘llarimizda madad bo‘lsin deb aytib berganlari bir tarixni — Payg‘ambarimiz (U Zotga Allohning salomi bo‘lsin) zamonlaridan og‘izdan-og‘izga, kitobdan-kitobga o‘tib kelayotgan bir voqeani esga solib yubordi.
Eshit, senga o‘xshamish bir kishi bilan ham shunday voqea sodir bo‘lgan ekan. Bu tarixni u sahoba o‘z og‘zi bilan hikoya etgan. To‘qima deb o‘ylama. U zamonlarda faqat rost so‘zlaganlar. Yolg‘on aralashtirishni xayollariga-da keltirmaganlar. Negaki Allohdan qo‘rqqanlar. Iymonlari shu darajada ziyoda bo‘lgan.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:09:19

Bu yog‘ini Qori akadan eshitganimcha qog‘ozga tushirdim. Kam-ko‘stini Alloh kechirsin. O‘sha Vahshiy ibn Xarb otli qora qul o‘zining mash’um va mashhur nayzasi tufayli topgan la’natu hidoyati haqda asrlar qa’ridan bizga shunday xabar qoldirgan. U sahobalarning chin tarixlaridan joy olmish. Tingla.
«Men Quraysh zodagonlaridan Jubayr ibn Mut’imning quli edim, — deydi u. — Badr jangida Hamza ibn Abdulmuttalib Jubayrning amakisi Tuaymani o‘ldirdi. Shundan keyin hojam qattiq qayg‘u chekdi va qotilni o‘ldirib, amakisining qasosini olishga qasam ichdi.
Qo‘shin Uxud jangiga otlanganida hojam meni chaqirdi:
— Ey Abu Dasama, qullikdan ozod bo‘lishni istaysanmi? — dedi u.
Men so‘radim:
— Ha, lekin qanday qilib?
— Men seni ozod qilaman, — dedi u.
— Qanday shart bilan? — deb so‘radim.
— Amakim Tuayma ibn Adiy qasosi uchun Muhammadning amakisi Xamza ibn Abdulmuttalibni o‘ldirsang — ozodsan.
— Kim bunga kafolat beradi? — dedim.
— Hoxlagan kishing. Istasang hamma odamlarni guvoh qilaman.
— Yaxshi. Men roziman,— dedim.
Men haqiqiy habash edim, habashlarning nayza otish san’atini toza egallagan edim. Otgan nayzam xato ketmasdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:09:29

Shundan so‘ng nayzamni olib, qo‘shinga qo‘shildim. Men qo‘shinning dum qismida ayollar bilan yonma-yon borardim. Ular jangchilarni rag‘batlantirib borishar edi.
Uxudga yetgach, Xamzani qidirishga tushdim. U bahodirlar odatiga ko‘ra, kuchli raqiblarni o‘ziga chorlash uchun peshonasiga tuyaqush pati taqib olgandi. Xuddi kulrang tuyadek o‘kirib, qilichini o‘ngu so‘lga sermab jang qilardi.
Men Xamzaning yaqinlashishini poylab bir daraxt orqasida yashirinib turardim. Shunda Sibo’ ibn Abduluzza ismli quraysh chavandozi yonimdan o‘tib:
— Hey, Xamza, yakkama-yakka olishasanmi? — deb qichqirdi. Xamza:
— Bu yoqqa kel, mushrikvachcha, bu yoqqa, — dedi.
Ikki pahlavonning olishuvi uzoqqa cho‘zilmadi. Xamza bir qilich siltash bilan raqibining kallasini sapchaday uzib tashladi. U gursillab yiqildi. Shunda nihoyatda qulay payt keldi va men nayzamni ko‘tarib, xezlanib turdim-da, bor kuchim bilan unga it-qitdim. Nayza Xamzaning qornidan kirib, orqasidan teshib chiqdi. U menga qarab bir-ikki qadam tashladi, so‘ng yerga quladi. U o‘lganiga aniq ishonch hosil qilgach borib nayzamni sug‘irib oldim-da, orqamga qaytdim.
Shunday qilib, men hur odamga aylandim. Muhammadning ishi rivoj topib, musulmonlar soni oshgani sayin mening qalbimdagi tashvish ham kuchayib borardi. Axiyri butunlay g‘am-qayg‘uga tushib qoldim.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:09:42

Muhammad qo‘shin bilan kelib, Makkani fath etganida Toif tarafga qochib ketdim. O‘sha yerda omonlik topamanmi, deb o‘ylab edim. Biroq ular ham Islomga moyillik bildirib, Muhammadga vakillar jo‘natishdi. Shunda tarvuzum qo‘ltig‘imdan tushib, dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib ketdi. O‘zimcha yo Shomga, yo Yamanga ketsammi, deb o‘ylay boshladim.
Shunda menga rahmi kelgan odamlardan biri:
— Xudo haqqi, hoy, Vahshiy, Muhammad uning diniga kirib, haq shahodatini aytgan odamlarning birortasini ham o‘ldirmaydi, — dedi.
Buni eshitib men Yasribga, Muhammadning huzuriga yo‘l oldim. Surishtirsam, masjidda ekan. Qo‘rqa-pisa oldiga kirdim. To‘g‘ri tepasiga borib:
— Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluhu, — dedim.
U shahodat kalimasini eshitib, boshini ko‘tardi. Menga ko‘zi tushib, tanidi. Tanidiyu yuzini o‘girib oldi. Teskari qaraganicha:
— Sen Vahshiymisan? — dedi.
— Ha, yo Rasulilloh, — dedim.
— O‘tir, Xamzani qanday o‘ldirganingni gapirib ber, — dedilar u kishi.
Men o‘tirib, bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay so‘zlab berdim. Hikoyam oxiriga yetgach, u kishi yana yuzlarini o‘girib oldilar va:
— Turqing qursin, ey Vahshiy. Bor, ko‘zimga ko‘rinma. Bugundan keyin seni ko‘rmayin, — dedilar.

Qayd etilgan


shoir  02 Oktyabr 2007, 15:09:52

O‘sha kundan boshlab men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nigohlaridan qochadigan bo‘ldim. Sahobalar u kishining oldilariga o‘tirishsa, men orqalaridan joy olardim. Payg‘ambar alayhissalom to Parvardigorlarining huzuriga ketgunlaricha meni ko‘rmadilar.
Men Islomga kirish avvalgi gunohlarni kechirib yuborishini bilsam-da, qilib qo‘ygan mash’um ishimdan qattiq xijolat chekib yurar, uni yuvib tashlaydigan fursat kelishini ko‘zim to‘rt bo‘lib kutardim.
Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan keyin Musaylama kazzobning qavmi murtadlik yo‘lini tutdi. Abu Bakr unga qarshi urush qilib, Bani Hanifani Allohning diniga qaytarish uchun qo‘shin tuza boshladi Shunda o‘zimga o‘zim:
— Xudo haqqi, mana, sen uchun qulay fursat keldi, ey Vahshiy. Foydalanib qol, — dedim.
So‘ng lashkar safida jihodga jo‘nadim. O‘zim bilan o‘sha mashhur nayzani — shahidlar sayyidi Xamza ibn Abdulmuttalibni qatl etgan nayzani olvolgan edim. Yo Musaylamani o‘ldirishga, yo shahid bo‘lishga qasam ichdim.
Musulmonlar Allohning dushmanlarini surib borib, «o‘lim bog‘i»ga tiqib qo‘yishdi. Men kazzobni qidira boshladim va uni qo‘lida qilich tutib turgan holda ko‘rdim. Qarasam bir ansoriy xuddi menga o‘xshab, uni o‘ldirish uchun payt poylayapti. Men qulay imkoniyatga ega bo‘lganimda nayzamni olib, bir-ikki hezlandim-da, so‘ng kuch bilan Musaylamaga uloqtirdim. Nayzam aniq nishonga sanchildi. Men nayza otgan paytimda boyagi ansoriy berkingan joyidan sapchib chiqib, Musaylamani chopib tashladi. Qaysi birimiz uni o‘ldirdik — Alloh biladi. Agar men o‘ldirgan bo‘lsam, Muhammaddan keyingi eng yaxshi odamni ham, eng yomon odamni ham o‘zim qatl qilgan bo‘laman...»

Qayd etilgan